Home / МАҚОЛАЛАР / JAHON ORO BEGIM

JAHON ORO BEGIM

Buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, ulkan shoir Zahiriddin Muhammad Bobur Movarounnahr tarixida o’chmas iz qoldirgan, Afg’oniston va Hindistonda esa bir necha asrga tatigulik burilish yasagan. U Hindistonda Boburiylar saltanatiga asos soldi va tarqoq mamlakatning siyosiy birligini ta‘minladi, uning gullab-yashnashi uchun asrlar osha ijobiy ta‘sir ko’rsatdi. Bu davlatning nisbatan uzoq hukmronlik qilishi va katta qudratga erishuvida, faqat hukmdorlarning qattiqqo’l boshqaruvi bilangina emas, balki dono va oqila malikalarning o’rni ham beqiyos bo’lgan. Mazkur malikalar qatorida Boburiy hukmdor qizlar, shuningdek, xonadonga qalliq sifatida kelganlar nomlarini ham birdek tilga olish mumkin.

Jahon Oro Begim Shoh Jahonning Mumtoz Mahaldan tug’ilgan farzandlarining ikkinchisi bo’lib, uning birinchi to’ng’ich farzandi Chamaniy ismli qizi bo’lgan. Jahon Oro begim 1614-yilda Ajmor viloyatiga qilingan navbatdagi safarlardan birida tug’ilgan. Chaqaloqligidanoq uning tarbiyasi bilan onasi Arjumandbonuning o’zi shug’ullangan va qizining har tomonlama chuqur bilim olishi uchun barcha sharoit yaratib berilgan. U to’qqiz yoshga to’lgandayoq atrofida bo’layotgan voqea-hodisalarni mustaqil tahlil qilib, ulardan mantiqiy xulosalar chiqara olar edi. Shuning uchun bo’lsa kerak, otasi shahzoda Xurram va bobosi Jahongirshoh o’rtasida bo’lib o’tgan mojaro va nizolarga yetuk inson nazari bilan qarar va bu ishlarda kimning qo’li borligini, kim nohaq ekanini faxmlashga uringan. Otasiga cheksiz e‘tiqod nazari bilan qarar, uning barcha muvafaqqiyatlaridan quvonar, omadsizlikdan esa iztirob chekar edi. Balog’at yoshigacha otasi unga o’g’illari qatorida muomala qilar edi. Ularga ov sarguzashtlaridan, yovvoyi hayvonlarning fe‘l-atvoridan, harbiy yurishlarda ro’y bergan qiziq voqealardan hikoyalar so’zlab berar edi.

Onasi Arjumandbonu unga ilohiyot ilmidan, enagasi Sattiniso esa musiqa ilmidan saboq bergan. Shuningdek, Jahon Oro kamonbozlik va chavandozlikni yaxshi o’zlashtirishga harakat qilardi. U tabiatan serg’ayrat va jasur qiz bo’lib, bo’shang yigitlarni yoqtirmas edi. Yumshoq tabiat kichik amakisi shahzoda Parvez haqida so’z ketguday bo’lsa, “Anavu bo’sh-bayo’v amaki”, deb so’zlagan ekan. Shijoatli va shaddodligiga qaraganda, katta ammasi Nur Jahonga xos farmonbardorlik xislatlari ko’zga tashlanib turadi. U o’n ikki yoshga yetganda saroyda bo’layotgan voqealarni, arkoni davlat va shahzodalar o’rtasidagi ko’zga ko’rinmas nizolar va raqobatni faxmlab olish qobiliyatiga ega bo’lib qolgan. Bu mojarolardan otasining to’g’ri yo’l tutayotganiga va albatta haq bo’lib chiqishiga ishonch ko’zi bilan qarar, bunga hech shubha qilmas edi. Shuning uchun ham otasiga juda sadoqatli va mehri baland bo’lgan. Otasi shahzoda Xurram podshoh bobosi Jahongirshohning adolatsizligiga qarshi isyon ko’targan. O’shanda ikkinchi bobosi (onasining otasi) bosh vazir Asafxon Kashmir sayohatiga olib borish bahonasi bilan shahzoda Xurramning bolalarini garovga olib ketish maqsadida kelgan. Jahon Oro bobosining yomon niyatda kelganini darrov fahmlab otasisiz hech qayoqqa bormasligini aytgan va bobosining sovg’alariga qayrilib ham qaramagan. Jahon Oro yoshligidanoq onasining sodiq yordamchisi bo’lgan. Ukalari Doro Shukuh, Shoh Shujo, Avrangzeb va Murodbaxshlarga ko’p g’amxo’rlik qilar, ayniqsa, Avrangzebga nisbatan alohida mehr ko’zi bilan qarar edi.

Otasi Shoh Jahon taxtga chiqqanda Jahon Oro o’n to’rt yoshda edi. Otasining farmoniga binoan onasi Mumtoz Mahalga yiliga bir million, Jahon Oroga esa olti yuz ming rupiy miqdorda maosh tayinlangan bo’lib, otasi sevimli qizini dur-u javohirlarga ko’mib tashlagan. Onasining vafotidan keyin esa otasining barcha boyliklari Jahon Oroning ixtiyoriga berilgan. Podshoh otasi harbiy yurishlarga ketganda u onasi Mumtoz Mahal Begim bilan birgalikda saltanatdagi ishlarning borishini nazorat qilar, saroyga kelgan mehmonlar va rasmiy vakillarning ayollarini kutib olar, ularning ko’ngil ochishlari uchun turli tadbirlar belgilar edi. Ularni risoladagidek sovg’a-salomlar bilan siylab kuzatib qo’yish vazifasi ham uning zimmasida bo’lgan. Bu ishlarni hal etishda u o’zining nihoyatda tadbirkor va uddaburonligini namoyish qilar edi. Onasi vafot etganda Jahon Oro o’n yetti yoshda bo’lib, o’shanda qattiq iztirobga tushgan podshoh otasi sakkiz kungacha tuz totmay, huzuriga hech kimni yo’latmay aza tutgan vaqtda boshiga og’ir musibat tushgan otasining huzuriga Jahon Oro birinchi bo’lib kiradi va uni yupatib, ko’ngliga taskin bergan va biron narsa tamaddi qilishga ko’ndiradi.

Bundan buyon Jahon Oro saltanat ishlarini boshqarishda otasining yaqin hamrohi va ishonchli maslahatgo’yiga aylanib qolgan edi. Uning ma’muriy ishlarni hal etishdagi adolatli tadbirlari tufayli saroy ayonlari orasida obro’-e‘tibori va mavqei juda ko’tarilib ketgan. Jahon Oro begim mamlakatning gullab-yashnashi uchun katta hissa qo’shgan malikalardan biridir. Mamlakatda obodonchilik, me‘morchilik va hayriya ishlari uchun mablag’larni ayamay sarflar, shu bilan birga o’zi ham ijodiy ish bilan mashg’ul bo’lgani va “Risolayi Sohibiya” (“Do’stlik haqida risola”) nomli asar yozib qoldirgani ma‘lum . Binobarin, Agrada qurilgan jome masjidining tarxi (loyiha) Jahon Oro begimning qalamiga mansubdir. Lohurda esa orombaxsh katta bog’ bunyod ettirdi. Jahon Oro begim mamlakatdagi g’arib-g’urabo va faqirlarga moddiy yordam uyushtirib, kambag’allar uchun uy-joy qurdirdi. Shuningdek, Kashmirda “Pari Mahal” (“Parilar saroyi”) nomli ajoyib bog’ barpo qildi, Shahdxonobodda Alimarlonxon arig’ini qazdirib, naqshkor hovuz qurdirdi. U Dehli, Surat, Ambola, Behal va Panipat shaharlarida karvonsaroylar qurdirdi.

1658-yili taxt talashgan Avrangzeb Olamgir o’z akasi Doro Shukuhni mag’lubiyatga uchratib, ukasi Murod Baxshni zindonga tashlaydi. Bemor, xasta otasi Shoh Jahonni hibsga olib, Agradagi “Qizil qal‘a” nomli saroyda nazoratda saqlaydi. Ukasi Avrangzebning xatti-harakatlaridan norozi bo’lgan Jahon Oro begim mamlakatni aka-ukalar o’rtasida taqsimlashni, jumladan, Doro Shukuhga-Panjobni, Murod Baxshga-Gujarotni, Shoh Shujoga-Bangolni, Avrangzebning (katta o’g’li zindonda edi) Muhammad Sultonga-Dekanni bo’lib berishni maslahat beradi. Ammo, Avrangzeb bu taklifni qabul qimaydi. Ota-bola, aka-ukalar va do’stlar orasiga tushgan nizo va ularning fojiali qismati Jahon Oro begimni qattiq iztirobga soladi. Dilxasta malika dunyo ishlaridan qo’l yuvib, mahbuslikda kun kechirayotgan xasta otasiga xizmat qilish bilan o’ziga taskin beradi.  U 1658-yildan to 1666-yilgacha “Qizil qal‘a qasrida mahbuslikda yotgan otasi Shoh Jahonning xizmatida bo’ladi. 1666-yilda Shoh Jahon mahbuslikda, g’aribona, ayanchli ahvolda, o’z sevikli yori Mumtoz Mahal uchun qurdirgan Toj Mahal maqbarasidan ko’z uzolmay, qizi Jahon Oro begim qo’lida hayotdan ko’z yumadi. Jahon Oro begim garchi shoh qizi bo’lsa-da, tabiatan kamtar va oliy himmatliligi tufayli boylik hamda shon-shuhratga qiziqmagan. U 1681-yilda oltmish yetti yoshida vafot etdi. Uni Dehlidagi Zarzari Baxsh qabristoniga dafn etadilar. Har holda, o’zining vasiyatiga muvofiq bo’lsa kerak, qabriga qo’yilgan oddiy qabr toshiga shunday bayt yozilgan:

Ba g’ayri sabza napo’shad kase mazori maro,

Ki qabrpo’shi g’aribon-hamin giyoh bas ast.

Mazmuni: “yashil maysadan o’zga hech kim qabrimni yopmasin, toki g’ariblar qabrini yopmoq uchun shu giyohning o’zi kifoyadir”.

Ayollarning davlat boshqaruvida ishtirok etishi, eng yuqori mansablarning ishonib topshirilishi, ularning haqiqatda kuchli fazilatlarga ega bo’lganliklaridan dalolat beradi. Eng kuchli davlat hisoblangan Chingiziylar davrida ham ayol hukmdorlar bo’lganini ko’rmaymiz. Boburiylar hukmronligi davrida  ayollarga o’ziga xos izzat ikrom ko’rsatilgan, davlat boshqaruvi darajasidagi lavozimlarni ishonib topshirilgan. Jahon Oro begim o’zining aql-zakovati va chuqur mulohazakorligi bilan boshqa malikalardan ajralib turgan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. – T.: Yangi asr avlodi, 2015.
  2. Уролов А., Сафаров Н. Бобурийлар ва бунёдкорлик. – Самарканд, 1995.
  3. Нуриддинов М. Бобурийлар сулоласи. – Т.: Фан, 1994. / Кудратуллев Х. Бобур армони. – Т.: Шарқ, 2005.
  4. Хайриддин Султон. Бобурийнома. – Т.: Шарқ, 1997.
  5. Кудратуллев Х. Бобур Армони. – Т.: Шарқ, 2005.
  6. Сатимов Г. Бобурийзодалар. – Т.: Шарқ, 2016.
  7. Google.uz./ ziyouz.сom. Fayziyev Т. Temuriy malikalar.
Aziza SAMAROVA,
SamDU talabasi

Check Also

МУСТАҚИЛЛИК ЙИЛЛАРИДА ТАСАВВУФ ТАЪЛИМОТИНИНГ ТАДҚИҚ ЭТИЛИШИ

Мустақилликнинг илк йилларида ислом динига қўйилган бир асрлик чеклов [4:252] барҳам топиб, эътиқод эркинлиги учун …