Home / FOTO LAVHALAR / HAMKORLIKNING YANGI SAHIFASI OCHILDI

HAMKORLIKNING YANGI SAHIFASI OCHILDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Malayziya Milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori, professor Fariza Binti Sham hamda institut direktori oʻrinbosari, dotsent Muhammad Al Adib bin Samuri va tadqiqochi Norshariani Binti Abdurahmon tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Markaz direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyev kutib oldi.

Taʼkidlash lozimki, malayziyalik bu olimlarning yurtimizga tashrifi ilk marotaba emas. 2021 yil oktyabr oyida Fariza Sham xonim ilmiy delegatsiya tarkibida Markazda boʻlgan va hamkorlikni mustahkamlash borasidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashgan edi. Muhammad al-Adib bin Samuri esa Markaz tomonidan taʼsis etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturining ilk gʻolibligini qoʻlga kiritgan va ikki oy davomida Markazda ilmiy amaliyot oʻtagan.

Bundan avval, 2021 yil avgust oyida Markaz bilan institut oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolangandi. Shundan soʻng Markaz va Malayziyaning mazkur yirik ilm dargohi koʻplab yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirdi. Hamkorlikda xalqaro ilmiy-amaliy veb-forum, onlayn seminarlar, ilmiy anjumanlar oʻtkazilib, Markazning yangi nashrlari institut veb-saytida yoritildi. Institutning uch nafar ilmiy xodimi Markaz tomonidan taʼsis etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindori boʻldi.

Ikki ilmiy muassasa rahbariyati tomonidan hamkorlikning bugungi holati eʼtirof etilib, birgalikdagi loyihalar samaradorligini oshirish boʻyicha fikr-mulohazalar almashildi.

Tashrif doirasida mehmonlar ishtirokida “Islom sivilizatsiyasining musulmon olimlari” loyihasining amaliy ahamiyati mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda institut direktori Fariza Sham xalqaro miqyosdagi nufuzli olimlarning tegishli mavzulardagi maqolalari jamlanmasi – “Islom sivilizatsiyasining musulmon olimlari” nomli toʻplamni taqdimot qildi. 20 dan ortiq maqolani oʻzida jamlagan toʻplamdan Markaz 4 nafar xodimining ham tadqiqotlari oʻrin olgan. Malayziyalik hamkorlar jamoani mazkur yirik ilmiy natija bilan samimiy qutlab, mazkur yoʻnalishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Muloqot chogʻida qizgʻin muhokamalardan soʻng, yaqinda chop etilishi rejalashtirilayotgan ikkinchi toʻplamga “Movarounnahr muhaddis olimlarining islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi” mavzusi tanlandi. Mavzuga doir tadqiqotlarni hamkorlikda olib borish, toʻplam uchun taqdim etilgan maqolalarni birgalikda tahrir qilish va keng jamoatchilikka yetkazishga kelishib olindi.

Davra suhbatida nafaqat tadqiqotlar borasida, balki ilmiy salohiyatni oshirish boʻyicha ham oʻzaro tajriba almashuviga qaratilgan treninglar uyushtirish, ikki dargoh kutubxonalari fondlaridan birgalikda foydalanish, ilmiy xodimlar maqolalarini oʻz nashrlarida chop qilish, birgalikda turkum sirasidagi onlayn seminarlar oʻtkazishga oid bildirilgan takliflar toʻliq qoʻllab-quvvatlanib, ularni amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq barcha tashkiliy jihatlar koʻrib chiqildi.

Ishtirokchilar tomonidan ikki xalqning bir-biriga yaqin qadriyatlari yanada yuksak natijalarga erishish uchun mustahkam zamin hozirlashi alohida taʼkidlandi.

Tadbir erkin, samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi. Uning yakunida malayziyalik ilm ahli vakillari toʻplamni Markaz kutubxonasiga tuhfa qildi. Oʻz navbatida mehmonlarga ham Markazning esdalik sovgʻalari ulashildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Oʻzbekistondagi islohotlar samarasi Britaniya jamoatchiligiga tadqim etildi

Xabar qilinganidek, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari …