Home / MAQOLALAR / “AL-JOMEʼ AS-SAHIH” ASARINING OʻZIGA XOS JIHATLARI

“AL-JOMEʼ AS-SAHIH” ASARINING OʻZIGA XOS JIHATLARI

Imom Buxoriyning eng muhim va mashhur asari “Al-Jomeʼ as- sahih” asaridir. Bu asarning toʻliq nomi “al-Jomeʼ al-musnad as-sahih al-muxtasar min umuril Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) va sunanihi va ayyamihi” deb nomlagan.

Asar hadis ilmida va musulmonlar orasida qisqacha “al-Jomeʼ as-sahih”, aksar hollarda esa “Sahihul Buxoriy” nomi bilan mashhur ekani maʼlum. Ulamolar bu asarni Qurʼoni Karimdan keyingi eng sahih kitob deb biladilar.[1]

Hadis kitoblarining oʻttizdan ortiq turlari mavjud. Ular oʻzlarining yoʻnalishlari va maqsad qilingan mavzularining qamroviga qarab oʻzaro farqlanadi.

Birinchi tur hadis kitobi “Jomeʼ” deyiladi. Oʻzida sakkiz mavzudagi hadislarni jamlagan hadis kitobi “jomeʼ” deb nomlanadi. Oʻsha sakkiz mavzu quyidagilar: Siyrat, odob, tafsir, aqoid, fitnalar, qiyomat belgilari, fiqhiy hukmlar va manoqiblardir.[2]

Imom Muslimning “Sahih” toʻplami yuqorida zikr qilingan koʻplab ilmlarga oid hadislarni oʻz ichiga olsa-da, tafsir va qiyomat belgilariga oid hadislar mavjud boʻlmagani bois u “Jomeʼ” deb atalmasligini Muborakfuriy “Tuhfa Ahvaziy” asarida qayd etib oʻtadi.[3]

Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziyning “Sunan” nomi bilan mashhur boʻlgan “al-Jomeʼ al-muxtasar min as-sunan an Rasulillah (sollallohu alayhi vasallam)” asari yuqorida koʻrsatilgan sakkiz mavzuning barchasini oʻz ichiga oladi. Bu asar shu jihatdan Imom Buxoriyning asariga oʻxshaydi. Shundan kelib chiqib uni “Jomeʼ” deyish ham mumkin boʻladi. Shu bilan birga uning boblari fiqh kitoblarining tartibiga muvofiq boʻlgani uchun “Sunan” ham deb nomlanadi.

Bu haqda Shoh Valiyulloh Dehlaviy quyidagilarni aytadi:

“Ahli hadislar hadis ilmini devonga kiritib, tasnif qilganlarida uni toʻrt fandan iborat qilganlar:

  1. Sunnat fani. Yaʼni fiqhga oid narsalar. Molikning “Muvatto”si va Soʻfyonning “Jomeʼ”siga oʻxshash kitoblar.
  2. Tafsir fani. Ibn Jurayjning kitobiga oʻxshash.
  3. Siyrat fani. Muhammad ibn Isʼhoqning kitobiga oʻxshash.
  4. Zuhd va Raqoiq. Ibn Muborakning kitobiga oʻxshash.

Imom Buxoriy mazkur toʻrt fanni bir kitobda jamlashni iroda qildi. Shu bilan birga, imom Buxoriy oʻzidan oldingi va zamondosh ulamolar sahihligi haqida hukm qilgan hadislarnigina olishni yoʻlga qoʻydi. Sanadi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib boradigan hadislarnigina olishni ravo koʻrdi. Kitoblardagi baʼzi asarlar va shunga oʻxshash narsalar hadisga tobe boʻlgan holdagina kelgan, asl boʻlib kelmagan. Shuning uchun ham uning kitobi “Al-Jomeʼ as-sahih al-musnad” deb nomlangan.[4]

Imom Buxoriy oʻz zamonasida mavjud boʻlgan barcha hadis toʻplamlarni rioyasi qilgan, ularni jamlagan holda faqat sahih rivoyatlardan iborat asarni vujudga keltirdi.

Ibrohim ibn Maʼqaldan rivoyat qilinadi: “Imom Buxoriyni hadislarni toʻplashga undagan narsa haqida oʻzi: “Biz Isʼhoq ibn Rohavayhni huzurida edik, Isʼhoq ibn Rohavayh: “Bizga baʼzi doʻstlarimiz: “Agar sizlar Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam)ning sunnat hadislarini jamlaydigan muxtasar bir kitob yozsalaringiz”, deb aytdi”, dedi. Mana shu gap meni qalbimga oʻrnashib qoldi va oʻsha kitobni jamlashga kirishdim”, deydi.[5]

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy: “Imom Buxoriy ustozidan eshitgan bu gap sahih hadislarni jamlashga boʻlgan azmini quvvatladi”, deydi.

Ibn Hajar yana bir sabab aytadi: “Biz imom Buxoriydan sobit boʻlgan sanad bilan rivoyat qildik: “Imom Buxoriy aytadi: “Men Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam tushimda koʻrdim. Men u zotning oldilarida edim. Qoʻlimdagi yelpigʻich bilan u zotdan hasharotlarni haydab turardim. Soʻngra bu tushini tush taʼbirini biladigan kishilardan soʻradim. Ular: “Sen Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni u zotga nisbat berilayotgan yolgʻonlardan himoya qilyapsan” – deb aytdilar. Ana oʻsha tush meni “Al-Jomeʼ as-Sahih” asarimni yozishga undadi”.[6]

Demak, ushbu zikr qilingan ikki sabab ham Imom Buxoriyni “Al-Jomeʼ as-Sahih” asarini tasnif qilishga undagan deb bilamiz. Bu ikki sabab bir-biriga muoriz kelmagani uchun bir vaqtda ikki sabab jam boʻlishi mumkin boʻladi.

Imom Buxoriy: “Bu “Al-Jomeʼ as- sahih” asarini oʻn olti yilda yozganman va olti yuz ming hadisdan chiqarib olganman va bularni oʻzim bilan Allohning oʻrtasida hujjat qildim” – deb aytgan.[7]

Jomeʼda 97 ta kitob, yaʼni mavzu bor. Boblari esa 3918 ta. Mavzuga aloqasi boʻlgani uchun baʼzida mavzu ichiga oyatlarni ham keltirgan.

Imom Buxoriy Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dan ekanligi sahih boʻlgan hamma hadislarni jamlashni maqsad qilmaganlar. Chunki bu ish juda uzoq vaqt va mehnat talab qiladi. Imom Buxoriy buni oʻzlar ochiq-oydin aytadilar: “Bu kitobimga faqat sahih hadislarni kiritdim va yana sahih hadislardan koʻprogʻini tark qildim”.[8] Lekin Imom Buxoriy bir bobdagi asl hadisni tark qilsa, albatta uni oʻrniga boshqa bir hadis keltirgan.

“Al-Jomeʼ as- sahih” asarida jamlangan hadislarning adadi borasida bir oz xilof bor. Hofiz Abu Amr Usmon ibn Abdurahmon “Muqadimatu ibn Saloh” kitobida: “Buxoriyning sahihidagi hamma hadislar yetti ming ikki yuzi yetmish beshta. Agar undan takrorlanuvchi hadislarni chiqarib tashlansa, toʻrt mingta qoladi”, deydi.[9]

Hofiz Ibn Hajar “Al-Jomeʼ as-sahih” asarini bobma-bob toʻliq oʻrganib chiqib aytadi: “Al-Jomeʼ as-sahih” asarida yetti ming uch yuzi toʻqson yettita hadis bor. Takrorlar, taʼliq va mavquf hadislarni chiqarganda ikki ming besh yuzi oʻn uchta hadis bor”.[10]

“Al-Jomeʼ as- sahih” asarida jamlangan hadislarning adadi borasida  mazkur ixtiloflar uni oʻrganuvchi imomlarning nazari turli boʻlganidan kelib chiqishi mumkin. Baʼzi imomlar mutobiat hadislarni oʻzidan oldingi hadisga qoʻshib hisob-kitob qilsa, boshqalar uni alohida hisoblagan. Yana “Al-Jomeʼ as- sahih” asarining nusxalari turli boʻlganligi ham mazkur ixtilofga sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. Aslida hadislarning raqami imom Buxoriy tomonidan qoʻyilmagan, shuning uchun mazkur ixtiloflar kelib chiqishi tabiiy narsa boʻladi. Bugungi nashr qilingan ommaviy tarqalgan nusxalarda 7563 hadis raqamlangan ekanligini ham qayd qilish kerak.

Shu oʻrinda “Al-Jomeʼ as- sahih” asari oʻzida sahih hadislarni oʻzida jam qilgan ekan, hadis sahih boʻlishi imom Buxoriyning oʻz shartlari borligini ham bilishimiz kerak.

Mustalahul hadis ilmi ulamolari istilohida “Sahih hadis – sanadi boshidan oxirigacha adolatli va zobtli kishi oʻziga oʻxshagan adolatli va zobtli kishidan muttasil (uzluksiz) sanad ila naql qilgan hamda shoz va illatli boʻlmagan hadisdir”.

“Sanadning muttasil boʻlishi.” Hadisning Roviylaridan har biri oʻzidan oldingi roviydan toʻgʻridan toʻgʻri olgan boʻlsin. Sanadning avvalgi roviydan boshlab oxirgisigacha xuddi shunday boʻlishi kerak. Orada biror kishi tushib qolmasligi shart.

Imom Buxoriy yuqoridagi taʼrifga qoʻshimcha ravishda: “Roviy oʻz shayxi bilan bir marta boʻlsa ham uchrashishi sobit boʻlishi kerak”, deydi.[11]

Imom Muslim esa roviyning oʻz shayxi bilan uchrashishi mumkinligining oʻzini shart qiladilar, uchrashgani sobit boʻlishi shart emas. Hatto imom Muslim bu borada ijmoʼ qilinganini ham daʼvo qilgan. Shunga koʻra imom Muslim va uning fikrini qoʻllab-quvvatlaydigan muhaddislar muttasillik borasidagi mana shu tushunchalarga binoan sahih, deb aytgan hadislarni imom Buxoriy sahih deb bilmagan.[12]

Hadisni sahih boʻlishida roviyning adolatli boʻlishi. Adolat lugʻatda toʻgʻrilik, mustahkamlik va odillikni ifoda etadi. “Adolatli odam” deganda gapidan va hukmidan rozi boʻlinadigan odam tushuniladi.

Ulamolar istilohida esa: “Adolat kishidagi uni gunohlardan va muboh pastkashliklardan qaytaradigan malakadir”. Boshqa bir taʼrifda esa “Adolat dindorlikni lozim tutishda va taqvo hamda muruvvatni muhofaza qilishga olib boruvchi malaka boʻlib, oʻz egasining sodiqligi va omonatiga ishonch qozontiradi”.

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Mustalahul hadis. “Sharq” nashriyoti, 2011. B-69.
[2] Abu Iso at-Termiziy. Sunani Termiziy sharhi. 1-j. Toshkent “Irfonnashr” 2021. B-143.
[3] Al-Muborakfuriy. Tuhfat al-Ahvaziy. Muqaddima. – Bayrut: Dor al-fikr. Nashr yili koʻrsatilmagan. – J. 1. – B. 64-66.
[4] Oltin Silsila sahihul Buxoriy.   J.1.  B.83.  “HILOL-NASHR”.2012.
[5] Ismoil ibn Muhammad ibn Abdulhodiy ad-Dimashqiy. “Al-Favaidu ad-Daroriy fiy tarjimati Imom Buxoriy”. Darun navadir. B. 147.
[6] Doktor Taqiyuddin an-Nadviy Muzohiriy. “Al-Imam al-Buxoriy imamul huffazi val muhaddisin” dorul qalam. Damashq. B. 86
[7] Alloma Abdusalom Muborakfuriy. Siyrat al-imom al-Buxoriy. -1. Dor olam al-favoid. –B. 84.
[8] Al-Hokim Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh Muhammad Naysaburiy. “Maʼrifatul ulumul hadis”. Darul kutub ilmiyya. Bayrut. B. 59
[9] Hofiz Abu Amr Usmon ibn Abdurahmon ash-Shahrazuriy. “Muqadimatu Ibn Saloh”. “Saodah” nashriyoti. Misr 1326 – hijriy. B. 8
[10] Shayx Muhammad Anvar Shoh Al-Kashmiriy. As-Samah al-Jariy ila jannat al-Buxoriy. Maktabat  al-asharot al-mubshsharot.B-31
[11] Imom Muhaddis Ali ibn Sulton Muhammad Haroviy al-Qori. “Sharhi sharhi nuxbatul fikar fi mustalahati ahlil asar”. “Ittihad book depot”. Deband. B. 274
[12] Shayx Muhammad Avvoma .Faqih imomlar ixtilofida hadisi sharifning oʻrni.”HILOL-NASHR”nashriyoti, 2018. B-27.
Jaloliddin XOLMOʻMINOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi magistranti
“Koʻkaldosh” oʻrta maxsus bilim yurti oʻqituvchisi

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …