Home / ALLOMALAR / IMOM BUXORIY HAYOT YOʻLI VA ILMIY FAOLIYATI

IMOM BUXORIY HAYOT YOʻLI VA ILMIY FAOLIYATI

Buxoriyning vafotlaridan sal oldin “1080 kishidan hadis yozib oldim, hammalari hadis sohibidirlar” deganlarini eshitganman. Muhammad ibn Abu Hotim Varroq [1]

Tarixning shodon kunlaridan maʼlumki, IX asrda Markaziy Osiyoda turli din ilmlari, tabobat va aljabr fanlarini chuqur oʻzlashtirib, ularning rivojiga ulkan hissa qoʻshgan allomalar yetishib chiqqan. Jumladan, buyuk faylasuf Abu Nasr al-Forobiy, jugʻrofiya fani olimi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammadin Muhammad ibn Nasir Al-Fargʻoniy, mashhur tabib Abu Ali Ibn Sino, hadis ilmi podshosi va “Sahih ul Buxoriy” kitobining muallifi Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy kabi buyuk allomalar davri edi.

810 yil 19 iyul. Koʻhna Buxoro shahri.Bu kun qalblarga ajib bir hisni, dillarga xushxon navoni olib keldi. Bu kun dunyoga muhaddislar imomi va hadis ilmining sultoni boʻlmish Muhammad ibn Ismoilni olib keldi. U kishining toʻliq ismlari Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim Ibn Al-Mugʻira Al Juafiy Al-Buxoriydir.Otasi Ismoil ham oʻz davrining olimlaridan boʻlganligi sababli Imom Buxoriyning tugʻilgan sanalarida hech qanday shubha yoʻq, otalari oʻgʻillarining tugʻilgan kunini oʻz qoʻli bilan yozib ketgan. Yoshlik chogʻlaridayoq otalari vafot etib, onalarining qoʻlida tarbiya olgan. Shuningdek, Abdulloh ibn Al-Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis toʻplamlarini yod olgan, ustozi Shayx Dohiyli bilan hadis rivoyatchilari haqidagi qizgʻin bahslarda qatnashgan. 16 yoshlarida esa onalari va otalari bilan Hijozga qarab yoʻl tutadi, Makka va Madina shaharlarini ziyorat qilib, Hijozda 6 yil yashab, Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bagʻdod kabi shaharlarda yashab bu yerlarda hadis bilan bir qatorda fiqh fanini ham oʻrganadilar.

Nishopurlik Al-Hakimiyning yozishicha, ustozlarining soni 90 talar atrofida boʻlgan. Ular: Yusuf Al-Gʻaryobiy, Musa Al-Abasiy, Ibn Rohaviyh nomi bilan mashhur boʻlgan imom Isxoq ibn Ibrohim kabilardir.

Bizga hadislarni xifzu-himoyasida saqlab olib kelgan Imom Buxoriy yirik olimgina boʻlib qolmay, u kishi oʻzlarining axloqlari bilan bizga namuna boʻldilar. Goʻzal namunaliklari muruvvatliklari, diyonatliklari, saxovatliklari bilan boshqa insonlardan osmondagi oy kabi tamomila ajralib turadilar. Shuningdek, juda oʻtkir zehn egasi va yodlash qobiliyatlari boʻlganlar, ilm-maʼrifatga boʻlgan ishtiyoqlari bilan tanilganlar. Manbalarda esa Al-Buxoriyning 600 000ga yaqin hadislarni yoddan bilganliklari aytiladi va ular ichidan 200 000 sahifasini ajratib tasnif qilganlar.

 Buxoriy hazratlarining cheksiz ilmga boʻlgan muhabbati barchani hayratda qoldirdi. Ularning mashaqqat va chekkan ulkan zahmati islom poydevorini yuksaltirib, qalblarga Allohga va Rasulimiz sallollohu alayhi vasallamga boʻlgan alangali muhabbatni uygʻotib qoʻydi: Hadis ilmiga boʻlgan intilish, ularning toʻplashga qaratilgan yuksak eʼtibor bu kabi din ilmining inson ruhi va qalbini poklovchi ekanini va ilmga boʻlgan qatʼiyatligini koʻrsatib beradi. Ogʻir va mashaqqatli yillarni bosib oʻtsada, biz avlodlarga oʻzlarining boy merosini qoldirganlar. Bu nodir meros boʻlgan asarlarning soni 20tadan ortiqdir. Ulardan eng sahih hadislar jamlangani “Sahil ul-Buxoriydir. Va shuningdek, “At-tarix al-avsat”, “At-tarix as-sagʻir”, Al-adab al-mubrad”, “Barr ul-volidayn” kabi qimmatli asarlar yozganlar. “Sahih ul-Buxoriy”ning ajralib turadigan xislati shundan iboratki, ungacha hadis jamlagan barcha muhaddislar eshitgan barcha hadislarini sanadlari va ishonchli tomonlariga eʼtibor qilmay kiritaverganlar. Ammo hadis ilmining gultoji boʻlmish imom Buxoriy roviylarga va sanadlarga alohida eʼtibor qaratib, ularning ishonchli boʻlganlarini ajratib, alohida kitob shaklda keltirganlar. Bu asar oʻz ichiga takrorlanadigan hadislar, bular 7275tani, takrorlanmaydigan holda esa 4 000 ta hadisni oladi.Bu hadislarni yigʻish jarayoni muhaddisdan juda hatto qiyinchiliklarni talab qilgan boʻlsa-da, hazrat bu sharafli ishni birinchi boʻlib bajarganlar. Bu asar yozilganiga 1 200 yildan oshgan boʻlsa-da, hanuzgacha u barcha islom diyorlari va musulmon xonadonlarida Qurʼoni karimdan keyin turuvchi muqaddas manba hisoblanadi. Hatto koʻplab islom taʼlim muassasalarida hadis ilmining tayanchi boʻlib kelmoqda. Har yerda yaxshilik boʻldiki, albatta uning ziddi ham boʻladi. Imom Buxoriy ilm safaridan qaytganlaridan soʻng, koʻhna Buxoroda koʻplab ishtiyoqli shogird va ulamolarga hadis ilmidan saboq bera boshladilar. Omma ichida ulkan hurmatni qozongan boʻlsalarda, baʼzi hasadgoʻy kimsalarga gʻarazli tuygʻular kurtak ocha boshladi.Bu kishilar xatti-harakati bilan imom Buxoriyning oʻsha paytdagi Buxoro amiri boʻlgan Xolid ibn Ahmad bilan munosabatlari buzilib qoldi. Bunga yetarlicha sabablar ham bor edi: Sabab shundan iborat ediki, amir al-Buxoriyni huzuriga chaqirtirib, “Sahih al-Buxoriy” va “At-tarix” kitoblarini oʻqib berishini buyuradi. Lekin amirning bu talabi Buxoriyga yoqmadi va shunday javob beradilar: “Men ilmni xor qilib, uni hokimlar eshigi oldiga olib bormayman, kimga ilm kerak boʻlsa, oʻzi izlasin. Lekin Alloh oxirat kuni ilmni yashirmay uni tabiblarga sarf qilgani uchun meni kechiradi”, Bu voqeadan keyin amir imom Buxoriyga shaharni tark etishni buyuradi. Shundan keyin Buxoriy Samarqandga boradilar.Oʻsha yerda bir oz muddat yashab, shogirdlarga taʼlim beradilar va ogʻir kasallikka chalinib qoladilar. Falakning eng ogʻir yoʻqotishi, qalblarni zabt etgani tufayli yoʻqligi koʻz yosh va ogʻir sogʻinchga sabab boʻlgan buyuk muhaddis 60 yoshlarida milodiy 870 yil Allohning rahmatiga ketadilar.

Imom Buxoriy haqida Yahyo ibn Jaʼfar ibn Aʼyun Boyqandiy shunday deydi: “Agar oʻz umrimni Imom Buxoriyning umrlariga qoʻshib, u kishining hayotlarini ziyoda qilishga qodir boʻlsaydim, albatta shunday qilar edim. Zero, mening oʻlimim bir insonning vafoti, xolos. Ammo u zoti sharifning vafot etishi ilmning ketishi va olamdan oʻtishidir 2”.

Aslida imom Buxoriy haqida qancha yozishni istasak, dengiz siyohlari ham kamlik qiladi.

Zero, bu zotni qabrlarini ziyorat qilish istagida yonayotganlar anchagina. Fargʻona, Navoiy, Namangan kabi shaharlarni yaxshi tanimasalarda, koʻpgina chet el kishilari ham bu zotning hurmatlarida koʻhna Buxoro va Samarqand shaharlarini yaxshi biladi. Koʻpchilik ulamolar bu zot haqlarida ulkan asarlar yozishga kirishayotgan bir paytda kaminaning ikki ogʻiz soʻzi dengizdan bir tomchidir aslida. Imom Buxoriyning ilmiy jasoratlarini va shuhratlari u kishining asarlari va hadis ilmiga qoʻshgan buyuk hissalari barchani ilm yoʻliga kirishga va sobit qolishga undaydi: Vaholanki, Paygʻambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam oʻz muborak hadislarida shunday marhamat qiladilar: “Mening soʻzimni eshitib, uni anglab, yod olib, soʻng uni boshqalarga oʻzi eshitgandek yetkazgan kishini Alloh yorlaqasin, yuzini yorugʻ qilsin” Alloh taolo vaʼdalarga xilof qilguvchi zot emas, shu sababli ushbu hadisning himoyasi ila bu muborak ishning boshida turgan Hazrat imom Buxoriy va yozgan ulkan ilmiy meroslarini hamda bu manbalarni bizga yetkazganlarni ulkan ajrlar bulogʻiga burkab siylasin.

      Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

Ahmad Muhammad Tursun. Sohilsiz dengiz (Imom Buxoriyning hayot sahifalari). Toshkent: Hilol-NASHR 2022.
“Imom Buxoriy taʼrifi” (tarjima va izohlar muallifi Saidazim Muhammad Ali), Toshkent: Choʻlpon 1996.
Imom al-Buxoriy. “Al-jomeʼ us-sahih”, T.2013, 8-jildi
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Hadis va Hayot” 1-juzʼ, T.2004
Inoyatov A. Imom Buxoriy va tafsir ilmi // Hidoyat. – Toshkent, 2020. – № 3. – B. 76-80. (24.00.00; № 2)
Inoyatov A. “Siyar aʼlamun nubalo” asarida Imom Buxoriy siyrati “Sahihul Buxoriy”ning tafsir ilmidagi ahamiyati // Imom Buxoriy saboqlari. – Samarqand, 2021. – Maxsus son. – B. 133-145. (24.00.00; № 13)
 Ozoda SATTOROVA,
Buxoro shahar “Joʻybori Kalon” ayol-qizlar oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi talabasi

Check Also

XORAZMNING ILK ROVIYLARI

Uygʻonish davri tarixini oʻrganish jarayonida shu narsaga amin boʻlamizki, Xorazm oʻlkasi VIII asrdan musulmon dunyosiga …