Home / MAQOLALAR / XIX ASRNING OXIRI VA XX ASR BOSHIDA JADIDLAR DUNYOQARASHIGA TAʼSIR ETGAN OMILLAR

XIX ASRNING OXIRI VA XX ASR BOSHIDA JADIDLAR DUNYOQARASHIGA TAʼSIR ETGAN OMILLAR

XIX asrning oxiri XX asrning boshi jahon sivilizatsiyasining taraqqiyotida keskin burilishlar davri boʻldi. Bu davrda chuqur islohotlar, birinchi va ikkinchi jahon urushi boʻlib, ilm-fan taraqqiyotida tub sifatiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Bir jamiyatning butunlay yod jamiyat taʼsirida qolishi nafaqat hayotda balki kishilarning falsafasida ham inqilob yasadi. XIX asrning oxiri va XX asrning boshida Markaziy Osiyoda ham boshqa mintaqalarda boʻlgani kabi oʻzgacha fikrlovchi, yangicha qarash vakillari shakllanib bordi.

XIX asrning ikkinchi yarmida Oʻrta Osiyoda ijtimoiy-iqtisodiy tuzum qoloq, fuqarolarning turmush tarzi oʻta past, madaniy-maʼnaviy hayotida islom dini peshvolarining taʼsiri kuchli edi. Insonlar dunyoqarashida tasavvuf falsafasi anʼanalarini tiklashga intilish kuchayib borayotgan bir vaziyatda, unga qarshi kuchlar bilan tafovutlar kelib chiqdi.

“XIX asr ijtimoiy-falsafiy, diniy-axloqiy, siyosiy va madaniy  taraqqiyotda soʻnggi va keyingi yuz yillikning boshlanish davri boʻlib, gʻoyaviy-nazariy va mafkuraviy qarashlarning shakllanish xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Jadidlar harakati vujudga kelguniga qadar Turkistonda turli maʼnaviy-gʻoyaviy va mafkuraviy oqimlar qadimchilar, islohotchilar, bedilchilar, mashrabxonlar, shuningdek, Markaziy Osiyo, umuman turkiy xalqlarga taalluqli boʻlgan tafakkurning turli shakllari, ijtimoiy-falsafiy mazmun va yoʻnalishga ega boʻlgan maʼrifiy taʼlimotlar va nazariyalar mavjud edi” [1:155].

Demak, bu davrda nafaqat jadidlar harakati balki boshqa gʻoyaviy taʼlimotlar ham shakllandi. Kishilarning dunyoqarashida tasavvuf falsafasi anʼanalarini tiklashga intilish kuchayib borayotgandi. Bu davrda Oʻrta asr musulmon mutafakkirlarining asarlarini qayta nashr etish ishlari boshlandi. Kalom falsafasi, shariat axloqiga oid klassik adabiyotlar arab-fors tilidan turkiy tillarga tarjima qilinib nashr etildi. Masjid va madrasalarda Bedilxonlik, diniy ulamolar tomonidan qadimchilik harakatlari, sherxonliklar avj oldi. Oʻrta Osiyoda maʼrifatparvarlik harakati kishilarning ilm-fan taraqqiyotiga, umuminsoniy qadriyatlarga, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼnaviy qoloqlikni bartaraf etishga boʻlgan intilishining natijasi edi.

Jadidlar turli mamlakatlardagi taraqqiyot va islohotlar uchun olib borilgan harakatlarning tajribasini milliy asosda qayta ishlashga intildi. Mustamlakachilikka qarshi kurashning bosh gʻoyasi ana shu murakkab sharoitda shakllanib yetildi. Bu davr haqida shunday deyilgan: “Tarixdan shu narsa maʼlumki, har bir kichik harakat ertangi katta harakatning zamini vazifasini oʻtaydi. Bu kungi magʻlubiyat ertangi gʻalabaning amalga oshuvida ozmi-koʻpmi rol oʻynaydi. Busiz jamiyatning rivojini tasavvur etish qiyin [2:4]”.

Jadidlik Turkistonda XIX asrning oxirida maydonga kelgan, XX asrning boshida shakllanib, qisqa muddatda oʻzining choʻqqisiga koʻtarilgan. Jadidlik 1917-yilgi  bolsheviklar toʻntarishidan keyin ham sotsialistik diktatura oʻrnatilgunga qadar oʻz mavqe va yoʻnalishini saqlab qola olgan ijtimoiy harakatdir. Baʼzi manbalarda jadidlik oqim deb atalsa, baʼzisida harakat deb aytiladi.

Jadidlik oqim emas, harakat deb taʼkidlaydi B.Qosimov [3:61]. Ijtimoiy, siyosiy, maʼrifiy harakat yaqingacha ham ataylab faqat maʼrifatchilik harakati deb kelindi. Maqsad jadidlikning doirasini toraytirish, sotsialistik-kommunistik mafkuradan boshqasi keng xalq ongini qamrab olishi, egallashi mumkin emas, degan soxta  tushunchaning asorati edi. Jadidshunos olim B.Qosimov jadidlik harakatining xarakter va muddaosini 3 turga boʻlib izohlaydi:

  • Jamiyatning barcha qatlamlarini jalb eta oldi. Uygʻonish mafkurasi boʻlib xizmat qildi.
  • Mustaqillik uchun kurash olib bordi. Uning gʻayrat va tashabbusi bilan dunyo koʻrgan Turkiston muxtoriyati bu yoʻldagi amaliy harakatning dastlabki natijasi edi.
  • Maorif va madaniyatni, matbuotni ijtimoiy-siyosiy maqsadlarga moslab chiqdi.

Bu xarakter va yoʻnalishni qator olimlar eʼtirof etdi. Bugungi kunda jadidlarni olib borgan ishlari keng jamoatchilik oʻrtasida turli xil bahslarning vujudga kelishiga sabab boʻlmoqda. Aslida jadidlar harakati faqat Turkistonda vujudga kelmadi.

Turkistonda jadidchilik XIX asrning 80-yillarida Rusiya musulmonlari, xususan, Kavkaz va Volga boʻyida yoyilgan shu nomdagi taraqqiyparvarlik harakatining bevosita taʼsiri va samarasi sifatida dunyoga keldi. Bunda Ismoil Gaspiralining “Tarjimon” gazetasi (1883) va u asos solgan “usuli jadid” (ikkinchi nomi “usuli savtiya”) maktabi (1884) muhim rol oʻynadi. Bu harakatning jadid deb atalishi haqida Abdulla Avloniy “Shul zamonda (1894-1904 yillar) yerli xalqlar orasida eskilik-yangilik (qadim-jadid) janjali boshlandi. Gʻazit oʻqigʻuvchilarni mullalar “jadidchi” nom bilan atar edi” [3:61], degan fikrni keltiradi.

Jadidlikning poydevori, tamal toshi usuli jadid maktablarining tashkil qilinishi edi. Hamonki, maqsad jamiyatni yangilash ekan, uni yangi avlodgina qilishi mumkin edi. Buning uchun esa zamon talabiga mos yoshlarni tarbiyalash masalasi jadid allomalarining oldiga qoʻyilgan bosh masala boʻldi. 1900-1925 yillar “jadidchilik” tushunchasining paydo boʻlishi oʻz davrining eng peshqadam, tashabbuslar davridir [3:10].

Oʻzbek falsafasining ijtimoiy-falsafiy, diniy-axloqiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotida “XIX asrning soʻnggi va keyingi yuz yillikning boshlanish davri gʻoyaviy-nazariy va mafkuraviy shakllanishining xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Turkistonda oʻsha paytda turli maʼnaviy-gʻoyaviy va mafkuraviy oqimlar – qadimchilar, jadidchilar, islohotchilar, bedilchilar, mashrabxonlar, shuningdek, Markaziy Osiyo, umuman turkiy xalqlarga taalluqli boʻlgan tafakkurning turli shakllari hamda ijtimoiy-falsafiy mazmun va yoʻnalishga ega boʻlgan “Chigʻatoy gurungi” kabi ancha yetuk yigʻinlar, ular ilgari surgan maʼrifiy taʼlimotlar, nazariyalar mavjud edi”[1: 155]. Demak, bu davrda nafaqat jadidlar harakati, balki boshqa harakatlar ham shakllangan.

XIX asrning ikkinchi yarmidan ilgʻor maʼrifatparvarlar davlat mustaqilligini yoʻqotilishiga asosiy sabab, Oʻrta Osiyo jamiyatining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy qoloqligi ekanini juda yaxshi tushunib yetgan. Ular turli ijtimoiy qatlamlarning orasidan chiqqan va eng asosiysi zakovatli boʻlib, ilgʻor ziyolilarning birinchi avlodi boʻldi. Ana shu negizdan keyinchalik jadidlar yetishib chiqib ularning gʻoyalarini rivojlantirdi va maʼrifatdan siyosatga qarab yoʻl oldi.

Yangi ziyolilarning qarashlarida eng avvalo, aholining barcha ijtimoiy qatlamlari orasida hukm surgan savodsizlikni tugatish, eski taʼlim tizimini isloh qilish, qoloq, eski va behuda odatlarga chek qoʻyish singari maqsadlar ilgari surildi. Tadqiqotchilarning fikriga koʻra ular, ayniqsa diniy mutaassiblik, behuda sarf-xarajatlarga olib keluvchi anʼanaviy odatlarga tanqidiy yondashgan. Agar bunday qarashlar debochasini Ahmad Donish kabi maʼrifatparvarlar boshlab bergan boʻlsa, ularning gʻoya va qarashlarini Sadriddin Ayniy, Abdulvohid Munzim, Mirkomil Burxonov, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjaev, Xolidxoji Mehri, Mulla Vafo, Abdurauf Fitrat rivojlantirdi.

Aslida jadidlik rasman XIX asrning oxirida oʻz amaliy faoliyatini boshlagan boʻlsa-da, ularning gʻoyalari shu asrning boshidayoq (oʻn toʻqqizinchi asrning boshida) oʻz taʼsirini namoyon qilayotgan edi [4:99]. “Turkistonda ilk bor Ovrupa texnikasini oʻrganish kerakligi masalasini Qoʻqon xoni Sayid Muhammad Hakimxon (Olimxonning ukasi) Rossiya, Turkiya, Eron va boshqa mamlakatlarga sayohat qilib qaytgach, 1843 yilda birinchi boʻlib oʻrtaga qoʻygan ”[5:39]. Tashqi olam bilan tanishish Turkistonliklarning orasida falsafiy mushohadasi taraqqiy qilayotgan yoshlarni tarbiyalay boshladi. Bundan koʻrinadiki, tashqi olam bilan tanishish, oʻzga millat va davlatlarning tarixi, madaniyati, Turkiston yoshlarining tafakkurini oʻzgartirgan ilk sabablardan biridir. Tarixdan maʼlumki, hamma vaqt globallashuv jarayoni mavjud boʻlgan, faqat oʻzini sekinlik bilan namoyon etgan. Mana shunday jarayonlarning natijasi oʻlaroq jadidlik taʼlimoti oʻzini turli yoʻllar bilan namoyon qila boshladi. Turkistonda jadidlik gʻoyalari va harakatining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy  zamini XIX asrning oxirgi choragiga kelib toʻliq yetildi.

Rus hukumati oʻlkada xalqni asta-sekin ruslashtirishga qaratilgan siyosat olib bordi. 1870-yilda Rossiya xalq maorifi vazirligi maorifning maqsadi pirovardida barcha mahalliy aholini ruslashtirishdan iborat boʻlishi haqida qaror qabul qilgan. Shunga oʻxshash fikrni N.O.Ostroumov ham aytgan, u: “Rus hukumati mahalliy aholini rus xalqi bilan aralashtirishga harakat qilishi kerak. Shu yoʻnalishda mahalliy aholining maʼorifini maʼlum darajada rivojlantirish lozim” [6:18], degan edi.

Turkistonning Rossiyaga qoʻshib olinishi oʻlka iqtisodiyotini yuksaltirishda xonlik tuzumiga nisbatan birmuncha qulay zamin yaratdi. Mahalliy aholining turmush tarzini oʻzgartirish maqsadida bank, vokzal, bosmaxona, zavod kabi yangiliklar kirib kela boshladi. Temir yoʻllar qurildi, yangi iqtisodiy aloqalar paydo boʻldi, litografiyalar vujudga keldi. Turkistonda jadidlarning taraqqiyparvar vakillari tomonidan “Tarbiyati atfol”, “Umid”, “Nashri maorif”, “Barakat”, “Gʻayrat”, “Taraqqiy parvar” kabi dastlabki ijtimoiy-siyosiy, ilmiy jamiyatlar tuzildi. Bu jamiyatlar gazeta va jurnallar chop etib xalqning maʼnaviy ongini oshirishga va mafkuraviy salohiyatini koʻtarishga intildi. Jadidlarning bevosita rahbarligida Toshkentda “Taraqqiy”, “Shuhrat”, “Xurshid”, “Sadoyi Turkiston”, Samarqandda “Samarqand”, “Oyna”, “Hurriyat”, “Shuʼlai Inqilob”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Bolalar yoʻldoshi”, “Tayoq majmuasi”, davriy “Sharq”, “Yosh kuch”, “Zarafshon”, Buxoroda “Turon”, “Buxoroi Sharif”, Qoʻqonda “Sadoyi Fargʻona” kabi oʻnlab gazeta va jurnallar nashr etila boshlandi. Bundan koʻrinib turibdiki, oʻz davrining ijtimoiy-falsafiy tafakkuri milliy ozodlik xarakteriga ega boʻlgan. Shunday vaziyatda Turkistonda vujudga kelgan ijtimoiy harakatlardan biri – jadidlik vatanni mustaqillikka olib chiqish va milliy oʻzlikni anglash tadbirlaridan biri edi. Maʼlumki, milliy oʻzlikni anglash muayyan millatning ijtimoiy-tarixiy, maʼnaviy-madaniy hayotini, qadriyatlarini, shuningdek, tabiatini bilishdir. Jadidlik mana shunday maqsadlarni koʻzlab shakllandi va rivojlanib bordi.

XIX asrning oxiri va XX asrning boshida Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy va falsafiy qarashlar eng avvalo millat yoshlarini tarbiyalash va yangicha koʻrinishdagi taʼlim tizimidan foydalanishni maqsad qilgan. Dastlab xususiy jadid maktablarini ochib yoshlarga taʼlim bera boshlagan boʻlsa, keyinchalik jadid maktablari shakllanishi keng quloch yozib bordi. Mintaqaning turli hududlarida oʻziga xos tarzda bunday maktablar ochila boshladi. Shu oʻrinda jadid maktablarining faoliyati haqida boʻlgan quyidagi fikrga eʼtibor bersak, “Biz turkistonliklar ham 15 yil boʻladirki, bu dunyoda oʻzgalardek taraqqiy va toliy etmak orzusi bilan yangi maktablar ocha boshladik. Yolgʻiz erkak bolalarimizni tarbiya etargʻa kirishdik, ammo qizlarimizning tarbiyasiga hozirgacha hech bir ahamiyat bermadik” [7:4]. 1910 yili bu “usuli jadid”, yaʼni jadid maktablari yopildi. Ammo bu maktablarning yopilishi jadidlik harakatini susaytirolmadi, aksincha yanada rivojlanishi uchun xizmat qildi. Bundan “koʻrinib turibdiki, jadidlik keng ijtimoiy masalalar va maʼrifatparvarlik gʻoyalarini ilgari surish maqsadida shakllangan ijtimoiy-falsafiy yoʻnalish boʻlgan” [8:20]. Ammo jadidlik taʼlimotiga munosabat faqatgina mustaqillik yillarida oʻz mavqeini tiklab bordi.

Jadidlarning asosiy maqsadi dunyoviy ilmlarni egallagan yoshlarni tarbiyalash va ularning maʼnaviy ongini oshirish, oʻz vazifasini oʻtay olmay qolgan eskicha taʼlim tizimiga yangicha innovatsion gʻoyalarni singdirish edi. Bundan tashqari ular ijtimoiy hayot tarzini zamonaviy hayotga moslashtirish,  milliy va zamonaviy armiyani joriy etish, diniy va dunyoviy, axloqiy normalarni inobatga olgan holda yangi qonunchilik konsepsiyasini ishlab chiqish va joriy etish, davlatning boshqaruv tizimini isloh etish, hududiy tarqoqlikni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, jamiyat rivojlanishining barcha sohalari uchun milliy kadrlarni tayyorlash, davlatlar bilan diplomatik aloqalarni va tashqi siyosat konsepsiyasini oʻrnatish kabi bir qancha masalalarni ilgari surdi.

XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonda vujudga kelgan ijtimoiy-falsafiy tafakkur taraqqiyotining oʻziga xos xususiyati shundaki, A.Donish, Furqat, Muqimiy singari mutafakkirlar, Ibrohim Moʻminov taʼkidlaganidek, adolatning va inson aqlining tantanasiga qarshi tanqid bayrogʻini koʻtarib chiqdi. Bu bayroqni keyinchalik Behbudiy, Fitrat, Munavvar qori, Abdulla Avloniy, Hamza va Choʻlpon kabilar yangi bosqichga koʻtardi. “XX asrning avvalida jahon miqyosida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi voqealar, 1905 yilgi rus revolyusiyasi, Turkiston xalqlarining ongida demokratik tushunchalarning shakllanishi va rivojlanishiga katta turtki boʻldi. Bunday siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlar ijtimoiy tafakkurning taraqqiyotiga taʼsir etmay qolmadi. Yashirin bildirilgan demokratik talablar, maʼrifatparvarlik va vatanparvarlik gʻoyalari tobora oshkora bayon etiladigan va ayrim kishilarning hayot tarzi va maqsadlariga aylangan edi. Ana shu davrda shakllangan jadidlar ikki tomonlama tanqid ostida boʻlgan boʻlsa, keyinchalik Oktyabr toʻntarishidan soʻng jadidlar “qizil zambaraklar”dan oʻqqa tutildi” [8:33], demak ilgʻor fikrli jadidlar oʻz davrining qurboniga aylandi.

Turkiston jadidlarining tarixiga nazar tashlar ekanmiz turli adabiyotlarda ularga zamonasining muhitiga qarab oʻz taʼrifini berishgan. Masalan, jadidlarning faoliyati haqida Fayzulla Xoʻjayev birinchilardan boʻlib harakatni ikki yoʻnalishda boʻlganini koʻrsatib bergan: “Shunday qilib, sentabr revolyutsiyasi boshlanguncha Oktabr va uning oqibatlari tufayli vujudga kelgan jadidlar tashkilotlarining tabaqalanishi uzil-kesil rasmiylashdi, bu harakat bir-biridan butunlay boshqa boʻlgan ikki qismga boʻlindi: Uning birinchi qismi Buxoro Kommunistik partiyasiga kirib, oʻz taqdirini Oktabr revolyutsiyasi va jahon kommunistik harakatining taqdiri bilan, jahon sotsial revolyutsiyasi uchun kurash bilan qoʻshdi va birlashtirdi. Jadidlarning Oktabrgacha boʻlgan qismi esa fevralgachagi pozitsiyalarda qolib oʻzining millatchilik ideologiyasini tark etmadi” [9:190].

Turkistonda oʻz faoliyatini olib borgan jadidlar hududiy qatlamiga koʻra ham farqlangan. Masalan, Turkiston jadidlari, Buxoro jadidlari va Xiva jadidlariga ajratib tahlil qilsak, bularning asosiy maqsadlari ozodlik pozitsiyasiga yoʻgʻrilgan boʻlsa-da, ichki tuzilishida ayrim farqlarni ham koʻrish mumkin. “Turkiston jadidlari ham Buxoro jadidlari singari tabaqalanish yoʻlidan bordi. Turkiston jadidlarining katta qismi revolyutsiyani tushunmadi va uning ilgarigi milliy burjua ideologiyasida qolaverdi” [8:192]. Bundan koʻrinib turibdiki, jadidlarning faoliyati revolyutsiyadan oldingi va revolyutsiyadan keyingi bosqichlarga ajralgan. Masalan, Fargʻona vodiysidagi milliy harakatlar, Yosh buxoroliklar, Yosh xivaliklar, Toshkentdagi ziyolilarning faoliyatlaridagi oʻzaro birlik va oʻziga xoslik holatlarini ham koʻrishimiz mumkin. Samarqandda vujudga kelgan maʼrifatparvarlik harakati ijtimoiy rivojlanishi natijasida jadidlikning siyosiy bosqichiga koʻtarildi. Oʻz davrining koʻzga koʻringan ijtimoiy-siyosiy oqimi sifatida jadidlik milliy oʻz-oʻzini anglashning oʻsishiga va milliy-ozodlik mafkurasining shakllanishi va taraqqiyotiga juda katta xizmat qildi [10:4].

Fikrimizning xulosasida Turkistonda vujudga kelgan jadidlikning asosiy bosh maqsadi jamiyat taraqqiyoti uchun lozim boʻlgan barcha sohalarda innovatsion gʻoyalarni joriy qilish edi. Bu bilan jadidlar xalqning yashash tarzini oʻzgartirishni, ularning maʼnaviy ongini rivojlantirishni asosiy maqsadlaridan biriga aylantirgan. Jadidlar Turkistonda milliy rivojlanish pozitsiyasining boshida jamiyatning siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy taraqqiyotini taʼminlash gʻoyasini olib chiqdi. Ular siyosiy faoliyatida mustaqillik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan maqsadni ilgari surdi. Bu harakatni biz jadidlarning Chor Rossiyasining tajovuziga qarshi qaratilgan kurashida koʻrishimiz mumkin. Jadidlar milliy rivojlanish bilan qaramlikka qarshi kurashmoq lozimligini angladi. Bu gʻoyalar jadidlar siyosiy faoliyatining asosini tashkil etdi. Shuning uchun jadidlar mazlum xalqni ozodlik kurashiga chorladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Nazarov. Oʻzbek falsafasi. –T., 2003.
  2. Tulak. XX asr oʻzbek adabiyoti. –Andijon, 1993.
  3. Qosimov. Milliy uygʻonish: Jasorat, maʼrifat, fidoiylik. –T., Maʼnaviyat, 2002.
  4. Sh.Gʻaffarov. Istibdod davrida Turkistondagi taʼlim tizimi. – Samarqand.: SamDU nashr, 200.
  5. Togʻaev. va boshqalar. Darsda jadidchilik va uning mohiyatini oʻrganish.// “Xalq taʼlimi”, 1993, 1-son.
  6. Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash. –T.: Universitet, 1999.
  7. Hoji Muin. Oila tarbiyasi. “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi, 1918 yil 9 iyul.
  8. Guli Mahmudova. Jadidizm va Turkistonda axloqiy-estetik fikr taraqqiyoti. –T., 2006.
  9. Xoʻjayev. Tanlangan asarlar: uch tomlik. –T.: Fan, 1976. 1-tom.
  10. Oʻzbekiston tarixi: Yangi nigoh. Jadidlar harakatidan milliy mustaqillikka qadar. Davra suhbati materiallari. 1998 yil 9 oktabr. –T.: Eldinur nashriyot uyi, 1998.
Dilnavoz TAGʻOYEVA,
BuxDUPIning “Ijtimoiy fanlar”
kafedrasi oʻqituvchisi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …