Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING “AL-JOMEʼ AS-SAHIH” HADIS TOʻPLAMINING YOZILISH USLUBI, SAHIHLIK SHARTLARINI QIYOSIY, LЕKSIK SЕMANTIK TAHLILI

IMOM BUXORIYNING “AL-JOMEʼ AS-SAHIH” HADIS TOʻPLAMINING YOZILISH USLUBI, SAHIHLIK SHARTLARINI QIYOSIY, LЕKSIK SЕMANTIK TAHLILI

Islom dinida Quroni karimdan soʻng ikkinchi manba boʻlib eʼtirof etilgan kitob Imom Buxoriyning “al-Jomeʼ as-sahih” – (“Ishonarli hadislar toʻplami”) asaridir. Hadis ilmining sultoni, ulugʻ bobokalonimiz Muhammad ibn Ismoil Buxoriy taʼlif etgan bu asar, koʻplab nusxalarda musulmon xalqlarining orasida tarqalib, unga yuzlab sharhlar bitilgan va dunyoning turli tillariga tarjima qilingan va hozirda ham tarjima qilinmoqda.

Hozirgi vaqtda bizga maʼlum boʻlgani Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida 19 dona R. 2814. 1-jild, R. 2813. 2-jild, R.73337340. 19-daftarlar, R. 3568, R. 7914, R. 7980, R. 8975, R. 7961, R. 8933R. 8270. 2-jild, R. 3992, R. 5190 raqamlari bilan, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasining qoʻlyozmalar fondida 5 dona  №412, №443, №455, №437, №465, №459 raqamlari bilan “Sahihul Buxoriy”ning arab tilidagi qoʻlyozmalari saqlanmoqda.[1] Shuningdek, dunyo kutubxonalaridagi Qoʻlyozmalar fondida ham 500ga yaqin bizga maʼlum boʻlgan qoʻlyozmalari saqlanmoqda.[2] 

Nusxasining adadi va istifoda etilishi jihatidan Qurʼoni karimdan keyingi oʻrinda turgan bu asarning shunchalik yuksak darajaga yetganining sababi nima? Islom olamida “as-Sahih”, “al-Jomeʼ as-Sahih”, “Sahihul Buxoriy” nomlari bilan mashhur – ikki dunyo saodatiga eltuvchi yoʻl boʻlgan bu kitobning yozilish tarixiga va uslubiga bir nazar solsak.

 Mazkur asarning yozilish sabablaridan biri sifatida, Imom Buxoriyning ustozi, hadis ilmida moʻminlarning amiri Isʼhoq ibn Rohavayhning soʻzlari koʻrsatilgan. Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiydan rivoyat qilinadi: Imom Buxoriy: “Isʼhoq ibn Rohavayh bir kuni: “Qaniydi sizlar Rasululloh sollallohu  alayhi vasallamning hadislaridan sahihlarini toʻplab bir asar taʼlif etsangiz”, deb aytdi. Mana shu soʻz mening qalbimga qattiq oʻrnashib qoldi. Natijada “al-Jomeʼ as-sahih” – (“Ishonarli hadislar toʻplami”)ni jamlashga kirishdim”,  dedi.[3]

Imom Buxoriy bu kitobni yozishdan oldin nafaqat ustozlaridan koʻrsatma olgan, balki Alloh taolodan ham ilohiy bir irshod olgan desak xato boʻlmaydi. Chunki Imom Buxoriyning koʻrgan tushlari buning yorqin dalilidir. Muhammad ibn Sulaymon ibn Forisdan rivoyat qilinadi: Imom Buxoriyning: ““Tushimda Paygʻambar sollallohu  alayhi vasallamni koʻrdim. Men u zotning huzurlarida turib, qoʻlimdagi yelpigʻich bilan paygʻambarimizni yelpib turgan ekanman. Bu tushning taʼbirini baʼzi taʼbirchilardan soʻraganimda ular: “Sen Paygʻambar sollallohu  alayhi vasallamni yolgʻondan himoya qilar ekansan” dedi. Bu tush meni sahih hadislar toʻplami “al-Jomeʼ as-sahih”ni yozishga undadi”, deb aytayotganini eshitdim”.[4] Kimki janob Paygʻambarimizni tushida koʻrgan boʻlsa, haqiqatdan ham uni hayotda koʻrgan hisoblanishini ham alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Imom Buxoriyning bu tushlari ham aslida Alloh taolodan boʻlgan ilohiy bir koʻrsatma edi.

Imom Firabriy shunday rivoyat qiladi: “Muhammad ibn Abu Hotamning shunday deb aytayotganini eshitdim: “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyni tushimda koʻrdim. U kishi Paygʻambar sollallohu  alayhi vasallamning ortidan yurib ketayotgan edi. Paygʻambar sollallohu  alayhi vasallam har qachonki qadamlarini koʻtarsalar, u zotning qadamlarini izlariga Imom Buxoriy oʻz qadamini qoʻyar edi””.[5] Jumladan, mazkur tushni Najm ibn Fuzaylning ham koʻrgani manbalarda rivoyat qilingan.

Imom Buxoriyning mazkur shoh asarini qayerda taʼlif etilgani toʻgʻrisida manbalarda turli fikr-mulohazalar mavjud. Shulardan; Imom Buxoriy  bu asarining sharh va izohlarini Paygʻambarimiz sollallohu  alayhi vasallamning qabrlari va minbarlari oʻrtasidagi joyda yozgan. Abu Fazl Maqdisiyning yozishicha, uni Buxoroda tasnif qilib chiqqan. Baʼzi manbalarda bu asarning yozilishi Basra deb, baʼzilarida Makka deb koʻrsatilgan. Umar ibn Muhammad ibn Bajir Samarqandiydan esa quyidagicha rivoyat qilinadi: Imom Buxoriyning: ““Al-Jomeʼ” kitobimni Masjidul Haramda tasnif qilib chiqdim. Bu kitobga biror hadisni kiritishdan oldin gʻusl qilib, ikki rakat istixora (Alloh taolodan bir ishda yaxshilik soʻrab qilinadigan ibodat) namozini oʻqib, soʻng oʻsha hadisni sahihligiga toʻliq ishonch hosil qilgandan keyingina uni kitobimga kirgizganman”, deb aytayotganini eshitganman”[6]. Bu rivoyatlar zohiran qaraganda bir-biriga qarama-qarshiga oʻxshaydi. Bu manbalarni umumlashtirib, diqqat bilan qarasak ularning hammasi toʻgʻriligi maʼlum boʻladi, chunki Imom Buxoriy bu asarini taʼlif qilishni taxminan m.833 (217 hijriy) yilda 23 yoshida Masjidul Haramda boshlab, m.849 (h.233) yilda, qirq yoshga toʻlmasdan 16 yil davomida oʻsha yerda yozib tugatgan. Imom Buxoriy bu muddat davomida faqat Masjidul Haramdan chiqmay oʻtirishi mumkin emas, albatta. U bu sahih asarini taʼlif, tasnifotlarini boshqa shaharlarda amalga oshirgan boʻlsada, uning boblarga ajratib, tartibga keltirishni faqat Masjidul Haramda amalga oshirgan.  Imom Buxoriy kitobini yozib tugatganidan keyin Imom Ahmad ibn Hanbal, Yahyo ibn Muʼin, Ali ibn Madaniyga va ulardan boshqa muhaddis ulamolarga ham koʻrsatadi. Ular bu kitobni sahihligini eʼtirof etishib, Imom Buxoriyning bu  ishiga tasannolar aytadi.

 Imom Buxoriyning asaridan oldin hadislar darajasiga qarab sahihga ajratib jamlanmagan. Oʻsha vaqtda hadis ahli orasida hadisning roviysining istilohiy holatini, uning ishonchli yoki ishonchsiz ekanini oʻrganish keng tarqalgan. Ulardan rivoyat qilingan hadislar darajasiga qarab ajratilmasdan kitoblarga kiritilgan. Imom Buxoriy hadisshunoslik sohasida mutlaq yangicha bir yoʻlni kashf etdiki, bu bilan bu sohada “oltin asr”ni boshlab berdi.

Imom Buxoriydan oldin hadis ilmi bilan shugʻullangan muhaddis ulamolar olayotgan hadislarini sahih, hasan va zaifligini[7] ajratmasdan kiritganini aytib oʻtdik. Imom Buxoriy esa har bir hadisni eshitib yozib olishdan oldin uning roviylarini[8] kimligiga, taqvosiga, shariatga amal qilish-qilmasligiga hamda diniy va dunyoviy adolatiga juda qattiq eʼtibor bergan. Eʼtiqodi sust va yolgʻon bilan oz boʻlsa-da tanilgan kishilardan umuman hadis olmagan. Rivoyat qilishlaricha, Imom Buxoriyga notanish boʻlgan bir hadis yetib kelibdi. Uning roviysi esa Imom Buxoriyning turgan joyidan boshqa yerda ekan. Imom Buxoriy shu hadisni sanadini[9] va sahihligini u roviydan soʻrab bilish uchun uzoq masofani bosib, uning uyiga kelgan ekan. Ammo bu roviyni dalaga, oʻziga tegishli boʻlgan yerga chiqib ketganini aytadi. Imom Buxoriy uning dalasiga yoʻqlab borsa, qochib ketgan otini ushlab olish uchun etagini qayirib, xuddi yem solingandek koʻrsatib, otni chaqirayotgan ekan. Imom Buxoriy: “Bu inson tilsiz jonivorni aldab turibdi, undan nimani kutish mumkin”, deya undan hadis tinglamasdan ortiga qaytib ketgan ekan. Darhaqiqat, Imom Buxoriy shunchalik diqqat va eʼtibor bilan sahih hadislarni toʻplagan. Soxta hadislarni esa faqat boshqalarga bildirish uchun yod olgan xolos. Imom Buxoriy Paygʻabarimiz sollallohu  alayhi vasallamning muborak hadislarini sanadi muttasil[10] va roviylari ishonchli boʻlganlarini tanlab olib, kitob shakliga keltirdi. Shundan soʻng hadisshunoslik sohasida hadislarni sahihga ajratib, toʻplam holiga keltirish boshlandi. Muborak ibn Ahmaddan rivoyat qilinadi: “Imom Buxoriyning hadis rivoyat qilishdagi sharti – sanadining sahihligiga ixtilof qilinmagan, ishonchli roviylardan rivoyat qilingan, hadis sanadi ixtilofsiz holda sahobai kiromlarga muttasil bogʻlangan boʻlsa, u hadisning sanadi muttasil deb eʼtirof etgan”[11].

Jumladan, Imom Buxoriyning nazdida hadis sanadidagi tabaqalarda roviylarning oz boʻlishi ham hadisning sahihligiga dalolat qilgan. Masalan; agar sanaddagi tobeʼinlar tabaqasida ikki roviy boʻlsa, u holda hadis “hasan” – “rivoyat qilinish uslubi chiroyli” martabasida boʻlgan, agar bu tabaqada bir roviy keltirilgan boʻlsa, u hadisni “sahih” deb eʼtirof etgan. Imom Buxoriyning bunday yoʻl tutishining oʻziga xos sababi mavjud, chunki hadis qanchalik koʻp roviydan oʻtib muhaddisga yetib kelsa, uning iboralaridagi xato va adashish shunchalik  koʻp boʻlishi ehtimoli mavjuddir. Shuningdek, Imom Buxoriy hadis sohasida “haddasano” – “bizga hadis aytdi” iborasini va uning oʻrniga qoim boʻladigan boshqa iboralarni hamda “an–an – falonchi falonchidan, u esa falonchidan hadis aytdi” iborasini ham istilohiy maʼnoda qoʻllaganki, bu sanaddagi roviylarning darajasiga ham dalolat qiladi. Jumladan,  Imom Buxoriy “al-Jomeʼ as-sahih”ni taʼlif etishda hadislarni boblarga tasnif qilib, ularni fiqhiy masalalarga muvofiq  tartib bilan keltirganki, bu ham oʻquvchiga kitobdan istifoda qilishni yengillashtiradi. Har bir kitobning va bobning avvalida oyat va sharhlarning kelishi ham oʻziga xos bir uslub boʻlib, bu oʻquvchining fikr doirasini kengaytirishga imkon beradi. Shuningdek, Imom Buxoriy mazkur hadis toʻplamini “Vahiyning boshlanishi” kitobidan boshlab “Tavhid” kitobi bilan yakunlagani ham bir hikmat boʻlib, oʻqish jaryonida eʼtiborli kitobxon bu bilan muallifning nimaga ishora qilayotganini teran payqab oladi.

“Al-Jomeʼ as-sahih” hadis toʻplami 97 ta kitob va 3881 ta bobdan iborat  boʻlib[12], undagi barcha hadislar soni, takroriylari bilan qoʻshib hisoblaganda 7563[13] tadir. Kitobning hoshiyasidagi muaʼallaq hadislar[14] 1391 ta, biror hadisga tobeʼ boʻlib kelgan hadislar 344 ta va bu kitobdagi barcha hadislar adadi 9082 taga yetadi.[15] Imom Buxoriy bu hadislarni olti yuz ming hadis orasidan eng-eng sahihlarini ajratib olganini hisobga olsak, bu kitobning yana bir beqiyos qiymati koʻz oldimizda yaqqol namoyon boʻladi. Agar hadislarning har birini oldin gʻusl qilib, ikki rakaat namoz oʻqigandan keyin oʻz toʻplamiga kiritganini ham yodga olsak, bu qiymat yanada ravshanroq koʻrinadi. Bu haqda Imom Firabriydan shunday rivoyat qilinadi: “Imom Buxoriyning: “Mana bu “as-Sahih” kitobimga har bir hadisni gʻusl qilib, ikki rakaat namoz oʻqiganimdan keyingina kiritdim”, deb aytayotganini eshitganman”[16].

Imom Buxoriyning “al-Jomeʼ as-sahih” hadis toʻplamining boshqa hadis toʻplamlaridan ustunlik jihatlari musannifning hadis qabul qilishdagi shartlari va boshqa muhaddislarning shartlari bilan qiyosiy tahlili orqali maʼlum boʻladi.

Muhammad ibn Ismoil Buxoriy yashab ijod etgan davrda hadis ilmi juda keng taraqqiy etgan va koʻplab muhaddislarning hadis toʻplamlari mavjud  edi. Imom Buxoriyning vafotidan keyin ham bir qancha  muhaddislar paydo boʻldi. Shunday boʻlsa-da, oʻsha zamonda va undan keyin kelgan islom ulamolari va muhaddis olimlar nazdida  faqat Imom Buxoriyning “al-Jomeʼ as-sahih” hadislar toʻplami eng sahih va eng mukammal boʻlib eʼtirof etildi. Buning sababi – Imom Buxoriy hadislarni oʻziga yetkazib kelgan roviylardan rivoyatini qabul qilib kitobat qilishdagi shartlari va talablari boshqa muhaddislarnikidan koʻp boʻlgan, roviydan hadis qabul qilishda qatʼiy talablarni qoʻygan.[17] Hadis rivoyat qiluvchi roviylarning sifatlariga, axloqlariga juda katta eʼtibor qaratgan va roviyning sifati, axloqi hadis qabul qilishdagi talablariga yetarli darajada javob bermasa, unday roviydan hadis qabul qilmagan.[18] Sifati majhul, kimligi va nasabi nomaʼlum, sifatiga qadh (jarh) yetgan roviylardan, shu jumladan sanad tabaqasida yolgʻiz boʻlib qolgan roviydan[19] umuman hadis rivoyat qilmagan.[20]

Hadislarni sahih deb qabul qilishda muhaddis ulamolarning sahihlik shartlari turlicha boʻlgan. Muhaddis olimlarning hadislarni sahih deb eʼtirof etishida asosan beshta shart mavjud boʻlgan. Bu besh shart quyidagilar: 1) Sanadning uzluksiz bogʻlangan boʻlmogʻi; 2) sanaddagi roviyning odilligi; 3) sanaddagi roviyning xotirasini mukammal boʻlmogʻi;  4) hadis oʻz matni va uning roviylari martabasiga zarar yetkazuvchi sabablardan xoli boʻlmogʻi; 5) hadis matni va sanadi shuzuz (tarqoqlik)dan xoli boʻlmogʻi lozim.[21]

Imom Buxoriy nazdida esa hadislar sahihlik darajasiga yetishi uchun oʻn ikkita sharti mavjud boʻlgan. Bu oʻn ikkita shart yuqorida keltirilgan beshta asosiy shartlarning zamirida turadi.[22] Ular quyidagilar:

  1. Bir-biridan hadis rivoyat qilayotgan roviylar bir shaharda zamondosh boʻlishi, agar bir shaharda zamondosh boʻlib istiqomat qilmagan boʻlsa hadis muttasil sanad deb qaralmagan.
  2. Bir-biridan hadis rivoyat qilayotgan roviylar bir marta boʻlsa ham uchrashgan boʻlishi, agar bir shaharda istiqomat qilib uchrashmagan boʻlsa ularning bir-biridan hadis rivoyat qilishi muttasil sanad deb qaralmagan.
  3. Roviy (hadis rivoyat qiluvchi shaxs) hadisni oʻziga yetkazuvchi roviydan ijozatan yuzma-yuz holatda ogʻzaki (rivoyatan) yoki yozma ravishda (diroyatan) olgan boʻlishi (bu uch (1-3) shart “sanadning koʻrish, eshitish va oʻqish orqali bogʻlanishi” zamirida turadi).
  4. Roviy musulmon boʻlishi, dinsiz va gʻayridin kishidan hadis qabul qilinmagan.
  5. Roviy balogʻatga yetgan boʻlishi, yaʼni hadisni yod olib boshqalarga yetkazishda masʼuliyatni anglab yetadigan yoshda boʻlishi.
  6. Roviy aqlli boʻlishi, aqli zaifdan hadis rivoyat qilinmaydi.
  7. Roviy fosiq boʻlmasligi, fosiq kishining hadisi qabul qilinmaydi.
  1. Roviylarning eng ishonchlisi, rostgoʻyi, odamiyligi (bu beshta (4-8) shartlar “roviyning din va dunyo ishlarida odil boʻlmogʻi” sharti zamirida turadi).
  2. Roviy xotirasining kuchli boʻlishi, yaʼni eshitgan hadisini asl holida yod olib qolmogʻi.
  3. Roviy xotirasi sust boʻlsa eshitganini yodlab yozib qoʻygan boʻlishi (bu ikki shart (9-10) “hadis sanadidagi roviylar xotirasini mukammal boʻlmogʻi” sharti zamirida turadi).
  4. Hadis sanadi va matni ixtilofdan xoli boʻlishi (bu 11-shart “hadis matni va sanadi shuzuz (tarqoqlik)dan xoli boʻlmogʻi” sharti zamirida turadi).
  5. Hadis sanadi va matni zarar yetkazuvchi sabablardan xoli boʻlishi (bu 12-shart “hadis oʻz matni va uning roviylari martabasiga zarar yetkazuvchi sabablardan xoli boʻlmogʻi” shartining zamirida turadi).[23]

Oʻquvchiga yanada tushunarliroq boʻlishi uchun mazkur oʻn ikki shart va toʻqqiz muhaddisning hadis olishdagi unga amal qilish darajasining qiyosiy tahlili jadval koʻrinishida tayyorlandi[24].

Tadqiqotlarimiz natijasi hadis toʻplamlari sahih deb tan olingan toʻqqiz muhaddisdan faqat Imom Buxoriy mana shu oʻn ikki shartga qatʼiy amal qilganini koʻrsatadi. Yaʼni, hadis sanadi va matni mana shu shartlarga toʻliq javob bersa, u hadis Imom Buxoriy nazdida sahih hadis hisoblangan. Imom Muslim sahihlikning ushbu shartlarini oʻn bittasiga qatʼiy amal qilgan, yaʼni sahihlikning oʻn bir shartiga javob bergan hadis sanadi va matni u kishining nazdida sahih sanalgan. Masalan; Bir shaharga shayx (hadis rivoyat qiluvchi ustoz)lardan birortasi kelib dars tashkil qilib biror hadis aytsa-yu, tinglaganlardan biri u hadisni shu shaharda istiqomat qiluvchi, ammo oʻsha darsda boʻlmagan bir doʻstiga aytsa, u hadisni eshitgan darsda hozir boʻlmagan uchinchi shaxs oʻsha hadisni shayxdan rivoyat qilsa, jadvalga koʻra bu hadis Imom Buxoriyda sanadi muttasil (sanadi bogʻlangan) sanalmaydi, Imom Muslim va boshqa ayrim muhaddislar nazdida bu hadisning sanadi muttasil deb qaraladi[25].

Imom Abu Dovud nazdida bu shartlarning toʻqqiztasi qaysi bir hadisda topilsa oʻsha hadis sahih deb sanalgan.

Imom Termiziy nazdida esa hadis sahih boʻlishi uchun oʻnta shart topilishi lozim boʻlgan[26] va shu sababli ham ayrim hadis ulamolari Imom Termiziyning “Sunan” hadis toʻplamini Imom Abu Dovudning “Sunan”idan ustun qoʻyishadi.

Imom Molik va Imom Ahmadlarning hadis qabul qilishdagi shartlari boshqa muhaddislarnikidan kam. Ammo bu ularning hadis toʻplamlariga kiritgan hadislari sahihlik darajasidan past ekanini anglatmaydi, chunki buning bir necha ijobiy sabablari mavjud. Sabablar quyidagilar; ular yashagan davrning Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlariga yaqinligi, hadisning yetib kelishida muhaddis bilan Nabiy  sollallohu alayhi vasallam oʻrtasida roviylar ozligi va yana bir qancha sabablar borki, hatto u sabablar bilan ularning hadis toʻplamlaridagi ayrim hadislar sanadi oliy sanadga koʻtarilishi ham mumkin.

Imom Buxoriy hadislarni sahih deb qabul qilishda mana shu oʻn ikki shartga qatʼiy amal qilgan va shu sababli ham butun dunyo olimlari tomonidan uning hadis toʻplamlari mutlaq sahih hadislar deb eʼtirof etilgan. Hatto, ayrim ulamolar  Imom Buxoriyning hadislarni qabul qilishdagi sahihlik shartlarini oʻn beshtaga yetkazgan. Bu tadqiqotlarimiz natijalariga asoslanib Imom Buxoriyning “al-Jomeʼ as-sahih” hadis toʻplamidagi hadislarining sahihlik darajasi boshqa muhaddislarning sahih hadislaridan ustun ekanini aytishimiz mumkin boʻladi.

Albatta, moʻjaz bir maqolada muhaddis allomaning shoh asari “al-Jomeʼ as-sahih” hadis toʻplami haqida batafsil yoritib berish imkoni yoʻq. Asar oʻz nomi bilan juda koʻp ilmlarni oʻzida jamlovchi “Jomeʼ”dir. Unda fiqhiy masalalar bilan bir qatorda aqidaviy, ijtimoiy, axloqiy masalalar ham oʻz ifodasini topgan.  Bu asarning oʻrganilmagan qirralari, hikmatlari qanchalik koʻp mutolaa qilinsa, shunchalik koʻp namoyon boʻlaveradi.

Keyingi yillarda Imom Buxoriyning ilmiy maʼnaviy merosini va shu zamin farzandi boʻlgan boshqa allomalarimizning qoldirgan maʼnaviy merosini oʻrganib, ilmiy tadqiq etish va keng ommaga yetkazish maqsadida olimlarimiz koʻplab tadqiqotlar va ilmiy-amaliy ishlar olib bormoqda. Imom Buxoriyning ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va keng jamoatchilikka taqdim etish uchun 2017 yili Prezidentimizning farmoni bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oliy hadis maktabining tashkil etilishi va bu yerda olib borilayotgan tadqiqotlar shular jumlasidandir. Bu ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari va oliy maktab ustozlari muhaddis allomaning ilmiy merosi boʻlgan “Birrul-volidayn”, “Xolqu afʼalu-l-ibod” va “at-Tarix as-sagʻir” asarlarining tarjimasi hamda “Sahihul Buxoriy” hadislar toʻplamidagi oliy sanadli hadislar majmuasi “Sulosiyotu-l-Buxoriy” kitobining nashr etilish arafasida turgani fikrimizning dalilidir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
[1] “Manuscript Funds of Uzbekistan –Oʻzbekistondagi Qoʻlyozma fondlari muhofaza qilish, kataloglashtirish va mutaxassislar malakasini oshirish”,  2019 yil iyun. Samarqand Xalqaro anjumanining maqolalari toʻplami. İstanbul 2020. Daurbekova I. Imom Buxoriyning “al-Jomeʼ as-sahih” asari qoʻlyozmalarining dunyo kutubxonalaridagi nusxalaridan namunalar. –B389.
[2] Imom Buxoriy Qoʻlyozmalar fondi elektron bazasi. “Sahihul Buxoriyning Jahon qoʻlyozmalar fondidagi qoʻlyozmalari”.
[3] Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fathu-l-Boriy. Qohira. 1880y.– B 5.
[4] Oʻsha asar. –B 5.
[5] Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fathu-l-Boriy. Qohira.  1880y. B.5.
[6] Oʻsha asar. –B.490.
[7] Sahih hadis – sanadi muttasil bogʻlangan boʻlib, roviylari odillik va xotirasini oʻtkirligi bilan tanilgan hamda turli ixtilof va zarar yetkazuvchi sabablardan xoli boʻlgan hadis. Hasan hadis – sahihlik shartlariga toʻliq javob bergan, ammo roviylarini baʼzisini xotirasi juda kuchli boʻlmagan hadis. Zaif hadis – sahih va hasan shartlarini oʻzida mujassam qilmagan hadis.
[8] Roviy – hadisni tinglab  oʻzidan keyingi kishilarga yetkazib beruvchi shaxs.
[9] Sanad — muhaddisdan to Paygʻambar S.A.V.gacha boʻlgan roviylar silsilasi.
[10] Sanadi muttasil – uzluksiz bogʻlangan sanad.
[11] Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fathu-l-Boriy. Qohira.  1880y. –B.7.
[12] Al-Kutub-s-sitta. Riyoz.Doru-s-salom. 2000y. – B670.
[13] Al-Kutub-s-sitta. Riyoz. Doru-s-salom. 2000y. – B670.
[14] Izoh sifatida keltirilgan sanadsiz hadislar.
[15] Shamsiddinxon ibn Ziyoviddinxon ibn Eshon Boboxon. Sihohu-s-sitta. Toshkent 1986. –B 36.
[16] Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fathu-l-Boriy. Qohira.  1880y. –B5.
[17] Xolid Mansur Abdulloh ad-Daris. Mavqifu al-imamayni al-Buxoriy va Muslim min ashroti-l-liqya va-s-simoʼ. –B 272.
[18]Tohir al-Jazoiriy al-Damashqiy. Tavjihu-n-nazar ila usuli-l-asar. Al-Matbuʼati-l-islomiya. Halab 1995. 1-juz. –B220.
[19]Badriddin Ayniy Abu Muhammad Mahmud ibn Ahmad ibn Muso ibn Ahmad ibn Husayn ibn Yusuf ibn Mahmud Halabiy. “Umdatul-qoriy fi sharhi al-jomi as-sahih lil-Buxoriy”. 2867-hadis sharhi.
[20]Hamza Abdulloh al-Maliyboriy. Manhaju-l-Imam al-Buxoriy fiy tasʼhihi-l-ahadisi va-t-taʼliliha. “Doru ibn Hazm”.Bayrut 2000. – B363.
[21]Mahmud Tohhan. Taysiyru mustolahu-l-hadis. Maktabatu-l-maʼorif. Riyoz 2010. –B44.
[22]Manhaju-l-Imam al-Buxoriy fiy tasʼhihi-l-ahadisi va-t-taʼliliha. “Doru ibn Hazm”.Bayrut 2000. – B71.
[23]Abu Fazl Muhammad ibn Tohir. Shurutu-l-aimmati-s-sitta va yalihi shurutu aimmati-l-xamsa. Bayrut 1984. –B18.; Hamza Abdulloh al-Maliyboriy. Manhaju-l-Imam al-Buxoriy fiy tasʼhihi-l-ahadisi va-t-taʼliliha. “Doru ibn Hazm”.Bayrut 2000. – B366.
[24]Mazkur jadval tayyorlanish jarayonida 400dan ortiq hadis va hadis istilohiga oid manbalar koʻrib chiqildi.
[25]Jadvalga qarang.
[26]Abu Fazl Muhammad ibn Tohir. Shurutu-l-aimmati-s-sitta va yalihi shurutu aimmati-l-xamsa. Doru-l-kutubi-l-ilmiya. Bayrut 1984. –B 21.; Hofiz al-Iroqiy. At-Taqyidu va-l-iyzoh. 1-juz. –B33.; Muhammad as-Samʼoniy. Tavziyhu-l-afkar limaʼoniyi tanqiyh-l-anzor. 1-juz. –B180.
Nodir Qobilov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMON VA ISLOM BITTADIR (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Imon va islom bittadir. Lekin zohiriylar bunga xilof qilgan. Ular Alloh taoloning  ﴿قَالَتِ الْأَعْرَابُ آَمَنَّا …