Home / MAQOLALAR / HAYZ KOʻRGAN AYOL BILAN MUNOSABAT QANDAY BOʻLADI?

HAYZ KOʻRGAN AYOL BILAN MUNOSABAT QANDAY BOʻLADI?

Alloh taolo odamzodni har doim din orqali tarbiyalab kelgan. Uni yetkazishni Paygʻambarlar zimmasiga yuklagan.

Dinlarning eng mukammali boʻlgan islomni yetkazishda Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni tanlab olgan. Paygʻambar alayhissalomning har bir soʻzlari, feʼllari va turmush tarzlari biz uchun hayot dasturidir. U zotning hayotlari insoniyatga ikki dunyo saodat yoʻlini koʻrsatib bergan.

Islom dini turmushda uchraydigan barcha masalalarga javob bergan. Hattoki, er-xotin oʻrtasidagi jinsiy munosabatlar qanday boʻlishi, hayz vaqtida joiz va harom boʻlgan holatlar haqida ham taʼlim bergan.

Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asarida bunday hadis kelgan:

حَدَّثَنَا قَبِيصَةُ قَالَ حَدَّثَنَا سُفْيَانُ عَنْ مَنْصُورٍ عَنْ إِبْرَاهِيمَ عَنِ الأَسْوَدِ عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ كُنْتُ أَغْتَسِلُ أَنَا وَالنَّبِىُّ – صلى الله عليه وسلم – مِنْ إِنَاءٍ وَاحِدٍ ، كِلاَنَا جُنُبٌ.

وَكَانَ يَأْمُرُنِى فَأَتَّزِرُ ، فَيُبَاشِرُنِى وَأَنَا حَائِضٌ

وَكَانَ يُخْرِجُ رَأْسَهُ إِلَىَّ وَهُوَ مُعْتَكِفٌ ، فَأَغْسِلُهُ وَأَنَا حَائِضٌ

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Men va Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikkovimiz junub holimizda bir idishdan gʻusl qilar edik”.

“Menga buyurar edilar, izor tutib olar edim va hayzli holimda men bilan mubosharat qilar edilar”.

“U zot eʼtikof  oʻtirgan hollarida menga boshlarini chiqarar edilar, men esa hayzli holimda uni yuvib qoʻyar edim”.

Bu hadisi sharifdan er-xotinning bir idishdan gʻusl qilishi joizligi rivoyat qilinmoqda. Er-xotin orasida boʻladigan shariat ishlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zavjalari orqali bizga yetkazganlar. Bundan junub boʻlgan inson harom hisoblanmasligini ham bilishimiz mumkin.

 “Menga buyurar edilar, izor tutib olar edim va hayzli holimda men bilan mubosharat qilar edilar”.  “Mubosharat” soʻziga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, mubosharat – er va xotin badanining toʻsiqsiz bir-biriga tegishi (quchoqlashish). Bunda butun tana ham, uning bir qismi ham nazarda tutiladi. Hadis matnidan hayz vaqtida jinsiy yaqinlik qilmasdan er-xotin bir-birini quchoqlash maʼnosi maʼlum boʻlmoqda. Chunki mubosharat faqat jinsiy aloqaga nisbatan ishlatilmaydi. Mulla Ali Qoriyning “Mirqotul mafotih” asarida, yuqoridagi hadis sharhida mubosharatga “Men bilan birga yotardilar, meni quchoqlardilar va izordan yuqori badanlari badanimga tegar edi”, deb sharh bergan.

 “U zot eʼtikof oʻtirgan hollarida menga boshlarini chiqarar edilar, men esa hayzli holimda uni yuvib quyar edim”. Eʼtikof deb Allohga yaqinlik hosil qilish niyatida maʼlum shartlarga amal qilgan holda ibodatda mashgʻul boʻlish uchun masjidda qolishga aytiladi. Eʼtikof oʻtirgan odam boshini masjiddan chiqarib tursa, hayz koʻrgan xotini yuvib qoʻysa joiz ekan.  

Koʻrinib turibdiki, islomda hayz koʻrgan ayoldan jirkanish, uni chetlatish, kamsitish kabi muomala yoʻq.

Imom Ahmad ibn Hanbalning Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan hadisida: “Yahudiylarning ayollari hayz koʻrsa, birga ovqatlanmay va birga yotmay qoʻyar edi. Sahobalar bu haqda Paygʻambar alayhissalomdan soʻradilar. Alloh taolo “Sizdan hayz haqida soʻrarlar” oyatini nozil qildi. Shundan keyin Paygʻambar alayhissalom: “Jinsiy aloqadan boshqa hamma narsani qilsangiz boʻladi”, dedilar”.

Alloh taolo Baqara surasining 222-oyatida bunday degan:

وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الْمَحِيضِ قُلْ هُوَ أَذًى فَاعْتَزِلُوا النِّسَاءَ فِي الْمَحِيضِ وَلَا تَقْرَبُوهُنَّ حَتَّى يَطْهُرْنَ

“Sizdan hayz haqida soʻrarlar. Ayting: “U aziyatdir. Hayz chogʻida ayollardan chetda boʻling! Pok boʻlmagunlaricha, ularga yaqinlashmangiz!”.

Oyatning tafsiriga yuzlanadigan boʻlsak, Ibn Abbos bunday degan: “Bu oyat ansorlardan Amr ibn Dahdoh ismli bir kishi haqida nozil boʻldi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, agar ayollar hayz boʻlsa, – yaʼni hayz koʻrgan ayollar haqida – qanday yoʻl tutamiz? Ularga yaqinlik qilaveramizmi yoki yoʻq?” dedi. Shunda “Sizdan hayz haqida soʻrarlar”, oyati nozil boʻldi”. Baʼzi mufassirlar: “Sizdan hayz paytida ayollar bilan jimo qilish haqida soʻraydi”, deb tafsir qilgan. “Ayting: “U aziyatdir”, yaʼni qon harom va najasdir. “Hayz chogʻida ayollardan chetda boʻling!”, yaʼni hayz paytida ular bilan jimo qilmang! “Pok boʻlmagunlaricha, ularga yaqinlashmangiz!”, yaʼni ular hayz boʻlsa, pok boʻlmagunlaricha jimo qilmanglar!  

Baʼzi kimsalar yuqoridagi hadisni notoʻgʻri tushunib, Imom Buxoriy va boshqa muhaddislarning shaʼniga dogʻ tushirmoqda. Qolaversa, zimdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tuhmat qilmoqda. “Sahihul Buxoriy”da yana bir hadis Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Birortamiz hayzli boʻlganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u bilan mubosharat qilishni istasalar, unga shu hayzli holida izor oʻpab olishni buyurar, coʻng u bilan mubosharat qilar edilar. Qay biringiz Nabiy sollallohu alayhi vasallam oʻz shahvatlarini ushlay olganlaridek ushlay olardingiz”. Mana shu hadisning oxirgi qismidan ham jinsiy aloqa nazarda tutilmaganini bilish mumkin.

Biror hadis yoki xabarni oʻqiganda uning tub maʼnosini aniq bilish zarur. Yoʻqsa, koʻplab tushunmovchiliklar kelib chiqadi. Yuqorida keltirilgan hadisda anglab boʻlmaydigan yoki boshqa fikrga burib yuboradigan maʼno yoʻq. Hadis oʻqib biror narsaga ikkilanib qolsa, darhol biladigan odamdan mohiyatini soʻrab olish zarur boʻladi.

Dinimizga tosh otmoqchi boʻlganlarning aytgan fikrlariga ishonib qolmaylik. Chunki bu din pokizadir! Baʼzilar aytayotgan tuhmatlarning birortasi ham manbalarimizda topilmaydi. Har bir oʻqiyotgan, eshitayotgan va koʻrayotgan narsamizga ehtiyot nazari bilan qarasak, adashmaymiz.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …