Home / ALLOMALAR / SHARQ ALLOMALARINING ILMIY MEROSI

SHARQ ALLOMALARINING ILMIY MEROSI

Sharqu Gʻarbni oʻzaro bogʻlagan, buyuk sivilizatsiyalar tutashgan yurtimiz hududida ilm-fan, madaniyat azaldan rivojlangan. Ayniqsa, oʻrta asrlarda ona zaminimizdan minglab olimu shoirlar, buyuk mutafakkirlar yetishib chiqqan. Ularning matematika, fizika, kimë, astronomiya, etnografiya, tibbiyot, tarix, adabiyot, axloq, falsafa kabi koʻplab sohalarga oid asarlari, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Termiz va boshqa shaharlardagi qadimiy obidalar butun bashariyatning maʼnaviy mulki hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev taʼkidlaganidek: «tarixiy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish ham davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biridir” [1].

Sharqning ulugʻ allomalari va mutafakkirlarining kashfiyotlari zamonaviy ilm-fan va taraqqiyot poydevori. Jamiyat taraqqiyotidagi har qanday oʻzgarishlar, yangiliklar, ayniqsa, insoniyat rivojiga katta turtki beradigan jarayonlar, kashfiyotlar oʻzoʻzidan yuz bermaydi. Buning uchun avvalo asriy anʼanalar, tegishli shartsharoit, tafakkur maktabi, madaniymaʼnaviy muhit mavjud boʻlmogʻi kerak.

Ilmfan, taraqqiyot avvalo nimaga bogʻliq? Oʻrta asrlar Sharq tarixi shundan dalolat beradiki, madaniyat va taʼlim-tarbiya, tibbiyot, adabiyot, sanʼat va arxitektura sohalaridagi beqiyo

s yuksalish, ilmiy maktablarning vujudga kelishi, yangi-yangi isteʼdodli avlodlar toʼlqinining paydo boʼlishi va voyaga yetishi — bularning barchasi, birinchi navbatda, iqtisodiyot, qishloq va shahar xoʼjaligining ancha jadal oʼsishi, hunarmandlik va savdo-sotiqning yuksak darajada rivojlanishi, yoʼllar qurilishi, yangi karvon yoʼllarining ochilishi va avvalambor nisbiy barqarorlikning taʼminlanishi bilan bevosita bogʼliq boʼlgan.

Sharq olamida, xususan, Markaziy Osiyo xalqlari hayotida rivojlangan madaniyatning mavjud boʻlgani haqida qadimgi baqtriya, soʻgʻd, oʻrxun, xorazm yozuvlarida bitilgan yodgorliklar, devoriy tasviriy sanʼat asarlari va haykalchalar, arxitektura namunalari dalolat beradi.

XI-XIII asrlarda asos solingan Xorazm davlati, Fors koʻrfazigacha boʻlgan hududlardagi qoʻshni xalqlar yerlarini birlashtirgan holda, Osiyo qitʼasining katta qismini qamrab olgan. Milodgacha boʻlgan II asrdan milodiy XV asrga qadar qadimiy xalqaro transport arteriyasi vazifasini bajarib, Xitoy, Hindiston va Markaziy Osiyo, Oʻrta va Yaqin Sharq, Oʻrta yer dengizi mintaqasi kabi hudud va mamlakatlarni bogʻlab kelgan Buyuk Ipak yoʻlining ahamiyati beqiyos boʻlgan.

Buyuk Ipak yoʻli — Xitoy, Hindiston va Markaziy Osiyo, Oʻrta va Yaqin Sharq, Oʻrta yer dengizi mintaqasi kabi hududlar oʻrtasida savdo-sotiq aloqalarini, balki qitʼalar va davlatlar oʻrtasida axborot almashuvini taʼminlashga xizmat qildi, yangi texnologiya va ishlanmalarning (ipak, chinni buyumlar, porox, qogʻoz va boshqa koʻplab mahsulotlar) tez tarqalishida, qishloq xoʻjaligi ekinlari va agrotexnologiyalarning, madaniy qadriyatlarning rivojlanishida muhim vosita vazifasini bajardi, shu tariqa sivilizatsiyalararo muloqot va texnologiyalar almashuvi uchun shart-sharoitlar yaratdi.

Bu davrlarda turli mamlakatlar xalqlarining ilmiy bilim va yutuqlar bilan bir-birini boyitib borishi bilan Buyuk Ipak yoʻli alohida rol oʻynadi. Buyuk Ipak yoʻli orqali Yevropaga, Yevropadan esa Osiyoga Sharq va Gʻarb olamidagi ulugʻ alloma va mutafakkirlar faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yetkazildi. Sokrat, Platon, Aristotel, Ptolomey va antik davrga mansub boshqa buyuk allomalarning ilmiy asarlari, gʻoya va kashfiyotlarini oʻrganish uchun amaliy imkoniyat vujudga keldi.

Maʼlumki, oʻsha davrlarning anʼanalariga koʻra, maʼrifatparvar mutafakkir va faylasuflar, olimlar va shoirlar odatda hukmdorlar va sultonlar saroylarida panoh topganlar. Ular orasida IX-XI asrlarda Xivada tashkil etilgan Maʼmun akademiyasi va “Baytulhikma”, yaʼni “Donishmandlik uyi” degan nom bilan shuhrat qozongan Bagʻdod akademiyasida, shuningdek, XV asrda Samarqandda shakllangan Mirzo Ulugʻbekning ilmiy maktabida samarali mehnat qilgan bir guruh olimlar butun dunëga dong taratdilar.

Sharq, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi IX-XII va XIV-XV asrlarda jahonning boshqa mintaqalaridagi Renessans jarayonlariga ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Sharq uygʻonish davri — Sharq Renessansi sifatida dunë ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan. Agar Yevropa Uygʻonish davrining natijalari sifatida adabiyot va sanʼat asarlari, arxitektura durdonalari, tibbiyot va insonni anglash borasida yangi kashfiyotlar yuzaga kelgan boʻlsa, Sharq Uygʻonish davrining oʻziga xos xususiyati, avvalo, matematika, astronomiya, fizika, ximiya, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq va tabiiy fanlarning, shuningdek, tarix, falsafa va adabiyotning rivojlanishida namoyon boʻladi.

Oʻrta asrlarda Sharq ilm-fani rivojida Xorazm Maʼmun akademiyasi alohida oʻrin tutgan. Ulkan kutubxona, madrasa, tarjimon va xattotlar maktabi kabi tuzilmalarga ega boʻlgan bu dargohda yuzdan ortiq allomalar, isteʼdodli talabalar ilmiy izlanishlar olib borgan. Abu Nasr ibn Iroq, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Xoʻjandiy, Ahmad ibn Muhammad Xorazmiy kabi qomusiy olimlarning umumbashariy tafakkur rivojiga qoʻshgan hissasi beqiyosdir.

YUNESKO shafeligida Xorazm Maʼmun akademiyasining 1000-yilligi nishonlangani, uning faoliyati qayta tashkil etilgani mamlakatimizda ajdodlar xotirasiga, ilm-fan rivojiga qaratilayotgan eʼtiborning yorqin namunasidir.

Oʻsha davrdagi eng buyuk mutafakkir olimlardan biri Muhammad Muso Xorazmiydir. Bugun butun dunë foydalanadigan hisob-kitob amallari, zamonaviy texnologiyalar faoliyati ana shu bobokalonimiz yaratgan qoidalarga asoslanadi. Butun dunë Xorazmiyning ilm-fan rivoji yoʻlidagi hissasini yuksak qadrlaydi.

Al-Xorazmiy algebra faniga asos soldi, ilmiy maʼlumot va traktatlarni bayon etishning aniq qoidalarini ishlab chiqdi, u astronomiya, geografiya va iqlim nazariyasi boʻyicha koʻplab ilmiy asarlar muallifidir. Allomaning dunë ilm-fani rivojidagi xizmatlari umumeʼtirof etilgan boʻlib, Sharq olimlari orasida faqat uning nomi va asarlari “algoritm” va “algebra” kabi zamonaviy ilmiy atamalarda abadiylashtirildi.

Keyingi alloma Ahmad Fargʻoniyning “Astronomiya asoslari” nomli asari oʻn ikkinchi asrda lotin va ivrit tillariga tarjima qilingani, keyinchalik Italiya, Germaniya, Fransiya, Gollandiya va AQSH kabi koʻplab mamlakatlarda qayta-qayta chop etilgani uning naqadar ulkan ahamiyatga egaligini koʻrsatadi. Allomaning Yer sharsimon shaklda ekanligi borasidagi qarashlarini oradan sakkiz yuz yil oʻtib amalda isbotlagan mashhur sayoh Xristofor Kolumb “Er meridianining bir darajasi miqdori haqidagi al-Fargʻoniy hisoblarining toʻgʻriligiga toʻla ishonch hosil qildim”, deya dastxat qoldirgan.

Oʻn oltinchi asrda Oydagi kraterlardan biriga bobokalonimiz nomi berilgan. YUNESKO qaroriga muvofiq 1998 yilda Ahmad Fargʻoniy tavalludining 1200-yilligi xalqaro miqësda nishonlandi. Bu buyuk ajdodimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi, xalqimiz ilmiy salohiyatining yana bir eʼtirofi boʻldi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Quva va Fargʻona shaharlarida mutafakkir haykallari bunëd etildi, Fargʻona davlat universitetiga Ahmad Fargʻoniy nomi berildi.

Ahmad Fargʻoniy tomonidan IX asrda yaratilgan “Astronomiya asoslari” fundamental asarida olamning tuzilishi, Yerning oʻlchovi haqidagi dastlabki maʼlumotlar, sayoramizning sharsimon koʻrinishga ega ekani xususidagi dalillar mavjud boʻlib, mazkur kitob XVII asrga qadar Yevropa universitetlarida astronomiya boʻyicha asosiy darslik sifatida oʻqitib kelingan hamda Buyuk geografik kashfiyotlar davrida Kolumb, Magellan va boshqa sayohatchilarning kashfiyotlari uchun ilmiy asos boʻlib xizmat qilgan.

Ahmad Fargʻoniyning amaliy yutuqlaridan biri uning oʻrta asrlardagi asosiy astronomik asbob — usturlob nazariyasini ishlab chiqqani va shuningdek, Nil darësida “Nilomer” degan, koʻp asrlar davomida suv sathini oʻlchaydigan asosiy vosita sifatida xizmat qilib kelgan mashhur inshootni yaratgani boʻldi.

Ibn Sino nomi dunë fani va madaniyati tarixiga zarhal harflar bilan bitilgan. Doimo yashil boʻlib turuvchi tropik oʻsimlik “Avisenniya” deb atalgan. Koʻplab mamlakatlarda koʻchalar, oʻquv va tibbiyot muassasalariga uning nomi qoʻyilgan, alloma sharafiga medal va mukofotlar taʼsis etilgan.

“Islom olamining eng mashhur faylasufi va qomusiy allomasi hamda insoniyatning eng buyuk mutafakkirlaridan biri” degan unvonga sazovor boʻlgan Abu Ali ibn Sinoning hayoti va faoliyati avlodlarda alohida gʻurur va ehtirom tuygʻularini uygʻotadi. Ilmiy tadqiqot ishlarini 16 yoshida boshlagan bu ulugʻ zot oʻz umri davomida 450 dan ortiq asar yaratdi. Ularning aksariyati, avvalo, tibbiyot va falsafa, shuningdek, mantiq, kimë, fizika, astronomiya, matematika, musiqa, adabiyot va tilshunoslik sohalariga bagʻishlangan. Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, Frensis Bekon va boshqa koʻplab olimlar avlodi uning asarlarini oʻqib, hayratga tushganlar.

Biz doim gʻurur va iftixor bilan eʼtirof etamizki, tibbiyot tarixida eng mashhur boʻlgan, “Tib qonunlari” deb atalgan oʻzining bebaho fundamental asari bilan Ibn Sino keyingi bir necha yuz yillar uchun tibbiyot fanlari taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini oldindan belgilab berdi, hozirgi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan amaliy tibbiyot va farmakologiya sohalarining eng muhim usullariga asos soldi.

X asrning qomusiy allomasi Abu Nasr Forobiyni zamondoshlari, universal bilimlarga ega boʻlgani bois, “Sharq Aristoteli” deb ataganlar. U koʻplab fanlarni ilmiy kashfiyotlar bilan boyitdi, turli mamlakatlar olimlarining falsafiy qarashlarini rivojlantirdi va 160 dan ortiq asar yozdi. Ulardan eng mashhurlari “Mohiyat xususida soʻz”, “Fanlarning paydo boʻlishi haqida kitob”, “Tafakkur mohiyati” va boshqa asarlar hisoblanadi. Forobiy asarlarining asosiy qismi koʻplab Yevropa va Sharq tillariga tarjima qilingan va hozirgi kunga qadar chuqur tadqiqotlar mavzusi boʻlib kelmoqda.

XIV-XV asrdagi ijtimoiy va madaniy yuksalish ham oʻz mazmun-mohiyati bilan IX-XII asrlardagi Uygʻonish davrining uzviy davomi boʻldi. Bunday madaniy meroslarning monadlikka intilish, uning davriy uygʻunlashuvi xalqlar hayotida taraqqiyot hamda yuksalishiga poydevor boʻlgan nazariy taʼlimotlar rivojlanish bosqichlarini kuzatamiz.

Oʻrta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining butun bir avlodi haqida soʻz yuritar ekanmiz, Amir Temur va Temuriylar davri deb nom olgan davr haqida, nomi ilm-maʼrifat osmonida bamisoli yorqin yulduz boʻlib porlab kelayotgan Mirzo Ulugʻbek  xususida eslamasdan oʻtolmaymiz.

Mirzo Ulugʻbek yurtimizning bir qator shaharlarida madrasalar qurdirgan, Samarqandda oʻziga xos ilmiy muhit, hozirgi tilda aytganda, akademiya tashkil etgan. U yerda 200 dan ortiq olim faoliyat yuritgan. Falakiyot ilmining nazariy va amaliy masalalari toʻla qamrab olingan Ulugʻbekning “Zij”i oʻrta asrlardayoq Osiyo va Yevropa mamlakatlarida keng tarqalgan. Yevropalik astronom olimlar uni lotin, fransuz, ingliz tillariga tarjima qilgan, sharhlar bitgan.

“Ziji Ulugʻbek”, “Ziji jadidi Koʻragoniy” nomlari bilan shuhrat qozongan bu asarda 1018 yulduzning oʻrni va holati aniqlab berilgan. Yulduzlarning balandligi va ular orasidagi masofa, quyosh va oyning harakati, ularning tutilish vaqtlari bayon qilingan. Bu hisob-kitoblar zamonaviy texnologiyalar orqali aniqlangan kuzatuv natijalaridan deyarli farq qilmaydi. Masalan, uning hisobi boʻyicha bir yil 365 kun 6 soat 10 daqiqa 8 soniyani tashkil etadi. Bugungi kunda bir yil 365 kun 6 soat 9 daqiqa 6 soniyaga teng.

Istiqlol yillarida Mirzo Ulugʻbekning hayoti va faoliyatini oʻrganish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1994 yil mamlakatimizda Ulugʻbek yili, deb eʼlon qilindi. Oʻsha yili Mirzo Ulugʻbek tavalludining 600 yilligi xalqaro miqësda keng nishonlandi. Parij shahridagi YUNESKO qarorgohida buyuk allomaning ilmiy merosi va uning ahamiyatiga bagʻishlangan xalqaro anjuman oʻtkazildi.

Mirzo Ulugʻbek siymosi xalqimiz hayotining ajralmas qismiga aylanib qolgan. Yurtimizda Ulugʻbek nomi berilgan tuman, maʼnaviyat maskanlari, mahallalar, koʻchalar koʻp. Ota-onalar eng ezgu niyatlar bilan farzandlariga Ulugʻbekning muborak ismini qoʻyishadi. Bularning barchasi xalqimizning buyuk allomaga cheksiz hurmatidan darak beradi.

Buyuk ajdodlarimiz yutuqlari – maʼnaviy jasorat namunalari. Oʻzbekiston xalqi koʻpni koʻrgan, yelkasida tarix sinovlarini, ijtimoiy xulosasini yelkalagan, oʻziga ham oʻzgalarga ham tinchlik, osoyishtalik, farovon hayotni tilab kelgan, shu niyatda butun insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qoʻshgan xalq. Bugun ham xalqimiz ota- bobolarimizdan meros boʻlib qolgan oʻzining ana shu ezgulik bayrogʻini qoʻlidan tushirgani yoʻq.

Bu boy merosdan butun bashariyat ravnaqi yoʻlida oqilona va samarali foydalanish — bu siz bilan bizning vazifamiz, siz bilan bizning burchimizdir. Bu borada fidoyi olimlarning roli alohida diqqat-eʼtiborga munosib boʻlib, aynan ularning mehnati tufayli biz oʻtmishning bebaho ilmiy merosini qaytadan kashf etmoqdamiz. Tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash, intellektual salohiyatni rivojlantirish, boyitish va koʻpaytirish, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash – moddiy va maʼnaviy taraqqiyoti asosi.

ADABIYOTLAR:
  1. Mirziyoyev Sh. Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqi // Xalq soʻzi, 2016, 19-oktyabr.
  2. Karl Eduard Zaxau.
  3. Abduxalimov B.A. “Bayt al-xikma i nauchnaya deyatelnost sredneaziatskix uchenыx v Bagdade” (IX-XI vv. Yestestvennыe nauki): Tar. fan. dokt. … diss. avtoref. – T.: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti. 2001. – 47 b.
  4. Abu Rayhon al-Beruniy. Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar. Tanlangan asarlar. – T. I. / Arabchadan A.Rasulov tarjimasi. Masʼul muharrir I.Abdullayev. – T.: “Fan”, 1968. – 488 b.
  5. Amir Temur jahon tarixida / Masʼul muharrir: R.Qosimov. mualliflar jamoasi: S.Saidqosimov (rahbar), A.Ahmedov, B.Ahmedov va boshq. – T.: “Sharq”, 2006.
  6. Ahmedov B. Tarixdan saboqlar. ­T.: “Oʻqituvchi”, 1994. ­430 b.
  7. Buyuk allomalarimiz /Abduhalimov B. Islomov Z. va b.; H. S. Karomatov tahriri ostida. – T.: Toshkent islom universiteti, 2002. – 78 b.
  8. Ibrohimov N. Ibn Batuta va uning Oʻrta Osiyoga sayohati. – T.: Sharq bayozi, 1993. – 104 b.
  9. Muhamedov N. Shosh vohasi olimlarining ilmiy-maʼnaviy merosi. – T.: Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi, 2007. – 164 b.
  10. Obidov R. Oʻrta Osiyo olimlarining tafsir sohasidagi xizmatlari. – T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2009. – 68 b.
  11. Saidov A., Joʻzjoniy A. Sharq sivilizatsiyasi: inson va huquq (oʻtmish va hozirgi zamon). – T.: Adolat, 2005. – 272 b.
  12. Samarqandlik allomalar / Sh.Ziyodov, Q.Mahmudov. – Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2019.

Baxromjon DAMINOV,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

«Arab tili va adabiyoti al-Azhar» kafedrasi oʻqituvchisi

Check Also

SAHL IBN ABDULLOH TUSTARIY – BUYUK MUTASAVVIF OLIM

Islomda tasavvuf ilmi Muhammad (a.s.) dan qabul qilib olingani, tariqatda u kishining “ravishlari  hujjat” [5:29] …