Jazoir Islom fanlari va sivilizatsiyasi tadqiqotlari markazi rahbari Dr. Ahmad Sagʻir taklifiga binoan ayni kunlarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov va katta ilmiy xodim Shukurillo Umarov mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida Jazoir Xalq Demokratik Respublikasida ilmiy safarda boʻlib turibdi.
Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat delegatsiyani Jazoir Oliy Islom Kengashi Raisi shayx Zaydulxayr Mabruk qabul qildi. Uchrashuvda islom merosini oʻrganish, qadimiy qoʻlyozmalarni tadqiq etish, ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish, ilmiy almashuv va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish borasida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi va muayyan kelishuvlarga erishildi.
Shayx Mabruk Oʻzbekistonda olib borilayotgan diniy-maʼrifiy islohotlarni yuqori baholar ekan, mamlakatimizning boy islomiy ilmiy merosni tiklash va dunyo miqyosida targʻib etishdagi saʼy-harakatlari Jazoirda katta qiziqish bilan kuzatilayotganini taʼkidladi. Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan buyuk ulamo va mutafakkirlar, muhaddis va faqih olimlar merosini oʻrganish va keng targʻib etish borasida yaqin hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuvda xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining maqsad va vazifalari, olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, nashr etilayotgan asarlar va amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar haqida keng maʼlumot berildi. Shayx Mabruk ushbu muassasalarning faoliyati bilan tanish ekanini va ularning xalqaro miqyosdagi nufuzini yuqori baholashini qayd etdi.
Muloqot yakunida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy tadqiqot va tadqiqotchilar almashuvini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish, islom sivilizatsiyasiga oid tarixiy merosni oʻrganish va xalqaro miqyosda targʻib etish yoʻlida uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Safar davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Agʻvot shahrida “Tasavvuf navolari: oʻtmish merosi, bugunning sadosi va kelajak ovozi” mavzusida oʻtkaziladigan xalqaro anjumanda faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi rejalashtirilgan. Tadbir doirasida maʼruzalar qilish, tajriba almashish va yangi ilmiy aloqalar oʻrnatish nazarda tutilgan.
Ilmiy safar davom etmoqda.