Home / FOTO LAVHALAR / MALAYYA ARXIPЕLAGI ISLOMLASHUVI MOVAROUNNAHRGA KЕLIB TAQALADI

MALAYYA ARXIPЕLAGI ISLOMLASHUVI MOVAROUNNAHRGA KЕLIB TAQALADI

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya sovrindori dotsent Irina Katkova oʻz tadqiqotining taqdimotini oʻtkazdi.

Rossiyalik olima “Janubi-Sharqiy Osiyoda soʻfiylik yozma merosi: Malayya arxipelagida Kubroviya taʼlimoti” mavzusini tanlagan. U taqdimotni “Tasavvufning yozma merosi: Markaziy Osiyodan Sumatragacha boʻlgan naqshbandiylikda “Latoif” tushunchasi” mavzusida Markazda olib borayotgan izlanishlari asosida tayyorlagan.

N.Katkova asosan butparastlik hukmron boʻlgan Malayya arxipelagiga islom kirib borishining ancha noaniq va oʻrganish qiyin boʻlgan jarayonlari, keyinchalik bu hududda keng tarqalgan soʻfiylik oqimlari, ular haqida eslatmalar keltirilgan qoʻlyozmalar xususida maʼlumot berdi. Eʼtiborli tomoni shundaki, XIV-XV asrlarga oid manbalarda Buxoro, Samarqand, Xurosonning boshqa ilmiy markazlari va Bagʻdod ulamolari oʻrtasidagi ilmiy munozaralar boʻlganiga ham ishora qilingan. Ularning ayrim nusxalari hozir Sankt-Peterburgda saqlanadi.

Moturidiya maktabining fiqh va ilohiyotga oid risolasi va Najmiddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy Samarqandda yozgan “Aqoid” asari arxipelag orollarida malay tiliga oʻgirilgan dastlabki manbalar hisoblanadi. Keyinchalik Buxoro va Samarqandda yashagan Sirojiddin Oʻshiyning “Qasidatul Lomiya” asari ham tarjima qilingan. Bundan tashqari, Yava orolida mahalliy aholi tilida yozilgan islom axloq kodeksi – “Bonang kitobi” ham Ali ibn Yahyo Zandavisati Buxoriy qalamiga mansub “Ravzatul ulamo” toʻplamining qoʻlyozmalari asosida shakllangan. Undan Buxoro va Samarqandning oʻsha davrdagi islomiy udumlari ham joy olgan.

Tadqiqotchi arxipelagda rasman islomning shofeiylik taʼlimoti qabul qilingan boʻlsa-da, Hanafiya maktabiga oid asarlarning muhim oʻrnini ham inkor etmadi. Uning taʼkidlashicha Balxda vujudga kelib, Samarqandda rivoj topgan bu mazhab gʻoyalari hozirgacha Malayya xalqlarining islomiy tafakkuriga taʼsir koʻrsatib kelmoqda.

Taqdimotda olima mazkur hududning islomlashuvi soʻfiylik oqimlari kirib kelishi bilan birga kechgani, bunga hissa qoʻshgan qator tarixiy shaxslar hamda jarayonga guvohlik beruvchi manbalar haqida atroflicha soʻz yuritdi. Ishtirokchilarning savollariga batafsil javob qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hashar uyushqoqlik bilan oʻtdi

Xalqimizga xos goʻzal urf-odat, anʼana va qadriyatlarimiz orasida hashar birdamlik, hamjihatlik ramzini ifodalaydi. U tufayli …