Home / FOTO LAVHALAR / Germaniyalik talabalar Markazda boʻldi

Germaniyalik talabalar Markazda boʻldi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Germaniyadagi 14 nufuzli universitetning bir guruh talabalari tashrif buyurdi. Mazkur tashrif Germaniya Akademik almashuv xizmati (DAAD) va Berlindagi Humboldt universiteti hamkorligida Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan xorijlik talabalar uchun joriy qilingan maxsus kurs doirasida tashkil etildi.

Ushbu kurs davomida germaniyalik talabalarga soʻnggi ikki hafta mobaynida mamlakatimiz boʻylab safarlar uyushtirish orqali oʻzbek tili va madaniyati, Oʻzbekiston tarixi, geografiyasi va iqtisodiyoti oʻrgatib kelinmoqda.

Markazda kurs qatnashchilari muzey faoliyati va undagi eksponatlar bilan tanishdi.

“Samarqand – madaniyatlar va dinlar chorrahasi” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

 

Unda Markaz boʻlim boshliqlari B.Amonov va T.Evadullayev dinning inson hayotidagi oʻrni, islomning tinchlik, bagʻrikenglik gʻoyalarini keng targʻib etishda Markazning ahamiyati, ilmiy faoliyatda erishilayotgan yutuqlar, xalqaro miqyosda, xususan, Germaniyadagi ilmiy muassasalar bilan oʻrnatilgan hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari, amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar hamda birgalikda ish olib borayotgan nemis olimlari haqida soʻzlab berdi.

Tadbir davomida Markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar, “Allomalar haqida 10 ta haqiqat” loyihasi hamda kichik risolalar taqdimoti oʻtkazilib, targʻibot ishlarining asosi boʻlgan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasining mohiyati haqida soʻz yuritildi.

Savol-javob tarzidagi oʻzaro fikr almashuv chogʻida mehmonlarga Imom Buxoriy siyrati, uning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi, mamlakatimizda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, xalqimizning azaliy qadriyatlarida oila institutining oʻrni, yurtimizda vijdon erkinligini taʼminlash va diniy-maʼrifiy yoʻnalishda qilinayotgan ishlar samaralari xususida maʼlumotlar berildi.

Tadbir nihoyasida faol ishtirokchilarga Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlar tortiq qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …