Home / FOTO LAVHALAR / TURKIYALIK HADISSHUNOS OLIMLAR – MARKAZ MЕHMONI

TURKIYALIK HADISSHUNOS OLIMLAR – MARKAZ MЕHMONI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Anqara Yildirim Boyazid universiteti katta ilmiy xodimi Aliasqarxon Qosimov hamrohligida Turkiya Respublikasining Diniy ishlar vazirligi fatvo hayʼati raisi, Anqara universiteti professori, Ilohiyot fakultetining hadisshunoslik boʻlimi mudiri Enbiya Yildirim va Ordu universiteti dotsenti Yunus Yazichi tashrif buyurdi.

   

Markaz direktori Shovosil Ziyodov mehmonlarga bu yerda olib borilayotgan ilmiy faoliyat natijalari, Turkiyadagi ilmiy-tadqiqot markazlari va universitetlar bilan hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollari haqida maʼlumot berdi.

Mehmonlar Markaz muzeyi, kutubxonasi va qoʻlyozmalar fondi bilan tanishdi, nodir qadimiy asarlarni, ajdodlarimizning boy merosini tadqiq etish uchun yaratilgan shart-sharoitga yuqori baho berdi.

Professor Yildirim yaqin istiqbolda Markaz ilmiy xodimlari bilan oʻzaro hamkorlikda Imom Buxoriy hayot yoʻli va hadis ilmiga oid mavzularda qoʻshma anjumanlar oʻtkazish niyatini izhor etdi. Markazga oʻzining “Imom Buxoriyning Abu Hanifa va hanafiylar borasidagi qarashlari”, “Hadisda matn tanqidi”, “Hadis ilmi tadqiqotlari”, “Imom Aʼzam Abu Hanifaning hadis ilmida tutgan oʻrni” va “Tafsir va hadisda isroiliyyot” kitoblarini hadya qildi.

Tashrif nihoyasida mehmonlarga Markaz nashriyotida chop etilgan “Sahihi Buxoriy sharhi” va “Musnadi Keshiy” kitoblari taqdim etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Tasavvuf – yirik ijtimoiy voqelik sifatida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …