Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ ILMIY XODIMLARI TURKIYADA MALAKA OSHIRMOQDA

MARKAZ ILMIY XODIMLARI TURKIYADA MALAKA OSHIRMOQDA

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Yoʻldoshxon Isayev, Tohir Evadullayev, Mashrab Xidirov va Bayozxon Mahmudov Turkiyaning Anqara shahridagi Islom tafakkuri institutida malaka oshirish oʻquvlarini boshladi.

Joriy yilning may oyida Markaz delegatsiyasining ushbu institutga qilgan tashrifi davomida yozgi malaka oshirish dasturini yoʻlga qoʻyishga kelishilgan boʻlib, oʻquvlarning ilk davrasini avgust oyida boshlash belgilangan edi.

 

Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tadqiqotchilari, Imom Termiziy oʻrta-maxsus islom taʼlim muassasasi pedagog-xodimlari ham ishtirok etayotgan mazkur oʻquvlarda Islom tafakkuri institutining ustozlari va professor-xodimlari tomonidan arab va turk tillarida usulul-fiqh, usulul-hadis, mantiq, islom falsafasi va Movarounnahr allomalarining ilm-fan sohasidagi yutuqlari borasida maʼlumotlar berilmoqda.

Bugun institut rahbari, professor, Dr. Mehmet Goʻrmez oʻzbekistonlik ilmiy tadqiqotchilar bilan uchrashdi. Konstruktiv ruhda tashkil etilgan uchrashuvda yurtimiz vakillari mamlakatimizda diniy-maʼrifiy faoliyat yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berishdi. Jumladan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi Tohir Evadullayev Markazdagi ilmiy faoliyat, tarjima va nashr ishlari, shuningdek, “Jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyili ostidagi tashviqot tadbirlari xususida soʻzlab berdi.

Professor Goʻrmez oʻz navbatida Markaziy Osiyo mintaqasidan yetishib chiqqan olimlarning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan munosib hissasi va ular qoldirgan boy maʼnaviy xazinaning ulkan ilmiy qiymatini alohida eʼtirof etib, allomalar asarlarini tadqiq etishdagi hamfikr faoliyatdan mamnunlik bildirdi va tadqiqotchilarning malakaviy ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Ilmiy xodimlarning malaka oshirish kurslari bir oy davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Buyuk sarkarda, adolat va ulugʻvorlik timsoli”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688-yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir …