Hayotda halollik oʻta muhim oʻrin tutadi. U inson umri xotirjam, osoyishta va farovon oʻtishiga garovdir, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Halollik eng goʻzal xislatlardan boʻlib, koʻpincha aynan mana shu fazilat orqali inson oʻzgalarning mehr-muhabbatini qozonadi. Halol luqma va mehnat bilan topilgan mol-mulk inson qalbida xotirjamlik, sokinlikni mustahkam qiladi. Inson faqat ishga masʼuliyatli yondashuvi bilan jamiyat taraqqiyoti va xalq farovonligiga erishishga hissa qoʻsha oladi. Bu esa, halollikdan kelib chiqadi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim tilanchilik qilishdan saqlanish, oilasini boqish va qoʻni-qoʻshnilariga muruvvat koʻrsatish maqsadida halol yoʻl orqali rizq topish bilan mashgʻul boʻlsa, qiyomat kuni Alloh taologa yorugʻ yuz bilan yoʻliqadi”, deganlar. Ha, inson halol mehnat bilan ulugʻ savoblar va oliy darajalarga erishadi.
Inson yoshligidan ilm oʻrganmasa, kasb-hunar egallamasa, boqimandalikka oʻrganib qolishi, keyin tamagirlikka oʻtib, oxiri xorlikka uchrashi mumkin. Farzandlarning ilm olishi va kasb-hunar egallashi uchun hamma sharoitlarni qilib berish har bir ota-onaning, davlatning zimmasidagi muqaddas vazifadir.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ey odamlar, hech biringiz rizqingizni mukammal olmaguningizcha vafot topmaysiz. Rizqda shoshilmang, Allohdan qoʻrqing, chiroyli talab eting. Sizga nima halol qilingan boʻlsa, uni oling va Alloh harom etganini tark qiling”, deganlar. Demak, ilohiy neʼmat boʻlgan rizqni halol yoʻl bilan talab qilish lozim. Bu – erkakka taalluqli gap.
Ayol esa, turmush oʻrtogʻining rizq topish yoʻlidagi mashaqqatlarini qadrlashi va hojatidan ortigʻini talab qilmasligi darkor. Aksincha, oʻzi va farzandlarini qanoatga undab, erini harom yoʻllardan ogohlantirib turishi zarur. Momolarimiz bobolarimizni kuzata turib: “Harom kasbdan saqlaning! Biz ochlik va qiyinchilikka chidaymiz, ammo doʻzax oloviga bardosh bera olmaymiz”, degan. Yaʼni, ayol erining toqatidan, salohiyatidan ortiq narsalarni talab qilmasin.
Faqih Abu Lays Samarqandiy: “Har narsaning ziynati bor, yigitlikning bezagi kasbdir”, degan. Demak, inson farzandlarini kasb-hunar oʻrgatish bilan ziynatlaydi.
Yoshlarga zamonaviy ilm va hunarlarni egallashni targʻib qilish eng muhim masalalardan sanaladi. Hazrati Ali roziyallohu anhu har bir davrda oʻziga xos ilmlarni oʻrganish zaruratiga ishora qilib: “Farzandlaringizga oʻz davri ilmlarini oʻrgating, chunki ular sizning davringizdan boshqa davrda dunyoga kelgan”, degan. Albatta, insonning solih va barkamol boʻlib voyaga yetishi, yoshligida olgan odob-axloqi va ilm-maʼrifatiga bogʻliq. Shu bilan elga taniladi, eʼtiborga tushadi, qadr topadi.
Dono xalqimizning “Hunar boʻlsa qoʻlingda, non topilar yoʻlingda“ degan naqli bor. Bunday maqollar yoshlarni kasb-hunarga chorlash uchun aytilgan. Chunki er kishi hunarsiz boʻlmaydi.
Miqdam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:“Hech kim oʻz qoʻli bilan topgan rizqdan lazzatliroq taom yemagan, Allohning Paygʻambari Dovud alayhissalom ham qoʻl mehnati bilan tirikchilik qilganlar”, deganlar”.
Halollik bobida yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan allomalarning hayoti biz uchun eng goʻzal namuna. Xususan, Imom Buxoriyning ozgina yeri boʻlgan, uni yetti yuz dirhamga yillik ijaraga bergan. Otasidan meros qolgan tijoriy mol-mulkni muzorabaga qoʻygan (bir kishi sarmoya yotqizib, ikkinchisi ishlashi, foydada teng sheriklik qilishi shunday atalgan). Bularning daromadini ilmiy safarlarining xarajatlariga sarflagan. Ortigʻini talaba va faqirlarga ulashgan. Xalq foydasiga ham ishlatgan, masalan, Firabrda karvonsaroy qurdirgan. Yaʼni, boylikni yanada koʻpaytirish haqida bosh qotirmasdan, bor imkoniyatini ilmga olishga sarflagan.
Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy bunday deydi: “Abu Abdulloh Buxoriyning: “Har oy oladigan besh yuz dirham foydamning barchasini ilm yoʻlida sarflardim”, deganini eshitdim”.
Bahouddin Naqshband hayotidan ham misol keltirish mumkin. Abu Muhsin Muhammad Boqir ibn Muhammad Alining “Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband” kitobida Bahouddin Naqshbandning birinchi xalifasi Alouddin Attorning mana bu soʻzlari keltirilgan: “Hazrati Eshonning qadamlari sunnatga tobeʼ boʻlishda mustahkam edi. Halolga intilish va shubhali narsalardan qochishni, ayniqsa, halol luqmani taʼkidlab gapirardi. Suhbatida doimo: “Ibodat – oʻn qism, toʻqqiz qismi halolni qidirish, bir qismi boshqa ibodatlardir”, degan hadisni aytar edi”.
Bahouddin Naqshband har yili arpa va mosh ekib, oʻz qoʻli bilan parvarish bergan. Chorvasiga ham oʻzi qaragan. Taomi toʻlaligicha oʻz ziroatidan tarkib topgan. Manbalarda yozilishicha, alloma: “Otam ikkimiz kimxobboflik kasbi bilan mashgʻul edik”, degan ekan. Demak, Bahouddin Naqshband otasi bilan birga oʻsha davrda Buxoroda tayyorlanadigan va chet ellarda mashhur eng sara mato – kimxobga naqsh solish bilan mashgʻul boʻlgan. Mol-mulk jamlashga ruju qoʻymagan. Faqat ehtiyoji uchun kerakli narsalarni saqlagan va shularga qanoat qilgan.
Har bir inson shunday mezonlarga amal qilishi, yaʼni mol-davlatga mehr qoʻymasligi va boshqalarni ham halol mehnat qilib yashashga undashi kerak.
Davlatimiz rahbari ham odamlarni halollikka daʼvat etib, harom yoʻllar bilan boylik orttirish, oʻzgalar haqqiga tajovuz yo xiyonat qilish kabi razil sifatlardan saqlanish kerakligini bot-bot taʼkidlab keladi.
Buyuk ajdodlarimizning goʻzal fazilatlari haqidagi misollar bejiz keltirilmadi. Ibratdan maqsad halol-harom masalasida oʻta qatʼiyatli boʻlish, ularni bir-biridan ajrata olish – komil inson belgisi ekanini taʼkidlashdir.
Inson oʻzi, oilasi, qaramogʻidagi qarindosh-urugʻini halol mehnat bilan boqishi va muhtojlarga muruvvat qoʻlini choʻzib, ogʻirini yengil qilishga intilishi lozim. Halollik jamiyat taraqqiyoti, insonlar halovati va farogʻati, oʻzaro mehr-oqibatlilik asosiy poydevor vazifasini bajaradi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz