Jamiyatda iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy-siyosiy islohotlar yo texnologik taraqqiyot har qancha ilgʻor koʻrsatkichlarni namoyish qilmasin, barqaror taraqqiyotning asosiy omillaridan biri insonning ichki dunyosi – yuksak maʼnaviyati, halolligi, vijdoni bu yuksalish bilan hamqadam boʻlmasa, alaloqibat barchasi inqiroz bilan tugaydi. Maʼnaviy yaxlitlik qaror topmagan, umummilliy miqyosdagi mushtarak maqsad va gʻoyalar atrofida jipslik va birdamlik boʻlmagan jamiyatda qonun ustuvorligi ham, iqtisodiy oʻsish ham uzoq saqlanib tura olmaydi. Shu jihatdan yuksalishning bosh omillaridan biri sanalgan ijtimoiy barqarorlik poydevori inson qalbidagi poklik, masʼuliyat va vijdondir, desak, yanglish fikr bildirgan boʻlmaymiz.
Vijdon Parvardigor ato etadigan eng muhim fazilatlardan biridir. U yomonlikdan qaytaruvchi, yaxshilikka chorlovchi, zulm va gʻirromlikni rad etib, amal va soʻzda halollik va poklikni olqishlovchi adolat tarozisidir. Shams surasining 8-oyatida Alloh taolo: “Bas, unga (nafsga) fisq-fujurini ham, taqvosini ham (Alloh) ilhom qilib (bildirib) qoʻygan”, deydi. Bu oyat inson qalbidagi yaxshilik bilan yomonlikni farqlash qobiliyati Alloh tomonidan berilganiga ishoradir. Demak, vijdon maʼnaviy yoʻlni yoritib turuvchi ichki nurdir. Alloh taolo insonning nafsiga fujur yoʻli nima-yu taqvo yoʻli nima ekanini bayon qilib berganini aytmoqda. Shuningdek, Parvardigor yaxshi-yomon, imon-kufr, savob-gunoh, hidoyat-zalolat kabilarni ham aniq anglatib bergan.
Navvos ibn Samʼon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshilik husni xulqdir. Gunoh esa koʻnglingni gʻash qiladigan va odamlar bilishini istamaganing narsadir”, dedilar (Muslim rivoyati). Bu hadisdagi “koʻngil” ayni shu vijdonning oʻzi boʻladi. Koʻngilni gʻash qilib, ogʻritadigan narsa – vijdon qamchisi, gunoh ishlarni sodir etganimizda paydo boʻladigan ichki iztirob – vijdon azobi.
Vijdon inson ongu shuurining sukutli bir qismi boʻlsa-da, u nido qilishni, oʻz sohibining qalbida bong urishni, qulogʻiga jar solishni biladi. Shu vositalar bilan banda Yaratganning doimiy nazoratida ekanini eslatib turadi. Yaʼni, vijdon – har bir insonning unsiz, lekin jarangdor, koʻrinmas, lekin har ishini koʻrib turuvchi noziri sifatida faoliyat yuritadi. U qonundan ham, jazodan ham kuchliroq boʻlgan toʻxtatuvchi mexanizmdir. Zamonaviy tadqiqotlar davomida inson oʻz xatti-harakati uchun ichki javobgarlikni his qilganda, uning qonunbuzarlikka moyilligi ikki-uch hissa kamayishi aniqlangan. Vijdonli shaxslarda ijtimoiy hamdardlik, ahillik, hamkorlik, rahm-shafqatlili, adolatni qoʻllab-quvvatlash kabi xislatlar darajasi yuqori boʻlar ekan. Vijdonsizlik korrupsiya, shovinizm, zoʻravonlik, jamiyatdagi ishonch inqirozi va boshqa illatlarning asosiy manbai boʻlib qolmoqda.
Shu maʼnoda, vijdon nafaqat axloqiy tarbiya, balki maʼnaviy xavfsizlik mexanizmi sifatida muhim ahamiyatga ega.
Jamiyatdagi eng katta boylik odamlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchdir. U esa poklikka tayanadi. Poklik va halollik axloqning oʻzagidir. Baqara surasining 222-oyatida “Alloh poklanib yuruvchilarni yaxshi koʻradi” deyiladi. Poklik faqat gʻusl yoki tahorat (yaʼni badan tozaligining oʻzigina) emas, balki yaxshi niyat, halol rizq, halol mehnat, chiroyli muomala, xushfeʼllik, bagʻrikenglik, pokiza qalb kabi maʼnaviy fazilatlarni ham anglatadi.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Odamlarning qaysi biri afzalroqdir?” deb soʻrashdi. U zot: “Qalbi toza va tili toʻgʻri har bir inson”, dedilar. Odamlar: “Tili toʻgʻri boʻlganini bilamiz, qalbi toza nima degani?” dedi. U zot: “U taqvoli va pokiza boʻlib, gunoh, zulm, gina-kudurat va hasaddan xoli kishidir”, dedilar” (Ibn Moja rivoyati). Hadisda bir vaqtning oʻzida insonning ichki va tashqi olamini tarbiyalovchi juda chuqur hikmat bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “afzal inson” boʻlish uchun ikki sifatni asos qilib koʻrsatyaptilar.
Qalbi toza kishi barcha ijtimoiy muammolarning davosidir. Bunday inson firib, aldov, xiyonat, gʻirromlik, manfaatparastlikdan uzoqda boʻladi. Yaqinlariga, qoʻshnisiga, hamkasblariga, umuman, hech kimga zulm qilmaydi, huquqini poymol etmaydi. Adolat uning hayot tarzi boʻladi. Qalbida boshqalarga gina-gumon saqlamaydi.
Odatda jamiyatdagi koʻp muammolar chetdan qaraganda mayda, lekin muayyan shaxs uchun katta boʻlib tuyuladigan adovat, bir insonning oʻz nazdida boshqalarning “adolatsizligi”, “shu (martaba, mol-davlat, suyukli yor va hk.) aslida meniki boʻlishi kerak edi” qabilidagi ogʻma oʻy-fikrlardan kelib chiqadi. Hasaddan xolilik boshqalarning muvaffaqiyatidan xursand boʻlish ham ulkan fazilat. Pokiza inson “Falonchida bor, menda yoʻq” deb, bahri dilini gʻam yo nafrat bilan egovlamaydi. Aksincha, jamiyatda tinchlik, ishonch va mehr-oqibat muhitini yaratadi.
Tili toʻgʻri inson gapida rostgoʻy boʻladi, vaʼdasiga vafo qiladi, lafzi bilan odamlarga zarar yetkazmaydi. Ijtimoiy hayotda yolgʻon xabar va mish-mish tarqatmaydi. Boshqalarni yomonlab, shaʼniga putur yetkazmaydi. Nooʻrin va nomunosib hazil, jahl, gʻazab, haqorat bilan odamlarni xafa qilmaydi. Ishda, oilada, jamoatchilik orasida ishonchli gapiradi, aldamaydi. Bunda shunday maʼno borki, jamiyat tili toʻgʻri insonlar orqali barqaror boʻladi, chunki eng katta fitnalar yolgʻon, gʻiybatu igʻvodan boshlanadi.
Poklikning jamiyatdagi ahamiyati shundaki, u korrupsiyaga qarshi immunitet yaratadi. Poklik madaniyati yuqori boʻlgan yurtda qonunbuzarlik kamayadi, iqtisodiy oʻsish jadallashadi, siyosiy barqarorlik mustahkam boʻladi. Aholi manfaatlari poklik asosida taʼminlanganda, ijtimoiy noroziliklar kamayadi. Inson mehnatining qadri ortadi. Mehnat etikasi (intizom, masʼuliyat va halollik) yuksaladi. Bu esa jamiyatda umumiy samaradorlikni oshiradi.
Demak, poklik – bu faqat shaxsiy fazilat emas, balki iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlovchi omil ham ekan.
Maʼnaviy masʼuliyat jamiyat va odamlarning quvvatidir. Raʼd surasining 11-oyatida Alloh taolo: “Albatta, to bir qavm (ahli) oʻzlarini oʻzgartirmagunlaricha, Alloh ularning holini oʻzgartirmas”, deydi. Yaʼni, inson bir yaxshilikka erishmoqchi boʻlsa, oʻsha yaxshilikka yetaklaydigan xislatlarni oʻzida mujassam etishi va unga erishish uchun harakat qilishi lozim. Shundagina Alloh uning ishida yaxshi tomonga oʻzgarish hosil qiladi.
Bu oyatdan maʼnaviy masʼuliyatning ilohiy asosi kelib chiqadi. Ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyot insonlarning oʻzini tarbiya qilishiga bogʻliq.
Masʼuliyat ikki turga boʻlinadi. Birinchisi, shaxsiy masʼuliyat – nafs oldidagi javobgarlik boʻlib, farzlarni ado etishdagi jonkuyarlik, halol-haromga eʼtibor, vijdon amri asosidagi qarorlardir. Ikkinchisi, jamoaviy masʼuliyat – jamiyat oldidagi javobgarlik boʻlib, zulmga qarshi chiqish, haq gapni aytish, adolatni qoʻllab-quvvatlashdir.
Bu tamoyillar masʼuliyatli fuqarolik, yuksak maʼnaviy ong va ijtimoiy adolatning asosiy mezonidir.
Javobgarlik boʻlgan joyda tartib boʻladi. Ijtimoiy tartib va intizomni kuchaytirishning eng samarali yoʻli shaxsning maʼnaviy masʼuliyatini oshirishdir. Buning uchun fikrlash qobiliyati kuchli boʻlgan avlodni tarbiyalashga eʼtiborni kuchaytirish kerak. Faqat maʼnaviy masʼuliyatli insonlar kelajak egalariga kuchli ishonch, yuksak bilim va goʻzal axloq merosini qoldiradi.
Global xavflar davrida yuksak maʼnaviyat eng qudratli himoya vositasidir. Axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiq va yot gʻoyalarga qarshi immunitetni aynan maʼnaviy masʼuliyat kuchaytiradi.
Maʼnan yetuk fuqaro oʻz hayotida faqat davlatga emas, oʻz vijdoniga ham tayanadi, jamiyatda muammo koʻrsa, befarq boʻlmaydi, doim daxldorlikni his qilib yashaydi.
Jamiyatdagi haqiqiy islohotlar avval insonning ichki olami – qalbi, vijdoni va maʼnaviyatini tozalashdan boshlanar ekan. Qonunlar faqat tashqi tartibni saqlashga xizmat qilsa, qalb pokligi va til toʻgʻriligi jamiyat aʼzolarini haqiqiy maʼnoda yaxshilikka yetaklaydi. Shuning uchun har bir inson oʻz maʼnaviy masʼuliyatini his etsa, vijdon amri va yoʻrigʻi bilan yashasa, poklikni hayot qoidasiga aylantirsa, jamiyatning taraqqiyoti barqaror va bardavom boʻladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






