Home / MAQOLALAR / SUQROT FALSAFASIDA KOMIL INSON KONSEPSIYASINING RATSIONAL TALQINI

SUQROT FALSAFASIDA KOMIL INSON KONSEPSIYASINING RATSIONAL TALQINI

Antik davr faylasufi boʻlgan Suqrot mil.avv. 469-yili Afinada tugʻilgan [10]. Mutafakkir falsafa fani rivojida muhim rol oʻynagan. U  Afina demokratiyasining inqirozga yuz tutgan pallasida yashab oʻtgan. Mazkur davr faylasuf shaxsi va ijodiga katta taʼsir oʻtkazib, uning koʻp qirrali, murakkab va betakrorligini taʼminlashga xizmat qilgan.

Suqrot hayoti, faoliyati va ilmiy merosi ilmiy jamoatchilik orasida katta qiziqish uygʻotgan. Zamondoshlari tomonidan olim ijodiga oid ilk asarlar yaratilgan. Tarixchi Ksenofontning “Suqrot haqida xotiralar”, Platonning “Suqrot appologiyalari”, “Dialoglar”, F.X.Kessidining “Suqrot”, S.A.Jebelyovning “Suqrot. Biografik maʼlumot” [1], Ye.N.Orlovning “Suqrot. Uning hayoti va falsafiy faoliyati” kabi asarlar mutafakkir hayoti, faoliyati va ilmiy qarashlarini tadqiq etishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Maqolada ilmiy bilishning tizimli va qiyosiy tahlil, analiz, sintez, dialektika va sinergetika kabi umumfalsafiy usullaridan hamda tarixiylik, mantiqiylik, obyektivlik tamoyillaridan foydalanildi.

Suqrot falsafiy taʼlimotining shakllanishida “sofistika” deb atalgan intellektual hodisa muhim rol oʻynagan.  “Sofist” (sophi-stes) atamasi “usta”, “mohir”, sanʼatkor” maʼnosini anglatgan [2:97-98]. Ushbu atama hunarmandchilik va badiiy sanʼatning biron turi boʻyicha maqsadga yoʻnaltirilgan professional ilmiy-amaliy faoliyat namoyandalariga nisbatan qoʻllangan. Biroq keyinchalik mazkur istiloh narsa-hodisalarning xususiyati va mohiyatini amaliy hamda nazariy jihatdan anglashga yoʻnaltirilgan ijodiy tafakkur sohiblariga nisbatan ishlatilgan.

Suqrot sofistlar bilan boʻlib oʻtgan suhbatlarida falsafiy qarashlarini bayon etib, odamlarni oʻz-oʻzini tadqiq qilishga, oʻzlikni anglashga chaqirgan [2:146]. U jamiyat farovonligi va davlatning qudrati fuqarolar maʼnaviyatiga uzviy bogʻliq, deb hisoblagan. Toki odamlar ezgulik nima, yovuzlik nima ekanini toʻla anglamas ekan, bunday davlat va jamiyatni mustahkam mudofaa devorlari ham, jangovar kemalari soni ham muqarrar zalolat va halokatdan qutqarib qololmasligini taʼkidlagan [6].

Darhaqiqat, millat buyukligi va davlatning qudrati koʻp jihatdan uning aholisining qanday axloqiy tamoyillarga amal qilishiga bogʻliq. Suqrotning eʼtirof etishicha, inson kamolotini pul, kuch-qudrat, hokimiyat emas, balki yuksak axloqiy fazilat belgilab beradi [4:16]. Yovuzlikni bartaraf etish uchun insonlarda, avvalo, yoshlarda ezgu fazilatlarni qaror toptirish lozim [3:434].

Suqrot komil ishonch bilan oqil odam nazariya va amaliyotda predmetlarni toʻgʻri tasniflash usuli orqali ezgulikni yovuzlikdan farqlashni oʻrganib, yuksak axloq va baxtga musharraf boʻlishini maʼlum qiladi [2:152]. Yovuzlik va ezgulik, yaxshilik va yomonlik kabi qarama-qarshi tushunchalarni farqlash uchun kishiga ularning mohiyatini ochib beradigan bilim kerak boʻladi. Mutafakkir adolat va adolatsizlik, ezgulik va yovuzlik, haqiqat, jasorat kabi koʻpgina tushunchalar mazmunini falsafiy talqin etib, sinergetikaga xos koʻp qirrali nochiziqli yondashuvni namoyon etadi. U moʻtadil demokratiya tarafdori sifatida davlat lavozimlariga, mamlakatning oliy organi hisoblangan Besh yuzlar kengashiga nomzodlarni qurʼa tashlash yoʻli bilan emas, balki ovoz berish orqali saylashni taklif etadi. Bu orqali faylasuf tafakkurda zamonasidan ilgarilab ketib, bugungi kundagi demokratiyaning ramziga aylangan zamonaviy saylov tizimini joriy etishni nazarda tutgan boʻlsa, ajab emas.

Faylasuf insonlarning ezgu fazilatlaridan butun insoniyatga xos umumiy axloqiy fazilatlar shakllanadi, deb falsafaning xususiylikdan umumiylikka yoʻnaltiruvchi induksiya metodini asoslab bergan. Ushbu induksiya axloqiy tushuncha va qadriyatlar mohiyatini ochib berishga xizmat qilgan. Jumladan, u xudolarga maqbul boʻlgan barcha sifatlar – ezgu fazilatlar, maqbul boʻlmaganlari esa, yovuz sifatlardir, deb ezgulik va yovuzlikka qisqa va loʻnda falsafiy taʼrif beradi [6].

Suqrotning hazilomuz savollari suhbatdoshi qalbida sarosimalik uygʻotib, uni oʻzlikni anglash asosida kechadigan maʼnaviy takomillik, uygʻun barqarorlik sari yuzlantirgan. Faylasuf axloqiy taʼlimotining asosiy mezonlari obyektiv bilish imkoniyatiga, insonning ichki dunyosini anglash mumkinligiga, ezgulikning aslida bilim ekaniga ishonch uygʻotishdan iboratdir [3].

Islom dinida bandaning taqdiri va feʼl (ish-harakat) atvori  Alloh tomonidan yaratilgani va shuningdek, ularga juzʼiy ixtiyor – iroda erkinligi berilgani qayd etilgan [5:24]. Shunisi eʼtiborliki, islom dini paydo boʻlishidan ming yil burun yashab oʻtgan Suqrot ham inson taqdiri Xudo tomonidan bitilgan va uning hayot yoʻli yaratuvchining irodasiga muvofiqdir, deydi. Shuningdek, u inson bilimi, kuchi va qobiliyatiga munosib ravishda oʻz hayot tarzini toʻgʻri tanlash ixtiyoriga ega ekanini ham taʼkidlab oʻtadi.

Mutafakkir fikricha, inson ezgu amallarining bosh nuqtasi, uni boshqa jonzotlardan ajratib turuvchi omil – bilim va aqldir. Kishining bilimi keng, mahorati yuksak boʻlsa, u oldiga qoʻyilgan vazifalarni shu darajada muvaffaqiyatli hal etadi. Demak, bilim insonga boylik, salomatlik va aql kabi neʼmatlardan baxt va farovonlikka erishishda toʻgʻri foydalanish imkonini berar ekan. Buning uchun kishidan baxtning mohiyatini yaxshi anglash, unga erishish uchun yaxshi xulq-atvor va hayotiy faoliyatni toʻgʻri tanlay bilish ham talab etiladi.

Mutafakkir inson xatti-harakatlarining natijasiga qarab, ezgulik ortiq boʻlsa, toʻgʻri, yovuzlik ortiq boʻlsa, qusurli deb baholashni tavsiya etadi. Insonning yaxshi amallari bilim vositasida, nojoʻya ishlari esa bilimsizlik va badnafslik oqibatida sodir boʻlishidan ogoh etib [6], uni aqlli jonzot sifatida ratsionalistik tushunishga harakat qiladi.

Rus yozuvchisi F.M.Dostoyevskiy insonni aql emas, balki xohish, ehtiyoj boshqarishini maʼlum qiladi. Chunki insonning buzgʻunchilik va xaosga boʻlgan ehtirosi unda oʻz manfaatiga zid ishlarni qilishdek irratsional ehtiyojni yuzaga keltiradi. Inson nima foydali va nima zararli ekanini bilmagani uchun buzgʻunchilik sodir etadi. Ammo unga buning zararli tomonlari toʻgʻri tushuntirilsa, foydali jihatlari koʻrsatilsa, u darhol buzgʻunchilikni toʻxtatib, ezgu ishlarga kirishadi [8].

Suqrot esa ilmli insonlarda toʻgʻri qaror qabul qilish va uni bajarish uchun imkoniyat doimo topiladi. Komil bilimga ega boʻlgan shaxsda nojoʻya amallar uchun oʻrin qolmaydi, deb bilim va xohish oʻrtasidagi ziddiyatlarni inkor etadi.

Mutafakkir nazdida bilim va malaka ezgulik va yovuzlikning mazmun-mohiyatini ochib berishga, qalbni davolashga, salomatlikni mustahkamlashga xizmat qilgandagina manfaatli boʻladi. Shuning uchun mutafakkir ilgari surgan oʻzlikni anglash tamoyili mohiyatini qalb gʻamxoʻrligi, mazmunli maʼnaviy hayot, yaxshi tarbiya, oliyjanob ruhiyatga chaqiriq tashkil etadi. U yoshu keksani pul va jism toʻgʻrisida emas, balki qalbning yanada yaxshiroq boʻlishi uchun gʻamxoʻrlik qilishga daʼvat etadi.

Suqrot qalb goʻzalligi toʻgʻrisida qaygʻurib yashash insonning burchi, hayotda koʻzlagan asosiy maqsadi ekanini bayon etar ekan, uni aql-tafakkur kaliti, insoniylikning bosh qadriyati, deb ulugʻlaydi. U qalb deganda axloqi komil shaxsning faol aqliy tafakkurini nazarda tutadi. Qalb – jismning podshohi boʻlib, u kishi axloqiga mos ravishda uning barcha xatti-harakati va hissiyotini boshqaradi [9].

Inson hayotda toʻgʻri yoʻl tanlashi uchun unga oʻzlikni anglash, bilim va hayotiy tajriba kerak boʻladi. Shuning uchun Suqrot afinalik siyosiy arboblarni mamlakatning harbiy, siyosiy va iqtisodiy qudratini oshirish haqida emas, balki hayotning bosh masalasi hisoblangan  – fuqarolarning aqliy va axloqiy takomili toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishga chaqiradi [2:237]. Mutafakkirning axloqiy takomil haqidagi gʻoyalari idealistik va yarim utopik mazmundagi cheklanishlariga qaramasdan inqilobiy ahamiyatga egadir.

Inson faoliyati, xatti-harakati maqsadga yoʻnaltirilgan va koʻpchilik uchun manfaatli boʻlgandagina ezgulik kasb etadi. Rohat-farogʻat qutqusiga berilish illati esa inson aqlini ezgu maqsadlardan chalgʻitib, uni  yanada ahmoqona mayllar tomon yoʻnaltiradi. Suqrot uchun bilim, donishmandlik, ezgulik oliy qadriyat hisoblanadi. Chunki bilimli, oʻzlikni anglagan, ezgu amal qilib, maʼnaviy takomil haqida qaygʻurib yashayotgan insongina sururli hayot kechiradi.

“Oʻzlikni anglash” deb nomlangan donishmandlik qoidasi garchand avval ham istifoda etilgan boʻlsa-da, ammo uning muallifi Suqrot hisoblanadi. U antik davr mutafakkirlari orasida birinchilardan boʻlib oʻzlikni anglash tamoyilini oʻz taʼlimotining asosi va butun faoliyatining bosh tamoyili deb bildi. U ezgulik haqida gapirmasdan, oʻzining va boshqalarning hayotini tadqiq etmasdan oʻtgan kunini umr hisoblamadi [10]. Mutafakkir ilgari surgan oʻzlikni anglash tamoyili inson muammosini falsafaning bosh masalasiga aylantirib, yunon nazariy tafakkuri rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. Hozirgi globallashuv va ilmiy-texnik inqilob sharoitida kechayotgan ilmiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy, harbiy-siyosiy ziddiyatlar zamirida mazkur tamoyilning ahamiyati yanada oshmoqda.

Mutafakkir nazdida oʻzlikni anglash insonning oʻz ichki dunyosini bilish, mazmunli hayot kechirish, ruhiy salomatlikka erishish, ichki imkoniyatlari va tashqi faoliyati uygʻunligini taʼminlash, axloqiy xulq-atvoridan qoniqish kabilardan iboratdir. Oʻzligini anglagan inson oʻzining va boshqalarning bilim va layoqatini toʻgʻri belgilab, ratsional jamiyat barpo etishga xizmat qiladi.

Oʻzini bilgan odam nima foydali va nima zararli, nimaga qodir va nimaga qodir emasligini yaxshi tushunadi. Oʻz bilgani bilan shugʻullanib, ehtiyojlarini qondiradi va baxtli hayot kechiradi.  Bilmagan narsalar bilan shugʻullanib, xato va baxtsizlikka yoʻliqmaydi [6].

Ammo Suqrotning fojiali qismati uning oʻz bilganlariga amal qilmaganini koʻrsatadi. Aks holda u sud jarayonida koʻpchilikni oʻziga qarshi qoʻymasdan, hayotini saqlab qolgan boʻlar edi. Sud uni xudolarni tan olmaslikda, yangi xudolarni joriy etishga urinishda va yoshlar ongini buzishda aybdor deb topadi [10]. Biroq faylasuf oʻzining haqligiga ishongan holda, sud jarayonida vijdoni va qarashlari bilan kelishuvga bormadi. Hatto sud hukmi eʼlon qilingandan keyin ham qamoqdan qochishning mavjud imkoniyatlarini ongli ravishda rad etib, oʻzini halokatga giriftor etdi [10].

Suqrot xolisona maʼruzalari bilan demagogik rejimning individualizm, egoizm va hokimiyatga oʻchlik kabi jihatlarini keskin ravishda fosh etdi [3:14]. Afina demokratlari mutafakkirni ochiq munozara vositasida magʻlub etishning imkonini topa olmaydi. Ular faylasufning shaklan isyonkor, mohiyatan ezgu faoliyatiga chorasiz ravishda uzoq muddat sabr etadi. Nihoyat mil.avv. 399-yilda ular asossiz ayblovlar bilan Suqrotni oʻlimga mahkum etib, uni jismonan yoʻqotishga erishadi.

Xulosa qilib aytganda, Suqrot ilgari surgan ratsional tafakkur ilm, oʻzlikni anglash va ezgu amallar vositasida komil insonni tarbiyalashga, haqiqat, adolat va baxtni topishga yoʻnaltirilgan. Shu bois, Aflotun “Suqrotning oʻlimi uning oʻzidan koʻra, uning qotillari uchun dahshatliroqdir. Chunki mutafakkirning oʻlimidan soʻng ularni haqiqat  va adolatni qidirishga majbur etadigan kuch qolmaydi” [3:14], deb yozgan edi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Жебелёв С.А. Сократ. Биографический очерк. – М.: Юрайт, 2025.
  2. Кессиди Ф.Х. Сократ. – СПб.: Алетейя, 2001.
  3. Платон. Собрание сочинений. В 4 т. Т. 1. – М.: Мысль, 1990.
  4. Хакимов Р.С. Жадидизм (Реформированный ислам). –Казань: Институт истории АН РТ, 2010.
  5. Xursandov O. Moturidiylik haqiqati. – T.: Hilol nashr, 2024.
  6. https://cyberleninka.ru/artic.
Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

TABIAT VA INSON MUNOSABATLARIDA MA’NAVIY-AXLOQIY BEGONALASHUVNI OLDINI OLISHNING MUHIM JIHATLARI

Ma’naviy borliq orqali shaxs o‘z qadriyatlarini anglaydi, dunyoqarashini shakllantiradi va o‘z yaratuvchanlik qobiliyatini yanada yorqinroq …