Home / MAQOLA / MAZHABLAR – BIRLIK RAMZI

MAZHABLAR – BIRLIK RAMZI

Fiqh ilmining rivojlanishi islom dini avvalidan boshlab bosqichma-bosqich rivojlanib kelgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobiylar davrida asos solingan fiqh ilmi insoniyatning Alloh taolo uchun bajaradigan va jamiyatda qiladigan amallarini tartibga solish va tizimlashtirishni nazarda tutadi. Shu bois u zamon yoʻsiniga qarab doimiy taraqqiyotda boʻlgan.

Fiqh – “bilmoq” maʼnosini bildirib, Abu Hanifa rahmatulloh taʼbiricha, “Kishining oʻzi uchun nima foyda va nima zarar ekanini bilmogʻidir”.

Shariat – Alloh taolo bandalariga Qurʼon va sunnat orqali bajarishni farz qilgan buyruqlar yo man qilgan qaytariqlar.

Fiqh ikki yoʻnalishda boʻlib, ibodat va muomola hukmlarini qamrab oladi. Fiqhul ibodat bandaning oʻz Robbi bilan aloqasini nazarda tutadi. Bular – tahorat, namoz, zakot, roʻza, haj, qasam, nazr va shunga oʻxshash boshqa amallar.

Fiqhul muomolot insonning inson va jamiyat bilan munosabatlarini koʻzda tutadigan amallar boʻlib, ular oʻzaro muomolotlar, jinoyat va jazolar, shaxsiy va oilaviy ishlar, savdo, shirkat, ijara, ihtikorlar va boshqa shunga oʻxshash amallardan iborat.

Dastlabki davrda fiqhiy, aqidaviy mazhablar mavjud boʻlib, ularning tarafdorlari oʻrtasida har xil fikriy ziddiyatlar boʻlgan. Bu mazhablar bosqichma-bosqich rivojlanib borgan. Sahobalar davrida Oisha roziyallohu anho mazhabi, Abdulloh ibn Umar mazhabi va Abdulloh ibn Masʼud maktabi mavjud edi. Tobeinlar davrida Shayx Hammod ibn Sulaymon, Ibrohim Naxaiy, Alqama ibn Masʼud maktablari kabi mazhablar paydo boʻlgan. Hijriy II asrdan IV asr yarmigacha boʻlgan davrda yanada koʻp mazhablar paydo boʻlgan, lekin aksariyati yoʻqolib ketgan. Shunga qaramay, asta-sekin har xil kichik fiqhiy, aqidaviy maktablar soni ortib borgan. Oxir-oqibat sunniylikda 4 mazhab qolib, ular umumiy tarzda ahli sunna jamoasini tashkil etdi. Mazhab sohiblari ahli ray va ahli hadis ekani bilan farq qilgan. Hijozliklar (molikiy, shofeʼiy, hanbaliy mazhablari) ahli hadis, iroqliklar (hanafiy mazhabi) ahli raʼy boʻlgan.

Mashhur mazhablar orasida ixtiloflar paydo boʻlib turgan. Bu holat nafaqat mazhablar oʻrtasida, balki bir mazhabning oʻzida ham imomlar oʻrtasida turli fikrlar yuzaga kelishiga olib kelgan. Din, shariat, Qurʼon, sunnat va masdar – barchasi bir boʻlsa, nima uchun mujtahidlar soʻzi bir xil emas? Nima uchun ummatga yengillik maqsadida yagona bir mazhab olinmagan? Ixtiloflar dinga zarar yetkazmaydimi? Bunday soʻzlarning barchasi botil boʻlib, aslida mazhablar oʻrtasidagi ixtiloflar – bu rahmat, ummat uchun yengillikdir.

Avvalo, mazhablar oʻrtasidagi ixtiloflarni ziddiyat va qarama-qarshilik deb tushunmaslik lozim. Bu fikrlar xilma-xilligini anglatadi. Bunday ixtiloflar faqat farʼiy masalalar yechimida mavjud boʻlib, shariat hukmlaridagi illat va sirlarni idrok etishda, hukmlarni teran anglashda, Qurʼon va hadisni fahmlashda inson aqli va tafakkurining bir-biriga muvofiq kelmasligidir. Ijtihod borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar hukm chiqaruvchi ijtihod qilib (masalaning yechimini) toʻgʻri topsa, unga ikki savob, agar xato qilsa, bir savob”, deganlar. Bu hadisda ijtihodda savob va rahmat borligiga ishora berilmoqda.

Mazhablar oʻrtasidagi ixtiloflarning asosiy sabablari:

  1. Arab tili lafzlarining maʼno jihatdan har xilligi.
  2. Roviylarning har xilligi va hadislarning faqihga yetib kelishida farqning mavjudligi.
  3. Sharʼiy masdarlarning bir-biridan farqi borligi.
  4. Usul (talqin) qoidalarining bir-biridan farq qilishi (nosix, mansux, hukm va gʻayri hukm oyatlar).
  5. Qiyos bilan ijtihod qilishda mujtahidlar fikrlarining har xilligi.
  6. Muammo va masalalarning bir necha xil yechimi boʻlib, ulardagi dalillarning bir-biridan ogʻir kelishi.

Fuqaholar muayyan bir mazhabda boʻlib, uni lozim tutishni vojib degan. Sharti shuki, muqtadiy imomni haq deb eʼtiqod qiladi va unga ishonch hosil qilib, hukm chiqaradi.

Ahli sunna val jamoa haq deb eʼtirof etilgan 4 mazhab mavjud:
Hanafiy. Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobit (80/699-150/767 ).
Molikiy. Molik ibn Anas ibn Abi Omir Asbahiy (93/713-189/795).
Shofeʼiy. Muhammad ibn Idris Shofeʼiy (150/767-204/820).
Hanbaliy. Ahmad ibn Hanbal Shayboniy (164/780-241/855).

Mazkur toʻrt mazhab mujtahidlari islom dinining eng ustuvor vazifalari quyidagilar ekanini taʼkidlagan:

  1. Dinni muhofaza qilish.
  2. Hayotni muhofaza qilish.
  3. Aqlni muhofaza qilish.
  4. Nasl va avlodni muhofaza qilish.
  5. Mol-mulkni muhofaza qilish.

Hanafiy mazhabining keng yoyilish omillari:

  1. Kufa va Basra (Iroq) ilk huquqiy maktabi negizida Abu Hanifa tomonidan hanafiy mazhabiga asos solindi;
  2. Imom Molik Madina maktabi asosida molikiy mazhabining tamal toshini qoʻydi;
  3. Imom Shofeʼiy ijtihodni Madina maktabining namoyandasi sifatida boshlagan. Shunday boʻlsa-da, hanafiy mazhabidan koʻp foydalangan holda, ahli hadis va ahli ray taʼlimotini birlashtirib, Misrda oʻz mazhabiga asos soldi;
  4. Ahmad ibn Hanbal Makka maktabi negizida hanbaliy mazhabiga poydevor koʻydi.

Hozirgi kunda hanafiylikning jugʻrofiy hududi Markaziy Osiyo davlatlaridan boshlab, Xitoy, Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Yaman, Misr, Jazoir, Tunis, Marokash, Turkiya, Indoneziya va boshqa oʻlkalarni qamrab oladi. Ularning ayrimlarida asosiy mazhab boʻlsa, baʼzilarida ikkinchi yo uchinchi oʻrinda turadi.

Shimoliy Afrika mamlakatlari (Tunis, Jazoir, Marokash)da hanafiylar koʻp boʻlmasa ham, bu mazhab olimlari katta izzat-hurmatga ega. Tunis poytaxtida sud ishlari hanafiy va molikiy mazhablari asosida yuritilib, sud tizimida ikkisi birga qoʻllanadi. Misrlik taniqli olim Livo Hasan Sodiqning taʼkidlashicha, bu yerda hanafiy mazhabining buyuk muftiylari mavjud. Ular barchaning ustidan maʼnaviy rahbarlik maqomida turib, shayxulislom deb ataladi.

Shuningdek, taomilga binoan “Zaytuna” universiteti oʻqituvchilarining yarmi hanafiylardan, yarmi molikiylardan iborat boʻladi. Hanafiy mazhabi tarafdorlari Hindistonda 48 million kishiga yetgan. Janubiy Amerikada 25 million hanafiy musulmon istiqomat qiladi.

Hanafiy mazhabining keng tarqalishi uchun quyidagi omillar sabab boʻlgan:

Birinchi omil: Ushbu mazhab oʻz mohiyati, taʼlimoti va qoʻllagan uslubi bilan jamiyatda yuz beradigan huquqiy muammolarni hal etish imkoniyatiga ega boʻlib, har qanday savolga javob topa olgan. Hanafiy mazhabi biron bir masala boʻyicha Qurʼon yoki hadislarda yechim mavjud boʻlmasa, qiyosga tayanib ish olib borgan va urf-odatga katta eʼtibor qaratgan.

Ikkinchi omil: Hanafiylik ilmiy asoslarga tayangan mazhab sifatida Abbosiylar xalifaligida asosiy mazhab boʻlgan. Undan keyin Gʻaznaviylar, Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Boburiylar, Usmoniylar imperiyasida davlat mazhabiga aylanishi uning rivoji va tarqalishi uchun asosiy omil boʻlgan.

Uchinchi omil: Abu Hanifa va uning shogirdlaridan keyin bir guruh faqihlar maydonga kelib, shariat hukmlarini istinbot va istixroj qilish va ularni asrlar davomida yuz bergan hodisalarga tatbiq etish muammolariga jiddiy yondashdilar. Furuʼul fiqh va fiqhning barcha tarmoqlarini birlashtiruvchi, umumiy tamoyillarga eʼtibor beruvchi asosiy qoidalar (usulul fiqh) yuzaga keldi hamda rivojlandi.

Toʻrtinchi omil: Abu Hanifa shogirdlarining koʻpligi. Shayx Mahmudxon Tunkiy yozgan 60 jildlik “Majmaʼul musannifiyn” kitobida zikr etilishicha, uning shogirdlari soni 882 taga yetadi. Toʻrtta buyuk shogirdi (Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan, Zufar va Abulhasan)dan tashqari, ularning koʻpchiligi Movarounnahr, Xuroson va Eron hududlaridan edi.

Imom Aʼzam (Buyuk Imom) Abu Hanifa mazhab sohiblari orasida eng ulugʻi, faqihi, olimi va sahobalarni koʻrib, ular bilan hamsuhbat boʻlganidir. Manbalarda qayd etilishicha, Abu Hanifa yashagan davrda va undan oldinroq Kufada 10 mingdan ziyod sahoba hayot boʻlgan.

Mazhabboshi koʻpgina tobeinlardan ilm oʻrganib, hadis rivoyat qilgan va bir qancha sahobalarni koʻrgan.

Yahyo ibn Muin “Abu Hanifa nihoyatda ishonchli va toʻgʻrisoʻz edi” degan. Abdullo ibn Muborak: “Agar Alloh taolo menga Abu Hanifa bilan Sufyon Savriyning suhbatini nasib etmaganida, xuddi boshqalar kabi ilmsiz boʻlib qolar edim”, deb aytgan. Imom Shofeʼiy Abu Hanifaning yuksak ilm sohibi va aqlu zakovatda benazir boʻlganini eʼtirof etib: “Abu Hanifa agar bir ustunni oltin demoqchi boʻlsa, albatta, unga hujjat keltirib, isbotlab bera olar edi”, degan.

Haq taolo dinni insonga uni qiynash yo azoblash uchun emas, balki dunyoda Allohni tanib, halol, pok va xotirjam hayot kechirishi uchun nozil qilgan. Mazkur toʻrt mazhabning vujudga kelishidagi asosiy omil va maqsad ixtilof emas, balki musulmonlarga sharʼiy hukmlarni bajarishda yengillik yaratishdir. Ularning har birini dunyoning yetuk ulamolari “haq mazhab” deb tan olgan va musulmonlar oʻn ikki asrdan buyon amalda qoʻllab kelmoqda. Toʻrt mazhabdan biriga amal qilayotgan hech bir musulmon qolgan uch mazhabning ham haqligini inkor qilmaydi. Aksincha, “sharʼiy hukmlar borasida qolgan uch mazhabdagi fatvolar toʻgʻri, bizniki esa toʻgʻriroq” degan qarashda boʻladi.

Mazhab, uning kelib chiqishi va koʻzlagan maqsadi haqida gapirganda, albatta, mazhablar ummat uchun Alloh taoloning rahmati ekaniga guvoh boʻlamiz. Mazhabda boʻlish va buyuk mujtahidlar yoʻliga ergashish hozirgi davr talabidir.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-maʼnaviy merosni oʻrganish bevosita mazhab bilan bogʻliqdir. Qolaversa, mazhab bagʻrikenglik dini boʻlmish islomda birlik ramzi boʻlib, uni sofligicha avlodlarga yetkazishga xizmat qiluvchi va Paygʻambarimiz alayhissalom sunnatlariga amal qilishning oson va mukammal yoʻlini oʻrgatuvchi rahmoniy taʼlimotdir. Xususan, hanafiylik oʻzining xalqchilligi, yanada bagʻrikengligi va qulayligi sababli, mana oʻn uch asr boʻlibdiki, xalqimiz hayotiga, turmush-tarziga chuqur singib ketgan. Diniy va milliy marosimlarimiz, ibodatlarimiz, iqtisodiy-ijtimoiy aloqalarimiz, ilmiy-maʼrifiy ishlar hanafiy mazhabi asosida amalga oshirib kelingan va hozir ham shunday boʻlib qolmoqda.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ISLOM – DINIY EKSTREMIZM VA TERRORIZMGA QARSHI

Islom dini asosan uch qismdan iborat: ✅ Imon – aqida masalalari; ✅ Islom – shariat …