Home / MAQOLA / ISLOM – DINIY EKSTREMIZM VA TERRORIZMGA QARSHI

ISLOM – DINIY EKSTREMIZM VA TERRORIZMGA QARSHI

Islom dini asosan uch qismdan iborat:

Imon – aqida masalalari;
Islom – shariat masalalari;
Ehson – tariqat masalalari.

Bugungi kunda diniy ekstremistik tashkilotlar davlatlar, xalqlar, diniy qarashlar oʻrtasida, birinchi navbatda, millatchilik va diniy ayirmachilikni keltirib chiqarishni, shu yoʻl bilan bir
davlatda yashayotgan turli millat vakillari oʻrtasida milliy, diniy ixtilof va nizolarni vujudga keltirishni asosiy maqsad qilib olgan. Achinarlisi, bu toifalar oʻz maqsadini amalga oshirishda tinchlik va ezgulik dini boʻlgan islom nomidan foydalanmoqda.

Shu oʻrinda aytish mumkinki, dinning bir necha funksiyalari mavjud boʻlib, ulardan biri xalqni ezgu maqsad atrofida birlashtirishdir.

Islom dinining bosh gʻoyasi: Islom – tinchlik va maʼrifat dini. U har qanday inson va jamiyat zarariga qaratilgan harakatlarga qarshidir. Bu haqda Qurʼoni karimning Baqara surasi 208-oyatida bunday bayon qilingan:

“Ey moʻminlar, toʻla holda islomga (tinchlikka) kirishinglar”. Mazkur oyatda barcha moʻminlarga tinchlik, ezgulik va maʼrifatli ishlarda birlashish, bir-biriga yordam koʻrsatishga chaqirilmoqda. “Islom” soʻzi haq din maʼnosi bilan birga, tinchlik maʼnosini ham bildiradi.

Alloh taolo Oli Imron surasining 103-oyatida barchani birlashishga chaqirgan: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qurʼonini) mahkam tuting va firqalarga boʻlinmang”.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hadislarida insoniyat uchun eng muhim va qadrli boʻlgan ikki neʼmat taʼkidlangan. Imom Buxoriy Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilgan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): “Ikki neʼmat borki, ulardan koʻp insonlar mahrumdir, bu sogʻlik va xotirjamlikdir”, deb taʼkidlaganlar.

Islom taʼlimotining buzib talqin qilinishi natijasida hozirgi kunga kelib, din soʻzi yonida ekstremizm, terrorizm qoʻshimchalari paydo boʻldi. Muqaddas islom dini aslida bu harakatlarga qarshidir. Islom nohaq qon toʻkilishi, jamiyatda parokandalikka sabab boʻladigan ishlar, inson hayotiga xavf soluvchi harakatlarni keskin qoralaydi. Islom sof, ezgulik va maʼrifat dini boʻlib, uning ekstremizm va terrorizmga aloqasi yoʻq.

Afsuski, islom tarixida va keyingi davrlarda islom dini bilan bogʻliq bir qancha botil oqimlarning vujudga kelishi kuzatilgan. Bu qarashlar hozirgi kunda ham davom etayotgani har qanday kishini tafakkur qilishga undaydi.

Eʼtiqod nozik masaladir. Ulamolar har qanday din haqida gapirgan kishiga ergashib ketishdan ehtiyot boʻlishga chaqirgan. Bu haqda Ibn Sirrin: “Albatta, bu hadislar diningizdir. Kimdan diningizni olayotganingizga eʼtibor qiling”, deb taʼkidlagan. Zero, hadislar toʻgʻri va Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dan rivoyat qilingan boʻlsa ham uning roviylariga eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlangan.

Islom tarixi avvalida turli toifalar kelib chiqqan va ular keyingi davrda paydo boʻlgan turli toifalarga gʻoyaviy taʼsir koʻrsatgan.

Botil oqimlarning tarixiy ildizlari: Tarixda boʻlib oʻtgan voqea-hodisalar, aksariyat ixtilof va kelishmovchiliklarga fitna hamda hasad sabab boʻlgan. Dinlar tarixida ham bunday holatlarni koʻrish mumkin. Islom tarixidagi ilk oqim xorijiylar boʻlib, VII asrda paydo boʻlgan. Bu davr – 656-yil – toʻrtinchi xalifa Ali ibn Abu Tolibning xalifalik davri boʻlgan. Xorijiylar xalifaga qarshi isyon koʻtargan, natijada juda katta xunrezlik va fitna kelib chiqqan.

Yana bir oqim azraqiylar boʻlib, ular umaviy xalifaligi va shialarga qarshi yirik isyon boshlaydi. Bu harakatlar Iroq va Eronda boshlanib, 684 va 699 yillarda – oʻn besh yil davom etadi. Azraqiylar islom dinini himoya qilish, ezilgan xalqqa yordam berish, qoʻllarni himoya qilish kabi gʻoyalardan ustalik bilan foydalangan. Bu uslub ularga koʻplab insonlarning koʻr-koʻrona ergashishiga sabab boʻlgan.

Keyinchalik bu kabi keskin fikr va qarashlarni ilgari surgan yana bir oqim qarmatiylar paydo boʻldi. Ular shia yoʻnalishi oqimlaridan biri boʻlib, IX asr oxirida Iroqda vujudga kelgan, Suriya va Yamanda keng tarqalgan. Qarmatiylar 930 yili haj vaqtida Makkaga bostirib kirib, u yerni shafqatsiz talon-toroj qilgan. Minglab ziyoratchi va Makka aholisini qatl etib, koʻplarini asir olgan. Ular Kaʼbani vayron qilgan va muqaddas qora toshni ikkiga boʻlgan holda Bahraynga olib ketgan. Yigirma yildan keyingina katta toʻlov evaziga qora tosh Makkaga qaytarib berilgan.

Qarmatiylarga qarshi XI asr oxiri va XII asr boshlarida shiddatli kurash olib borilgan va harakat bostirilgan. Qarmatiylar harakati bostirilgach, hashshoshiylar harakati boshlangan. Mazkur harakat XI asr oxirida Eronda ismoiliylar harakatining boʻlinib ketishi natijasida paydo boʻlgan. U yashirin terrorchilik firqasi hisoblangan. Firqa avval Eronda, keyinchalik Suriya, Livan va Hindistonda keng tarqalgan. Qarmatiylar hokimiyatga erishish uchun hukmdor, podsho, qirol va yirik xalq namoyandalarini oʻldirish yoki garovga olish usullaridan foydalangan. Bunda manqurt fidoyilarning oʻrni katta boʻlgan. Terrorchi (fidoyi)larga isteʼmol qilishi uchun giyohvand modda berilgan, oʻlsa, shubhasiz jannatga tushishiga ishontirilgan. Ushbu harakat Suriya va Livanda 1273-yil mamluklar tomonidan tugatilgan. Hashshoshiylar din niqobi ostida hokimiyat va boshqaruvni qoʻlga olish maqsadida har qanday razillikdan qaytmagan, oʻziga qarshi chiqqan musulmonlarga jihod eʼlon qilgan. Ular shariat man qilgan amallarni bajarishga fatvo bergan.

Qurʼoni karimning bir qancha oyatlarida fitna, hasad, josuslik, tuhmat, gʻiybat, nohaqdan qon toʻkish, birovning haqiga xiyonat qilish kabi inson va jamiyat uchun xatarli boʻlgan ishlardan qaytarilgan.

Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Kim qasddan bir moʻminni oʻldirsa, uning jazosi jahannam boʻlib, oʻsha joyda abadiy qolajak. Va u Allohning gʻazabi va laʼnatiga duchor boʻlgan, Alloh uning uchun ulugʻ azobni tayyorlab qoʻygandir”, deb marhamat qilgan (Niso surasi, 93-oyat).

Botil oqimlarning gʻoyaviy davomchilari: Hozirgi kunda dunyoda koʻplab ekstremistik va terrorchi tashkilotlar mavjud boʻlib, afsuski, ularning muayyan qismi islom dini niqobi ostida faoliyat olib bormoqda. Ular turli usul orqali koʻplab yoshlarni botil mafkurasi qurboniga aylantirmoqda. Bunday terrorchi tashkilotlar soni 500 dan ziyod boʻlib, barchasi oʻzini haq deb hisoblaydi. Ulardan hozirgi kunda faol harakat olib borayotganlaridan baʼzilarini keltirish mumkin. “Al-Qoida”, “Hizbut tahrir”, “Islomiy jihod birligi”, “Ansorulloh”, “Hamas”, “Hizbulloh”, “Husiylar”, “ISHID – Iroq Shom islom davlati” kabilar shular jumlasidandir.

Avvalgi va hozirgi davrda paydo boʻlgan oqim va firqalar islomiy gʻoyalarni shior qilgan. Bir-biriga oʻxshash yoki aynan bir xil gʻoyalarni oʻzining asosiy maqsadi sifatida belgilagan.

Ularning gʻoya va harakatlari quyidagilarda birlashib ketgan:
☑ Oʻzidan boshqa mazhab va oqimlarga nisbatan mutaassiblarcha murosasiz boʻlish;
☑ Oʻz qarashlariga qoʻshilmagan musulmonlar qoni, moli va jonini halol sanash;
☑ Buyuk xalifa Ali (roziyallohu anhu)ga itoatsizlik qilib, uni kofir sanash;
☑ Katta gunoh qilgan musulmonlarni kofir hisoblash va ularning doimiy doʻzaxga mahkum ekanini uqtirish;
☑ Gʻoya va mafkurasiga ergashmagan va tarkibiga kelib qoʻshilmagan (ular tomonga hijrat qilmagan) musulmonlarni kofir sanash;
☑ Boshqa yurtda yashayotgan musulmonlar ularga xilof ish qilsa, u yerga nisbatan “dorul kufr”, deb hukm chiqarish;
☑Islom jamiyatida xalifalik boshqaruvini joriy etish.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning botil gʻoyalar haqidagi hadislari:

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)dan Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan: “Yahudiylar yetmish bir firqaga boʻlindi. Nasorolar yetmish ikki firqaga boʻlindi. Mening ummatim esa, yetmish uch firqaga boʻlinadi va ularning yetmish ikkitasi doʻzaxda, bittasi jannatda (boʻladi). U jamoatdir”, deganlar. Jamoat – musulmonlarning koʻpchiligini tashkil qilgan tomonga aytiladi.

Ushbu hadisning Abdulloh ibn Abbosdan kelgan rivoyatida Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “…Bular (yaʼni, 72 firqa) oʻzlaridan boshqani haq deb bilmaydigan, oʻzi adashib, boshqalarni ham adashtiradigan, zalolatga boshlaydigan, fitnaning boshida turadigan va ummatni doʻzaxga yetaklaydiganlardir”, deganlar.

Mazkur hadisda islom ummati yetmish uch firqaga boʻlinib ketishi, turli-tuman firqalar paydo boʻlishi haqida xabar berilgan. Shuningdek, bu vaziyatda kimlarga ergashish lozimligi bayon etilgan. Shunday ekan, hadislarda taʼkidlanganidek, musulmonlar ittifoqi (kelishuvi) bilan tashkil etilgan ahli sunna val jamoa mazhablariga ergashish lozimdir.

Hozirgi axborot va maʼlumotlar tezkor almashinuvi davrida oʻzini haq deb biluvchi har bir toifani ushbu hadisda taʼkidlangan mezon boʻyicha baholash vojibdir.

Islom dinining terrorizm va ekstremizmga aloqasi yoʻq: islom tinchlik va maʼrifat dinidir. Uning xunrezlik va qotillikka hech qanday aloqasi yoʻq. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu masala yuzasidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “Islom – bu tinchlik-totuvlik dinidir. Islom terror emas, terrorizm –bu diniy terrorizm emas, xalqaro terrorizmdir”.

Ekstremizm va terrorizm bir-biriga bogʻliq harakatlar boʻlib, ular qotillik bosqichlaridir. Bunday atamalarning tinchlik, maʼrifat, ilm va ezgulikni targʻib etuvchi muqaddas din nomi bilan yonma-yon qoʻllanishi katta xatardir.

Moʻmin-musulmonlar bugun yanada teran aql bilan ish yuritishi, Allohning ulugʻ neʼmati sanalgan tinchlik va xotirjamlikning qadriga yetishi, buzgʻunchi daʼvat va tashviqotlardan uzoq turishi lozim. Jamiyat farovonligi va tinchligini saqlash, yoshlar ongini turli buzgʻunchi gʻoya va mafkuralardan himoya qilish har bir fuqaroning asosiy vazifasidir. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) “Har biringiz masʼuldirsiz. Har bir masʼul oʻz masʼuliyatidan soʻraladi…”, deb taʼkidlanganlar.

Xulosa oʻrnida: Muqaddas Qurʼoni karimda inson hayotiga tajovuz va qotillik eng katta gunoh ekani bayon qilinib, bunday ishlardan qaytarilgan. Bugungi kunda mafkuraviy qarashlari bilan jamiyat xavfsizligiga raxna solayotgan oqimlar ilk qarashlarining shakllanish tarixi islom dini avvalida paydo boʻlgan xorijiylarga borib taqaladi. Ularning yot gʻoyalariga qarshi kurashda islom dini nodir manbalari va ajdodlarimiz ilmiy merosidan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bunday deb taʼkidlaganlar: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”.

Darhaqiqat, bugungi kunda katta muammoga aylanayotgan turli botil gʻoyalarga qarshi kurashishda har tomonlama ilmiy asoslangan manbalardan foydalanish lozim. Ularni ajdodlarimiz ilmiy merosidan topish mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish lozim. Jamiyatni turli illatlardan faqat maʼrifat qutqaradi.

Shukurillo Umarov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi

Check Also

YOSHLARNI VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASH

Vatanni sevmoq imondandir! Vatanparvarlik – kishilarning ona yurtiga, oʻz vataniga muhabbati va sadoqatini ifodalaydigan tushuncha …