Oʻtgan haftada YUNESKO va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tomonidan “Muloqot orqali hisobotdorlikni shakllantirish” loyihasi doirasida vazirlik va idoralar matbuot kotiblari uchun treninglar seriyasi oʻtkazildi. Mazmunli muhokamalar va amaliy mashgʻulotlar asosida oʻtgan oʻquvlarda Markaz matbuot xizmati rahbari Sherzod Mamatov ham faol ishtirok etdi.

Trenerlar ijtimoiy tarmoqlar va onlayn maydondagi fikr bildirish erkinligi, kontent moderatsiyasi, platformalardagi qoidalar va ularning qoʻllanishi kabi masalalarni yoritib, ishtirokchilarni boshqariladigan platformalar boʻyicha YUNESKO Yoʻriqnomasining asosiy tamoyillari bilan tanishtirdi.

Shuningdek, davlat idoralarida strategik kommunikatsiyalarni rejalashtirish va muassasalararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalariga bagʻishlangan sessiyalar oʻtkazildi. Ularda axborotni taqdim etishda konseptual (“7 S” qoidasi: Clear — ochiq va tushunarli, Concise — qisqa va loʻnda, Concrete — aniq faktlarga asoslangan, Correct — toʻgʻri va bexato, Coherent — mantiqan bogʻlangan, Complete — axborotni toʻliq qamragan, Courteous — hurmat bilan muloyim tarzda bayon etilgan) yondashuvga amal qilish, targʻibot va maʼlumot almashuvida muvofiqlashtirilgan harakatlarni taʼminlash davlat idoralari uchun qanchalik muhim ekanligi alohida taʼkidlandi.
Oʻquv davomida strategik kommunikatsiyalarning mexanizm va konsepsiyalarini ishlab chiqish boʻyicha guruhlarga boʻlingan holda amaliy mashqlar tashkil etildi. Ishtirokchilar axborot taqdim etish doirasini belgilash, ustuvor auditoriya bilan ishlash va asosiy xabarlarni shakllantirish boʻyicha malaka oshirdi.

Treninglarning bir qismi OAV bilan ishlashning zamonaviy usullariga bagʻishlandi. Press-reliz tayyorlash, intervyu tashkil etish, mass-media bilan oʻzaro munosabatlar, matbuot anjumani oʻtkazish va mediamonitoring borasida amaliy tavsiyalar berildi.
Oʻquv dasturining eng muhim bloklaridan biri inqirozli vaziyatlardagi kommunikatsiyalarga bagʻishlangan guruh mashgʻulotlari boʻlib, ishtirokchilar hayotda uchrashi mumkin boʻlgan turli holatlarga doir ssenariylar asosida qaror qabul qilish va tezkor axborot strategiyasini ishlab chiqish ustida ish olib bordi.
Yakunlovchi qismda sunʼiy intellektning axborot muhitiga taʼsiri, yangi xavf-xatarlar va ularga qarshi kommunikatsion choralar muhokama qilinib, treninglarning asosiy xulosa va yondashuvlari umumlashtirildi.

Ushbu mashgʻulotlar davlat idoralarida ochiqlik, jamoatchilikka hisobotdorlik va professional kommunikatsiya madaniyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan muhim amaliy qadam boʻlib xizmat qildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






