Home / MAQOLA / AYOLNING ILM OLISHI – MAJBURIYAT!

AYOLNING ILM OLISHI – MAJBURIYAT!

Bugungi kunda baʼzi davralarda “ayollar oʻqimasin”, “oʻqisa erkakka koʻrinadi” yoki “oʻqish faqat erkaklarga kerak” degan fikrlar tarqalmoqda. Bu gaplar avvalo din nomi bilan aytilgani uchun odamlar orasida shubha uygʻotadi. Ammo haqiqiy islom taʼlimotiga qaraydigan boʻlsak, bunday daʼvolarning na Qurʼon, na Sunnat, na ilmda asosi bor.

Ayollar taʼlimi jamiyat taraqqiyotining muhim poydevorlaridandir. Ayol oʻqimishli boʻlsa, nafaqat oʻz hayotini yaxshilaydi, balki oilasi va farzandlarining kelajagini ham yuksaltiradi. Bilimli ayol – ongli avlodning onasi, mehribon ustoz va jamiyatning faol aʼzosidir. Bugun yurtimizdagi taʼlim olgan ayollar tibbiyot, ilm-fan, iqtisod, sanʼat va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishib, mamlakat ravnaqiga hissa qoʻshib kelayotgani bu fikrga yorqin dalil boʻladi.

Ayollar uchun taʼlim olish huquqi – insoniy (gender) tenglik va adolat ifodasidir.

Haq taolo ilmli insonlarni ulugʻlab, bunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).

“Ilm ato etilgan zotlar” deganda faqat erkaklar nazarda tutilmagan. Baland daraja-martabalar bandalarning hammasiga vaʼda qilinmoqda. Umuman olganda, Qurʼoni karimda ayollarga ilmni man etuvchi biror oyat mavjud emas. Demak, ilm – har bir musulmon uchun ochiq yoʻl.

Islom dini ilm olishni erkak yo ayol ekanidan qatʼi nazar har bir musulmon uchun farz qilgan. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ilm olish har bir musulmon uchun farzdir”, deganlar (Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Bu hadisdagi “har bir musulmon” soʻzlari yuqoridagi oyatdagi kabi umumiy maʼnoga ega. Sahobalar davrida ham ayollar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan alohida vaqt ajratishlarini soʻrab, ilm oʻrgangan. Rasuli akram bunga biror yoʻsinda qarshilik koʻrsatganlarini bilmaymiz. Bu esa ilm ayol uchun ham farz ekanidan dalolatdir.

Ayolning ilmi – uning oʻziga ham, oilasiga ham, jamiyatga ham foyda keltiradi. Bilimli ona farzandini toʻgʻri tarbiyalaydi, ilmli ayol jamiyatni nur bilan yoritadi.

Shuning uchun musulmon jamiyatda qiz bolalarning oʻqishini, diniy va dunyoviy ilmlarni egallashini qoʻllab-quvvatlash kerak. Zero, ilm nuri boʻlgan joyda zulmat boʻlmaydi, jaholatga oʻrin qolmaydi.

Islom tarixida ilm bilan mashhur boʻlgan koʻplab ayollar bor. Masalan, Paygʻambarimiz alayhissalomning rafiqalari orasida Oisha roziyallohu anho hadis va fiqh ilmlarida eng bilimdonlardan edi. U zotdan minglab hadislar rivoyat qilingan, sahobalar unga ilmiy masalalarda murojaat qilgan.

Islomning ilk asrlaridanoq ayollar ilm va madaniyat sohasida yetakchi boʻlgan:

– Oisha binti Abu Bakr – fiqh, hadis va tib sohalarida mashhur olimalardan. 2000 dan ziyod hadis rivoyat qilgan.

– Shifo binti Abdulloh – yozuv va savdo ishlarini oʻrgatgan muallima.

– Fotima Fixriyya – Marokashdagi Qaroviyyun universitetiga asos solgan. Bu muassasa YUNESKO tomonidan dunyodagi ilk universitet sifatida tan olingan.

Bu tarixiy misollar shariat ayollarni ilmdan tiymaganini, aksincha, ularni ilmga yetaklaganini isbotlaydi.

Islomda tib ilmlari – salomatlikni muhofaza qilish orqali hayotni saqlash vositasi!

Baʼzilarning fikriga koʻra esa, “muslima ayollarning tib sohasida taʼlim olishi, ishlashi mumkin emas” emish. Dinimiz bu borada nima deydi? Tib – inson salomatligini saqlash, hayotini asrash ilmi. Alloh taolo bunday deydi: “Unga (insonga) hayot baxsh etgan (oʻlimdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir” (Moida surasi, 32-oyat).

Demak, tibbiy taʼlim ham hayotni asrashga xizmat qilgani uchun ibodatga teng savobli amal boʻladi. Ayolning bu sohada bilim olishi – uning uchun faqat joiz emas, balki zarurat darajasidagi burchdir.

Yuqoridagi ters daʼvolarga duch kelganda, har qanday hurfikr kishi xayolida oʻz-oʻzidan “ayol bemorlarni kim davolaydi” degan savol tugʻiladi. Ayollar tibbiy taʼlim olmasa, tugʻruqxonada, ginekologiya shifoxonalarida kimlar ishlaydi? Faqat erkaklarmi? U holda oʻzini hurmat qilgan qaysi bir erkak onasini, amma-xolasini, opa-singlisini, ayolini, qizini ularning qoʻliga topshirib qoʻya oladi ekan?!

Bunday holatlarda ayollarning hayoti, nomusi, salomatligi aynan ayol tabiblar orqali himoya qilinadi. Shuning uchun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrida ham sahobiya ayollardan Rufayda Aslamiya, Nusayba binti Kaʼb tabiblik bilan shugʻullangan. Demak, ayolning tibbiy bilim olishi – ummat ehtiyoji va shariat buyrugʻiga mos amal.

Islomiy tadqiqotlar va fatvo doimiy qoʻmita fatvolaridan birida bunday deyilgan: “Tibbiyot ilmlarini oʻrganish barcha musulmonlar – erkaklar va ayollar uchun jamoaviy burchdir, chunki jamiyat oʻz aʼzolarini davolashda, ayniqsa, ayollar va bolalar bilan bogʻliq masalalarda ularga oʻta muhtoj boʻladi. Musulmon jamoasi ayol shifokorlarga juda muhtoj. Agar ayolning taʼlim olish va vazifalarini bajarish niyati samimiy boʻlsa, u katta ajr-mukofot oladi. Shuning uchun u Allohdan faqat yaxshilik soʻrasin, niyati pok boʻlsin va Allohning marhamati ila tibbiyotni oʻrganish bilan shugʻullansin”.

Islomning birinchi buyrugʻi “OʻQING!” boʻlgan. Ilk vahiy ilm talabidan boshlangan. Bu oyatdagi ilohiy xitob faqat erkaklarga emas, butun bashariyatga qaratilgan.

Shuning uchun ayolga ilmni man etish – islomning dastlabki asosiy buyrugʻini inkor qilish bilan barobar. Bugun biz “ayol oʻqimasin” desak, “Qurʼoni karimdagi ilk amrga amal qilmasin” degan boʻlamiz – bu esa juda katta xato. Agar ayolning ilm olishida iffat saqlansa, uni man etish uchun hech qanday asos yoʻq.

Qaltis daʼvolarni aytayotganlar bunday deb oʻylab koʻrsin: “Ayol oʻqimasa, bolalarga kim ilm oʻrgatadi? Ilmli farzand tarbiyalay oladimi?” Haq taolo ayolga ham erkakka bergani kabi aql, qalb va salohiyat ato etgan. Unga “oʻqi, oʻrgan, amal qil” degan imkoniyat bergan. Shunday ekan, “oʻqimasin” degan gap Allohning neʼmatini cheklashdir. Bu faqat dinga emas, insoniylikka ham zid.

Ilm olish ayolning oʻz haqqidir, bu xususda ayrimlarning “urfi” yo taʼqiqlari – chikora. Qurʼon, sunnat va tarix bizning oldimizga aniq haqiqatni qoʻyadi: ilm talab qilish – har bir musulmonning burchi. Bunda jinsning ahamiyati yoʻq. Ayolni ilmdan tiyish – uning haqqini poymol qilish, jamiyatni maʼrifat tizginidan uzish, dinni notoʻgʻri talqin qilishdir.

Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

BAXT FAQAT BOYLIKDAN IBORAT EMAS

Hamma oʻylagan niyatlarimga erishsam, istagan narsam muhayyo boʻlsa va boy boʻlsam, baxtli boʻlamanmi? “Hamma oʻylagan …