Home / FOTO LAVHALAR / Samarqand – ilm, maʼrifat va maʼnaviy merosning uzilmas silsilasi

Samarqand – ilm, maʼrifat va maʼnaviy merosning uzilmas silsilasi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 19-noyabr kuni Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” ilmiy loyihasi doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi. Unda Qozogʻistondagi Nur-Muborak Misr Islom madaniyati universiteti Islomshunoslik kafedrasi katta oʻqituvchisi Bijan Ilesbekov “Ahmad ibn Mansur Ispijobiyning Samarqanddagi diniy-maʼrifiy faoliyati” mavzusida maʼruza qildi.

Seminarda Markaz ilmiy xodimlari, IRCICA vakillari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, OʻzFA Sharqshunoslik instituti, Toshkent islom instituti olimlari, Samarqand va Buxorodagi oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari va talabalari, shuningdek Turkiya, Misr va Qozogʻistondan tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Bijan Ilesbekov Movarounnahrdan yetishib chiqqan vagarlik (ispijoblik) ulamo Ahmad ibn Mansur Ispijobiyning Samarqanddagi faoliyatiga alohida toʻxtaldi. Olimning taʼkidlashicha, IX-X asrlarda Samarqand fiqh, hadis, kalom va maʼrifiy taʼlim maktablari taraqqiy etgan markazga aylangan boʻlib, Ispijobiy ana shu muhitda katta obroʻ qozongan ulamolardan boʻlgan. Uning ilmiy merosi, ayniqsa, Qurʼon ilmi, hadis rivoyati va aqida masalalaridagi yondashuvlari bilan eʼtibor qozongan. Ispijobiyning Samarqandda shakllangan maktabi orqali koʻplab shogirdlar shaharning diniy-maʼrifiy nufuzini yanada oshirgan.

Maʼruza davomida spiker Ispijobiyning ilmiy faoliyatini yoritar ekan, oʻsha davrda Samarqandda kalom ilmining shakllanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan Imom Moturidiyning ilmiy maktabiga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Uning taʼkidlashicha, Ispijobiy Samarqand muhitida Moturidiy maktabiga xos boʻlgan ilmiy muomala, fikriy bahs, dalilga asoslangan aqidaviy tahlil anʼanalarining rivojiga munosib hissa qoʻshgan. Uning baʼzi qarashlari Moturidiy bilan hamfikrlik nuqtalarini, ayrim masalalarda esa oʻziga xos ilmiy yondashuvni namoyon etadi.

Samarqandning oʻsha davrdagi ilmiy muhiti, Moturidiy kabi ulugʻ mutakallimlar yaratgan intellektual muhit Ispijobiyning kamol katta topishiga turtki bergan.

Qayd etilganidek, Samarqanddagi diniy-maʼrifiy muhit nafaqat oʻtmishga taalluqli taraqqiyot asosi, balki hozirgi tadqiqotchilar uchun ham boy ilmiy manba va ilhom manbaidir. Ispijobiy faoliyati ana shu ulkan merosning muhim boʻgʻini sifatida namoyon boʻladi.

Seminar qizgʻin fikr almashuvlar, qoʻshimcha tarixiy manbalar, alloma asarlarining saqlanib qolgan nusxalari va uning Samarqand akademik muhitidagi oʻrniga doir savol-javoblar bilan oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Fin delegatsiyasi tashrifi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Finlyandiya musulmonlari jamiyati imomi Ramil Belyayev boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. …