Home / MAQOLALAR / QARINDOSHLIK RISHTALARINING IJTIMOIY-MAʼNAVIY AHAMIYATI

QARINDOSHLIK RISHTALARINING IJTIMOIY-MAʼNAVIY AHAMIYATI

Inson tabiatan – ijtimoiy mavjudot. U boshqalar bilan muloqotsiz, yolgʻiz holda yashay olmaydi. Inson hayotidagi eng tabiiy va muqaddas aloqalardan biri – bu qarindoshlik rishtasidir. U odamlarni bir-biriga bogʻlaydi, bir oila va jamiyat aʼzolari sifatida birlashtiradi. Qarindoshlik inson hayotida shaxsiy, ijtimoiy va maʼnaviy jihatdan beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Islom taʼlimotida qarindoshlik munosabatlarini saqlash va mustahkamlash “silai rahm” deb ataladi. U dinimizda yuksak darajada qadrlanadigan ibodatlardan hisoblanadi.

Silai rahm tushunchasi va mazmuniga qisqacha toʻxtaladigan boʻlsak, arab tilidan olingan bu atama “sila” (“bogʻlamoq”) va “rahm” (“qarindoshlik”) soʻzlarining birikmasidir. Demak, silai rahm – qarindoshlik aloqalarini bogʻlash, yaqinlar bilan munosabatlarni barqaror tutish, degani.

Bu amal faqat diniy hukm boʻlib qolmay, jamiyatda ham mehr-oqibat, hamjihatlik va masʼuliyatni kuchaytiradi.

Qurʼoni karimda qarindoshlarga yaxshilik qilish amri bir necha bor taʼkidlangan. Niso surasining 36-oyatida bunday deyilgan:

وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى

“Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlarga ham!”.

Shuningdek, Baqara surasining 215-oyatida Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

يَسْأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلْ مَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ بِهِ عَلِيمٌ

“Sizdan (ey Muhammad!) qanday ehson qilishni soʻraydilar. Ayting: “Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir””.

Mazkur oyatda ehson-nafaqaga loyiq insonlar orasida bekorga birinchi boʻlib ota-ona zikr qilinayotgani yoʻq. Inson tabiati shuni taqozo qiladi. Oʻzidan keyingi birinchi haqdor ota-onasi boʻladi. Ota-onasini muhtoj holda qoldirib qoʻyib, ulardan boshqaga nafaqa qilishdan nima maʼni ham boʻlardi. Shuningdek, qarindosh-urugʻlar haqdorlik jihatidan boshqa (begona)lardan ustundir va hokazo. Bu oyatlarda qarindoshlarga yaxshilik qilish ibodat darajasiga koʻtarilgan amal ekani aniq bayon qilingan.

Hadislarda ham silai rahmning fazilati alohida taʼkidlangan. Imom Buxoriyning “Adabul mufrad” asarida bunday rivoyat qilinadi:

“Bir kishi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan: “Kimga yaxshilik qilay?” deb soʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onangga, otangga, opa-singlingga, aka-ukangga, ulardan keyingi yaqinlaringga yaxshilik qilgin. Bu silai rahmdir”, dedilar.”

Ushbu hadisda yaxshilikni kimdan boshlash lozimligi, qanday tartibda davom etish kerakligi bayon qilinmoqda. Demak, har bir moʻmin-musulmon ota-ona, aka-uka, opa-singil va boshqa qarindoshlar bilan silai rahmni mustahkamlashi, ularga yaxshilik qilishi, muhtoj boʻlsa, moddiy yordam berishi va hojatini ravo qilishi lozim ekan.

Boshqa bir hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom bunday deganlar: “Kim rizqining keng, umrining uzun boʻlishini xohlasa, qarindoshlari bilan rishtalarni bogʻlasin”.

Bu hadislardan koʻrinib turibdiki, qarindoshlik aloqalarini yaxshilash orqali inson hayoti barakali va farovon boʻlarkan, ijtimoiy muhit sogʻlomlashar ekan.

Ijtimoiy va maʼnaviy ahamiyati. Silai rahm faqat diniy ibodat emas, balki jamiyat barqarorligi va insonlararo munosabatlarning poydevori hisoblanadi. Uning ahamiyatini quyidagi yoʻnalishlarda koʻrish mumkin:

  • Maʼnan qoʻllab-quvvatlash. Qarindoshlar bir-birini qiyin damlarda ruhan qoʻllab-quvvatlaydi, shodlik va qaygʻuda sherik boʻladi. Bu omillar insonda ishonch, bagʻrikenglik va mehr tuygʻularini mustahkamlaydi.
  • Moddiy yordam. Oʻziga toʻq insonning muhtoj qarindoshiga yordam berishi – islom axloqining ajralmas qismi. Pul, oziq-ovqat, kiyim-kechak yo boshqa ehtiyojlarda koʻmaklashish qarindoshlik aloqalarini yanada mustahkam qiladi.
  • Taʼlim va tarbiyada koʻmak. Qarindoshlar yosh avlodning taʼlim-tarbiyasiga befarq boʻlmasligi lozim. Ular oʻqish, moddiy qoʻllab-quvvatlash, maslahat va ruhiy yordam orqali yoshlarning kamol topishiga hissa qoʻshishi mumkin.
  • Jamiyatda birdamlikni taʼminlash. Qarindoshlik munosabatlari mustahkam boʻlgan jamiyatda ijtimoiy barqarorlik, hamjihatlik va ishonch muhiti vujudga keladi. Bunday muhitda oilaviy qadriyatlar saqlanadi va yosh avlodga ibrat boʻladi.

Silai rahmning fazilatlari. Islom ulamolari silai rahmning bir nechta ulugʻ fazilati borligini taʼkidlagan:

  • Alloh taoloning roziligiga erishish;
  • Uning rahmatiga sazovor boʻlish;
  • Umrning uzoq va barakali boʻlishi;
  • Rizqning kengayishi;
  • Moʻminlar va farishtalarning xursand boʻlishi;
  • Iblisning gʻamga tushishi.

Binobarin, silai rahm nafaqat dunyoviy, balki uxroviy (oxirat) manfaatga ham ega amaldir.

Qarindoshlik rishtalarini uzishning salbiy oqibatlari. Hadislarda bu ogʻir gunoh sifatida zikr qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Qarindoshlik aloqasini uzgan odam jannatga kirmaydi”.

Boshqa bir hadisda “Qarindoshlik rishtasini uzuvchi kishisi boʻlgan jamoaga Allohning rahmati nozil boʻlmaydi” deb marhamat qilingan.

Qarindoshlik rishtalari uzilsa, oila va jamiyatda qadriyatlar zaiflashadi, mehr-oqibat, ishonch va hurmat soʻnib, axloqsizlik, behurmatlik, befarqlik va tarqoqlik kuchayadi.

Xulosa qilib aytganda, qarindoshlik rishtalari – inson hayotining maʼnaviy tayanchi va jamiyat barqarorligining asosidir. U orqali mehr-oqibat, insonparvarlik, hamjihatlik va jipslik ruhi mustahkamlanadi.

Silai rahm dinimizdagi goʻzal fazilatlardan boʻlib, Alloh taoloning roziligini qozonishga, umrning uzayishi va barakali boʻlishiga, jamiyatda sogʻlom muhit vujudga kelishiga olib boradi.

Shu bois har bir inson qarindoshlari bilan rishtalarni mahkam tutishi, holidan xabar olib turishi va imkon darajasida yordam koʻrsatishi zarur.

Alloh taolo barchamizni qarindoshlik rishtalarini mustahkamlagan mehr-oqibatli bandalaridan qilsin.

Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ISLOM – TINCHLIK VA BAGʻRIKENGLIK DINI

Qurʼoni karim bizga qadimda yashab oʻtgan ummatlar va ularning holati haqida xabar bergan. Ular Alloh …