Home / YANGILIKLAR / “SAMARQAND RUHI” – INSONIYAT YANGI TARAQQIYOTINING MEZONI

“SAMARQAND RUHI” – INSONIYAT YANGI TARAQQIYOTINING MEZONI

Har kuni yoʻl-yoʻlakay kimlar uchramaydi, deysiz. Ayrimlar oldidan qora mushuk – yangi boʻlganini eslaydi-da, xafsalasi pir boʻladi. Shu pallada qarshisidan “jiddiy idorada ishlaydigan” maqomidagi odam chiqib qolsa fursatni boy bermaydi. Mushuk voqeasidan tashqari boshqa gaplarni ham soʻrab olgisi keladi-da, savolga koʻmib tashlaydi.

Mana, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqandda oʻtyapti. Bunday paytlarda sersavol odamlar boʻyinbogʻ taqqan tanishini birinchi boʻlib qanday gap bilan toʻxtatadi. Ha, albatta – “bu bizga nima beradi?!”

Odam ishga kechikadigan boʻlsa ham masalani oydinlashtirmay ketgisi kelmaydi. Yotigʻi bilan tushuntirishga harakat qiladi. Ha, YUNESKO degan tashkilot bor. U – BMTning Fan, taʼlim va madaniyat masalalari boʻyicha tuzilmasi. Odatda u har yili Bosh konferensiyaning sessiyasini Parijda oʻtkazadi. Lekin bu safar Oʻzbekistonda toʻxtaldi, uning eng fasohatli durdonasi boʻlgan Samarqand tanlandi. Nima uchunmi? Ha, toʻgʻri aytasiz, Toshkentda oʻtkazish ham mumkin edi. Samarqand tanlangani shuki, bir mahallar Bosh direktor Federiko Mayor Oʻzbekistonga tashrif buyurganida, bu koʻhna shaharga borgan va har qanday olim odamni ham taxayyul bilan chulgʻaydigan taassurot bilan qaytgan edi. Ziji Koʻragoniydan dengizchilar asrlar mobaynida foydalangan, lekin sunʼiy yoʻldoshli hozirgi axborot asrida buning oʻsha davrdagi qadrini har kim ham anglayvermasligi tayin.

Ochilish marosimida juda toʻgʻri taʼkidlandi, Samarqand insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik gʻoyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirganini inkor etib boʻlmaydi.

Gʻarbda “hamma yoʻllar Rimga” olib borsa, Sharqda bu mavqe Samarqandga tegishli. Buyuk allomalarimizning aksariyati shu yerda voyaga yetgan, boshqa joyda tavallud topganlari esa, falak qadari bilan uni maskan qilgan. Davlatimiz rahbarining nutqida Mirzo Ulugʻbek tilga olindi. Bu bir ishora edi, xolos. Aslida Samarqandning ohanrabosi haqida kitoblar yozish mumkin. Deylik, Sohibqiron bahavo Shahrisabzning oʻzini kengaytirib, har tomonlama zeb berib, uni saltanatining bosh shahriga aylantirishi mumkin edi. Jaloliddin yo Bobur Mirzo Samarqand uchun qanchalar jon kuydirganini hammamiz yaxshi bilamiz. Islom nuqtayi nazaridan qaraydigan boʻlsak, aqidaning asosiy ustunlaridan boʻlgan Imom Moturidiyning kindik qoni shu tuproqqa toʻkilgan. Hadis ilmining sultoni boʻlgan Imom Buxoriy soʻnggi nafasini aynan Samarqand havosidan olgan. Xoja Ahror Valiy shu yerda abadiy qoʻnim topgan.

Odamzod lahzalik, shu bugungi kunning oʻzida naf beradigan tadbirga koʻproq qiziqadi. Bu uning tabiatidir. YUNESKO Bosh konferensiyasining sessiyasi Oʻzbekistonda, Samarqandda oʻtkazilishi bizga hozirning oʻzida nima berishi toʻgʻrisidagi savolga avvalo xalqaro eʼtibor deb javob berish mumkin. Qirq yil davomida Parijdan chiqmay kelgan anjuman Samarqandni YUNESKOning, muvaqqat boʻlsa ham, poytaxtiga aylantirganining oʻzi – katta voqea. Keyingi manfaat shuki, bu bilan “navbatdagi sessiya” degan “navbatchi” soʻz “YUNESKOning Samarqand sammiti” sifatida jaranglaydi. Binobarin, xalqaro maydonda tafakkur qoʻzgʻaladi: «Oʻzbekiston bejiz mezbonlik qilmayapti, eʼtibor beraylik-chi, qanday nima gaplar boʻlar ekan!»

Tashabbuslar esa, qogʻoz yo soʻz uchun emas, balki tom maʼnoda amaliyot uchun ilgari surildi. Bu faqat Oʻzbekistonni emas, butun insoniyatni tashvishga solayotgan nozik masalalarga birgalikda yechim topish va ogʻir muammolarni hamkorlikda bartaraf etishga qaratilgan gʻoya va takliflardir.

Shavkat Mirziyoyevning nutqi bilan hammamiz matbuot orqali toʻliq tanishib chiqdik. Shu bois unda bildirilgan barcha dolzarb vazifalarni birma-bir sanashga vaqt ketkazmay, toʻgʻridan-toʻgʻri ahamiyatini bayon etsak.

Dastlabki taklif inklyuziv taʼlim sohasiga tegishli: alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv taʼlimni rivojlantirish platformasi joriy etiladigan boʻlsa, faqat shu turdagi muammolarga uchragan ota-onalar emas, balki barcha insonlar birlashgan boʻlar edi. Biz, insoniyat hozirgi vaqtda taraqqiyotning eng oliy bosqichidamiz. Imkoniyati qaysidir darajada cheklangan bolaga koʻzimiz tushganida, bu muammo bizni chetlab oʻtganini emas, balki shunchaki chetlab oʻtayotganini, bizning jigarlarimizdan birini ham domiga tortishi va oʻsha norasidaning ota­onasini, qarindosh­urugʻini halovatdan ayirishi mumkinligini oʻylab koʻrishimiz kerak. Joʻnroq aytganda, boshiga shunday tashvish tushgan odamlarning holatini bir lahza his qilaylik. Axir, hech kim darddan kafolatlanmagan­ku! Ayniqsa, ekologik muammolar avj olayotgan, oziq­ovqat mahsulotlarining tarkibi tabiat tomonidan emas, inson qoʻli bilan oʻzgartirilayotgan, baʼzi mintaqalarda qurolli mojarolar, geoiqtisodiy yo geosiyosiy oʻyinlar tufayli turmush tarzi keskin burilib ketayotgan, sunʼiy intellekt odamlarni oʻz joniga qasd qilishgacha olib borayotgan sharoitda.

Bunday vaziyatda axborot texnologiyalarini puxta oʻzlashtirgan va kreativ fikrlaydigan yangi avlodni tarbiyalash vazifasi oʻz-oʻzidan ustuvor masala sifatida maydonga chiqadi.

Keyingi taklif ham yoʻl-yoʻlakay tashabbus emas. Biz Afgʻoniston yo Suriya misolida insoniyatning bebaho xazinasi boʻlgan osori atiqa durdonalari koʻz oʻngimizda, hatto jonli efirda barbod boʻlganini koʻrdik. Bu xunuk tendensiya davom etadigan boʻlsa, insoniyat oʻzining moddiy va nomoddiy merosini asta-sekin butkul qoʻldan ketkazadi. Bir mahallar dohiy sanalgan, vaqt oʻtishi bilan chaqaga arzimas kitoblari pista qogʻoziga aylangan shaxslarni bilamiz. Ayni paytda eʼtiborsizlik va bilimsizlik bilan ilm xazinasi sanalgan noyob varaqlarni stol tozalash yo oyna artishga ishlatib yubormasligimizga hech kim kafil emas. Shu bilan birga, Oʻzbekiston misolida oladigan boʻlsak, biz tashqi modaga taqlid qilib, oʻzimizning doston va laparlarimizga, ilgari odamlar mol-holini unutib, tinglash uchun butun qishloq boʻlib yigʻiladigan qadriyatlarga qiziqmay qoʻydik. Ramazon oyida “Yo Ramazon!” aytuvchilarning soʻzlari viloyat tugul, qishloqlar oʻrtasida ham bir-biridan ajralib turardi. Hozir internetdan yodlab olingan toʻrt satrdan boshqa narsani bilmaymiz.

Shuning uchun ham YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirish kerak. Bir muayyan sana – Oʻzbekiston taklifiga koʻra – 19-noyabr xalqaro “Hujjatli meros kuni” deb eʼlon qilinsa, bu yoʻnalishdagi ishlar har yili sarhisob qilinib, tartiblanib borgan boʻlar edi. YUNESKO huzurida Raqamli meros boʻyicha xalqaro institut tashkil etilsa, bu jarayon xalqaro miqyosda kuzatuvga ham olinardi. 2027-yili Buxoroda YUNESKO Ijodkor shaharlar tarmogʻining kongressi oʻtkazilsa, yana ham yaxshi – ayni muddao.

Gender tenglik masalalari hozir koʻp davlatlarda dolzarb. Bu – galdagi tashabbusga tegishli. Oʻzbekiston Xotin-qizlar yetakchiligi boʻyicha YUNESKO akademiyasini tashkil etishni taklif qilyapti. Nima uchunmi? Yana oʻzimizning oʻzbek oilasidan jonli misol bilan davom etamiz. Gap shundaki, ota har qancha bilimli va ilgʻor boʻlmasin, ona omi darajasida qolaversa, farzand oliymaqom maktabga borsa ham oʻrtamiyona boʻlib voyaga yetadi. Chunki kundalik hayotda otaning bor ilgʻorligini onaning arzimas omiligi yengib turadigan vaqtlar boʻladi. Bola ishdagi otaning emas, uydagi onaning tarbiyasini koʻproq oladi. Ota kechqurun kelib kitob oʻqib berishi mumkindir, dam olish kuni muzeyga olib borishi mumkindir, lekin bola baribir koʻp vaqtini onaning taʼsir doirasida oʻtkazadi. Ona saviyasi otanikiga yaqin va mos boʻlsagina, kutilgan natijaga erishish mumkin. Shuning uchun xotin-qizlarning mavqeini faqat ilmiy emas, ijtimoiy, iqtisodiy va hatto siyosiy jihatdan yuksaltirish maqsadga muvofiqdir. Taklif etilganidek, Samarqandda barcha qitʼalarning mashhur tadqiqotchilari, sanʼat namoyandalari, pedagog va ixtirochi xotin-qizlarning Taʼlim, madaniyat va fan sohasidagi global forumi tashkil etilsa, bu masala bafurja tahlil qilinadi va eng taʼsirchan, har tomonlama maʼqul va maqbul choralar ishlab chiqiladi.

Ilgari surilgan tashabbuslar haqida soʻz yuritar ekanmiz, shuni aytish kerakki, ekologiya eʼtibordan faromush boʻlmasligi aniq edi. Global iqlim oʻzgarishlari, bir mintaqada choʻllanish, ikkinchisida toshqinlar kuzatilishi, tuproq qatlamlari yemirilishi, betartib urbanizatsiya kabi muammolar anchadan buyon koʻp ilgʻor davlatlarda “yashil siyosat” ustuvorlik kasb etishiga olib keldi.

Lekin butun dunyo bunday emas-da. YUNESKO nuqtayi nazaridan qaraganda, xoh osori atiqa boʻlsin (qadimiy binolar nurashi), xoh xalq ogʻzaki ijodi boʻlsin (geologik demografiya oʻzgarishlari), xoh xoʻjalik, xoh qurilish boʻlsin, buzilayotgan ekologiya madaniy meros va qadriyatlar saqlanishi va davomiyligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani barchani birdek tashvishga soladi. Tashkilot “YUNESKOning Ekologik poytaxti” tanlovini eʼlon qilsa, mamlakatlar va shaharlar xalqaro nufuz uchun ham ekologiyaga koʻproq eʼtibor berishi tayin. «Globallashuv va iqlim oʻzgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash boʻyicha chora­tadbirlarni kuchaytirish toʻgʻrisida»gi rezolyutsiyasi ishlab chiqilsa, bu oʻziga xos meʼyorlar majmuiga aylanib, avval «YUNESKOning futbol boʻyicha biror mamlakat jahon chempioni boʻlsa, oʻsha sanoqli futbolchi va murabbiydan boshqa hech kim tayinli foyda koʻrmaydi. Lekin hamma shunga ishqiboz boʻladi. “YUNESKOning Ekologik poytaxti” boʻlish uchun shunday bellashuv yuzaga kelmasligi mumkin emasmi?! Bu masala boʻyicha Xiva shahrida xalqaro simpozium oʻtkazilsa, vaziyat yana ham oydinlashadi.

Yuqorida axborot asri tilga olindi. Toʻgʻri, biz uyda oʻtirgan joyimizda tansiq taomga buyurtma beryapmiz, aviachipta olyapmiz. Lekin axborot makoni faqat qulaylikdan iborat emasligini hammamiz yaxshi bilamiz. U bir zumda buzgʻunchi kuchlar uchun arining uyasiga aylanishi hech gap emas. Shu maʼnoda, maʼlumotlarni tahliliy idrok etish, yoshlarni manipulyatsiyadan himoya qilish, axborot shaffofligini taʼminlash maqsadida YUNESKOning Media savodxonlikni rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli strategiyasini ishlab chiqish oʻta dolzarb taklifdir. Yuqorida qisman aytilganidek, bola internetdan emas, avvalo ota-onadan tarbiya olishi kerak, xalqaro axborot tarmogʻiga ulanganda esa, nima yaxshi-yu nima yomonligini farqlay bilishi shart.

Dinlararo yo konfessiyalararo ziddiyatlar kuchayib borayotgani haqida alohida toʻxtalishga, oʻylaymizki, hojat yoʻq. Islomni niqob qilgan radikal guruhlar muqaddas eʼtiqodimizni bulgʻab koʻrsatib, dinlararo adovatga yoʻl ochayotgan boʻlsa, har xil oqimlar oʻz oramizda gʻavgʻoni urchitishga urinmoqda. Vaholanki, hech bir din zoʻravonlikni oqlamaydi.

Binobarin, Samarqand anjumani qatnashchilari forumni Yangi Oʻzbekistonning global gumanitar siyosatdagi yangi sifat bosqichiga qadam qoʻyganidan dalolat deb atamoqda. YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyasini Parijda emas, Samarqandda oʻtkazishga qaror qilingani yurtimizdagi yangilanish jarayonlariga, Oʻzbekiston rahbariyatining ochiqlik va islohotchilik siyosatiga xalqaro maydondagi yuksak ishonchni namoyon etyapti.

Xususan, YUNESKO Bosh direktori Odri Azule Oʻzbekistonning faol diplomatiyasi va madaniy merosni asrab-avaylashdagi tashabbuslarini yuqori baholadi.

Shu bois, ushbu anjuman “Samarqand ruhi”ni insoniyat taraqqiyotining yangi mezoni etib belgilab berdi, desak, mubolagʻa boʻlmas. Chunki Shavkat Mirziyoyevning nutqi, koʻpchilik OAV vakillari taʼkidlaganidek, oʻz mazmun­mohiyatiga koʻra, manifest darajasidagi hujjat boʻldi. Aslida davlatimiz rahbari XXI asr uchun yangi gumanistik yoʻl xaritasini taklif etdi. Shu maʼnoda, «Samarqand ruhi» faqat jugʻrofiy emas, balki maʼnaviy tasnifdir. U insonni ilm, madaniyat va axloqning markaziga qoʻyadi gan tamaddun tamoyilining yangi shakli sifatida muomalaga kirajak.

Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi raisi Xondker Muhammad Talha bejiz Alisher Navoiyning «bilim va hikmat insonning ziynatidir» degan misrasini tilga olmadi.

– Bu soʻzlar, – dedi u, – Oʻzbekiston Prezidentining yoʻlini – taʼlim, fan va merosga, jamiyatga xizmat qilish va umumiy farovonlikka bagʻishlangan yoʻlni juda yaxshi aks ettiradi.

Shu iboraning oʻzi har qanday xulosadan avlodir.

Anvar BOBOYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: “Oila va tabiat” gazetasi 2025-yil 6 noyabr, №44(702)

Check Also

Hamkorlik tendensiyasi kuchaymoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Indoneziyadagi  Qurʼon ilmlari instituti (Institut Ilmu Al-Qurʻan (IIQ Jakarta) bilan …