Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Jaholatga qarshi — ma’rifat” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini kuchaytirish, turli zararli g‘oyalar va axborot tahdidlariga nisbatan mafkuraviy immunitetni yanada mustahkamlashga qaratildi.

Anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari J.Jumayev va A.Mamadaliyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Din ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi X.Nezamatov, shuningdek, Muhammad Ibn Ahmad Beruniy nomidagi Nukus o‘rta-maxsus islom bilim yurti direktorining o‘rinbosari Q.Mambetov yoshlarning ongi va dunyoqarashini sog‘lomlashtirishda ma’rifat, ochiq fikr va tanqidiy tafakkurning o‘rni beqiyos ekaniga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ma’ruzalarda diniy ekstremizm va missionerlikning xavfli oqibatlari, global axborot muhitida yoshlar ongini himoya qilish, vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirish masalalari yoritildi. Talabalarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan noto‘g‘ri ma’lumotlarni tanqidiy baholash, axborot manbalarini to‘g‘ri saralash va faol fuqarolik pozisiyasini shakllantirishga oid savollariga javob berildi.
Uchrashuv yakunida ma’rifatli jamiyat barqaror taraqqiyotning asosiy omili ekani, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimli ravishda davom ettirilishi zarurligi ta’kidlandi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






