Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun xalqaro press-tur tashkil etildi. Unda Tojikiston, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Eron, Xitoy, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlardan kelgan jurnalistlar, shuningdek, “Euronews” va “BBC” axborot agentliklari vakillari qatnashdi.

Tadbir davomida mehmonlar Markaz muzey ekspozisiyasi bilan tanishib, kutubxona faoliyati, noyob qo‘lyozmalarni raqamlashtirish, ochiq ilmiy muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda tadqiqotchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot oldi. Markaz faoliyati va maqsadlarini yorituvchi maxsus videorolik ham namoyish etildi.

Xorijiy jurnalistlar Markazda ilm, ma’rifat va tarix uyg‘unlashgan ilmiy muhit yaratilganini ta’kidlab, ayniqsa, Imom Buxoriy va ulug‘ allomalar merosini zamon talablariga mos ilmiy yondashuv asosida o‘rganish hamda tizimli ravishda targ‘ib etish yo‘lga qo‘yilganini muhim va dolzarb qadam sifatida baholadi.
Press-tur natijasida Markazning xalqaro media bilan ochiq muloqot formati yanada mustahkamlandi, dunyo jamoatchiligiga O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot maktablari, tarixiy merosni asrash va o‘rganish jarayonlari haqida manzilli va ishonchli axborot yetkazildi.

Shu tariqa, mazkur xalqaro tadbir nafaqat axborot almashinuvi platformasi, balki O‘zbekistonning ilmiy va ma’naviy merosini targ‘ib etishda muhim PR tadbir sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz







