Home / MAQOLALAR / OʻZBEKISTON IJTIMOIY-SIYOSIY TARAQQIYOTINING YANGI BOSQICHIDA DINIY BAGʻRIKENGLIKNI TAʼMINLASH MASALALARI

OʻZBEKISTON IJTIMOIY-SIYOSIY TARAQQIYOTINING YANGI BOSQICHIDA DINIY BAGʻRIKENGLIKNI TAʼMINLASH MASALALARI

Bagʻrikenglik – jamiyat va davlat hayotining ajralmas bir qismi boʻlib, inson va uning taraqqiyoti tarixida muhim rol oʻynaydi. Shu oʻrinda bagʻrikenglik – faqatgina nazariy tushuncha boʻlmay, u eng avvalo, maʼlum madaniyat va sivilizatsiyaning muhim elementi ham hisoblanishi alohida taʼkidlanadi. Agarda madaniyat tushunchasini u yoki bu jamiyatning tarixan shakllangan qadriyatlari, anʼana va normalarining yigʻindisi deb tushunadigan boʻlsak, uning fundamental asosini tolerantlik (bagʻrikenglik) tashkil etishiga guvoh boʻlishimiz mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017- yil 19-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida: “Bugungi sessiya ishtirokchilariga BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qilmoqchiman. Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashishdan iborat. Ushbu rezolyutsiya bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan” [6], deb taʼkidladi.

Ushbu mavzuning nazariy jihatlarini ochib berishda, gʻarb va sharq olimlarining qarashlari va yondashuvlarini oʻrganish va tahlil qilish muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Bugungi kunda tolerantlik tushunchasini ijtimoiy, siyosiy-falsafiy, diniy, tarixiy va zamonaviy fanlar kesimida tadqiq etayotgan chet el tadqiqotchilari jumlasiga L.V.Bayeva, L.K.Mullagaliva, M.T.Majid, N.S.Menshikova va boshqalarning ilmiy izlanishlarini kiritish mumkin. Shuningdek, mahalliy olimlardan R.X.Murtazayeva, M.S.Xajiyeva, D.Ernazarov, O.Musayev, U.R.Qushayev va boshqalar ham mazkur mavzuda ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirgan.

Shu bilan birga, tolerantlik tamoyilining siyosiy-huquqiy asoslarini oʻrganish va tahlil qilishda BMT tomonidan qabul qilingan xalqaro huquqiy hujjatlar, xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948-yil), Tolerantlik tamoyillari deklaratsiyasi (1995-yil) va boshqalarni tahlil qilish muhim ahamiyatga ega.

Ushbu mavzuni tahlil qilishda umumilmiy uslublar (analiz, sintez, induksiya, deduksiya va boshqalar), normativ-huquqiy tahlil (xalqaro huquqiy hujjatlar tahlili), taqqoslash usuli (turli xil siyosiy-huquqiy mexanizmlarni solishtirish va samaradorligini aniqlash) va tizimli tahlil uslublaridan foydalanilgan. Shuningdek, tarixiylik, xolislik va izchillik tamoyillariga tayanilgan.

Bagʻrikenglik kategoriyasi turli kontekstlarda qoʻllanilishiga qaramay, haligacha uning toʻliq mazmuni mavhumligicha qolmoqda. Zamonaviy paradigmada tolerantlik demokratik qadriyat va axloq kodeksi sifatida koʻrsatilmoqda. Diniy nuqtayi nazardan tolerantlik bu – boshqalarning eʼtiqodiga nisbatan bagʻrikeng va hurmat bilan munosabatda boʻlish va asosiy eʼtibor dogmatizmga qaratiladi. Siyosiy kontekstda esa asosiy eʼtibor boshqalarning nimaga ishonishi yoki oʻylashiga emas, balki odamlar nima qilayotganidan iborat [3:49].

Bagʻrikenglikning birinchi tarixiy-siyosiy shakli diniy bagʻrikenglik boʻlib, uning tamoyili Vestfaliya shartnomasida (1648-yil) bayon qilingan. Bu shartnoma butun Germaniya boʻylab lyuteranlar, kalvinistlar va katoliklar huquqlarini tenglashtirish maʼnosida dinlarning tengligi uchun asos yaratdi [2:10].

Tolerantlik kategoriyasini nazariy va amaliy qoʻllashda 1995-yil 16-noyabrda Parijda YUNESKO Bosh Konferensiyasining 28-sessiyasida eʼlon qilingan “Tolerantlik tamoyillari deklaratsiyasi”da berilgan taʼrifga tayanilmoqda. Ushbu hujjatda tolerantlikka quyidagicha taʼrif berilgan:

Tolerantlik – bizning dunyomizdagi turli boy madaniyatlarni, oʻzini ifodalashning va insonning alohidaligini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va toʻgʻri tushunishni anglatadi. Uni bilim, samimiyat, ochiq muloqot, hurfikr, vijdon va eʼtiqod vujudga keltiradi.

Tolerantlikni namoyon qilish inson huquqlariga ehtirom bilan hamohang, u ijtimoiy adolatsizlikka nisbatan sabr-toqatli munosabatda boʻlishni, oʻz imon-eʼtiqodidan voz kechish yoxud boshqalarning eʼtiqodiga yon berishni anglatmaydi. U shuni anglatadiki, har kim oʻz eʼtiqodiga amal qilishda erkindir va har kim bu huquqqa boshqalar ham ega ekanini tan olmogʻi lozim. U yana shuni anglatadiki, odamlar oʻz tabiatiga koʻra, tashqi koʻrinishi, qiyofasi, oʻzini tutishi, nutqi, xulqi va qadriyatlari jihatidan farqlanishi eʼtirofga loyiqligi barobarida, ular dunyoda yashashga va oʻzining ana shu individualligini saqlab qolishga haqlidirlar. U yana shuni anglatadiki, bir kishining qarashlari boshqalarga majburan singdirilishi mumkin emas [8].

Har bir mamlakat taraqqiyoti unda barqaror, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik va yaxshi qoʻshnichilik muhitining saqlanishiga uzviy bogʻliq. Shu bois Oʻzbekistonda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va dinidan qatʼi nazar teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida diqqat markazida boʻlib kelmoqda.

Yangi Oʻzbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir [1:4].

Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi va rahbarligida qabul qilingan hamda izchil amalga oshirilayotgan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab berdi. Mazkur davlat dasturida Oʻzbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish, dunyoning ilgʻor demokratik davlatlari qatoridan joy olishi va jahon maydonida munosib oʻrin egallashi asosiy maqsad etib belgilandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish va mamlakatimizda yangi islohotlarni boshlab berish borasida: “Bizning vazifamiz – toʻplangan tajriba va ilgʻor xalqaro amaliyotga suyangan holda, oʻzimizning taraqqiyot va yangilanish modelini qatʼiy amalga oshirishdan iborat”[7], deb taʼkidlagan edi.

Harakatlar strategiyasining beshinchi yoʻnalishi “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar” deb nomlangan boʻlib, mazkur yoʻnalish 2 ta bandni oʻz ichiga oladi [4:10].

Mazkur ustuvor yoʻnalish asosida diniy ekstremizm va missionerlik faoliyatiga qarshi kurashish, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Shuningdek, 2017-yil 19-maydagi PF-5046-son “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi [9] Farmoni, 2018-yil 4-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi din va eʼtiqod erkinligini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” [5] va 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi [12] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari qabul qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 16-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzuridagi Konfessiya ishlari boʻyicha kengashning yangi tarkibi tasdiqlandi. Kengash tarkibi 9 nafardan 17 nafar aʼzoga – Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar vakillari hisobiga kengaydi [11].

Muhim jihati shundaki, kengash aʼzoligiga aʼzolari oz sonli diniy tashkilotlar rahbarlari ham kiritildi. Jamoatchilik maslahatlashuv organi hisoblangan mazkur kengashning asosiy maqsadi Oʻzbekistondagi mavjud diniy-ijtimoiy jarayonlarni muhokama qilish va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Mamlakatimiz hududida yashayotgan millatlar urf-odati hamda islom dinining madaniy va sivilizatsion merosi, maʼnaviy-falsafiy ahamiyatini chuqur oʻrganish boʻyicha ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – fundamental ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida diniy bagʻrikenglik, millatlararo munosabatlarning tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganish hamda uni bugungi kun sharoitida rivojlantirishdan iborat. Bu borada Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro tadqiqot markazlari tashkil etildi. Shu bilan birga, tegishli oliy taʼlim muassasalarida sifatli diniy taʼlim olish imkoniyati kengaymoqda. Oʻrta, oliy diniy taʼlim, magistratura, boshlangʻich doktorantura va doktoranturani oʻz ichiga olgan diniy taʼlimning besh bosqichli tizimi shakllantirildi. Islomiy taʼlim muassasalariga talabalarni qabul qilish kvotasi ikki baravar oshirildi. Shuningdek, Toshkent pravoslav seminariyasi va Toshkent xristian seminariyasi oʻquv dargohlari ham oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

Millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatida muhim oʻrin egallay boshladi. Hukumat xalqaro tashkilotlar hamda ushbu sohadagi mutaxassislar bilan konstruktiv muloqot va hamkorlik oʻrnatishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zeyd Raad Al-Huseyn hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar boʻyicha Oliy komissari Lamberto Zaniyerning mamlakatimizga tashrifi chogʻida mazkur sohada olib borilayotgan islohotlar muhokama qilindi va xalqaro mutaxassislar tomonidan bu boradagi oʻzgarishlarga yuqori baho berildi. Eʼtiborli jihati, 2017-yilda mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bora mamlakatimizga BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining din va eʼtiqod erkinligi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shahid tashrif buyurdi. Uning tavsiyalari asosida 2018-yil 4-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi din va eʼtiqod erkinligini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqladi.

Umuman olganda, Oʻzbekistonning millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash borasidagi faoliyati xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda hamda mamlakat tajribasiga katta qiziqish bildirilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 19-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka koʻmaklashishga qaratilgan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishning taklif etilishi va mazkur hujjatning 2018-yil 12-dekabrda qabul qilinishi buning yorqin misoli boʻla oladi.

Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik toʻgʻrisidagi rezolyutsiyaning BMTga aʼzo davlatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilinishi shuni anglatadiki, 51 ta davlat Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan konstruktiv taklif, yaʼni dunyodagi mavjud barcha dinlarga nisbatan maʼnaviy bagʻrikenglik madaniyatini kuchaytirishga doir gʻoyani qoʻllab-quvvatladilar. Chunki ushbu rezolyutsiya bagʻrikenglik bilan birga madaniy va diniy bilimlarni kuchaytirish tamoyilini ham olgʻa surgan holda global tinchlik va farovonlik uchun muhim ustuvor yoʻnalish sifatida xizmat qiladi. Ushbu rezolyutsiya nafaqat BMTga aʼzo davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlangani, balki Shimoliy Amerika va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qitʼalarning 50 dan ziyod mamlakatlari bilan hammualliflikda qabul qilingani eʼtiborga molik. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusining dolzarbligi va oʻz vaqtida ilgari surilgan taklif ekanining yuksak eʼtirofidir.

Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash boʻyicha olib borilgan islohotlar doirasida erishilgan muhim natijalardan yana biri sifatida 2018-yilda Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat departamenti Oʻzbekistonni diniy erkinlik borasida “alohida tashvish uygʻotuvchi mamlakatlar” roʻyxatidan chiqarganini koʻrsatish mumkin. Eʼtiborli jihati shundaki, 2020-yil 13-oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida boʻlib oʻtgan saylovlarda Oʻzbekiston milliy davlatchiligi tarixida birinchi marotaba BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga uch yil muddatga (2021-2023-yillarga) saylandi. Oʻzbekiston uchun BMTga aʼzo 193 ta davlatdan 169 tasi ovoz berdi. Ushbu saylovda eng koʻp ovoz toʻplagan davlat Oʻzbekiston boʻldi. Bu ham mamlakatda millati va dinidan qatʼi nazar inson huquqlarini taʼminlashga qaratilgan, shu jumladan, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik sohasida olib borilayotgan siyosatning eʼtirofi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bundan tashqari, xalqaro meʼyorlar asosida qayta ishlangan va 2021-yil 5-iyulda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi [10] Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhim ahamiyatga egadir. Bularning barchasi Oʻzbekistonning xalqaro munosabatlarda ishonchli va masʼuliyatli subyekt sifatidagi roli mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Oʻzbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash sohasida ijobiy va oʻzaro hurmatga asoslangan muhitni mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida millatlararo va dinlararo munosabatlarning yangi modeli yaratildi. Yangi modelning oʻziga xosligi shundaki, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikka tahdid soluvchi turli xavflarga, jumladan, axborot koʻrinishdagi kiberxavflarga qarshi kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga qamrab oladi. Shuningdek, mazkur model turli millat va din vakillari oʻrtasidagi millatlararo va dinlararo muloqot, konstruktiv yondashuv va barcha fuqarolarning qonun oldida tengligiga asoslanadi. Shu bilan birga, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda millatlararo munosabatlar va diniy bagʻrikenglik sohasida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar mamlakatda ushbu sohalarda yangicha yondashuv va strategik maqsadni birlashtirgan tizim shakllanishiga xizmat qildi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Mirziyoyev Sh.M. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi. –T.: Oʻzbekiston, 2022.
  2. Mуллагалиева Л.К. Язык толерантности. Доктор педагогических наук. Монографии. – Уфа, 2012.
  3. Tomas Saulius. What is “tolerance” and “tolerance education”? philosophical perspectives. // Ugdymas kuno cultura sportas Nr. № 2(89). – Litva, 2013.
  4. Harakatlar strategiyasi asosida jadal taraqqiyot va yangilanish sari. –T.: Gʻafur Gʻulom, 2017.
Maftuna RAJABOVA,
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti tayanch doktoranti

Check Also

“YETTI QOZI” FENOMENINING MOHIYATI VA ISLOM OLAMIDAGI NUFUZI

Koʻpchilik xalqlarda yetti soni xosiyatli raqam hisoblanadi. Bu anʼana muayyan ilohiy mantiqqa ham asoslangan. Masalan, …