Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining olimlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Delegatsiya aʼzolari bilan oʻtkazilgan davra suhbatida Markaz direktori Shovosil Ziyodov ilm-fan sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qoʻshma ilmiy izlanishlar olib borish va yosh tadqiqotchilar uchun malaka oshirish kurslari etish maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.
Tatariston delegatsiyasi rahbari, pedagog va tarixchi olim Rashid Amishev samimiy qabul uchun minnatdorlik sifatida Markazga oʻzining “Татарский богослов Нургали Хасанов” (“Tatar ilohiyotshunosi Nurgali Hasanov”) nomli kitobini tuhfa qildi. Ushbu asarda ikki xalqning ilmiy va maʼnaviy merosidagi uygʻun va mushtarak jihatlar ham mujassam ekanini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Direktorning Bosh maslahatchisi B.Toʻrayev delegatsiya aʼzolarini Markazning ilmiy-tadqiqot, nashr va maʼrifat yoʻnalishlaridagi faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Shuningdek, xalqaro hamkorlik dasturlari, qoʻlyozmalarni raqamlashtirish va elektron baza yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Markaz direktorining oʻrinbosari O.Muhammadiyev nashr etilgan ilmiy toʻplamlar, monografiyalar va tadqiqotlar haqida soʻzlab berdi va mehmonlarga ilmiy adabiyotlardan namunalar taqdim etdi.
Tadbir doʻstona va ilmiy ruhda oʻtdi. Ikki tomon ham kelgusida ilmiy tadqiqotlar, manbalar almashuvi va qoʻshma tadbirlarni tashkil etish boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.
Shundan soʻng mehmonlar muzey faoliyati, Imom Buxoriyning hayot yoʻli va ilmiy merosi, Markaz fondida saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalarga oid eksponatlar bilan tanishdi.