Home / FOTO LAVHALAR / Imom Termiziy dahosi va Markaziy Osiyoda islom tarixiga oid yangi ilmiy manba taqdimoti

Imom Termiziy dahosi va Markaziy Osiyoda islom tarixiga oid yangi ilmiy manba taqdimoti

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Pokiston va AQSHda faoliyat olib borayotgan tarixchi va tadqiqotchi Muhammad Ayubning “Imom Termiziy: Oʻrta Osiyo tarixi boʻylab sayohat – oʻtmishdan hozirgacha” nomli kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda Markaz xodimlari, Hadis ilmi maktabi ustoz va talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Taqdimot jarayonida kitobning yozilish tarixi, mazmun-mohiyati va ilmiy ahamiyati haqida fikrlar bildirildi. Asar 2024-yil oktyabr oyida AQSHning San-Xose shahridagi Verse Vista nashriyotida chop etilgan boʻlib, unda buyuk muhaddis Imom Termiziyning hayoti, ilmiy merosi va alloma faoliyat yuritgan tarixiy muhit keng yoritilgan.

Kitobda nafaqat Imom Termiziyning hayoti va faoliyati, balki Markaziy Osiyoda islom taraqqiyoti, Rossiya imperiyasi va shoʻro davrlaridagi diniy hayot, musulmonlarga qarshi zulmlar, mustaqillik davridagi tiklanish jarayonlari ham keng qamrab olingan.

Asarning ilmiy qiymatini oshiradigan jihatlari shuki, u ishonchli va boy manbalarga tayangan holda, xolis tadqiqot uslubida yozilgan. 9 bobdan iborat kitobda 8 ta xarita, 74 ta surat, 200 dan ortiq manba nomi keltirilgan. Har bir bob oxirida batafsil izohlar berilgan.

Muhammad Ayub 2015, 2017 va 2023 yillarda Termiz, Samarqand va boshqa tarixiy shaharlarimizda boʻlib, tadqiqot olib borgan.

Tadbir ishtirokchilari kitobning tarixiy va maʼnaviy qiymatini yuqori baholab, uni nafaqat ilmiy jamoa, balki yosh tadqiqotchilar uchun ham muhim manba sifatida eʼtirof etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Qoʻlyozmadagi hayot: Ilm, meros va anʼanalar muhokamasi boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 14-oktyabr kuni “Qoʻlyozma manbalar madaniyati” III xalqaro simpoziumi va uning …