8-oktyabr kuni Qozogʻiston Respublikasining Olmaota shahridagi Nur-Muborak Misr-Islom madaniyati universitetida “Raqamli makonda islom: gʻoyalar, platformalar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasining 35 yilligiga bagʻishlangan anjumanda Oʻzbekiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlardan ilmiy va diniy soha vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov onlayn qatnashib, “Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asarini raqamlashtirish jarayonlari” mavzusida maʼruza qildi. Olim buyuk muhaddis merosini raqamli formatda tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, Markazning bu boradagi tashabbuslari va istiqboldagi loyihalari haqida soʻz yuritdi.
Jumladan, Markaz fondida 1650 dan ziyod qoʻlyozma va toshbosma manbalar, tarixiy hujjatlar saqlanayotgani, ular orasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhonuddin Margʻinoniy, Alisher Navoiy kabi alloma va mutafakkirlar asarlari mavjudligi taʼkidlandi.
Shuningdek, 41 mamlakatdagi 256 kutubxona fondida Imom Buxoriy asarlarining 3300 dan ortiq qoʻlyozma nusxasi aniqlanib, ularning elektron reyestri tuzilgani, “Al-Jomiʼ as-sahih” asarining 3275 dan ziyod elektron nusxasi toʻplangani, 900 ga yaqin qoʻlyozmaning annotatsiyasi tayyorlangani maʼlum qilindi.
Professor Ziyodov oʻz maʼruzasida “Imom Buxoriy merosi nafaqat islom ilmi, balki butun insoniyat sivilizatsiyasi uchun beqiyos maʼnaviy xazina boʻlib, uni raqamli formatda saqlash va ilmiy muomalaga kiritish kelajak avlod oldidagi masʼuliyatimiz” ekanini taʼkidladi.
Anjumanda raqamli islom taʼlimi, sunʼiy intellekt va diniy merosni elektron muhitda tadqiq etish boʻyicha fikr-mulohazalar almashildi. Ishtirokchilar bu yoʻnalishdagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdi.