Indoneziyaning nufuzli nashri – “Kalimantan Post” internet gazetasida 2025 yil oktyabr oyida bosh muharrir Eka Shanti Rofi xonimning “IBISRC Gelar Kolaborasi Kelas Dunia, Termasuk Indonesia” (“Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xalqaro hamkorlik dasturlarini amalga oshirmoqda, Indoneziya ham qo‘shildi”) sarlavhali maqolasi chop etildi.
Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi (IBISRC) faoliyati, uning jahon darajasidagi ilmiy hamkorlik yo‘nalishlari, xususan, Indoneziyadagi turdosh muassasalar bilan bilan o‘rnatayotgan aloqalari haqida so‘z boradi.
Maqolada Samarqand “tarixiy shahar, ilm va ma’rifat yuragi” sifatida ta’riflanib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi esa “turli mamlakat olimlarini birlashtiruvchi ma’naviy maskan” deb e’tirof etilgan. Muallif ta’kidlaganidek, Markaz so‘nggi yillarda xalqaro ilmiy muloqot va madaniyatlararo hamkorlikning yetakchi platformasiga aylanmoqda.

Materialda ayni kunlarda Markaz tomonidan o‘tkazilayotgan yirik tadqiqot va ilmiy anjumanlar, shu jumladan, Yevropa, Osiyo va musulmon dunyosi olimlarini qamrab olgan hamkorlik loyihalari, oktyabr oyi boshida “Din va ko‘p tillilik: Yevropa va Osiyo jamiyatlarida Qur’on va islomiy adabiyotlarning yoyilishi” mavzusida tashkil etilgan xalqaro anjuman haqida fikr yuritilgan. Markaz rahbari, professor Shovosil Ziyodovning anjumandagi nutqidan quyidagi iqtibos keltirilib, “Samarqand ilm va ma’rifat nurini yoygan qadimiy shahar sifatida bugun yana sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot go‘shasiga aylanmoqda” degan tashbeh bilan fikr yanada mustahkamlangan.
Ta’kidlanganidek, Markazning “dunyo darajasidagi hamkorlik” tashabbuslari orasida Indoneziya ilm ahli ham faol ishtirok etmoqda.
Bu maqola Indoneziyaning yirik nashrida chop etilgani nafaqat ilmiy voqelikning xalqaro miqyosda tan olinganini anglatadi, balki O‘zbekistonning islom ma’rifati, madaniyati va bag‘rikenglik an’analarini dunyo jamoatchiligiga yetkazishdagi yutuqlarini namoyon ham etadi.
Mazkur maqola “Kalimantan Post” gazetasida ham “Transformasi Al-Qur’an dari Abad ke-15” (“Qur’onning XV asrdan keyingi transformatsiyasi”) nomi bilan nashr etildi.
Manba: O‘zA