Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va mazkur oliy taʼlim dargohining institut professor-oʻqituvchi va talabalari ishtirokida “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida “Islom – goʻzal odob va oliy xulqlar manbai” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishni institut rahbariyati ochib, yoshlarni maʼnaviy barkamollik sari yetaklash, diniy bagʻrikenglik va milliy anʼanalar ruhida tarbiyalash – bugungi kunda jamiyat maʼnaviy taraqqiyotining muhim omili ekanini taʼkidladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari islom dinining asl mohiyati – goʻzal xulq, mehr-shafqat, insonparvarlik, tinchlik va bagʻrikenglikka asoslanganini taʼkidlab, jaholat va ekstremizm gʻoyalariga qarshi maʼrifat bilan kurashishning ahamiyati haqida soʻz yuritdi.
Tadbir ishtirokchilariga ulugʻ mutafakkirlarimizning insonparvarlikka, ilmu maʼrifatga chorlovchi taʼlimotlari haqida maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, yoshlarning diniy-maʼrifiy bilimlarini oshirish, ularni sof aqidalar asosida tarbiyalashga qaratilgan qator amaliy tavsiyalar bildirildi.
Tadbir soʻngida ishtirokchilar maʼrifat va axloqparvarlik yoʻnalishidagi bunday uchrashuvlarning ahamiyati katta ekanini taʼkidlab, bu kabi tashabbuslar yoshlarni sogʻlom dunyoqarashli, maʼnaviy yetuk shaxslar qilib voyaga yetkazishga xizmat qilishini qayd etdi.