Samarqand davlat universiteti hamda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Samarqand arxeologiya instituti, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamkorligida 4-5-oktyabr kunlari Samarqand shahrida “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosi doirasida buyuk mutakallim, islom aqidaviy fikrining yirik namoyandasi Imom Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosini chuqur oʻrganish, uning taʼlimotini zamonaviy sharoitda maʼnaviy barqarorlik va bagʻrikenglik gʻoyalarini mustahkamlashdagi ahamiyatini yoritishdan iboratdir.
Konferensiyaning ochilish qismida mamlakatimizda islomshunoslik va kalomshunoslik sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, Moturidiylik taʼlimotini ilmiy jihatdan tadqiq etish va uning gʻoyalarini yosh avlod ongiga yetkazish borasidagi tashabbuslar haqida soʻz yuritildi.
Anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov “Moturidiy kalom maktabi tarixini oʻrganishda Chokardiza qayroq toshlarining oʻrni” mavzusida maʼruza bilan ishtirok etdi. Olim Samarqand viloyatidagi Chokardiza qabristonida topilgan yodgorliklar Moturidiylik maktabi tarixi va islom aqidaviy fikrining ilk bosqichlarini tadqiq etishda oʻziga xos manba boʻlib xizmat qilayotganini har tomonlama yoritib berdi.
Konferensiya doirasida mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlaridan kelgan olimlar, tadqiqotchilar va yosh izlanuvchilar ishtirokida bir necha yoʻnalishdagi seksiyalar tashkil qilindi. Ularda Moturidiylik taʼlimotining ilmiy-falsafiy jihatlari, maʼnaviyatni yuksaltirish va diniy-mafkuraviy barqarorlikdagi ahamiyati, uning globallashuv sharoitidagi talqinlari yuzasidan ilmiy fikr almashuvlari boʻlib oʻtdi.
Tadbir ishtirokchilari Imom Moturidiy maqbarasini ziyorat qildi. Bu yerda tashkil etilgan davra suhbatida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot ilmiy xodimi Mehrojiddin Amonov Chokardiza qabristonining tarixi haqida maʼruza qildi. Tadqiqotchi mazkur hududda olib borilayotgan arxeologik izlanishlar va topilmalarning ilmiy ahamiyatiga toʻxtalib, Chokardiza qabristonidagi tadqiqotlarning ilmiy-maʼnaviy ahamiyati haqida soʻzladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Moturidiylik taʼlimotining zamonaviy jamiyat maʼnaviyatini yanada mustahkamlashdagi oʻrnini qayd etib, ushbu konferensiya islom aqidaviy ilmining ilmiy va amaliy yoʻnalishlarini rivojlantirishda muhim qadam boʻlganini taʼkidladi.
Tadbirda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi nashr etgan asarlar taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, konferensiya doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Imom Moturidiy ilmiy merosiga bagʻishlab oliy taʼlim muassasalari talabalari ishtirokida oʻtkazilgan tanlov gʻoliblari taqdirlandi.