Home / FOTO LAVHALAR / Yoshlarga ibrat, ustozlarga ehtirom: Markaz bayramlar ogʻushida

Yoshlarga ibrat, ustozlarga ehtirom: Markaz bayramlar ogʻushida

30-sentyabr kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Ustoz – hayot yoʻlini yoritguvchi mayoq” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Anjumanda ustoz va murabbiylarning jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos xizmatlari, maʼnaviyat va maʼrifat ravnaqidagi ulkan oʻrni, kelajakni belgilashdagi inkor etib boʻlmas yuksak ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, yosh avlodni ilmga, ezgulik va maʼnaviy yuksalishga daʼvat etishda ustoz va murabbiylarning burch va masʼuliyati alohida taʼkidlandi.

Markaz rahbariyati jamoaning ustozlik sharafiga munosib aʼzolarini bayram bilan samimiy tabriklab, ularning fidokorona xizmatlarini yuksak baholadi. Taʼlim-tarbiya sohasidagi saʼy-harakatlar kelajak avlodni barkamol shaxs etib voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida eʼtirof etildi.

Tadbir doirasida Markaz katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Umarovning “Buyuklik siri. Imom Buxoriyning ibratli hayoti” nomli kitobi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

Muallif kitob tarixiy faktlarga asoslangani, alloma hayoti va merosini yoritishda ilmiy manbalar va ishonchli rivoyatlarga tayanilganini taʼkidladi. Unda Imom Buxoriyning ibratli hayoti, yuksak odobi, mukammal taqvosi va insoniy fazilatlari haqida qiziqarli lavhalar keltirilgani qayd etildi.

Asarda Ibn Hajar Asqaloniyga oid quyidagi fikrga alohida oʻrin berilgani ham diqqatga sazovor:

“Imom Buxoriy haqida bildirilgan fikrlar va aytilgan barcha maqtovlar keltirilsa, ularni yozishga varaq yetmay, yozilganlarni oʻqib chiqishga inson bardosh qilolmaydi. Imom Buxoriy sohilsiz dengizdir”.

Muqaddimada yurtimizdan yetishib chiqqan ulugʻ allomalar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy va boshqa mutafakkirlarning xizmatlari haqida soʻz yuritilgan. Ayni paytda Imom Buxoriyning ilm yoʻlidagi jasorati, “Sahihul Buxoriy” asarini yaratishdagi ulkan mehnati keng yoritilgan, alloma buyukligining sirlari ochib berilgan. Shuningdek, Imom Buxoriy merosini oʻrganishning bugungi maʼnaviy-maʼrifiy hayotdagi ahamiyati, yoshlarni turli buzgʻunchi gʻoyalardan asrashda tutgan oʻrni ham alohida tilga olingan.

Kitob xalqchil uslubda yozilgani, qiziqarli mavzularga koʻra tartiblangani bilan oʻquvchini oʻziga tortadi va koʻpchilik uchun oʻziga xos maʼnaviy dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Imom Buxoriyning ulkan merosi – maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotimizning mustahkam asoslaridan boʻlib, ulugʻ ajdodlarimizning ilmiy anʼanalarini davom ettirish va yoshlarimizni maʼrifatparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim manba sifatida xizmat qilaveradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ozod Mo‘min: “Mo‘’jiza inson – Hazrat Imom Buxoriy”

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob Olim, taniqli yozuvchi Ozod Mo‘minning “Mo‘’jiza inson – Hazrat …