Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Germaniyaning nufuzli taʼlim dargohi – Lyudvig Maksimilian nomidagi Myunxen universitetining tarixchi olim va talabalari tashrif buyurdi.
Professor Hojisolixoʻgʻli Mehmet boshchiligidagi mehmonlar Markaz faoliyati, xususan, muzey bilan yaqindan tanishib, allomalar merosini oʻrganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va ushbu boy maʼnaviy merosni targʻib etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni eʼtirof etdi.
Samimiy muloqot jarayonida ikki tomonlama ilmiy yondashuvlar tahlil qilindi, tajriba almashildi va istiqboldagi hamkorlik masalalari keng muhokama etildi. Tomonlar oʻzaro tanishib, tarixiy merosni oʻrganish va uni xalqaro miqyosda keng targʻib etishga doir qoʻshma loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyatlari haqida fikr almashdi.
Bu tashrif Imom Buxoriy merosiga hech soʻnmagan xalqaro qiziqish bugun yanada ortib borayotganining yana bir yorqin namunasi boʻldi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning ilmiy salohiyati va maʼnaviy merosini jahon hamjamiyatiga yetkazishdagi saʼy-harakatlar xalqaro ilmiy-akademik doiralar tomonidan yuqori baholanayotganini koʻrsatdi.