Jahonda boʻlayotgan kashfiyotlarning barchasi inson omiliga xizmat qilib kelmoqda. Bu esa, insoniyatning turmush tarzini har tomonlama yaxshilanib borishiga zamin yaratmoqda. Har bir davrda insonga xizmat qiladigan vositalar boʻlgan. Misol uchun avvallari odamlar uzoq safarga chiqayotganda ot, eshak va tuyalardan foydalangan holda manziliga uzoq vaqt oraligʻida noqulay ob-havo, turli qiyinchiliklar bilan yetib borgan. Vaqt oʻtishi bilan insoniyat bunday uzoq safarlarni avtomobil, poyezd, samolyot, kemalar va shunga oʻxshash texnika vositalari yordamida tez fursatda bosib oʻtmoqda. Hatto, koinotni oʻrganish uchun kosmik raketalar uchmoqda. Buning natijasida osmon jismlari, sayyoralar ustida ilmiy-tadqiqot olib borilmoqda. Bu jarayonda unga xizmat qilayotgan zamonaviy texnika va texnologiyalarning oʻrni beqiyosdir.
Bugungi zamonaviy texnik kashfiyotlar haqida islom manbalari boʻlgan Qurʼoni karim va hadislarda bir qancha maʼlumotlar keltirilganini koʻrishimiz mumkin. Bu borada Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Qurʼoni karim va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi” va “Tafsiri Hilol” kitoblarida ham tahliliy maʼlumotlar keltirilgan.
Maqolani yozishda vorisiylik, xolislik, izchillik, qiyosiy tahlil, taqqoslash hamda dialektik ilmiy bilish usullari, tarixiylik va mantiqiylik tamoyillaridan foydalanilgan.
Hozirgi kunda jamiyatga xizmat qilayotgan zamonaviy texnika va texnologiyalar Qurʼoni karimda bayon etilganmi degan savol koʻpchilikni qiziqtirsa kerak. Bu borada Qurʼoni karimning bir qancha oyatlarida va Paygʻambarimiz (s.a.v) hadislarida maʼlumotlar keltirilgan. Ularning baʼzilariga toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiqdir. Xususan, Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur” (Nahl surasi, 8-oyat) [1:268]. Yaʼni Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Tafsiri Hilol”da ushbu oyat tafsirida shunday degan:
“Oʻsha paytlarda ulov – naqliyot (transport) vositasi sifatida tuyadan tashqari ushbu oyatda zikr qilingan ot, xachir va eshaklardan ham foydalanilar edi. Shu bilan birga, bu hayvonlar oʻz egasi uchun ziynat ham hisoblangan. Yaʼni ularni minib yurgan kishiga boshqalar havas bilan qarar edi. Mazkur ulovga ega boʻlish jamiyat ichida oʻziga yarasha obroʻ va ziynat sanalardi. Bular ham Allohning insonga yaratib bergan oʻziga xos neʼmatlaridir. Insof bilan tafakkur qilgan odam mazkur neʼmatlarni ato etgan Zotga shukr qilishi, Unga doim hamdu sanolar aytib, imon keltirib, ibodatga bel bogʻlashi lozim.
“…va siz bilmaydigan narsalarni yaratur”, deyilmoqda.
Yaʼni Alloh taolo kelajakda sizlar uchun tuya, ot, xachir va eshakdan boshqa siz bilmaydigan naqliyot (transport) vositalarini yaratadi. Darhaqiqat, shunday ham boʻldi. Ushbu oyat tushgan davrda mavjud boʻlmagan, havoda uchadigan, suvda suzadigan va yerda yuradigan koʻplab naqliyot vositalari vujudga keldi. Bu esa, oʻz navbatida, Qurʼoni karim mazkur (“va siz bilmaydigan narsalarni yaratur”) jumlasi bilan moʻmin-musulmonlarni kelajak yangiliklaridan xabardor qilayotganiga dalolatdir. Yangilari paydo boʻlganida avvalgi ulovlarni gʻarib sanamaslik kerak. Balki Qurʼonda zikr qilingan neʼmatlardan biri edi, deb ulardan toʻgʻri foydalanishga oʻtish lozim boʻladi” [2:311].
Nofeʼ ibn Abdulhorisdan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Keng maskan, solih qoʻshni va yaxshi markab kishining saodatidandir”, dedilar” [3:195].
Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlari “Al-adab al-mufrad”da rivoyat qilgan.
Bu hadisdan yaxshi markab (ulov) inson saodatiga omil boʻladigan eng muhim narsalardan biri ekanini bilib olamiz. Islomda hayotning barcha jabhalaridagi kabi, ulov va undan foydalanishga bogʻliq tartib-qoida va odob-axloq ham joriy etilgan. Avvallari ulov asosan tuya, ot, xachir, eshak kabi hayvonlardan iborat boʻlgan. Shuningdek, yelkanli kemalar ham boʻlgan. Vaqt oʻtishi bilan ulov turi koʻpayib, hayvonlar, gohida insonlar tortib yurgizadigan aravalar paydo boʻldi. Keyinroq esa, bugʻ va turli yonilgʻi quvvati bilan oʻzi yuradigan markablar ixtiro qilindi. Zamon oʻtishi bilan nafaqat yerda yuradigan, balki suvda suzadigan va osmonda uchadigan turli-tuman ulov turlari paydo boʻldi. Ammo bu markablar qanchalik koʻpayib, takomillashmasin, ularni inson boshqarishi shart [4:223].
Jahonning bugungi manzarasi tubdan oʻzgarmoqda. Uning texnik va texnologik imkoniyatlari kun sayin rivojlanib, sunʼiy intellekt barcha sohalarga tizimli ravishda joriy etilmoqda. Zamonaviy ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal taraqqiy etib borayotgan sharoitda rivojlangan mamlakatlarda davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, sanoat, ijtimoiy himoya, taʼlim, tibbiyot, bandlik, qishloq xoʻjaligi, mudofaa, xavfsizlik, turizm kabi muhim sohalarda zamonaviy axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt imkoniyatidan keng foydalanilmoqda.
Sunʼiy intellekt texnologiyalariga veb qidiruv tizimlari, tarjimon dasturlari, oʻzini-oʻzi boshqaradigan avtomobillar va hokazolarni keltirib oʻtish mumkin.
Sunʼiy intellektda tarjimon vositasi chet tilini tushunish va gaplashish imkonini beruvchi boʻlib, insonlar dunyo mamlakatlariga sayohat qilishni osonlashtirmoqda va turli millatli xalqlar oʻrtasida muloqot mexanizmlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Qalam bilan va satrlarga yozadigan narsalar bilan qasam”, deb marhamat qiladi (Qalam surasi, 1-oyat) [1:564]. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Tafsiri Hilol”da ushbu oyatning tafsirida shunday deydi:
“Qalam” surasi eng avval tushgan suralardan biridir. Oʻsha paytda Arabiston yarim orolida oʻqishni, yozishni, qalam tutishni biladigan odam deyarli yoʻq edi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oʻzlari ham oʻqib-yozgan, qoʻllarida qalam tutgan emas edilar. Lekin Qurʼonning dastlabki tushgan suralaridan birida oʻqish-yozish va ilm-maʼrifat boshlanmasa, qalam bilan qasam ichilishining oʻzi bir moʻjizadir. Bu hol Qurʼon ilm kitobi, islom ilm dini, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ilm Paygʻambari ekanining yorqin dalilidir. Lekin oyatda qasam faqat qalam bilan cheklanib qolgani yoʻq, balki Alloh taolo satrlarga yoziladigan narsalar bilan ham qasam ichgan. Mana, bizning zamonamizga kelib qalamdan boshqa yozuv qoʻllanmalari ham chiqdi. Masalan, yozuv mashinalari, bosmaxonalar, EHMlar va hokazolarni sanab oʻtishimiz mumkin [5:224-225].
Ushbu oyatning tasdigʻi oʻlaroq, Alloh taoloning bandalariga bildirgan ilmi orqali vujudga kelgan texnika vositalaridan kompyuter texnikasi, mobil aloqa vositalari, internet tarmogʻini keltirishimiz mumkin.
Bu buyuk texnogen kashfiyotlar barcha sohalarga jadallik bilan kirib keldi va insoniyat taraqqiyotida keskin oʻzgarishlarga sababchi boʻldi. Bugungi kunda zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan foydalanmaydigan deyarli biror soha qolmadi. Xususan, kompyuterda hisoblash, yozish, oʻqish, oʻrganish, gapirish, saqlash, chizish, qayta ishlash, saralash, musiqa yozish, axborot olish yoki uni uzatish, tahrirlash, audio va video yaratish, onlayn oʻqishlar, video anjuman oʻtkazish, ob-havo maʼlumotlarini aniqlash va hokazolarni kompyuter texnologiyalarisiz tasavvur qilish qiyin. Bu texnika va texnologiya vositalari, oʻz navbatida, inson hayotini yanada yaxshilashga va samarali mehnat qilishga asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Yana bir texnik vositalarimizdan telefon apparati boʻlib, insonlarning uzogʻini yaqin qilish va ular oʻrtasidagi mehr-oqibatni bogʻlovchi boʻlib qolmay, har bir inson sohasidan kelib chiqqan holda unumli foydalanish uskunasiga aylanib boʻldi. Ushbu zamonaviy aloqa vositasi shiddat bilan rivojlanib, televizor, radio, kitob va gazeta-jurnallar, ovoz yozgʻich, fotoapparat va boshqa juda ham koʻp imkoniyatlarni oʻzida jamlagan. Shu tufayli bu vosita bugun koʻpchilikning ajralmas doʻstiga aylanib ulgurdi.
Bunday texnik vositalar esa qisqa vaqt oraligʻida insonga zamonaviy ilm-fanni yetkazish va jamiyatda sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu esa, jamiyatimizning asosiy maqsadlaridan biridir.
Insonlar okean va dengizlar orqali oʻz manziliga borishda suv transport vositalardan biri boʻlgan kemalardan foydalanib kelmoqda. Ulkan sayohat kemalari 7000 ga yaqin yoʻlovchi bilan harakatlanib, kemaning oʻzida yoʻlovchilarga turli xizmat turlari koʻrsatilmoqda. Bu suvdagi transport vositasi jahon boʻylab turizm sohasini yanada jadal rivojlanishiga xizmat qilib kelmoqda.
Bugungi kunda dunyo boʻylab amalga oshirilayotgan savdo-sotiqda ham asosan kemalardan foydalanish arzon va qulay hisoblanmoqda. Kemalar yukni uzoq hududlarga olib borishi bilan qulay boʻlganini koʻrishimiz mumkin. Masalan, konteynerlar va suyultirilgan gazni bu vositalarda tashish juda qulay va arzondir. Chunki kemalar asosan xalqaro suv hududida harakatlanadi va hech kimga hech qanday boj toʻlamaydi. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, yirik kemalar soni 61 mingdan ziyod va ularni ishlab chiqarishda Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya kompaniyalari yetakchilik qilmoqda. 2023-yilda dunyo boʻylab kemalarda 12,4 mlrd tonna yuk tashilgan boʻlib, bu esa dunyo boʻylab yuklarning 32 foizini tashkil qiladi.
Hozirgi texnogen sivilizatsiya davrida, ilm-fan, zamonaviy texnika va texnologiyalar rivojlanishi natijasida jamiyatda misli koʻrilmagan oʻzgarish va yangiliklar roʻy bermoqdaki, bu jarayonlarni faqatgina Qurʼoni karimning moʻjizaviy oyati karimalari asosida tushunish mumkinligi eʼtirof etilmoqda. Shu oʻrinda Alloh taoloning kalomida kemaga oid bir qancha oyatlar kelganini keltirib oʻtish joiz. Jumladan, Alloh taolo Qurʼoni karimda: “U Zot barcha juftlarni yaratgan va sizga kemalar hamda chorva hayvonlaridan minadigan narsalaringizni qildi”, deb marhamat qiladi (Zuhruf surasi, 12-oyat) [1:490]. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Tafsiri Hilol”da ushbu oyatning tafsirida shunday deydi:
“Qadimgi zamonlardan beri odamlar ulov sifatida ushbu ikki xil naqliyot vositasidan foydalanib keladilar. Bu narsa Alloh taolo tomonidan berilgan ulkan neʼmat edi. Insofli, oʻzini bilgan inson oʻziga minish ulovini berib, xizmat qildirib qoʻygan Zotni doimo yaxshilik bilan eslab, Unga shukr etishi kerak” [6:371]. Shuningdek, Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Robbingiz, Uning fazlidan talab qilishingiz uchun dengizda kemani yurgizib qoʻygan Zotdir. Albatta, U sizga rahmlidir”, deb marhamat qiladi (Isro surasi, 66-oyat) [1:288]. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Tafsiri Hilol”da ushbu oyat tafsirida shunday deydi:
“Alloh taolo bandalariga mehribon boʻlgani uchun ham ularga turmush oʻtkazishni osonlashtirib beradi. Masalan, dengizda kemalarni yurgizib qoʻyadi. Bu ish ham Allohning bandalariga mehribonlik ila ato qilgan ulkan neʼmatlaridandir” [2:430]. Darhaqiqat, Alloh taolo odamzod uchun berilgan ilmi orqali quruqlikda ham, suvda ham, koinotda ham barcha ulovlarni yaratib qoʻydi. Bu borada Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qoʻydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) koʻtardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni Oʻzimiz yaratgan koʻp narsalardan mutlaqo afzal qilib qoʻydik”, deb marhamat qiladi (Isro surasi, 70-oyat) [1:289].
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Tafsiri Hilol”da ushbu oyatning tafsirida jumladan shunday deydi:
“Alloh taolo quruqlikda ham, dengizda ham inson bolasi uchun turli ulovlarni yaratib, shunga binoan qonun-qoidalarni joriy qilib qoʻydi. Inson quruqlikda turli hayvonlar va naqliyot vositalarida yurib, ogʻir ishlarini yengillik ila bajaradi. Odamlarni koʻtaradigan, unga ulov boʻlib xizmat qiladigan markablar Alloh taoloning maxluqlari boʻlib, ular Janobi Haq joriy etgan qonun-qoida asosida ulovlik vazifasini bajaradi. Bu ham Alloh taolo Odam bolasini azizu mukarram qilganidandir.
Shuningdek, Alloh taolo inson uchun suvda choʻkmaydigan turli moddalarni yaratib, ularga maʼlum shakllarni berishni ilhom etib, dengizlarda suzib yuradigan kemalarni Oʻzi joriy qilgan qonun-qoidalar asosida harakatlanadigan etib qoʻydi. Bu ham Allohning Odam bolasini azizu mukarram qilganidandir”[2:433].
Qurʼoni karimning Gʻofir surasida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Siz uchun ularda manfaatlar bor. Va ular ustida dillaringizdagi hojatlarga yetishishingiz uchundir. Ularda va kemalarda tashilursiz” (80-oyat) [1:476]. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Tafsiri Hilol”da ushbu oyat tafsirida shunday deydi:
“Chorva hayvonlarida, yuqorida zikr qilingan foydalardan tashqari, inson uchun yana koʻpgina manfaatlar ham bor. Misol uchun, juni, suti, terisi, yogʻi va boshqalar.
Odam hayvonlarga minib, yuklarini ustiga ortib, koʻngillaridagi hojatlarini ravo qilish uchun uzoq joylarga borganlar. Bu ayniqsa, ushbu oyatlar nozil boʻlayotgan, hayvonlardan boshqa ulov boʻlmagan vaqtda oʻziga xos ulkan ahamiyat kasb etgan.
“Ularda va kemalarda tashilursiz”.
Oʻsha paytlarda inson ulov sifatida asosan hayvonlar va kemalardan foydalangan. Bu ikkisini ham unga Alloh bergan boʻlib, U Zotdan oʻzga hech kim ularni insonga taqdim etishi mumkin emas. Aqlini ishlatgan, oʻzini tanigan, qalbida kibru havo, mutakabbirlik boʻlmagan inson uchun shuning oʻzi ulkan moʻjiza emasmi!” [6:284-285].
Bu borada yana bir misol keltirish mumkin. Qurʼoni karimda Alloh taolo quyidagicha marhamat qiladi: “Alloh yerdagi narsalarni, dengizda Oʻz izni ila yuradigan kemani sizlarga boʻysundirib qoʻyganini hamda osmonni iznisiz yerga tushishdan tutib turishini koʻrmadingizmi?! Albatta, Alloh odamlarga shafqatli va mehribondir” (Haj surasi, 65-oyat) [1:340]. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Tafsiri Hilol”da ushbu oyatning tafsirida shunday deydi:
“Insof bilan fikr yuritib qaralsa, Alloh taolo yer yuzidagi hamma narsalarni inson foydasi uchun, unga boʻysunadigan, unga beminnat xizmat qiladigan qilib qoʻygan.
“Alloh yerdagi narsalarni, dengizda Oʻz izni ila yuradigan kemani sizlarga boʻysundirib qoʻyganini hamda osmonni iznisiz yerga tushishdan tutib turishini koʻrmadingizmi?!”.
Havodan tortib, toshu toqqacha, nabototu jamodot, katta-kichik jonzotlar, hamma-hammasi inson uchun xizmatkor. Unga boʻysunadi. Ularning evaziga insondan haq talab qilinmaydi.
Dengizga nazar soling, ushbu oyatda soʻz dengizda yurayotgan kema haqida aytilayotgan boʻlsa ham, boshqa narsalarga-da, ishorat bor. Dengiz va undagi hamma narsalar ham inson uchundir, beminnat xizmatkordir.
Qolaversa, cheksiz osmonni olaylik. Inson boshi ustida muallaq turgan osmon. Uni kim tutib turibdi? Albatta Alloh. Shuning oʻzi inson uchun katta mehribonlik emasmi?” [7:47].
Alloh taolo Luqmon surasida marhamat qiladi: “Kemalar Allohning neʼmati ila sizga Uning oyat-belgilarini koʻrsatish uchun dengizda yurganini koʻrmadingmi?! Albatta, bunda har bir oʻta sabrli, oʻta shukrlilar uchun oyat-belgilar bordir” (31-oyat) [1:414]. Yaʼni, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Tafsiri Hilol”da ushbu oyatning tafsirida jumladan shunday deydi: “Oʻylab qaralsa, kemaning suv ustida yurishi ham Allohning ulugʻ neʼmati. Oʻylab koʻraylik, suvga kemani koʻtara olish xususiyatini bergan kim? Umuman, suvni yaratgan kim? Uni ummon, dengiz yoki daryo holiga keltirgan kim? Shuningdek, kema yasaladigan jihozlarga suv ustida choʻkmay turish xislatini bergan kim? Havoni shunga moslab qoʻygan kim? Nihoyat, kema qurganlarga aql, qoʻl-oyoq va zarur ashyolarni bergan kim? Zikr etilgan va zikr etilmay qolgan koʻplab narsalardan birortasi boʻlmay qolsa, kema suv ustida yurarmidi?
“Kemalar Allohning neʼmati ila sizga Uning oyat-belgilarini koʻrsatish uchun dengizda yurganini koʻrmadingmi?!”.
Allohning neʼmati boʻlmasa, kemalar dengizda yura olmas edi. Ularning dengizda yurishi odamlarga Allohning oyat-belgilarini koʻrsatish uchundir. Kemaning suvda choʻkmay yurishi uchun vujudga keltirilgan sharoitlarning har biri Alloh taoloning oyati, moʻjizasi, belgisidir”[7:490].
Alloh taolo Ar-Rohman surasida marhamat qiladi: “Dengizda yelkanlari ila baland togʻlar kabi suzib yuruvchilar ham Unikidir” (24-oyat) [1:532]. Yaʼni, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Tafsiri Hilol”da ushbu oyatning tafsirida shunday deydi: “Haqiqatan, kemalar Allohning ulugʻ neʼmatidir. Ularning dengizu ummonlarda yurishi, turli hollarda ham suv ustida turishi, insonga kerakli ishlarni bajarishi – hammasi ulkan foydadir.
Oyatda kemalarning “togʻdek” deb sifatlanishining oʻzi moʻjizadir. Sahroda oʻsgan arablar diyorida nozil boʻlgan Qurʼoni karim bundan oʻn toʻrt asr muqaddam togʻdek kemalarni qayerdan bilishi mumkin?
Oʻsha vaqtda arablar kemani bilmasdilar. Borlari ham kichkina-kichkina boʻlar edi. Hozirgi kunda ushbu oyatning tasdigʻini koʻrib turibmiz: togʻdek kemalar minglab yoʻlovchilarni, minglab tonna yuklarni koʻtarib suzib yuribdi. Bularning hammasi Rohman sifatli Alloh taoloning neʼmatidir” [5:12].
Xulosa qilib aytganda, ushbu zamonaviy ulov va texnik vositalar bugungi kunda butun dunyodagi insonlar uchun qaysidir maʼnoda ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin va mushkulini oson boʻlishiga xizmat qilyapti. Ayniqsa, bunday zamonaviy texnologiyalar orqali bugun insonlar minglab kitoblarni birgina qoʻlidagi telefonida oʻqishi, butun dunyodagi namoz vaqtlari, qibla koʻrsatkichi, ob-havo maʼlumotlarini kuzatib borishi va zaruriy iqtisodiy va mulkiy masalalarni ham shu birgina apparat orqali bajarib kelayotgani Alloh taoloning insonlarga bergan ulugʻ neʼmatlaridan hisoblanadi.
Bu yaratilgan texnika va zamonaviy vositalardan faqat yaxshilik yoʻlida, insonlarga manfaati tegadigan maqsadda va albatta ilm yoʻlida foydalanish insonning ikki dunyoda ham saodatga yetishiga sabab boʻladi.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qurʼoni karim va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. – T.: Hilol-Nashr, 2013.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 3-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2022.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Odoblar xazinasi. 2-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2021.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ijtimoiy Odoblar. – T.: Hilol-Nashr, 2016.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 6-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2022.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 5-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2022.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 4-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2022.