O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqi zamon talablariga mos, ilmiy asoslangan va strategik yo‘nalishlarni belgilab bergan tarixiy bayonot sifatida e’tirof etilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar nafaqat milliy manfaatlarni, balki jahon hamjamiyatining umumiy taraqqiyot yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qamrab olishi bilan ham ahamiyatlidir.
Nutqda ta’kidlanganidek, zamonaviy tahdid va xatarlar barqaror taraqqiyot yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biriga aylanib bormoqda. Shunday vaziyatda mamlakatimiz inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaro va oilaning farovonligini ta’minlash, ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashni ustuvor maqsad qilib belgilagani bilan ajralib turibdi.
Islom ma’rifati va ma’naviy merosni chuqur o‘rganish masalasi nutqning ma’naviy jihatdan eng muhim nuqtalaridan biri bo‘ldi. Yaqinda ochilishi rejalashtirilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, buyuk allomalarimiz — Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning merosini BMT minbaridan turib namoyon etish tashabbusi, shubhasiz, O‘zbekistonning jahon ma’naviy hayotida tutgan o‘rni va mas’uliyatini yanada mustahkamlaydi. Jahon siyosiy jarayonlarida keskin muammolar, ziddiyat va qarama-qarshiliklar davrida BMT Bosh Assambleyasi minbaridan yangragan nutqning ana shu jihati islom sivilizatsiyasi merosi, ma’rifat va bag‘rikenglik g‘oyalariga tayangan holda umuminsoniy hamjihatlik va tinchlikka erishish g‘oyasi bilan yo‘g‘rildi.
Bu voqelik O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshiribgina qolmay, ma’naviy merosni keng targ‘ib qilish borasidagi tashabbuslarning haqqoniyligini ham tasdiqladi.
Biz jamoamiz bilan bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz va uni amalga oshirish yo‘lida o‘z ilmiy-amaliy faoliyatimizni yanada kuchaytirishga bel bog‘laymiz. Chunki buyuk mutafakkir allomalarning asarlari va ilmiy merosi insonparvarlik, tinchlik, adolat va ma’rifat g‘oyalariga asoslangan bo‘lib, bugungi global muammolar yechimini topishda muhim ma’naviy-ma’rifiy manba hisoblanadi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyoni tinchlik va hamkorlik makoni sifatida shakllantirish, global ekologik muammolar, jumladan, Orolbo‘yi masalasiga xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb qilish, yoshlar tarbiyasi va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan adolatli foydalanish kabi yo‘nalishlarda bildirilgan takliflar ham barchamiz uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Muxtasar aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan ilgari surgan tashabbuslari Yangi O‘zbekistonning ochiq, hamjihat va ma’rifiy yurt sifatidagi yangi qiyofasini yanada mustahkam namoyon etmoqda. Bugun biz barchamiz – olimlar, ziyolilar, jamiyat faollari ushbu g‘oyalarning amalda ro‘yobga chiqishiga munosib hissa qo‘shishimiz zarur.