Home / FOTO LAVHALAR / Ikki ilmiy amaliyot sarhisobi

Ikki ilmiy amaliyot sarhisobi

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindorlari boʻlgan Markaz amaliyotchilari – Malayziya xalqaro islom universiteti professori Shukron ibn Abdurahmon va Indoneziyadagi Raden Intan islom universiteti oʻqituvchisi Damanhuri Armadi ilmiy izlanishlari yakuniga doir taqdimot oʻtkazdi.

Dastlab malayziyalik mehmon ikki oylik amaliyoti davomida amalga oshirgan ishlari va erishgan natijalari haqida atroflicha maʼlumot berdi. Bu muddat mobaynida ilmiy hamkorlikda qator maqolalar tayyorlanib, “Millah: Journal of Religious Studies” va “Journal of Islam in Asia” kabi nufuzli xalqaro ilmiy jurnallar va internet platformalarida nashr etildi. Xususan, Shovosil Ziyodov va Otabek Muhammadiyev bilan hamkorlikda tayyorlangan maqolalarning bunday nashrlarda eʼlon qilinishi tadqiqotning xalqaro miqyosdagi eʼtirofidan dalolat beradi.

Shuningdek, islom dunyosida ancha keng ommaviylashgan IslamiCity va IslamonWeb kabi onlayn platformalarda ham maqolalar eʼlon qilinib, ularning ayrimlari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati va bu yerda amalga oshirilayotgan ilmiy-maʼrifiy ishlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot bergani bilan alohida ahamiyatga ega.

– Bu maqolalar orqali xalqaro jamoatchilik Samarqanddagi ilmiy muhit, Markaz faoliyati va Imom Buxoriy merosining zamonaviy ahamiyati haqidagi tasavvurlarini boyitdi, deb oʻylayman, – dedi tadqiqotchi.

Maʼruzada taʼkidlanganidek, tadqiqotchining asosiy ilmiy loyihasi 240 betlik tadqiqotdan iborat boʻlib, u mehnat odobi masalalariga bagʻishlangan. Loyiha toʻrt asosiy yoʻnalishni qamrab olgan: shaxsiy mehnat odobi, jamoadagi munosabatlar, rahbar va quyi boʻgʻin bilan munosabatdagi odob hamda resurslardan foydalanishdagi axloqiy mezonlar.

Shu bilan birga, muallifning “From Samarkand with Love: A Memoir Across Five Cities” (“Samarqanddan mehr bilan: Besh shahar boʻylab sayohat ajoyibotlari”) nomli kitobi nashrga tayyorlanayotgani maʼlum qilindi. Unda Samarqand va yana besh shahardagi (Toshkent, Buxoro, Makka, Madina va Istanbul) hayot taassurotlari Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislar bilan uygʻun tarzda bayon etilgan.

Tadqiqotchi joriy yil noyabr oyida yurtimizda boʻlib oʻtadigan yirik xalqaro konferensiyada ishtirok etib, Oʻzbekiston, Ummon va Malayziyadagi taʼlim siyosatiga oid tahlillari bilan maʼruza qilishni ham rejalashtirmoqda.

Taʼkidlash joizki, amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar va nashrlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

Damanhuri Armadi “Islomshunoslikni fikriy qaramlikdan ozod etish va ilmiy mustaqillikni tiklash” mavzusida olib borgan ilmiy izlanishlari yuzasidan maʼruza qildi.

Tadqiqotchi zamonaviy islomshunoslikda Gʻarbga haddan ziyod moyillik, epistemologik mustaqillikning yoʻqolishi va maʼrifiy mustamlakachilik kabi muammolarga eʼtibor qaratdi.

Taʼkidlanishicha, marokashlik mutafakkir Toha Abdurahmon va indoneziyalik olim Muhammad Amin Abdullaning gʻoyalari orqali “ilmlar integratsiyasi va oʻzaro bogʻliqligi” asosida islomshunoslikka yangi metodologik yondashuvlarni olib kirish zarur. Maʼruzachining fikriga koʻra, bu jarayon “epistemik suverenitetni tiklash”ga xizmat qilishi lozim.

Shu bilan birga, maʼruzada Gʻarb nazariyalarini tanqidsiz qabul qilish xavfi, anʼanaviy merosni ijodiy talqin qilish zarurati va maʼnaviy-axloqiy asoslangan tafakkurning ahamiyati urgʻu bilan qayd etildi.

Yakunda islomiy ilmiy merosni tiklash, fanlararo aloqalarni mustahkamlash va ilmiy mustaqillikni taʼminlash bugungi kun uchun dolzarb vazifa ekani qayd etildi.

Tadbir qizgʻin savol-javoblar va muhokamalar bilan davom etdi.

Tadqiqotchilar koʻrsatilgan samimiy mehmondoʻstlik, ajoyib ilmiy muhit va mushtarak maʼnaviy qadriyatlarga yuksak ehtirom uchun chuqur minnatdorlik izhor etib, bu yerdagi har bir uchrashuv va muloqot ular ilmiy hayoti va faoliyatida unutilmas iz qoldirayotganini alohida taʼkidladi.

Xalqaro dastur ishtirokchilariga Markazning tegishli sertifikatlari topshirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilmiy izlanishlar yoʻlida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi ayni paytda Samarqand shahridagi Imom Moturidiy majmuasi hududida olib …