22-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Boshlangʻich tayyorgarlik va malaka oshirish markazida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida “Missionerlik va prozelitizmning ijtimoiy barqarorlikka salbiy taʼsiri” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari J. Jumayev, T. Evadullayev va U. Muhammadiyev aqidaparastlik, mutaassiblik, ekstremizm, missionerlik va prozelitizm (boshqa odamlarni oʻz eʼtiqodiga oʻtkazishga urinish), soxta tariqat va turli jamoalarning maqsadlari, gʻoyaviy asoslari, zamonaviy koʻrinishlari va faoliyat uslublari haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, bagʻrikenglik tamoyillari, tinchlik va osoyishtalik qadriga ham hayotiy misollar orqali toʻxtalib oʻtildi. Beqarorlik hukm surgan hududlardagi aholining ruhiy holati va ogʻir turmushi illatli ibrat sifatida keltirilib, yurt tinchligi va taraqqiyotiga har bir inson oʻzini daxldor deb his etishi zarurligi taʼkidlandi. Shu maʼnoda, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimining oʻrni alohida eʼtirof etildi.
Maʼlumki, bugungi globallashuv sharoitida mafkuraviy tahdidlar chegara bilmay qolgan boʻlib, ularning salbiy taʼsiridan hech bir jamiyat toʻliq himoyalangan emas. Shu bois maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlari har bir kasb egasi uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi. Mazkur tadbir aynan shu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Uchrashuvda mamlakatimizning turli hududlaridan malaka oshirish uchun kelgan FVV xodimlari ishtirok etdi. Tadbir jonli muloqot, savol-javoblar bilan qizgʻin oʻtdi.