Ayni paytda Samarqand shahri yaqinidagi Maxdumi Aʼzam Dahbediy majmuasi hududida keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Mazkur izlanishlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmita tashabbusi asosida buyuk allomaning boy ilmiy-maʼnaviy merosini har tomonlama oʻrganish va uning zamonaviy maʼnaviy-maʼrifiy hayotdagi oʻrnini aniqlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Tadqiqot jarayonlarini muvofiqlashtirish va samaradorligini taʼminlash maqsadida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida maxsus shtab tashkil qilingan boʻlib, unda Ishchi guruh faoliyatini nazorat qilish va belgilangan vazifalarning ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash yuzasidan tegishli choralar koʻrilmoqda. Ishchi guruh tarkibiga tarix, manbashunoslik, arxiv ishi va islom ilmlari boʻyicha faoliyat yuritayotgan yetakchi mutaxassislar jalb etilgan.
Izlanishlar davomida majmua hududida mavjud 54 qabrtoshdagi bitiklar tarjima qilinib, ilmiy tahlil etildi. Epigrafik maʼlumotlar asosida majmuada dafn etilgan 7 nafar taniqli ziyoli shaxs haqida maʼlumotlar toʻplandi.
Shuningdek, majmua muzeyi uchun dastlabki konsepsiya ishlab chiqilib, uning vizual imiji – logotipi yaratildi. Muzey ekspozitsiyalarini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish maqsadida har bir eksponat uchun QR-kodli raqamli maʼlumot tizimini joriy etish boʻyicha loyiha muhokama qilindi. Bu ziyoratchilarga interaktiv va ilmiy asosda tuzilgan maʼlumotlarni qabul qilish imkonini yaratadi.
Maxdumi Aʼzam Dahbediy va uning avlodlariga mansub asarlarni ilmiy tahrir qilish, oʻzbekchaga oʻgirish va nashrga tayyorlash ishlari ham rejali ravishda boshlab yuborildi. Shu bilan birga, majmuaning oʻtmishi, shakllanish jarayoni, u yerdagi muhit va tarixiy shaxslar bilan bogʻliq maʼlumotlarni toʻplash va tizimlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Olib borilayotgan tadqiqotlar Maxdumi Aʼzam Dahbediy va uning avlodlari qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy merosni chuqur oʻrganish bilan birga, Samarqandning yuksak maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu orqali mamlakatimizdagi maʼnaviy meros obyektlarining ilmiy asosda tadqiq etilishi va ular asosida zamonaviy maʼrifat markazlarining shakllanishiga zamin yaratiladi.