Zamonamizda yer yuzida fasod tarqatuvchi, hamma joyga fitna sochib yuradigan, moʻminlar orasida ixtilof chiqarib ittifoqlarga rahna soladigan, odamlarning ibodatlariga, eʼtiqodlariga, amallariga asossiz soʻzlar bilan taʼna qiladigan talfiqchi bemazhab kimsalar ijtimoiy tarmoqda fitnalarini goh u shaklda, goh bu shaklda koʻrsatib turibdi. Ularning navbatdagi yangi fitnasi vitr namozidagi Qunut duosi borasida boʻldi. Vitr namozida oʻqiladigan duolar toʻgʻrisida pisand qilmagan ohangda ayrim fikrlarni aytib chiqibdi. Zotan, haqiqiy xolis olim kishi shariatga oid masalalarda, xususan namoz haqida bunaqa ohangda beparvo holatda gapirmaydi.
Dastavval, vitr namozi va qunut duosining islomdagi mavqeini anglab olishimiz uchun uning oʻqilishi tarixi va sabablariga nazar tashlasak. Maʼlumki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam hijrat qilganlaridan keyin sahobalarning aksari Madinaga hijrat qilishdi. Biroq safarga chiqishga qurbi yetmay Makkada qolgan musulmonlarning ahvollari ogʻir edi. Ularning ayrimlari hibsga olindi, baʼzilari barcha haq-huquqlardan mahrum etildi. Paygʻambar alayhissalom namozda ularning haqiga duo qilib, Alloh taolodan mushkullarini oson qilishni iltijo qilib soʻrar edilar. “Duoi qunut” oʻshanda paydo boʻlgan. Boshqa bir manbalarda taʼkidlanishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga Riʼl va Zakvon qabilalaridan islomni qabul qilganini aytib, dinni oʻrgatish uchun bir necha qorilarni yuborishni soʻrab elchilar kelishadi. Soʻng ular oʻzlariga yuborilgan qorilarni xiyonatkorona oʻldirishadi. Shu sababli Nabiy sollalohu alayhi vasallam bir oy Riʼl va Zakvon qabilalarini duoibaʼd qilib qunut oʻqiydilar.
عن أنس قال: قنت النبى صلّى الله عليه وسلّم شهرا يدعو على الرعل و ذكوان
Anas ibn molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollalohu alayhi vasallam bir oy Riʼl va Zakvon qabilalarini duoibaʼd qilib qunut oʻqidilar”.[1]
Qunut soʻzi lugʻatda “duo, tazarruʼ” maʼnolarini bildiradi. Sharʼiy istilohda mushkul holatda qolgan kishi namozda rukuʼdan oldin takbir aytib quloq qoqib, Alloh taologa iltijo qilgan holda yomonlikni daf qilish yoki yaxshilikni jalb qilishni soʻrash duosi “qunut” deb ataladi.
Qunut duosining hukmiga toʻxtaladigan boʻlsak, vitr namozida uchinchi rakatda zam sura qiroatidan keyin takbir aytib qoʻl koʻtargandan soʻng duo oʻqish vojib. Hanafiy mazhabida qunutda vojiblik maʼnosida muayyan bir duo tayin qilingan emas. Ammo “Qunut duosi” nomi bilan mashhur duoni oʻqilishi keng tarqalgan. Bu duo vitr namozining uchinchi rakaʼatida, rukuʼdan oldin oʻqiladi. Hanafiy mazhabiga koʻra xufton namozi vaqtida vitr namozini oʻqish va unda duo qilish vojib, duoda aynan “Qunut”[2] nomi bilan mashhur duoni oʻqish sunnati muakkada, sanaladi[3].
Shofeʼiy va molikiy mazhablarida bomdod namozida muntazam oʻqiladi. Shofeʼiy mazhabida “Allohumma ihdiniy fiman hadayta” duosini oʻqish shart.
Hanafiy mazhabida vitr namozini oʻqish vojib ekaniga bir qancha hadislarni dalil qilib keltirilgan, ammo bu alohida katta bir mavzu boʻlgani sababli unga toʻxtalmaymiz[4]. Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, vitr namozining uchinchi rakaatida rukuʼdan oldin qunut maʼnosidagi duoni oʻqish vojib sanaladi.[5] Jumladan, Imom Buxoriy ham “al-Jomiʼ as-sahih”da ham qunut duosi rukuʼdan oldin oʻqilishiga xulosa qilgan.[6] Burhonddin Margʻinoniy “Hidoya” asarida:
قال المرغينانيُّ: (وفيها واجباتٌ، كقراءة الفاتحة… والقنوت في الوتر…؛ ولهذا تجبُ عليه سجدتَا السهوِ بتركها، هذا هو الصَّحيحُ، وتسميتُها سُنَّة في الكتابِ لِمَا أنَّه ثبَت وجوبُها بالسُّنَّة).
“Namozning ichida Fotiha surasini qiroat qilish, vitrda Qunut duosini oʻqish kabi vojib amallar bor. Ular vojib amal boʻlgani sababli, ularni tark qilgan kishiga sajdai sahv vojib boʻladi. Mana shu fatvo toʻgʻriroqdir. Bu amallar Qurʼoni karimda sunnat deb aytilgan boʻlsa-da, ularning vojibligi hadislar bilan sobit boʻlgan. Vitr namozida duo qilish Imom Abu Hanifa nazdida vojib, Imom Muhammad va Imom Abu Yusuf nazdida sunnat amaldir. Qabul qilingan fatvo Abu Hanifaning soʻzidir”.[7]
عن عمر بن شعيب قال: خرج النبى صلّى الله عليه وسلم على اصحابه فقال: إن الله زادكم صلاة إلى صلاتكم. فحافظوا عليها و هى الوتر.
Amr ibn Shuaybdan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalar oldiga chiqdilar va: “Alloh taolo sizlarni namozlaringizga yana bir namozni ziyoda qildi. Uni muhofaza qilinglar. U vitrdir,” dedilar.[8]
Hanafiy mazhabi ulamolari vitrda rukudan oldin “Qunut”ni oʻqishga quyidagi dalillarni keltirgan: Nabiy sollallohu alayhi vasallamning maktablarida bevosita taʼlim olgan bu ummatning faqihi Abdulloh ibn Masʼud[9], Abdulloh ibn Abbos, Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhum) va boshqa koʻplab mashhur sahobalar Qunut duosini rukuʼdan oldin oʻqiganlari rivoyat qilingan.[10]
عن عبدِ الرحمنِ بنِ الأسودِ، عن أبيه، قال: كان ابنُ مسعودٍ لا يَقنُتُ في شيءٍ من الصَّلواتِ إلَّا في الوتر قبلَ الركوع.
Asvad ibn Yazid Naxaʼiydan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Masʼud faqat vitrning rukuʼsidan oldin “Qunut” oʻqir edilar.” [11]
عن إبراهيمَ، عن عَلقمةَ، قال: إنَّ ابنَ مسعودٍ وأصحابَ النبيِّ صلَّى اللهُ عليه وسلَّم كانوا يَقنُتونَ في الوترِ قبلَ الرُّكوعِ.
Alqamadan rivoyat qilinadi: Ibn Masʼud va Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalari rukuʼdan oldin qunut duosini oʻqir edilar[12].
عن أبي بن كعب: أن رسول الله صلى الله عليه وسلم كان يوتر فيقنت قبل الركوع. رواه ابن ماجة
Abdulloh ibn Abbos, Ubay ibn Kaʼb, Abdurohman ibn Abzo va yana bir qancha sahobalardan (roziyallohu anhum) rivoyat qilingan hadisga binoan ham Qunut duosi rukuʼdan oldin oʻqiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam vitrda rukuʼdan avval “Qunut” oʻqirdilar”. Ibn Moja va Dora Qutniy rivoyati.
Qunut duosini rukuʼdan oldin oʻqilishiga dalil boʻlgan bu kabi rivoyatlar juda ham koʻp.
Kim “Qunut” duosini oʻqimay rukuga ketgan boʻlsa, sahv sajdasi qiladi. “Qunut” duosini bilmagan odam uni yodlab olgunicha uch marta “Allohummagʻfir liy”, desa yoki “Robbanaa atina”ni oʻqib tursa boʻladi. Odatda taroveh namozida vitr ham jamoat bilan oʻqiladi. Shunda muqtadiy imomning ortidan “Qunut”ni oʻqiydi.
Namoz farz boʻladimi, vojibmi, sunnatmi, darajasidan qatʼiy nazar u moʻminning meʼrojidir. Namoz ichidagi amallar garchi mustahab darajasidagi amal boʻlsa ham, “qilsang ham boʻlaveradi, qilmasang ham boʻlaveradi,” kabi soʻzlar bilan mensimasdan gapirish, jumladan vitr namozi haqida ham bunday ohangda gapirish olim odamning feʼlidan emas.
Namozga tegishli amallar beparvolik bilan “qilmasang shart emas” deb aytilmaydi. Qilsang savob boʻladi, qilolmasang gunohkor boʻlmaysan, kabi iboralar bilan tushuntirilsa, maqsadga muvofiq sanaladi. Chunki yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, namoz qadri buyuk ibodat, u moʻminning meʼrojidir. Namoz oʻqiyotgan kishi goʻyo meʼrojda Alloh taolo bilan hamroz aytishayotgandek maqomda turadi. Namoz ham, undagi duolar ham “qilsam ham, qilmasam boʻlar ekan” deb oʻqiladigan narsa emas. Aksincha undagi duolar ixlosu tavozeʼ bilan oʻqiladigan munojotdir. Ixlosu tavozeʼ bilan namoz oʻqish ibodatning ijobat boʻlganini belgisidir. “Oʻqisam ham, oʻqimasam ham hech narsa boʻlmas ekan” deb bajarilgan ibodatning savobi ham “hech narsa boʻlmaydi” qabilida boʻlishiga hech shubha yoʻq.
Eʼtiqod, ibodat va duoga oid amallarda soʻz yuritishda gapira olar ekanman deb, hamma meni soʻzimga mushtoq boʻlib quloq solib oʻtirar ekan deb ogʻizga kelganini gapiraverish chalasavod kishiga xos boʻlgan va oqibati xayrli boʻlmagan ishdir. Shu sababli sharʼiy masalalarda soʻzlashdan oldin aytiladigan soʻzlarimizni faqat aql tarozisida emas, shariat mezonida ham tortib koʻrishimiz lozim. Allohim barchamizni hidoyatda sobit qilib, toʻgʻri yoʻldan adashtirmasin.