Home / FOTO LAVHALAR / Ongli jamiyatda yot gʻoyalarga oʻrin yoʻq

Ongli jamiyatda yot gʻoyalarga oʻrin yoʻq

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida “Radikalizm – jamiyat barqarorligiga tahdid” mavzusida maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi.

Universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etgan tadbirda Markaz ilmiy xodimlari tomonidan bugungi globallashuv jarayonida insoniyat tinchligi va barqarorligiga tahdid solayotgan terrorizm va ekstremizmning salbiy oqibatlari, ularga qarshi maʼrifat bilan kurashishning ahamiyati haqida atroflicha soʻz yuritildi.

Taʼkidlanganidek, diniy aqidaparastlik va turli buzgʻunchi gʻoyalar hali-hamon yoshlar ongiga salbiy taʼsir koʻrsatishga urinmoqda. Bunday xatarli oqimlar asosan internet orqali tarqalmoqda. Shu bois yoshlarning maʼnaviy barkamolligi, ularda mafkuraviy immunitet va sogʻlom dunyoqarashni shakllantirish jamiyatning ustuvor vazifasi sifatida qayd etildi.

Oʻzbekistonning xalqaro miqyosda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, turli tahdidlarga qarshi qatʼiy kurash olib borishdagi mustahkam pozisiyasi alohida urgʻu bilan taʼkidlandi. Tadbir ishtirokchilari yosh avlod tarbiyasida maʼrifatning oʻrni beqiyos ekanini, bunda har bir oila, taʼlim muassasasi va jamiyatning birdek masʼul ekanini eʼtirof etdi.

Shu bilan birga, “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”ning mazmun-mohiyati haqida ham atroflicha maʼlumot berildi. Taʼkidlanganidek, ushbu konsepsiya jamiyatda millatlararo totuvlik, dinlararo bagʻrikenglik va diniy sohada ochiqlik siyosatini taʼminlashga qaratilgan muhim dasturiy hujjat hisoblanadi. U orqali radikalizm va har qanday buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi maʼrifiy va huquqiy asosda qatʼiy choralar koʻrilmoqda.

Uchrashuvda jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishda barcha saʼy-harakatlar uygʻunligi zarurligi qayd etildi. Chunki xavfsizlik umumiy qadriyat boʻlib, uni asrab-avaylash hammaning burchidir.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yassaviya tariqati – oʻtmish va kelajakni bogʻlovchi nur

 11-sentyabr kuni Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyati “Azret Sultan” (“Hazrati Sulton”) milliy tarixiy-madaniy muzey-qoʻriqxonasi huzuridagi Yassaviyshunoslik …