Zahabiyning “Siyar A’lomi an-Nubala” va Xoyruddin Zarkaliyning “Qomus tarojimi li ashhari ar-rijal” asarlari islomiy ilm-fan tarixida muhim o‘rin tutgan shaxslarning tarjimai holi va ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumot beradi. Zahabiy o‘z asarida Qur’oni karim qiroatlariga asos solgan imomlar hayoti, ilmiy faoliyati va ularning shogirdlari haqida ma’lumotlarni keltiradi. Xoyruddin Zarkaliy esa, musulmon dunyosidagi mashhur shaxslar, jumladan, qiroat imomlari haqida aniq va batafsil ma’lumotlarni beradi. Ushbu adabiyotlar Qur’oni karim qiroatlari va ularning tarixini o‘rganish uchun asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Ularning birgalikda o‘rganilishi mavzuni keng qamrovda tushunishga yordam beradi.
Qur’oni karim qiroatlari islom madaniyati va ilm-fani rivojida muhim o‘rin tutadi. Yetti mashhur qiroat imomlari Qur’oni karimni har xil talaffuz va talaffuz uslublarida saqlab, uni keyingi avlodlarga to‘g‘ri yetkazishga ulkan hissa qo‘shgan. Ushbu maqolada ularning hayoti, ilmiy faoliyati va arab tili rivojiga qo‘shgan hissasi tahlil qilinadi. Shu bilan birga, qiroat orqali arab tilining rivojlanishi va uning lug‘aviy hamda grammatik xususiyatlari yoritiladi.
Ulamolarimiz Qur’oni karim va qiroatlar o‘ziga xos ikki alohida-alohida narsalar ekanini ta’kidlagan. Bu borada Imom Zarkashiy quyidagilarni aytadi: “Bilki, Qur’on va qiroatlar ayri-ayri ikki haqiqatdir. Qur’on Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bayon va e’joz – ojiz qoldirish uchun nozil bo‘lgan vahiydir. Qiroatlar esa o‘sha vahiy lafzlarining harflar yozilishi yoxud yengil, og‘ir va shu kabi talaffuz kayfiyatidagi turlichaligidir” [5:318].
Alloh taolo “Yusuf” surasining 2-oyatida shunday marhamat qiladi: “Albatta, Biz uni (Kitobni) anglashingiz uchun arabiy Qur’on tarzida nozil qildik”. Maʼlumki, arablar bir nechta nufuzli qabilalardan tashkil topgan. Har bir qabilaning shevasi mavjud. Mazkur qabilalarning shevasidagi farqlar soʻzning talaffuzida sezilib tursa-da, odatda, maʼnosiga katta taʼsir koʻrsatmaydi. Bu ham arab tilining jozibadorligi va keng qamrovli ekanining bir koʻrinishidir. Qurʼonning arab tilida “yetti harf”da nozil boʻlishi hikmatining siri ham shunda. Shunga ko‘ra, bizga yetti qiroat mutavotir tarzda yetib kelgan. Bu qiroatlarning imomlari ham bor. Quyida ularning hayoti, ilmiy faoliyati va arab tiliga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot beramiz:
Nofi’ al-Madaniy 70/689 yilda tug‘ilgan. To‘liq ismi: Nofi’ ibn Abdurrahmon ibn Abu Nuaym al-Laysiy al-Madaniy [9:377).
Nofi’ al-Madaniy (Hijoz lahjasi): Uning qiroati arab tilining toza Madina lahjasini saqlashda muhim rol o‘ynagan. Imom Nofi’ al-Madaniy Qur’on tilovati bilan mashhur bo‘lib, uning tilovatidan atrofga mushk hidi taralardi. Odamlar undan bu holning sababini so‘rashganda, u shunday javob bergan:
“Men Qur’onni tilovat qilishni boshlagan paytdan beri Jabroilning hidini his qilaman va bu hid mendan hech qachon ketmadi” [9:378].
Bu voqea Qur’oni karim bilan sodiq aloqada bo‘lishning barakasi va ma’naviy o‘zgarishlarga dalolatdir.
Nofi’ Madinada tug‘ilib, butun umrini Qur’on ilmini o‘rganishga va o‘rgatishga bag‘ishlagan. U Rasululloh (s.a.v.)ning tilovatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sahoba va tobeinlardan qabul qilgan. Madinadagi mashhur qiroat ulamolarining eng ulug‘laridan biri hisoblanadi. Mashhur 7 ta qiroat imomini biri hisoblanadi. Nofi’ gapiradigan bo‘lsa, uni og‘zidan mushk-anbar hidi kelar edi. Bir kuni undan bu haqida so‘rashganda “Men tushimda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim. U zot menga Qur’on tilovat qilib berdi”, deb javob bergan [9:377].
U Nabiy sollallohu alayhi vasallamni masjidlarida 60 yil imomlik qilgan.
Ilmiy faoliyati. U 70 dan ortiq ustozdan Qur’on qiroatini o‘rgangan. Jumladan, Abdurrahmon ibn Hurmuz va Abu Ja’far al-Madaniy kabi mashhur tobeinlardan, Shayba ibn Nisoh, Muslim ibn Jundub Huzaliy, Yazid ibn Ravmondan ilm olgan.
Shogirdlari. Qolun (Isa ibn Minah): U Nofi’ qiroatini keng yoyib, Shimoliy Afrika va Misrda mashhur qilgan. Varsh (Usmon ibn Said): Marokash, Jazoir va G‘arbiy Afrikada uning qiroati bugungi kunda ham ishlatiladi. Molikiy mazhabi asoschisi Molik ibn Anas ham uni mashhur shogirdlaridan bo‘lgan. Hatto Molik u haqda “Nofi’ qiroat borasida insonlarning imomi”, deb aytgan.
Imom Nofi’ 169/785-yil Madina shahrida dunyodan ko‘z yumgan.
Ibn Kasir al-Makkiy 45/665-yil dunyoga kelgan. To‘liq ismi: Abdulloh ibn Kasir ibn Amr ibn Abdulloh ibn Zodon ibn Fayruz ad-Zorir al-Makkiy [2:92]. Ibn Kasir al-Makkiy (Makka lahjasi): Hijoz tilining lug‘aviy boyligini yetkazishda katta ahamiyatga ega.
Ibn Kasir al-Makkiy Qur’on ilmini o‘z ustozlariga bo‘lgan chuqur hurmati bilan o‘rgangan. U Qur’ondan ta’lim olayotganda hech qachon ustoziga orqa o‘girmas va hurmat ko‘rsatish uchun doimo oyoq ostiga qarab o‘tirardi. Odamlar undan bu odatini so‘raganda, u dedi:
“Men Qur’oni karim ilmini Allohga bo‘lgan hurmatim tufayli olaman. Shu sababli ustozimga ham hurmat ko‘rsatishim shart”. Bu voqea ilm talabida hurmatning muhimligini eslatadi.
Hayoti. Ibn Kasir tobeinlardan bo‘lib, Makka shahrida tug‘ilgan shu yerda Qur’on ilmini o‘rgangan. U sahobalar davridan boshlangan qiroat uslubini davom ettirgan va Makkadagi ko‘plab ustozlardan ilm olgan. Bu ham mutavotir bo‘lgan yettita qiroatning imomidir.
Ilmiy faoliyati. Ibn Kasir qiroatini Ibn Abbos roziyallohu anhumo va Mujohiddan o‘rgangan. Abdulloh ibn Zubayr kabi sahobalar bilan ham muloqotda bo‘lgan. Sahobalardan hadis ham rivoyat qilgan [2:365].
Shogirdlari. Qiroat: Bozziy (Ahmad ibn Muhammad). Uning rivoyati Makkada mashhur bo‘lgan; Qunbul (Muhammad ibn Abdulloh). U Arab yarim orolida Ibn Kasir qiroatini keng yoygan. Ayyub Saxtiyoniy, Ibn Jurayj, Jarir ibn Hozim, Husayn ibn Voqid va boshqalar undan hadis rivoyat qilgan.
Ibn Kasir Makkiy 120/738-yil Makka shahrida vafot etgan.
Abu Amr al-Basriy 70/687-yil tug‘ilgan. To‘liq ismi: Abu Amr ibn al-A’lo ibn Ammor at-Tamimiy al-Moziniy al-Basriy. Abu Amr al-Basriy Qur’on ilmida beqiyos ilm egasi edi. U shogirdlariga shunday der edi:
“Ilm – Allohning omonati. Kim uni noto‘g‘ri ishlatsa yoki uni ommaga noto‘g‘ri yetkazsa, Allohning huzurida javob beradi” [7:96, 97). Bu voqea ilmni to‘g‘ri yo‘lda ishlatish va uni avaylashning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Axfash aytadi: Hasan al-Basriy Abu Amr ibn al-A’loning oldidan o‘tib qoldi. Atrofida halqasi (majlisi) gavjum edi va odamlar uning atrofida to‘plangan edi. Shunda Hasan al-Basriy: “Bu kim?” deb so‘radi. Unga: “Bu Abu Amr”, deb aytishdi. Shunda Hasan al-Basriy dedi: “La ilaha illalloh (Allohdan o‘zga iloh yo‘q), olimlar deyarli podshohlarga aylanishi mumkin ekan” [1:451].
Bu yerda “podshohlar” deganda Hasan al-Basriy olimlarning hurmat va ehtirom bilan ulug‘lanishini nazarda tutgan. Shu orqali u ilm va olimlarning jamiyatdagi o‘rni naqadar yuksakligini ta’kidlaydi.
Hayoti. Abu Amr Basrada tug‘ilgan va yoshligidan Qur’on ilmini o‘rganishga kirishgan. U arab tilining murakkab lug‘at va grammatika qoidalarini mukammal bilgan. Yana qiroat ilmida yetuk olim sanalgan. Zamonasida tengi yo‘q bo‘lgan.
Ilmiy faoliyati. U Makkada tobeinlardan, xususan, Abu Ja’far al-Madaniy, Mujohid ibn Jabr, Ikrima, Ato, Abdulloh ibn Kasirdan ilm o‘rgangan. Madinada esa Yazid, Yahyo ibn Ya’murdan o‘rgangan. Basrada esa Hasan Basriy, Nasr ibn Osim, Valid ibn Bashshordan ilm o‘rgangan. Nahv, harf ilmi borasida tengi yo‘q bo‘lgan. O‘z zamonasida qiroat, arab tili grammatikasi, she’r va arablar hayoti haqida eng bilimdon bo‘lgan. Unga “Ulamolar otasi” [1:451], deb laqab berilgan.
Shogirdlari. Ad-Duriy (Abu Amr Hafs ibn Umar): Iroq va uning atrofida mashhur bo‘lgan. Suziy (Abu Shuayb): Basra va unga yaqin hududlarda tanilgan. Bu shogirdlari qiroat borasidadir. Boshqa olimlardan ham shogirdlari juda ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun ham “Ulamolar otasi” deb laqablangan.
Abu Amr Basriy Kufa shahrida 154/770-yil vafot etgan.
Ibn Omir ash-Shomiy 21/642-yil tug‘ilgan. To‘liq ismi: Abdulloh ibn Omir ibn Yazid ibn Tamim al-Yahsabiy. Abu Imron deb kunyalangan. (4:8).
Hayoti. Ibn Omir Damashqda tug‘ilgan va umrining ko‘p qismini Shomda o‘tkazgan. Shuning uchun ham Shom ahlining qorisi o‘laroq tanilgan. U Shomdagi sahoba va tobeinlardan qiroatni o‘rgangan.
Ilmiy faoliyati. Ibn Omir Qur’onni Mug‘iyra ibn Shihob va Abdurrahmon ibn Yazid al-Mahzumiydan o‘rgangan.
Shogirdlari. Hishom (Ibn Abdulloh): Shomda keng tarqalgan qiroati bo‘yicha shogirdi. Ibn Zakvon (Muhammad ibn Ahmad): Arab yarim oroli va atrofida mashhur bo‘lgan qiroat bo‘yicha shogirdi.
Imom Shotibiy uni maqtab, sher ham yozgan.
Ibn Omir Shomiy 118/736-yil Damashqda vafot etgan.
Osim al-Kufiy 80/700-yil tug‘ilgan., To‘liq ismi: Osim ibn Abi’n-Najud al-Kufiy. Osim al-Kufi (Iroq lahjasi): Kufiy lahjasining grammatik o‘ziga xosligini saqlagan.
Imom Osim al-Kufiy Qur’onni talaffuzdagi eng kichik xatolardan ham himoya qilishga intilgan. Bir safar bir shogirdi Qur’onni noto‘g‘ri talaffuz qildi. Imom Osim unga dedi: “Ey o‘g‘lim, bu Qur’on Allohning kalomi. Uni to‘g‘ri o‘qish har bir kishining burchidir. Agar xatoga yo‘l qo‘ysang, Qur’onning ma’nosi o‘zgaradi va bu gunohdir. Qur’oni karimni o‘rgatishda hech qachon bo‘sh kelmayman”. Bu voqea uning Qur’onni to‘g‘ri va xatoga yo‘l qo‘ymasdan o‘qitishga bo‘lgan qat’iyatini ko‘rsatadi.
Hayoti. Osim Kufada tug‘ilgan va u yerda Qur’on qiroati ilmini o‘rgangan. Yetti qiroatning bittasini imomi. Kufa shahridan bo‘lgan.
Ilmiy faoliyati: Uning asosiy ustozlari Abu Abdurrahmon as-Sulamiy bo‘lib, u o‘z qiroatini Ali ibn Abu Tolib va Ibn Mas’ud orqali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rgangan.
Shogirdlari. Hafs (Hafs ibn Sulaymon): Dunyo musulmonlarining aksariyati bu rivoyatga amal qiladi. Shu’ba (Abu Bakr ibn Ayyash): Kufa va uning atrofida keng tarqalgan.
Osim Kufiy 127/745-yil Kufada vafot etgan.
Hamza al-Kufiy. Bu olim ham 80/699-yil Kufada tug‘ilgan. To‘liq ismi: Hamza ibn Habib ibn Imora ibn Ismoil az-Zayyat al-Kufiy. Abu Imora deb kunyalangan. Zayyot esa uning laqabi. Chunki u Kufadan Hulvonga zaytun yetkazish ishi bilan shug‘ullangan, shuning uchun shu laqab bilan tanilgan. Imom Hamza az-Zayyot o‘z halolligi va ehtiyotkorligi bilan tanilgan edi. Bir kuni bozorga borib, biror narsa sotib olishni xohlamadi, chunki uning moliyaviy holati yaxshi emas edi. Shogirdlari undan sababini so‘raganda, u dedi: “Qur’onni o‘rgatadigan insonning rizqi halol bo‘lishi kerak. Agar men halol bo‘lmagan narsalarni iste’mol qilsam, bu Qur’on nurini qalbimdan ketkazadi”. Bu voqea halol rizqning ilm va qalb pokligi uchun qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi.
Hayoti. Hamza Kufada tug‘ilgan va o‘z davrining eng yirik Qur’on, hadis va grammatika olimlaridan biri bo‘lgan.
Ilmiy faoliyati. Qur’on ilmini tobeinlardan o‘rganib, o‘ziga xos qiroat uslubini rivojlantirgan. Yetti qiroatning birini imomi. U bir yil Kufada, bir yil Hulvonda qiroatdan dars bergan. Kisoiy undan faxrlanib, “U meni ustozim”, deb aytib yurar edi. U Hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanifa, Sulaymon ibn Mihron va A’mash kabi buyuk olimlardan ta’lim olgan.
Shogirdlari. Xallod: U ustozining qiroatini asosiy roviy sifatida yetkazgan. Xalaf: Hamza al-Kufiyning qiroatini keng yoygan.
Hamza Hulvonda 156/772-yil 76 yoshida vafot etgan.
Al-Kisoiy al-Kufiy 119/737-yil Kufada dunyoga kelgan. To‘liq ismi: Ali ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruzm al-Kisoiy al-Kufiy. Imom al-Kisoiy yoshligida ilm o‘rganishga juda intilardi, lekin boshlang‘ich davrda muvaffaqiyat qozona olmasdi. Bir safar Qur’onni yod olishda qiynalgach, ustoziga: “Men hech narsani yodlab ololmayapman, charchadim”, dedi. Ustoz unga sabr qilishni va Qur’onning barakasiga ishonishni tavsiya qildi [(2:82). Shundan so‘ng, Imom al-Kisoiy sabr bilan harakat qilib, Qur’onni mukammal yod oldi va keyinchalik mashhur qiroat imomlaridan biri bo‘ldi. Bu voqea sabr va mehnatning samarasini eslatadi.
Hayoti. Al-Kisoiy Kufada tug‘ilgan va tilshunoslikda ham, qiroatda ham yuqori maqomga ega bo‘lgan. Undan nega “Kisoiy” deb nom olgani haqida so‘rashganida, u: “Chunki men hajda kisoda (kiyimda) ehrom bog‘laganman”, deb javob bergan. U asli fors bo‘lib, Bani Asad qabilasining qullaridan edi.
Ilmiy faoliyati. Uning asosiy ustozlari Hamza al-Kufiy va boshqa yirik qiroatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari, Kufa maktabini asoschisi hisoblanadi.
Muoz al-Harro va Abu Ja’far Ruasiylarda nahvdan tahsil oldi. Ulardan ilm olib bo‘lgach, Basraga kelib, Iso ibn Umar, Abu Amr ibn al-Alo va Al-Xalil ibn Ahmaddan ilm o‘rgangan.
Qiroatni esa Sho‘ba ibn Hajjojdan ta’lim olgan.
U zot juda ko‘p asar yozgan: “Kitab muxtasar fi an-nahv” (“Nahvga oid qisqa kitob”), “Kitab al-hudud fi an-nahv” (“Nahvdagi hadlarga oid kitob”), “Kitob al-qiroat” (“Qiroatga doir kitob”), “Kitab al-adad” (“Sonlarga doir kitob”), “Kitab ixtilaf al-adad” (“Sonlarning ixtilofiga oid kitob”), “Kitab al-huruf” (“Harflarga oid kitob”), “Kitab maoniy al-Qur’an” (“Qur’on ma’nolari haqidagi kitob”) kabi ko‘plab asar yozgan.
Nahvdan Farro uning xos shogirdlaridan hisoblanadi.
Kisoiy 189/805-yil Roy shahrida vafot etgan.
Qiroat imomlari Qur’oni karimning qiroatlari (o‘qish usullari)ni saqlab qolish va ularga ilmiy asos yaratishga katta hissa qo‘shgan. Ularning arab tili ilmiga qo‘shgan hissasi ham alohida ahamiyatga ega. Chunki Qur’oni karim tili arab tilining eng oliy darajadagi namunasi hisoblanadi. Quyida qiroat imomlarining arab tili rivojiga qo‘shgan hissasi haqida qisqacha ma’lumot beriladi:
- Arab tilining lug‘aviy boyligini saqlab qolish.
Qiroat imomlari turli qiroatlarda ishlatilgan so‘zlar va ularning talaffuzini o‘rganib, yozib olgan. Turli qiroatlar arab tilidagi sinonimlar, lahjalar va talaffuzdagi nozik farqlarni saqlab qolishga yordam bergan.
- Nahv (grammatika) ilmiga qo‘shgan hissasi.
Qiroat imomlari Qur’oni karim oyatlarining qiroatlariga asoslanib, grammatik qoidalar (nahv)ni aniqlashda ishtirok etgan. Masalan:
Nofi’ al-Madaniy, Ibn Kasir al-Makkiy, va Kisoiy kabi imomlarning qiroatlari turli nahviy qoidalarni oydinlashtirishga xizmat qilgan.
Qur’oni karim qiroatlaridagi e‘rob (grammatik o‘zgarishlar) farqlari arab grammatikasining rivojlanishiga sabab bo‘lgan.
- Lahjaviy xususiyatlarni saqlash.
Arab tilidagi turli qabilalarning talaffuzdagi farqlari qiroatlarda aks etgan. Masalan:
Qaysi bir qabilaning hamzani qanday talaffuz qilishi yoki qaysi bir harfni yumshoqroq yoki qattiqroq aytishi qiroatlarda saqlangan.
Bu xususiyatlar orqali arab tilidagi dialektlar o‘rganilgan va yozma ravishda saqlangan.
- Balog‘at va bayon ilmiga ta’siri.
Qiroat imomlari Qur’oni karimning qiroatlaridagi balog‘atni o‘rganib, arab tilidagi iboralarning nazokat va ma’nolarni yetkazish usullarini mukammallashtirgan. Bu ishlar arab tilidagi adabiyot va she’riyatning rivojlanishiga ham yordam bergan
- Qiroatlarning tilshunoslik tadqiqotlariga ta’siri.
Qiroatlar orqali arab tilining tarixiy rivojlanishi, fonetika va morfologik o‘zgarishlari o‘rganilgan. Masalan, turli qiroatlar orqali bir so‘zning bir necha talaffuzi va ulardan kelib chiqqan ma’no farqlari aniqlangan.
Yetti mashhur qiroat imomi Qur’oni karimni nafaqat talaffuz xususiyatlari bilan saqlab qolgan, balki arab tilining lug‘aviy va grammatik boyligini saqlashga ham katta hissa qo‘shgan. Ularning ilmiy faoliyati arab tilshunosligi, nahv, balog‘at va bayon ilmlarining rivojiga zamin yaratgan. Ushbu imomlarning merosi hozirga qadar Qur’oni karimni to‘g‘ri o‘rganish va o‘qitishda asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
- Ali ibn Muhammad Saxoviy. Jamol al-qurro. – J. 2.
- Ibn Jazariy. G‘oyatu an-nihoya. – J. 1.
- Imom Suyutiy. Bug‘yatu al-vuot fi tabaqoti an-nahviyyin. – J. 2.
- Imom Zahabiy. Ma’rifatu al-qurro al-kibor. – J. 1.
- Imom Zarkaliy. Burhon. – J. 1.
- uz. https://oliymahad.uz/37000
- San’oniy. Tanvir sharhu jome’ as-sag‘ir. – J. 5.
- Xoyruddin Zarkaliy. Qomus tarojimi li ashhari arrijal.
- Siyar A’lomi an-nubala. – J.7.