Baʼzilar: “Vitr namozi farz emas, mustahab amallardandir. Hanafiy mazhabining ulamolari uni vojib degan. Lekin jumhur ulamolar uni mustahab degan. Demak, biz jumhur ulamolarga ergashmogʻimiz kerak”, degan notoʻgʻri daʼvoni qiladi. Ular oʻzlarining bu notoʻgʻri daʼvolari bilan vitr namozining vojib ekanini inkor qilmoqchi boʻladi. Vaholanki, hanafiy mazhabida vitr namozining vojibligi dalillar asosida isbotlangan-ku. Endi, oʻsha dalil-hujjatlarni birma-bir koʻrib chiqamiz.
Vitrning lugʻaviy maʼnosi toq deganidir. Ammo vitr hukmida mazhab imomlari ixtilof qilgan. Bizning hanafiy mazhabimizda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Albatta, Alloh sizlarga bir namozni ziyoda qildi, oʻsha namoz vitrdir” degan soʻzlariga asoslanib, vojib deyilgan. Yaʼni hanafiy mazhabi vitr namozini vojib, degan. Boshqa mazhablar esa vojib emas, degan. Chunki hanafiy mazhabidan boshqa mazhablarda farz va vojib tushunchalari bir maʼnoni, yaʼni hanafiy mazhabidagi farz maʼnosini anglatadi. Shuning uchun uch mazhab vakillari besh vaqt namoz farz ekani haqidagi dalil va hujjatlarni keltirib, vitrni ham vojib desak, olti vaqt namoz boʻlib qoladi, degan toʻxtamga kelgan.
Hanafiy mazhabimizda esa, farz bilan sunnat orasida vojib borligi, vitr namozi haqidagi dalillar farzdan kuchsiz, sunnatdan kuchli ekani aytiladi. Vitr bir salom bilan uch rakat oʻqiladigan vojib namozdir. Barcha rakatlarida Fotiha va zam sura oʻqiladi.
“Muxtasarul Viqoya”da vitr borasida bunday deyilgan:
“Vitr uch rakat boʻlib, bir salom bilan vojib boʻladi. Uchinchi rukudan oldin ikki qoʻlni koʻtargan holda takbir aytiladi, soʻngra boshqasida emas, faqat unda doimo qunut oʻqiladi” (Ubaydulloh ibn Masʼud Buxoriy. Muxtasarul Viqoya. – Qozon, 1911. – B. 20.).
Bu yerda “bir salom” degani vitrning orasini ajratib, avval ikki rakat oʻqib salom berib, soʻng bir rakat oʻqib salom berish hanafiylik mazhabiga muvofiq emasligini bildirishdir. “Boshqasida emas”, degan soʻzning maʼnosi esa mazhabga koʻra xuftondan keyin oʻqiladigan vitrdagina “qunut duosi” oʻqiladi, bomdodda yoki boshqa namozlarda “qunut duosi” yoʻqligini bildirishdir.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam:“Ey Qurʼon ahli, vitr namozini oʻqing. Alloh toqdir, toqni yaxshi koʻrur”, dedilar” (“Sunan” egalari rivoyat qilgan).
Alloh toqdir jumlasi sherigi yoʻq, juft emas degan maʼnoni bildiradi. Shu maʼnoda olib qaraganda Alloh taolo vitr (toq) namozini yaxshi koʻrishi ayon boʻladi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning moʻmin-musulmonlarga “Ey Qurʼon ahli”, deb murojaat qilishlari, “Vitr namozini oʻqing”, deb amr qilishlari bu namozning vojib ekanini, oʻqimasa boʻlmasligini koʻrsatadi. Ortidan “Alloh toqdir, toqni yaxshi koʻrur!” deyishlari ham shu maʼnoni bildiradi.
Xorija ibn Huzofa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizning oldimizga chiqib:
“Albatta, Alloh taolo sizlarga bir namozni ziyoda qildi. U sizlar uchun qizgʻish tuyalardan ham yaxshidir. U ham boʻlsa, vitrdir. U zot sizlarga uni xuftondan to tong otguncha qildi”, dedilar” (Abu Dovud, Termiziy va Hokim rivoyat qilgan).
Bu yerda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo sizlarga bir namozni ziyoda qildi”, demoqdalar. Agar u sunnat yoki nafl boʻlganida, Alloh taolo alohida buyurmagan boʻlar edi. Demak, vitrning vojibligi shundan ham ayon boʻlmoqda.
Oʻsha paytda qizgʻish tuyalar arablarning eng obroʻli mulki boʻlgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “U sizlar uchun qizgʻish tuyalardan ham yaxshidir”, deganlari vitr namozi qanchalar fazlga ega ekaniga yana bir dalildir.
Mazkur hadis ushbu namozning vojib ekani toʻgʻrisida hanafiylar tomonidan bildirilgan fikrni quvvatlovchi kuchli dalildir. Ushbu rivoyatdagi “U zot sizlarga uni xuftondan to tong otguncha qildi”, degan jumladan vitr namozining avvalgi va oxirgi vaqtlari ham bilinadi.
Hanafiylikda vitrni vojib deb belgilanishining oʻzi ushbu mazhabning afzalligini isbotlaydi. Mazkur mazhab vakillari vitrni vojib deb ado qilar ekan, boshqa mazhab vakillaridan koʻra obidroq ekanini ham isbotlagan boʻladi.
Chunki Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
“Vitr har bir musulmonga haq vojibdir” (Doraqutniy, 2/1659).
“Vitr har bir musulmonga haq (majburiy)dir” (Abu Dovud, 1/1424).
Boshqa hadisda vitrning vojibligi yanada keskinroq ifodalangan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu gaplarini uch marta takror-takror aytganlar: “Vitr haq vojibdir. Kimki vitr oʻqimasa, bizdan emas!” (Abu Dovud, 1/1421; Hokim, 1/1146; Bayhaqiy, 2/4251; Ahmad, 5/23069).
Xulafoi roshidinlardan biri Umar roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yodlab olgan uch narsamni sen ham yodingda saqla!” deb, “Vitrni oʻqib boʻlmaguncha uxlay koʻrma!” degan (Hokim, 4/175).
Hanafiylik mazhabida vitr namozining qazosi ham oʻqilishi ushbu mazhabning taqvoga, sharʼiy amalga katta eʼtibor berganini, hadislarga amal qilishda diqqatli ekanini bildiradi. Sunnat yoki naflning qazosi oʻqilmasligi oʻz-oʻzidan maʼlum. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim vitrni oʻqimasdan uxlab qolgan yoki unutgan boʻlsa, uni eslagan zahoti oʻqib olsin!” (Abu Dovud, 1/1431; Hokim, 1/302; Bayhaqiy, 2/480; Doraqutniy, 2/22).
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Vitr har bir musulmon zimmasidagi haqdir. Kim besh rakatli vitr qilmoqchi boʻlsa, qilsin. Kim uch rakatli vitr qilmoqchi boʻlsa, qilsin. Kim bir rakatli vitr qilmoqchi boʻlsa, qilsin”, dedilar” (Abu Dovud va Nasoiy rivoyati).
Ushbu hadisdagi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Vitr har bir musulmon zimmasidagi haqdir” deganlari vojib maʼnosidadir.
Shuning uchun ham ushbu hadis hanafiy mazhabining eng kuchli dalillaridan biri hisoblanadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam vitr har bir musulmon zimmasidagi haq ekanini taʼkidlash bilan birga, uni necha rakat boʻlishiga keng yoʻl ochib, bir, uch yoki besh rakat boʻlishi mumkinligini aytmoqdalar. Shulardan bir rakatini shofiy mazhabi, uch rakatini hanafiy mazhabi tanlagan.
Hanafiylarda vitr namozi vojib amal boʻlib, oʻqilmay qolsa, qazosi oʻqiladi. Vitr namozi uch rakatdir. Bu uch rakat bir niyat bilan oʻqiladi va namoz oxirida ikki tomonga salom beriladi. U shu jihatdan shom namoziga oʻxshaydi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shom kunduzning vitri, tunda ham vitr oʻqinglar!” degan maʼnoda gapirganlar.