Home / MAQOLA / ILM OLISH UCHUN VATANNI TARK QILISH HIJRATMI?

ILM OLISH UCHUN VATANNI TARK QILISH HIJRATMI?

Ijtimoiy tarmoqda yoʻldan adashib, chet elda diniy taʼlim olayotgan ayrim kimsalar oʻzlarini hijratda sanayotganlarini va yurtga qaytib yaqinlarini isloh qilmoqchi ekanini guvohi boʻldik.  Ular haqiqatda hijratdami? Yo ilm olish uchun Vatanni tark qilish hijratmi? Qirq farzning biri boʻlgan amru maʼruf ishini hamma ham qila oladimi?  Shu haqda toʻxtalsak.

Avvalo, hijratning sharʼiy taʼrifiga toʻxtalamiz. Fiqh kitoblarida hijrat shunday taʼriflanadi: “Kufr diyoridan islom diyoriga dinini saqlab qolish va diniga erkin amal qilish uchun koʻchish hijratdir.”

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrida bu Makkadan Madinaga koʻchish bilan bogʻliq boʻlgan. Makkaning fathidan keyin esa Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Fathdan keyin hijrat yoʻq,” deb aytdilar. (Imom Buxoriy rivoyati).

Islom dinida Vatanini tark etgan har qanday kimsa muhojir sanalmaganidek, chet elga ketish islom ahkomlari boʻyicha har doim ham hijrat sanalmaydi. Ilm olish uchun Vatanni tark qilish hijrat emas. Jumladan, sharʼiy jihatdan ilm olish uchun Vatanni tark qilish ham “hijrat” hisoblanmaydi, lekin bu amal “ilmiy safar” yoki “talabul ilm yoʻlida safar qilish” deb ataladi.

Islomda ilm olish uchun safar qilish juda ulugʻ ishlardan biri hisoblanadi, qachoniki kishi oʻzi va jamiyat uchun manfaatli ilmni olib oʻz yurtida bu ilm bilan oʻzi va jamiyatiga manfaat olib kelsa. Ammo ilmni, xususan diniy ilmni olib, u bilan jamiyatda turli parokandalik va ixtiloflar keltirib chiqarsa, yoki shunga harakat qilsa,  unday odam olim emas, balki fitnachi sanaladi.

Shuningdek, agar kishi diniy amallarini erkin bajarib turgan Vatanidan ilm olish uchun xorijga chiqsa, bu safar hijrat emas, balki savobli ilm safaridir.

Ilm talabida safarga chiqishning ham bir necha shartlari mavjud:

  1. Oʻz yurtidagi ulamolardan taʼlimni olish va undan soʻng ilmini yanada mukammal qilish uchun talabi ilm niyatida oʻzga yurtga safar qilsa boʻladi. Bu soʻzimizga Imom Buxoriy hazratlari misol boʻla oladi. Yaʼni, Imom Buxoriy Buxoro ulamolaridan ularda mavjud ilmni olib boʻlgandan keyin oʻzidagi ilmni yanada mukammal qilish va bu ilm bilan ummatga xizmat qilish maqsadida safarga chiqdi.
  2. Ilmni xolis niyat bilan olinadi. Xususan sharʼiy bilimlarni oʻrganishda maqsad din va jamiyatga xizmat boʻlmogʻi zarur. Agar bu sohibi ilm jamiyatda fitna va parokandalik tarqalishiga sabab boʻlsa, uning ilmidan na dunyoda va na oxiratda oʻzi va odamlar uchun manfaat boʻlmaydi.
  3. Islom ahkomlariga koʻra diniy ilm duch kelgan kishidan olinmaydi va diniy taʼlimni ham har qanday kishi berishga haqli emas. Dindan saboq berish uchun avvalo mahalliy ulamolar tomonidan imtihon qilinib, keyin unga agar bu ishga salohiyatli boʻlsagina ruxsat etilgan. Tarixga qaraydigan boʻlsak, hatto Imom Buxoriydek ulamolar ham dindan taʼlim berish uchun, oldin Bogʻdod, Nishopur, Samarqandda mahalliy ulamolar tomonidan imtihon qilingan. Shu sababli, diniy taʼlimni qayerda olganidan qatʼiy nazar dindan saboq bermoqchi boʻlgan har bir kishi ulamolar kengashida imtihondan oʻtmogʻi shart qilinadi.
  4. Vatandan tashqarida olingan ilm agar Vatanda turli tushunmovchiliklar va ixtiloflar keltirib chiqarishga sabab boʻlsa, unday ilm ommaga taqdim etilmaydi. Tarixda zamondoshlari Hazrati Imom deb ulugʻlagan faqih Abu Bakr Qaffol Shoshiy shofeʼiy ulamolardan boʻlishiga va uzoq yillar shu mazhabdan talabalarga dars bergan boʻlishiga qaramasdan, Shoshga kelganida hanafiy mazhabidan taʼlim berdilar. Chunki, allomaning maqsadi xalq orasida fitna chiqarish emas, aksincha ilm-maʼrifatni tarqatish edi. Alloma vafot etganda uning hanafiy shogirdlari ustozni hurmati uchun uni shofeʼ mazhabiga koʻra dafn etishadi. Ilm olishda niyati xolis boʻlgan bunday zotlarni koʻplab misollar keltirish mumkin. Ammo “Niyatim xolis” deb, oʻzidagi islomiy ilm bilan jamiyatda fitna va ixtiloflar tarqatishga sabab boʻlganlar ham afsuski tarixda ham, guvohi boʻlib turganimizdek hozir ham, koʻplab topiladi.

Sharʼiy manbalarda taʼkidlanganidek, ilm olish uchun safar – hijratdan farq qiladi. Talabul ilm safari –dinini asrab qolish uchun emas, balki ilm izlash niyatida yurtdan chiqishdir. Bu safar uzoq vaqtga ham choʻzilishi mumkin, lekin maqsad, yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, ilm olish, keyin uni yurtiga qaytib xizmat qilish boʻlmogʻi zarur.

Ulamolar ilm safariga juda katta ahamiyat berishgan. Imom Buxoriy, Imom Ahmad, Imom Moliklar ilm yoʻlida yurtdan yurtga safar qilganlar. Imom Navaviy aytadilar: “Ilm olish yoʻlida qilingan safar – ulugʻ ibodatlardan biri.” (Al-Majmuʼ, 1/20).

Yuqorida keltirilganlardan maʼlum boʻladiki, ilm olish uchun tugʻilib oʻsgan joyidan chiqish hijrat emas, balki safar va u juda savobli amal. Ilm safaridan maqsad  oʻrganganini yurtiga qaytib, xalq manfaatiga xizmat qilish boʻlmogʻi zarur. 

Demak, ilm olish, xususan diniy taʼlim olish dunyoviy manfaatlar uchun emas, balki abadiy savob va xalqning baxti uchun qilinsa, eng ulugʻ ibodatga aylanadi. Niyat toʻgʻri boʻlsa, hatto kichik ilm ham katta baraka keltiradi.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

AVLIYOLARGA TOSH OTISH – ALLOH URUSH EʼLON QILGAN KIMSALAR TOMONIGA OʻTISHDIR (2-qism)

Ahmad Yassaviy hazratlari (qaddasa Allohu sirrahu)ni ayblash uchun aytilgan bu soʻzlarning asossiz va islom diniga …