Bir necha asr davom etgan xalifalik tuzumiga oid maʼlumotlar ichida turkiy sulolalar haqida qator maʼlumotlar ham uchraydi. IX asr boshlaridan Abbosiylar xalifaligidan ajralib chiqishga intilgan qator davlatlar yuzaga keldi. Mazkur jarayon xalifalikning zaiflashishiga sabab boʻlgan. IX asr boshlarida Shimoliy Afrika, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarining mustaqil davlat tashkil etishga urinishi ularning xalifalikdan ajralib, mustaqil davlat tashkil etishida muhim qadam boʻlgan. Bular sirasiga Misrda hukmronlik qilgan Toʻluniylar sulolasi (868–905) Misr va Suriyada mustaqil mahalliy sulolaga asos solgan. Toʻluniylar sulolasining 905-yili qulashidan Ixshidiylar davlati barpo boʻlgan davrgacha Misr abbosiylar tomonidan yuborilgan voliylar tomonidan boshqarilgan. Ammo turkiy sulola boʻlmish Toʻluniylar tajribasidan, yaʼni vakolatni voliylarga butkul berilishi oqibatida ularning taxtni egallashi va mustaqil davlatni boshqarishga urinishini koʻrgan Abbosiy xalifalar bu davrda Misrga joʻnatgan voliylariga toʻla vakolat bermagan. Bir tomondan devonlar (idora qiluvchi organlar) boshqaruviga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻziga boʻysunuvchi kishilarni tayinlab, boshqa tomondan Misrni maʼmuriy jihatdan hududlarga boʻlib, u yerda bir kishi hokimiyatining oʻrnatilishiga yoʻl qoʻymagan. Ammo bu safar hokimlar orasida vakolat va masʼuliyat uchun kurash avj olib, turli hududlardagi voliylar, ayniqsa, soliq turi boʻlmish xaroj boʻlimi amirlari bilan kelishmovchiliklar yuzaga kelgan. Buning oqibatida Misr aholisi yashash sharoiti qiyinlashib, kambagʻallik darajasi ortgan.
Damashq shahri yaqinida xaj ziyoratiga boruvchilar yoʻli toʻsilib, mol mulki talon-toroj qilinayotganini eshitgan Abbosiy xalifa Muhammad ibn Toʻgʻjga muammoni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma beradi. Muhammad muammoni hal etib, ularni tor-mor qilgach, 928-yilda Ramlaga, soʻng 930-yilda Damashq voliysi lavozimiga tayinlangan [7:42]. Muhammad ibn Toʻgʻj bu yerda Misr voliysi boʻlgunga qadar qoladi. Misrda voliy vazifasini bajarayotgan Ahmad ibn Qayigʻlik Abbosiy xalifa ar-Rodiy ishonchini oqlamagach, xalifa uning oʻrniga 935-yil avgust oyida 53 yoshni qarshilagan Muhammad ibn Toʻgʻjni yuborgan. Bunda Abbosiy xalifa Ibn Toʻgʻjga xalifalikka xaroj sogʻligʻini yetkazib turish shartini qoʻygan. Shundan keyingina Muhammad ibn Toʻgʻj oilasini Misrga olib kelgan. U faoliyati davomida bir necha bor Ahmad ibn Qayigʻlik qarshiligiga duch kelgan. Chunki Ahmad Misrni bosib olib, yakka hukmron boʻlmoqchi edi. Ixshid sulolasi vakili Misrni 11-yil boshqargan va 946-yilning 25-iyulida 64 yoshida vafot etgan [5:244].
Abbosiy xalifalar, ayniqsa, Muʼtasim davrida (833-842) turkiylarni armiyaga olish amaliyoti kuchaygan [6:194]. Hatto mazkur xalifa turkiylar uchun Samarra shahrini ham qurgan. Muʼtasim bu orada Fargʻonadan juda koʻp turkiylarni olib kelgan. Ular orasida Muhammad ibn Toʻgʻjning bobosi Juff ham boʻlgan. Oʻrta asr tarixchisi Ibn Tagʻriberdi uning kelib chiqishi haqida quyidagi maʼlumotni keltiradi: “Muhammad ibn Toʻgʻj ibn Juff ibn Yoʻltoʻkin ibn Furx ibn Furiy [5:325-328]. Uning ota-bobolari Fargʻona podshohlaridan boʻlgan. Manbalarda xalifa ar-Rodiyning 939-yil iyun-iyul oylarida Muhammad ibn Toʻgʻjga “Ixshid” unvonini bergani haqida maʼlumotlar keltirilgan. Ularda bu unvonning “Malikul-muluk”, yaʼni “Podshohlar podshohi” maʼnosini anglatishi taʼkidlanadi [5:236-237; 2:76-77]. Bu uning oilasi Fargʻonada hukmronlik qilganidan dalolat beradi. Shundan soʻng, xutbalarda uning ismi aytilganda bu unvon unga boʻysunuvchi barcha shaharlarda qoʻllana boshlagan [1:252]. Muhammad ibn Toʻgʻjga “Ixshid” unvonining berilishi uning oliy nasabli avlod vakili ekanidan dalolat beradi. Shuning uchun uning tashkil etgan davlati nomi ham ushbu unvon bilan “Ixshidiylar” shaklida hozirgi kungacha yetib kelgan [6:199].
Muhammad ibn Toʻgʻj Misr hokimi etib tayinlanganda xaroj amirligi ham unga berilishini qabul qila olmagan. Aslida bir necha yillar davomida xaroj amiri lavozimini oʻz qoʻlida ushlab turgan mazzariylar unga kuchli qarshilik koʻrsatgan. Shu sababli Muhammad ibn Toʻgʻj ularning taʼsirini bartaraf etish uchun vazir Ibn al-Furatni Misrga taklif qildi va uning yordami bilan Misr moliyasini oʻz qoʻliga oldi.
Ibn al-Furotning bu ish uchun Misrga qachon kelgani aniq maʼlum emas. Ammo shunday boʻlsa-da, u 936-937-yillarda xalifa ar-Rodiyga vazir boʻlgan [5:260]. 939-yil 3-yanvarda vafot etgan Ibn al-Furotning bu davr orasida ushbu hududga kelgan deb taxmin qilish mumkin [5:261].
Shunday qilib, Muhammad ibn Toʻgʻj bir tomondan kuchli bir oilaning taʼsirini sindirgan boʻlsa, boshqa tomondan Misrning moliya siyosatini boshqarish huquqini qoʻlga kiritdi [6:199-200].
Muhammad ibn Toʻgʻj Misr hokimi etib tayinlanganda Damashq amiri edi. Shu sababli, amirlik qilgan yerlari ham Misr hokimi boʻlganida unga qoldirilgan. Bu Shom mintaqasining katta qismi Ibn Toʻgʻj hokimiyati ostida boʻlganini koʻrsatadi. Aslida bu davrda uning nomidan Badr ibn Abdullah al-Harasiy bu yerda hokimlik qilgan [6:201].
941-yil yanvarda xalifa ar-Rodiy vafot etdi va oʻrniga ukasi Jafar al-Muttaqiy xalifa boʻldi. Al-Muttaqiy 941-yil 4-iyulda Muhammad ibn Toʻgʻjning hokimligini tasdiqladi [1:290-291; 5:253-254]. Bu orada Ibn Toʻgʻj Misr shurta amirligida bir qator oʻzgarishlar qildi. U avval 941-yil 24-yanvarda Ali ibn Subaykni shurta amiri lavozimidan ozod qilib, oʻrniga Husayn ibn Ali ibn Maʼqilni tayinladi. Soʻng 941-yil 15-aprelda uning oʻrniga Yinal al-Hokiyni keltirdi. 941-yil 30-dekabrda buni ham ozod qilgan Ibn Toʻgʻj Ali ibn Subaykni yana vazifaga qaytardi. Oʻn oy oʻtib, 942-yil may-iyun oylarida uni ozod qilib, bu safar shurta amiri lavozimiga Ahmad ibn Muso ibn Zagʻlamanni qoʻydi [1:290-291].
Muhammad ibn Toʻgʻj bu davrda amalga oshirgan ishlaridan biri 943-yil 4-avgustda oʻgʻli Abul Qosim Oʻnujur uchun bayʼat olishi boʻldi. U Misrning yetakchi shaxslari va qoʻshin qoʻmondonlarini yigʻib, oʻzidan keyin oʻgʻli Oʻnujurning Misr hokimi boʻlishiga qaror qilganini eʼlon qildi va ulardan bayʼat oldi [5:254; 8:329]. Shuningdek, kelajakda Ixshidiylar davlatiga bosh boʻladigan ozod qilingan quli Abul-Misk Kofurni oʻgʻlining nazoratchisi (otabegi) qilib tayinladi [5:256]. Bu bilan u Misrni boshqarishni oʻz oilasida saqlab qolishni koʻzlaganini koʻrsatdi. Manbalarda xalifaning bu voqeani tasdiqlagani yoki tasdiqlamagani haqida maʼlumot yoʻq. Ammo Ibn Toʻgʻj vafot etganidan soʻng Oʻnujurning Ixshidiylar davlatiga bosh boʻlishini xalifa al-Muʼtilillah tasdiqlagan. Bundan shuni bilish mumkinki, mazkur jarayonga xalifa rozi boʻlgan yoki rozi boʻlishga majbur boʻlgan [5:291].
Muhammad Ixshid 944-yilda Shomga borganida Abbosiylar xalifaligi qarorgohini Misrga koʻchirishga uringan. Ixshid Shomga xalifa Muttaqiyni Halabdagi hamadoniylar jabridan va Bagʻdoddagi turkiy amirlar istibdodidan qutqarish maqsadida borgan edi. Muhammad Ixshid Shimoliy Furotda xalifani uzoqdan koʻrgach, otdan tushib uning yonigacha piyoda boradi va undan Misrga oʻzi bilan borishni soʻraydi. Biroq xalifaga oʻz poytaxti, oʻz oilasi qarorgohini tashlab ketish ogʻir koʻrinib, bu taklifni rad etgan [4:148]. U Damashqda kasal boʻlib qolib, 946-yil 25-iyulda 64 yoshida vafot etadi [5:293].
Avvalroq otasi Muhammad ibn Toʻgʻj tomonidan Abul Qosim Oʻnujur foydasiga bayʼat olingani sabab taxtga oʻtirish borasida hech qanday muammo yuzaga kelmagan. Shu bilan birga, uning Ixshidiylar davlatiga rahbar boʻlishini otasining ozod qilgan quli va oʻzining nazoratchisi (otabegi) boʻlgan Abul Misk Kafur shaxsan Bagʻdodga borib, xalifa al-Muʼtilillahga tasdiqlatib olgan [5:256; 8:329]. 946-yilning 2-avgustida xalifaning bu farmoyishi Damashqdagi juma namozida oʻqildi. Unga koʻra, xalifa uni otasi hukmronlik qilgan barcha hududlarda viloyat hokimi deb eʼlon qilindi [1:294; 5:291]. Oʻrta asr tarixchilari Ibn Tagʻriberdi hamda Suyutiy “Oʻnujur” ismining maʼnosini “Mahmud”, yaʼni maqtalgan, madh etilgan deb taʼriflaydi [11:291; 3:597].
Abul Qosim Oʻnujurning ismi juma namozida oʻqilganidan soʻng ham Kafurning taʼsiri ostida boʻlgan. U 946-yilning 4-avgustida Misr xazinasi amiri Muhammad ibn Ali ibn Muqotilni lavozimidan ozod qilib, oʻrniga Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ahmad al-Mazariyni tayinlagan [1:294; 8:329]. Bu Ixshid Muhammad ibn Toʻgʻj tomonidan Misr moliyasidan chetlashtirilgan eronlik Mazariylar oilasining qayta kuchaya boshlaganidan dalolat beradi [6:207]. Buni Kafurning Ixshidiylar oilasiga yaqin kishilarning moliyaviy ishlarni boshqarishini istamasligi bilan ham bogʻlash mumkin.
Kafur davlatning moliyaviy tomonini ham nazoratini qoʻlga kiritgach, Oʻnujurga yiliga toʻrt yuz ming dinor ajratdi va davlat daromadlarining qolgan qismini oʻzi xohlaganidek sarfladi [5:291]. Al-Mazariyning bu borada Kafurga qarshi chiqqani haqida manbalarda hech qanday maʼlumot yoʻq.
Bu yerda bir masalaga oydinlik kiritish kerakki, u ham Abul Misk Kafur bilan bogʻliq. Aslida Oʻnujurning yoshligida Ixshidiylar davlatiga rahbar boʻldi. Shuningdek, bu davrda Kafur mamlakatda kuchli taʼsirga ega edi. Bu esa, oʻz navbatida, Kafurga Ixshidiylar davlati boshqaruvini toʻliq oʻz qoʻliga olishiga imkoniyat yaratdi.
Muhammad bin Toʻgʻjdan keyin ham, rasmiy jihatidan Ibn Toʻgʻjning oilasi davlat boshqaruvida boʻlgan boʻlsa-da, uning vafotidan keyin davlatni boshqarish amalda Kafurning qoʻlida boʻldi. Demak, bu yerda Ixshidiylar davlatiga rahbar boʻlgan amirlar ismi va amirlik qilgan davriga koʻrsatilsa-da, aslida bu davrda Abul Misk Kafur haqiqiy hokim boʻlgan. Barcha maʼmuriy tayinlovlar, armiyani boshqarish, olib borilgan barcha urushlar Kafur qarori asosida shakllangan. Oʻnujur va undan keyingi Ixshidiylar Kafur vafot etguncha bu qarorlarni tasdiqlovchi bir lavozimdan nariga oʻta olmadi. Shu sababli Oʻnujur va boshqa amirlarning amallari aslida Kafur qarori ekani eʼtibordan chetda qolmasligi kerak.
Ikki avlodi Abbosiy xalifalar xizmatida boʻlgan Muhammad ibn Toʻgʻj Ixshid (935–946) va uning sulolasi vakillari Abdu Qosim ibn Oʻnujoʻr Ixshid (946-961), soʻng Abu Hasan Ali ibn Ixshid (961-966), avval Oʻnujoʻrga nazoratchi – regent boʻlgan Abu Misk Kofur (966-968) va Abu Favoris Ahmad ibn Ali (968-969) kabilar Ixshidiylar davlatini boshqargan. Bu sulola ham qariyb 35-yil hukmronlik qilgan. Misr va Shomdagi Ixshid askarlarining umumiy soni qoʻriqchilardan tashqari qirq mingta boʻlgan. Ulardan sakkiz ming nafari mamluklardan tashkil topgan.
Ixshidiylarning qurilish sohasidagi ishlari haqida, ayniqsa, Oʻrta asr tarixchisi al-Maqriziyning “Xutat” asarida maʼlumotlar mavjud. Ammo bu davrdan hozirgi kunga qadar hech qanday inshoot saqlanib qolmagan. Muhammad ibn Toʻgʻjning Rovda orolida qurdirgan “Qasrul Muxtar”, Kafurning “Bostonul Kafuriyya”si haqidagi maʼlumotlar manbalardagini saqlanib qolgan.
Ixshidiy amirlar olim, adib va shoirlarga katta ahamiyat bergan, ularga qiziqish koʻrsatib, moddiy jihatdan taʼminlagan. Fustatdagi Amr masjidi va Ibn Toʻlun masjidi olimlarning dars beradigan ikkita muhim markazi boʻlgan [10:271]. Molikiy va shofeʼiy faqihlar erkin munozara qilishi, oʻz fikri va hukmini oʻz mazhabiga mansub kishilarga yetkazishi mumkin edi. Muhammad ibn Toʻgʻjning qozisi sakson yoshda Misrda vafot etgan mashhur shofeʼiy faqih Abu Bakr ibn al-Haddad boʻlgan [5:313].
Tilshunoslik boʻyicha mashhur olimlardan Abul Abbos Ahmad ibn al-Vallad va Abu Jaʼfar an-Nahhas juda koʻp kitob muallifi boʻlib, koʻplab shogird yetishtirgan.
Arab tili grammatikasi boʻyicha mashhur olimlar Abu Ishaq an-Nujayriy va Abu Bakr Muhammad Sibeveyh ham ushbu davrda ijod qilgan hamda arab tili grammatikasi rivojiga katta hissa qoʻshgan.
Abu Misk Kofur davrida Misrga kelgan mashhur shoirlardan biri Mutanabbiy va dastlab Kofurga madhiya aytgan, biroq niyatiga yetmaganidan soʻng hajviya yozgan va Misrda koʻp qolmay, u yerdan ketgan. U Ixshidiylar qoʻshini qoʻmondonlaridan biri boʻlgan Fayyum hokimi Fatik Rumiyni ham madh qilgan sheʼr yozgan [5:330].
Bu davrning taniqli shoirlari Ahmad ibn Muhammad Qosim ibn Ahmad ar-Rassey va Muhammad ibn Hasan ibn Zakariya hisoblanadi [6:221]. Ushbu davrning eng mashhur tarixchilari – Ibn Yunus as-Safadiy, al-Kindi va Ibn Zulayh. Demak, Ixshidiylar davlati qisqa fursat ichida boʻlsa-da, Misr tarixida oʻz izini qoldirgan. Davlatning asosiy yutuqlaridan biri turkiy sulola Toʻluniylar davlatining qulashidan soʻng, taxminan oʻttiz yil davom etgan tartibsizlikdan soʻng Misrda tinchlik va barqarorlikni taʼ-minlab, ilm-fan rivojiga hissa qoʻshgan. Bu davrda koʻplab olimlar yetishib chiqqan va ularning merosi bugungacha saqlanib qolgan. Ularning har biri oʻz sohasiga muhim hissa qoʻshgan va tarixda iz qoldirgan.
Abbosiy xalifalarga rasman boʻysunuvchan boʻlgan Ixshidiylar bir tomondan Suriya hududi uchun hamdaniylarga qarshi kurashgan boʻlsa, boshqa tomondan Misrning gʻarbida shia-fotimiylarning sharqqa kengayishiga oʻttiz toʻrt yil davomida toʻsqinlik qila oldi.
Muhammad ibn Tugʻjdan keyin rasmiy davlat rahbarlari turkiy boʻlgan. Turkiy davlat boʻlishiga qaramay, uni oʻttiz toʻrt yillik umrining yigirma ikki yilida amalda ozod qul Abu Misk Kafur boshqargan. Ammo shunga qaramay, davlat, ayniqsa, armiyadagi ulushi tufayli oʻzining turkiy xususiyatini yoʻqotmadi.
Shimoliy Afrikani boshqarib kelayotgan Fotimiylar Misrni zabt etishga intilgan. Ular Kafur Ixshid vafotidan soʻng Misrni qoʻlga kiritgan va 969-yildan u yerda Fotimiylar boshqaruvi boshlangan. Ular Misrda taxtni egallagach, oʻz hokimiyatini mustahkamlash maqsadida katta qoʻshinga ehtiyoj oshib borgan. Shunga koʻra, Fotimiylar oʻz qoʻshiniga turkiylardan tashqari kurd, daylamiy va hatto, janglarda asir tushgan gʻarbiy yurtlardan keltirilgan qullarni ham jalb etgan.
-
Abu Umar Muhammad ibn Yusuf Kindiy. Kitob al-vilat va kitob al-kudat. – Bayrut, 1908.
-
Bosvort K.E. Musulmanskiye dinastii. Spravochnik po xronologii i genealogii. /Per. s angl. P.A.Gryaznevicha. – M.:Nauka, 1971. – S.324.
-
Jaloliddin ibn Muhammad as-Suyutiy. Kitob husn al-muhodara bi axbor Misr val Qohira. / Muhaqqiq Muhammad Abu Al-Fadl Ibrohim. –Qohira: Dor ihʼya al-kutub al-arabiya, 1967. – 1281 b.
-
Ibn al-Asir Ali ibn Ahmad. Al-Komil fi-t-tarix. – Qohira: Dor al-Kutub al-Misriya, 1987.
-
Ibn Tagʻriberdi Abu al-Mahosin. Kitob an-nujum az-zohira fi muluk Misr val Qohira. Jild 3. – Lubnon: dor al – kutub al-ilmiya, 1992.
-
Kazım Yasar Kopraman. Ihshidîler, DoğuĢtan Günümüze Büyük Islam Tarihi (Editör: Hakkı Dursun Yıldız). – Istanbul, 1992, VI. –194.
-
Nadir Ö Ixshidiylari // Türkler. – Ankara: Yenġ türkġye yayinlari, 2002. – S.42.
-
Taqiy ad-Din al-Maqriziy. Kitob al-mavoiz va al-iʻtibor bi-zikr al-xutat va al-osor. J.1.. – Buloq: Kaston Viit, 2002. – B.325-328.
-
Filshtinskiy I.M. Istoriya arabov i xalifata (750-1517) – M.: 2006.
-
Hasan Ibrohim Hasan. Tarix al-islomiy. 4 jildli, – Bayrut: Dor al-maʻorif, 1991.