Home / MAQOLA / AVLIYOLARGA TOSH OTISH – ALLOH URUSH EʼLON QILGAN KIMSALAR TOMONIGA OʻTISHDIR (2-qism)

AVLIYOLARGA TOSH OTISH – ALLOH URUSH EʼLON QILGAN KIMSALAR TOMONIGA OʻTISHDIR (2-qism)

Ahmad Yassaviy hazratlari (qaddasa Allohu sirrahu)ni ayblash uchun aytilgan bu soʻzlarning asossiz va islom diniga zid ekaniga yana bir dalil: Alloh taologa qurbat hosil qilish uchun masjidlarda “eʼtikof” oʻtirish Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan sunnat  boʻlib qolgan amal ekanidir.

Keyinchalik jome masjidlar yonidan eʼtikof oʻtirish uchun alohida qilib chillaxonalar qurilgan. Tabiiyki eʼtikof oʻtirgan kishi juma namozi va boshqa farz namozlarni qanday oʻqigan boʻlsa, aziz avliyolarimiz ham chillaxonasidan chiqib, xuddi shunday juma namozini va besh vaqt namozni jamoat bilan oʻqigan.

Hatto chillada oʻtirgan aziz avliyolarimizning ayrimlari  jamoat namoziga chiqishdan oldin, odamlar bilan muloqot qilish ortidan behuda narsalarga chalgʻib qolmaslik uchun  boshiga sutra (yopinchiq) tashlab olgan. Odamlar boshdagi sutradan uning chillada ekanini bilgan. Zarurat boʻlmasa gapirmagan, faqat din va oxiratiga taalluqli masalalar bilan murojaat qilgan. Dunyoviy masalalarga oid savollar berib, uni bezovta qilmagan.

 Ammo Xoja Ahmad Yassaviy hazratlarini yer ostida oʻzi uchun xoslab qurdirgan “chillaxona”si va unga 63 yoshida kirib ketishlariga kelsak, bu ish faqat hazratning oʻziga xos boʻlgan karomatdir. Shuningdek, uni boshqa  chillaxonalar kabi bir joy deb tasavvur qilmaslik kerak. Ushbu yer ostidagi chillaxonada Xoja Ahmad Yassaviy oʻz shogirdlari bilan juma namozi va qolgan besh vaqt namozni jamoat boʻlib oʻqish uchun xoslab qurilgan moʻjazgina masjid va tahoratxona ham mavjud edi. U oʻz ibodatini ahli sunna val jamoaga muvofiq tarzda jamoat boʻlib ado etgan. Alohida taʼkidlash lozimki, bu karomatli ish faqat Xoja Ahmad Yassaviy hazratlarining oʻzigagina xosdir.

Inson oʻzidagi zohiriy ilm bilan fikr yuritib, botiniy ilm sohiblari – hikmat berilgan solih bandalar, xususan tasavvufdagi aziz-avliyolar shaʼniga turli nooʻrin soʻzlarni aytishdan ehtiyot boʻlishi lozimligiga yana bir dalil:

Alloh taolo solih bandalarini ayblashdan ehtiyot boʻlishga chaqirib, Qurʼoni karimning Kahf surasida Muso alayhissalom va Hazrati Xizr alayhissalom qissasini taʼlim oʻlaroq bayon qilgan. Mazkur surada Muso alayhissalom va Alloh “Oʻz dargohidan rahmat va ilmu hikmat ato etgan solih banda” “Xizr alayhissalom” qissasi bayon qilingan.

Hazrati Xizrga shogird tushgan Muso alayhissalom paygʻambar edilar. Paygʻambar boʻlganda ham ulul aʼzm maqomidagi besh paygʻambarning biri edilar. Ammo Xizr alayhissalom qilgan ishlarining hikmatini anglab yetolmay, sabrsizlik bilan notoʻgʻri taʼvil qilib, u zotni ayblab qoʻyadi. Xizr alayhissalom qilgan ishlarining sabablarini aytib bergandan soʻng Alloh taoloning solih bandalaridan ayrimlariga bergan ilmdan oʻzining nasibador emasligini bilib oladi. Bu qissadan maʼlum boʻladiki, aziz avliyolarga berilgan ilm ayrim hollarda faqat oʻzigagina xos boʻlib, ularning qilgan amallari va aytgan soʻzlarining taʼviliga hammaning ham aqli va tafakkuri yetavermaydi.

Yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, Hazrati Xizr alayhissalomga berilgan hikmat oʻzlariga xos ilm boʻlgani kabi bu ishning zamirida ham faqat Ahmad Yassaviyning oʻzigagina maʼlum hikmat – ilmi hol  yotadi. Bu hikmatni nafaqat millatimiz, balki islom olamining faxri boʻlgan olimu ulamolarimiz, aziz avliyolarimizdan ayb qidiradigan kimsalarning tushunmasligi tabiiy.

Avliyolarga bogʻliq va aqlimiz yetmagan ayrim ishlarda ularning shaʼniga nooʻrin soʻzlarni aytishdan saqlanish zarurligiga Alloh taoloning quyidagi oyati ham dalil boʻladi:

﴿أَلَا إِنَّ أَوْلِيَاءَ اللَّهِ لَا خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلَا هُمْ يَحْزَنُونَ﴾

“Ogoh boʻlingizki, albatta, Allohning valiylari (doʻstlari)ga xavf yoʻqdir va ular tashvish ham chekmaslar”[1]

Yaʼni, odamlar qiyomat dahshatidan vahimaga tushib, jon talvasasida najot izlaganlarida Allohning avliyolari vahimaga tushmaslar. Odamlar gunohidan tashvish chekib, oʻziga shafoatchi izlaganda ular tashvish chekmaslar.

Alloh taolo Qurʼoni karimda aytgan soʻzlardan xulosa chiqarishimiz, aziz-avliyolar shaʼniga turli nojoiz soʻzlarni aytishdan saqlanishimiz kerak. Aslini olganda, ijtimoiy tarmoqlarda aziz avliyolar, xususan, ulamolar shaʼniga otilayotgan toshlar zamirida yovuz maqsad yotadi. Bunday Fitna keltirib chiqaruvchi soʻzlarni aytayotgan manqurtlardan ogoh va ehtiyot boʻlish har bir moʻmin-musulmonning burchidir.

Musulmon kishi solih insonlarni yomonlash oʻrniga, ularning ibratli hayotidan oʻrnak olishga intilib yashaydi. Islomda nafaqat aziz-avliyolar, balki oddiy musulmonning shaʼniga ham nojoiz soʻz aytish mumkin emas. Chunki Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

 عن أبي هريرة رضي الله عنه أن النبي صلى الله عليه وسلم قال: كل المسلم على المسلم حرام، دمه، وماله، وعِرْضه.  

“Har bir musulmonning qoni, moli va obroʻsi musulmonga haromdir”, deganlar[2].

Avliyolar shaʼniga noloyiq soʻzlarni aytish  nafaqat katta gunoh, balki buzgʻunchilik hamdir. Haqiqiy moʻmin esa fitnaga emas, balki tinchlik, oʻzaro hurmat va mehr-oqibatga daʼvat qiladi.

[1] Yunus surasi, 62-oyat.
[2] Sahihul Buxoriy, 6064-hadis; Sahihu Muslim, 2564-hadis.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OTA-ONAGA YAXSHILIK QILISH

بسم الله الرحمن الرحيم ١ – بَابُ [ما جاء في] قَوْلِهِ تَعَالَى: {وَوَصَّيْنَا الإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ حُسْنًا}  ALLOH TAOLONING: “BIZ …