Home / MAQOLA / IKKI KALLA BIR QOZONDA QAYNAMAYDIMI!?

IKKI KALLA BIR QOZONDA QAYNAMAYDIMI!?

Hozirgi globallashuv jarayonida tinchlik dini – islomni insonlarga notoʻgʻri talqin qilayotgan guruhlar unga tuhmat toshlari otilishiga sababchi boʻlmoqda. Din niqobi ostida faoliyat yuritayotgan oqimlar, partiya va tashkilotlar muqaddas dinimiz va milliy qadriyatlarimizga katta zarar keltirmoqda. Shu va boshqa koʻplab omillar islom haqida qoʻporuvchilik bilan bogʻliq notoʻgʻri tushunchalarni shakllantirdi. Baʼzi guruhlar nomidan amalga oshirilayotgan terroristik amaliyotlar shunday xulosaga sabab boʻlayotgan va buni amalga oshirayotganlar islomni yoyishning birgina yoʻli – quroldan foydalanish va bu narsa manbalarda aytilgan, deb aldasalar, bunga qarshi turishda faqat shu manbalarga murojaat qilish orqaligina muvaffaqiyat qozonish mumkin.

Biroq, ekstremistik oqimlarning aynan musulmonlar orasida paydo boʻlayotganiga guvoh boʻlib turgan koʻpchilik islom urush dini ekanini taʼkidlaydi. Natijada, Qurʼoni karim daʼvat etgan va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tarjimayi hollarida oʻz aksini topgan tinchlikka moyillik eʼtibordan chetda qoladi.

Ular baʼzi oyatlar va ayrim hadislarning zohiriy maʼnolarini ushlab olib, bagʻrikenglik, tajovuz qilmaslik va tinchlikka chorlovchi yuzlab oyat-hadislarni unutishadi. Vaholanki,

لَآ إِكۡرَاهَ فِي ٱلدِّينِۖ قَد تَّبَيَّنَ ٱلرُّشۡدُ مِنَ ٱلۡغَيِّۚ

Dinga majbur qilish yoʻq, zero, toʻgʻri yoʻl yanglish yoʻldan ajrim boʻldi”[1].

Qolaversa, boshqa bir oyatda:

ٱدۡعُ إِلَىٰ سَبِيلِ رَبِّكَ بِٱلۡحِكۡمَةِ وَٱلۡمَوۡعِظَةِ ٱلۡحَسَنَةِۖ وَجَٰدِلۡهُم بِٱلَّتِي هِيَ أَحۡسَنُۚ إِنَّ رَبَّكَ هُوَ أَعۡلَمُ بِمَن ضَلَّ عَن سَبِيلِهِۦ وَهُوَ أَعۡلَمُ بِٱلۡمُهۡتَدِينَ

(Ey Muhammad!) Rabbingizning yoʻli (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan daʼvat eting! Ular bilan eng goʻzal uslubda munozara qiling!”[2] deb marhamat qilingan.

Islom odamlarni unga kirishga majburlamaydigan, notinchlik pozitsiyasidan ustun turuvchi, musulmon boʻlmaganlarga ham inson sifatida ehtirom koʻrsatishimizni buyuruvchi din ekani taʼkidlangan.

وَإِنۡ أَحَدٌ مِّنَ ٱلۡمُشۡرِكِينَ ٱسۡتَجَارَكَ فَأَجِرۡهُ حَتَّىٰ يَسۡمَعَ كَلَٰمَ ٱللَّهِ ثُمَّ أَبۡلِغۡهُ مَأۡمَنَهُۥۚ ذَٰلِكَ بِأَنَّهُمۡ قَوۡمٌ لَّا يَعۡلَمُونَ

“Agar mushriklardan birortasi Sizdan himoya soʻrasa, bas, uni himoyangizga oling, toki u Allohning kalomini eshitsin. Soʻngra uni xavfsiz joyiga yetkazib qoʻying! Bu ularning bilmaydigan qavm boʻlganlari sabablidir”[3].

Muhammad Abdulloh Darroz: “Koʻryapsizmi, biz musulmon boʻlmaganlarni ham himoya qilishimiz, ularga boshpana berishimiz va faqat oʻz mahallamizdagi xavfsizlikni kafolatlashimiz, ularni haq va toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirishimiz ham yetarli emas ekan. Balki, ular xohlagan joyga yetgunlaricha ularni himoya qilish va harakatlarida gʻamxoʻrlik qilishni buyurmoqda”, deydi.

Jihod tushunchasi

Islomda jihod sof mudofaa xarakteriga ega ekani isbotlangan va jang qilish haqidagi barcha buyruqlar, birinchi oʻrinda faqat oʻzini himoya qilish uchun boʻlgani bilan taʼkidlanadi. Avvalo ularning hech biri tajovuzkor urush olib borishga ishora qilmaydi, ikkinchidan, ular vaqtinchalik xususiyatga ega ekanini alohida taʼkidlash lozim va kelajak avlod uchun majburiy buyruq sifatida qaralmasligi kerak.

Va yana shuni qoʻshimcha qilish kerakki, “jihod” soʻzi klassik arab tilida insonning bor kuchini koʻrsatishi, harakat qilishi, kurashishi yoki oʻzini qatʼiyat, tirishqoqlik, matonat, jiddiylik, ishtiyoq bilan ishlashga undashini anglatadi.

Islom fathlari urush axloqi boʻyicha umumbashariy saboqlar beradi, bu unda qoʻporuvchilik xulq-atvori yoʻqligini koʻrsatib, boshqa tuzumlardan ajralib turishiga sabab boʻladi.

Buning yaqqol misolini birinchi xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu hijriy 12-yilda Usoma ibn Zayd boshchiligidagi qoʻshinni islomni yoyish uchun Shomga yuborayotganida aytgan xutbalarida koʻramiz: “Buzgʻunchilik, adovat va xiyonat qilmanglar. Yosh bolalarni, qariyalarni va ayollarni oʻldirmang, xurmo daraxtlarini kesmang va yoqib yubormang, mevali daraxtni kesmang. Qoʻy, sigir va tuyalarni ovqatdan boshqa narsa uchun soʻymang. Oʻzlarini ibodatxonalarga bagʻishlagan odamlarning yonidan oʻtasizlar, ularni tek qoʻying”[4].

“Bir qozonda ikki kalla qaynamaydi! Yer yuzida yo moʻmin yo mushrik qolsin”, deb daʼvo qiladiganlar islomning mohiyatini tushunmaydigan, kaltafahm kishilardir. Yerda faqat musulmonlar qolsin, boshqa din vakillarini qirish kerak, boʻlmasa bizni yoʻq qiladi deyish hech qanday mantiqqa toʻgʻri kelmaydi.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, tinchlik islom dini tayangan eng muhim tamoyillardan biri. Bu narsa uning oʻsha davrda dunyoning turli burchaklarigacha tez tarqalishiga asosiy sabablardan biri boʻlgan. Bu esa islom dini qilich bilan tarqaldi, degan notoʻgʻri tushunchani butunlay yoʻqqa chiqaradi. Musulmonlar boshqa din vakillari bilan aloqalar oʻrnatmaganida va insoniy qadriyatlarni ular bilan baham koʻrmaganida, bu ish amalga oshmagan boʻlardi.

[1] Baqara surasi, 256-oyat.
[2] Nahl surasi, 125-oyat.    
[3] Tavba surasi, 6-oyat.      
[4] Imom Muslim rivoyati.
Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MILLIY MAʼNAVIY MEROS – TARBIYA OMILI SIFATIDA

Bugungi globallashuv davrida ijtimoiy-iqtisodiy, harbiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy ziddiyatlarning kuchayishi jahonda tinchlik va barqarorlikka jiddiy xavf solmoqda. …