Home / MAQOLA / XX ASR SOʻNGIDA MARKAZIY OSIYODA DINIY MUTAASSIBLIKNING OLDINI OLISH YUZASIDAN KOʻRILGAN CHORALAR

XX ASR SOʻNGIDA MARKAZIY OSIYODA DINIY MUTAASSIBLIKNING OLDINI OLISH YUZASIDAN KOʻRILGAN CHORALAR

Markaziy Osiyoda islom dinining qayta tiklanishi va musulmonlarning siyosiy faol qismi oʻrtasida shakllangan mutaassiblik SSSR parchalanganidan soʻng mintaqa davlatlaridagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va diniy muammolar fonida oʻzining choʻqqisiga yetdi.

Markaziy Osiyo respublikalarining mustaqillikka erishishi Moskva tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri byudjet yordamining tugashini anglatardi. Bu esa 1991-yilda ulkan iqtisodiy muammolarni keltirib chiqardi hamda fuqarolik boshqaruvi va ijtimoiy taʼminotning aksariyat sohalariga taʼsir koʻrsatdi. Natijada, sanoat ishlab chiqarishi keskin pasaydi, boshqaruv va intellektual elitaning keng koʻlamli emigratsiyasi vujudga keldi.

Sobiq ittifoq respublikalari ichida Qirgʻiziston va Tojikiston eng qashshoq resurs, zaif infratuzilmaga ega davlatlar sifatida keskin iqtisodiy tanazzulga uchradi. Bu holat Tojikistondagi fuqarolar urushi tufayli yanada ayanchli holga keldi.  Mazkur jarayonlarda Oʻzbekiston, Turkmaniston va Qozogʻiston Respublikalarining iqtisodi qishloq xoʻjaligi, paxta yetishtirish malakasi hamda tabiiy resurslar qazib olish hisobiga kamroq zarar koʻrdi [6:2-3].

Yuqoridagi holatlar sababli XX asrning 90-yillarida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalari rasmiylarining kun tartibida jamiyatni maʼnaviy yuksaltirish, davlat va din oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solish, radikal va ekstremistik gʻoyalar tarqalishining oldini olish masalalari oʻrin olmadi.

Mahalliy huquqni muhofaza qilish va adliya idoralarida esa diniy xavfsizlikni taʼminlashda tajriba va koʻnikmalarning yetishmasligi, diniy ulamolar oʻrtasida birdamlikning yoʻqligi va turli yot gʻoyalarga nisbatan javob berishga tayyor emasligi jamiyatda diniy-ijtimoiy muammolarning urchishiga hamda aholi orasida turli mutaassib gʻoyalarning keng tarqalishiga olib keldi [5:38-50].

Sovet davridagi ayrim tahlilchilar Ittifoqning parchalanishiga “islom radikalizmi” sabab boʻlishini bashorat qilib, yashirin diniy faollik kommunistik boshqaruv izdoshlariga qarshi chiqish uchun paydo boʻlganini taʼkidlashgan edi [1:7]. 

Sovet Ittifoqi mutaxassislarining bu kabi qarashlari ularning dinga boʻlgan ateistik munosabati, dinga xavf sifatida qarashi va qoʻrquvlar natijasida shakllangan taxminlar oʻzini oqlamadi. SSSRning parchalanishida radikal dindorlarning roli sezilmadi.

Biroq XX asrning oxiriga kelib, Sovet Ittifoqi davrida vujudga kelgan diniy mutaassiblikning radikallashuvi Markaziy Osiyodagi diniy-ijtimoiy va siyosiy vaziyatni beqarorlashtiruvchi asosiy omillardan biri boʻldi.

Bu davrga kelib diniy mutaassib shaxslar aholi orasida oʻz gʻoyalarini keng targʻib etish va dindorlarda oʻzlariga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirishda rasmiy ulamolarni obroʻsizlantirish “uslubidan unumli” foydalandi.

XX asrning 90-yillarida Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari idorasi” muftiy lavozimiga tayinlanishi va u tomonidan 1989-1992-yillar davomida olib borilgan islohotlar (asosan hajga boruvchilarni saralash, xorijdan xayriya qilingan Qurʼoni karim savdosi va kadrlar almashinuvi) ayrim eski tuzum tarafdori boʻlgan shaxslar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmadi.

Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻizistondan boʻlgan mazkur shaxslarning oʻz manfaatlarini himoya qilishga boʻlgan urinishlaridan mutaassib toifalar va ayrim siyosiy kuchlar yangi shakllanayotgan jamiyatlarda turli ixtilof, nizo va notinchlik keltirib chiqarish kabi maqsadlari yoʻlida foydalandi.

Jumladan, “Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari idorasi” tomonidan namozxonlar oʻrtasida turli ixtilof va tushunmovchiliklarni kelib chiqishining oldini olish maqsadida chiqarilgan masjidlarda ibodatlarni Imomi Aʼzam mazhabida olib borish borasida berilgan fatvo soxta salafiylik gʻoyalari tarafdori boʻlgan shaxslar tomonidan musulmonlar orasini boʻlish, namozxonlar oʻrtasida ixtilof chiqarish va mazhabparastlik sifatida talqin qilindi.

Muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf boshchiligidagi ulamolarni esa namoz oʻqimaydigan, masjidga kelmaydigan va turli gunohlarga mukkasidan ketgan shaxslarni hidoyatga chorlash oʻrniga masjidga kelayotgan insonlarni qaysi mazhabda namoz oʻqishini muhokama qilishda, namozxonlarni masjid va dindan bezdirishda ayblashdi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda ham rasmiy diniy soha vakillariga nisbatan yuqoridagi kabi ayblovlar shaklan biroz oʻzgargan, ammo mazmunan oʻsha-oʻsha holda davom etmoqda.

Aholida islom dini haqidagi bilimlarning kamligi, mintaqadan tashqaridagi siyosiy faollik va munozaralar haqida maʼlumotlar yetishmasligi xorijiy musulmon davlatlardan kelgan ayrim daʼvatchilarning oʻz qarashlarini mahalliy aholiga singdirishi uchun qulay fursat boʻldi. Natijada, mazkur muammolar “Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari idorasi” parchalanishiga sabab boʻldi. Bu esa, oʻz navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlarining har birida oʻziga xos boʻlgan islom dinining tarqalishiga, 1991-yildan keyin Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston va Oʻzbekistonda maqsadlari “islomiy xalifalik”ni tuzish orqali davlatlarning milliy chegaralarini tugatishni nazarda tutadigan siyosiy partiya va guruhlar tashkil etila boshlashiga olib keldi. Ushbu jarayonlarda ishtirok etmagan Markaziy Osiyoning yagona mamlakati Turkmaniston Respublikasi boʻldi.

Juma Namangoniy (Juma Xojiyev) va Tohir Yoʻldosh (Tohir Yoʻldoshev) tomonidan asos solingan “Oʻzbekiston Islom Harakati (OʻIH)”[1] Markaziy Osiyodagi asosiy va eng faol harakatlardan biri boʻldi. Said Abdullo Nuriy boshchiligidagi “Tojikiston islom tiklanish partiyasi (TITP)” ham ana shunday harakatlardan hisoblandi. Mazkur jarayonlarda “Akromiylar”[2], “Hizb ut-Tahrir”[3] va “Nurchilik”[4] kabi ekstremistik tashkilotlar hamda “Barlaviylar”, “Tabligʻ jamoati” kabi soxta salafiylik va soxta tariqatchilarning saʼy-harakatlari natijasida jamiyatda diniy mutaassib gʻoyalar tarqaldi.

Mintaqadagi respublikalar tomonidan mustaqillikning dastlabki yillaridagi siyosiy, iqtisodiy muammolar hal etilgach, diniy fanatizmning oldini olish maqsadida davlat va din oʻrtasidagi munosabatlar tartibga solindi.

XX asrning 90-yillari oʻrtalariga kelib Markaziy Osiyo respublikalarining aksariyati bozor iqtisodiyotiga asoslangan, dunyoviy xarakterga ega boʻlgan, demokratik tamoyillar asosidagi oʻzining taraqqiyot yoʻlini belgilab oldi va bu oʻzining bosh qomusi boʻlgan konstitutsiyalarda referendumlar orqali belgilab qoʻyildi [2].

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo respublikalarida turli din va millat vakillari istiqomat qilar edi. Jamiyatda barqarorlikni saqlash uchun birinchi navbatda ularning huquq va majburiyatlarini belgilash, “din va eʼtiqod erkinligi”ni taʼminlash qonuniy asosi yaratildi.

Mintaqa davlatlari vijdon erkinligining huquqiy asoslarini taʼminlash va ularni tartibga solish orqali jamiyatda diniy mutaassiblikning oldini olish boʻyicha olib borgan islohotlari va yuqoridagi kabi qonunlari inson huquqlari boʻyicha xalqaro tashkilotlar tomonidan xalqaro  standartlarga mos kelmasligi aytilib, eʼtiroz bildirib kelinadi.

Taʼkidlash joizki, bu kabi eʼtirozlarning ayrimlari oʻrinli boʻlsa-da, aksariyat mulohaza va tavsiyalarda Markaziy Osiyoda xalqlarning mentaliteti, ularning milliy urf-odatlari, mintaqadagi diniy-ijtimoiy vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan xavflar va muammolarni hamda mazkur erkinlikning oʻziga xos boʻlgan mintaqa xalqlari orasida yoyilishi ortidan kelib chiqadigan salbiy holatlar inobatga olinmagan.

Markaziy Osiyo respublikalarining din va jamiyatda diniy mutaassiblikning oldini olish borasidagi siyosati 1999-yil 16-fevral kuni Toshkent shahrida roʻy bergan terroristik harakatlar, 2000-yilda Surxondaryo viloyatining Sarosiyo va Uzun tumanlariga terrorchilarning bostirib kirishi hamda 1999-2000-yillarda Qirgʻiziston Respublikasining Botken viloyatida sodir boʻlgan voqealar [3:206] dan soʻng oʻzgardi.

Mazkur voqealar Markaziy Osiyoda diniy mutaassiblik, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash siyosatida ayrim kamchiliklar mavjudligini ochib berdi va mutaxassislar oʻrtasida maʼlum kelishmovchiliklar paydo boʻlishiga sabab boʻldi. Baʼzi mutaxassislar diniy tashkilotlar va missionerlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish zarur deb hisoblasa, boshqalari zoʻravonlik usullari, ayniqsa, eʼtiqod erkinligi tamoyilini cheklash hech qachon ijobiy natijaga olib kelmasligi borasidagi qarashlarni ilgari surdi [4:15-17].

Jumladan, O.Moldaliyev “Mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun fuqarolarga mintaqa mamlakatlari konstitutsiyalarida nazarda tutilgan barcha huquq va erkinliklarning, shu jumladan, diniy huquqlarning kafolatlarini izchil taʼminlash zarur” deya taʼkidladi [7:103-109].

Mutaxassislarning bu kabi xulosalarga kelishiga Markaziy Osiyo respublikalarining jamiyatdagi diniy muammolarni bartaraf etish borasida  diniy sohadagi yagona konsepsiyasi va tajribasi yoʻqligi asos boʻldi. Shu sababli, yuqoridagi ekstremistik va terroristik harakatlarning roʻy berishi ortidan mintaqa davlatlarining diniy sohadagi siyosati oʻzgarib ketdi.

Bundan tashqari, mintaqada diniy fanatizm taʼsiriga tushgan shaxslar faoliyatiga qonuniy chora koʻrilgan boʻlsa-da, mutaassib shaxslar va ularning oila aʼzolarini reabilitatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmadi. Bu esa javobgarlikka tortilgan shaxslarning yaqinlarida ham davlat va jamiyatdan norozilik kayfiyatining shakllanishiga, aholi orasida mutaassiblik gʻoyalarining ildiz otishi uchun qulay sharoitning yaralishiga olib keldi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, diniy mutaassiblikning oldi olishda birinchi navbatda fuqarolarning huquq va majburiyatlarni davlat tomonidan kafolatlanishi va taʼminlanishi muhim omillardan biri boʻlib xizmat qiladi. Fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklari toʻliq taʼminlangan jamiyatlarda aholida davlat va jamiyatga nisbatan norozilik kayfiyati shakllanmaydi va daxldorlik hissi kuchli boʻladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI:
  1. Alexander Bennigsen and Marie Broxup, The Islamic Threat to the Soviet State (New York: St. Martinʻs Press, 1985), as cited in ICG Asia report, No. 14 “Central Asia: Islamist Mobilisation and Regional Security” 1 March 2001.
  2. Bushkov V.I., Mikulskiy D.V. Anatomiya grajdanskoy voynы v Tadjikistane (Etno-sotsialnыye protsessы i politicheskaya borba, 1992-1995) / red. G. Gubareva. — M.: Institut Prakticheskogo Vostokovedeniya, 1996.
  3. Goibnazarov Sh. Islam otvergayet terror. – Toshkent: Niso nashryot va matbaa uyi, 2024.
  4. Djalilov Z. Analiz sovremennыx religioznыx protsessov sentralnoaziatskimi issledovatelyami: kratkiy obzor // Innovatsii v nauke. – 2017. – №17 (73).
  5. Zhiltsov S.S., Slisovskiy D.E., Shulenina N.V., Markova E.A. Shaping national Identities in Central Asian countries: results, problems, prospects. Central Asia and the Caucasus. 2018; 19 (1).
  6. ICG Asia Report, Incubators of Conflict: Central Asiaʻs localised poverty and social unrest, 8 June, 2001. 
  7. Moldaliyev O. Islamizm i mejdunarodnыy terrorizm: ugroza islama ili ugroza islamu? // Sentralnaya Aziya i Kavkaz. – 2002. – №3 (21).
 [1] Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan Oʻzbekiston hududida faoliyati taʼqiqlangan.
[2] Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2016-yil 26-sentyabrdagi qarori bilan Oʻzbekiston hududida faoliyati taʼqiqlangan.
[3] Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2016-yil 26-sentyabrdagi qarori bilan Oʻzbekiston hududida faoliyati taʼqiqlangan.
[4] Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudining 2016-yil 26-sentyabrdagi qarori bilan Oʻzbekiston hududida faoliyati taʼqiqlangan.
Bahodir DAMINOV
Din ishlari boʻyicha qoʻmita Axborot-tahlil va targʻibot ishlarini tashkil etish
boshqarmasi bosh mutaxassisi

Check Also

313 ta hayotiy ziynat qoidalari (1-qism)

313 ta hayotiy ZIYNAT qoidalarini ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar: “INTIZOM – GʻALABANING KALITI”  KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI:  “Agar Allohning neʼmatlarini sanasangiz, …