Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida Paxtakor tumanida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” mavzusida maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi oʻrinbosari G.Normurodova, Din ishlari boʻyicha qoʻmita viloyat bosh mutaxassisi Ch.Mirzayeva, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi J.Jumayev, markaz ilmiy xodimi B.Mahmudov, Paxtakor tumani hokimligi masʼullari, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassislari, taʼlim muassasalari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Muloqot davomida vijdon erkinligi tamoyillari, diniy sohadagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari hamda bu boradagi faoliyatning maʼrifiy asoslari keng muhokama etildi.
Taʼkidlandiki, bugungi kunda global axborot oqimi va yot gʻoyalar taʼsiri kuchayib borayotgan sharoitda yoshlarning ongida sogʻlom dunyoqarashni shakllantirish, milliy gʻoya va maʼnaviy qadriyatlarga sadoqatni mustahkamlash jamiyat barqarorligi uchun muhim omildir. Bu borada taʼlim muassasalari, oila va jamoatchilikning masʼuliyati beqiyosdir.
Maʼruzalarda, shuningdek, bolalarni qonunga xilof ravishda diniy taʼlim olishga jalb etish holatlari xususida ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Qayd etildiki, amaldagi qonunchilikka koʻra, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan norasida farzandlarni rasmiy taʼlim tizimidan tashqarida, ruxsatsiz diniy taʼlimga jalb qilish jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Bunday holatlar nafaqat qonun buzilishi, balki yoshlar ongiga salbiy taʼsir koʻrsatishi, ularni turli xatarlarga duchor etishi mumkin.
Tadbir ishtirokchilari jaholatga qarshi kurashishda kuch va bosim emas, balki maʼrifat, ilm va maʼnaviyat eng samarali vosita ekanini taʼkidlashdi. Shu maʼnoda, profilaktika va targʻibot ishlarini izchillik bilan olib borish, ayniqsa, yoshlar va ularning ota-onalari oʻrtasida huquqiy ong va masʼuliyatni oshirish muhim ekani alohida qayd etildi.