Raqamli jamiyat inson hayotining barcha jabhasida, axloq va qadriyatlar tizimida tub oʻzgarishlarga sabab boʻlmoqda. Texnologiyalarning jadal rivojlanishi va internetning keng tarqalishi tufayli insonlar oʻrtasida muloqot, ijtimoiy aloqalar va axloqiy meʼyorlar qayta shakllanmoqda. Bugungi kunda internet, ijtimoiy tarmoqlar va turli raqamli platformalar foydalanuvchilari insonlar oʻrtasida yangi axloqiy meʼyorlarni belgilamoqda. Bu esa shaxsiy hayotga daxldorlik, axborot xavfsizligi, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish kabi qator masalalarni kun tartibiga qoʻydi. Hozirgi raqamli jamiyatda axloqiy masalalarning koʻpayishi yangi axloqiy tamoyillar va yondashuvlarni ishlab chiqishni talab qilmoqda. Jumladan, kiberbulling, internetdagi aldash va firibgarlik, feyk axborotlar tarqatilishi kabi muammolar axloqiy va huquqiy jihatdan yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Axborot xavfsizligi, shaxsiy maʼlumotlar himoyasi, axloqiy tarbiya va raqamli savodxonlik kabi mavzular jamiyatning barcha qatlamlari uchun dolzarb ahamiyatga ega boʻlib qolmoqda.
Raqamli jamiyatda axloq va qadriyatlar faqatgina insonlar oʻrtasidagi munosabatlar va muloqot meʼyorlarini aniqlash emas, balki raqamli hayotning barcha sohalarida ustuvor meʼyorlar sifatida shakllanishi zarur. Axloqiy qadriyatlarning raqamli muhitdagi rivojlanishini taʼminlash, ularning barqarorligiga erishish hamda jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash uchun muhim ilmiy asoslarni yaratish zarur.
Jon Roulz “Adolat nazariyasi” (“Theory of Justice) asarida adolatga jamiyatdagi asosiy qadriyat sifatida qarab, “odil adolat” tushunchasini ishlab chiqadi. Uning fikriga koʻra, jamiyatda adolat mezonlari ishlab chiqilishi kerak va barcha fuqaro teng huquqlardan foydalanishi lozim. Roulzning fikricha, “har bir shaxsga boshqalar bilan teng boʻlgan erkinliklarning keng toʻplami kafolatlanishi kerak” [4:29].
Emmanuil Kantning axloqiy qarashlari “Kategorik imperativ” tushunchasiga asoslanadi. Kantning fikriga koʻra, insonlar oʻz harakatlarida “har doim shunday ish tutingki, siz qilgan ish barcha uchun umumiy qonun boʻlib qolishi mumkin”, degan tamoyilga amal qilishi kerak. Bu degani, har qanday insonning harakati umumiy axloqiy qoidalarga muvofiq boʻlishi lozim [2:19].
Jon Styuart Millning utilitarizm nazariyasiga koʻra, insonlarning harakatlari faqat ularning natijalariga koʻra axloqiy yoki noaxloqiy deb baholanishi mumkin. Millning fikriga koʻra, “hamma uchun maksimal baxt va minimal azob keltiruvchi har bir harakat toʻgʻri harakatdir”. Bu yerda baxt tushunchasi insonlarning shaxsiy va jamiyat hayotidagi yaxshi holatini anglatadi [3:19].
Tadqiqotda murakkab tahlil, kuzatuv va nazariy tahlil usullari qoʻllanildi. Turli raqamli platformalarda axloq va qadriyatlar boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazildi. Axloqiy muammolarni aniqlash uchun ijtimoiy medialar va internet foydalanuvchilarining fikrlari va tendensiyalari tahlil qilindi. Tadqiqot metodologiyasi sifatli va miqdoriy tadqiqotlar usullarini birlashtirib, rang-barang maʼlumot manbalarini qamrab oladi.
Axloq va qadriyat tushunchalarining raqamli jamiyat sharoitidagi evolyutsiyasini oʻrganishda axloqshunoslik, ijtimoiy falsafa, madaniyatshunoslik va axborot texnologiyalari sohalaridagi ilmiy manbalar va adabiyotlarga asoslandi. Bunda axloqiy meʼyorlar va qadriyatlarning raqamli muhitda oʻzgarishiga oid asosiy nazariy yondashuvlar tahlil qilindi. Raqamli platforma va ijtimoiy tarmoqlarda axloqiy meʼyorlarning evolyutsiyasini oʻrganishda Jon Roulz, Emmanuil Kant va Jon Styuart Mill kabi axloqshunos olimlarning asosiy gʻoyalari qayta koʻrib chiqildi va ularning raqamli muhitdagi qoʻllanilishi baholandi.
Axloqiy meʼyorlar va qadriyatlar raqamli jamiyatda qanday qabul qilinishi va ularga nisbatan foydalanuvchilarning munosabatini oʻrganish maqsadida, soʻrovnomalar oʻtkazildi. Soʻrovnomalarda internet va raqamli platformalardan foydalanuvchilar, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida axloqiy qadriyatlarning muhimligi, axborot xavfsizligi, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, internetdagi axloq va etiket masalalari boʻyicha fikrlari toʻplandi. 500 nafar foydalanuvchi qatnashgan ushbu soʻrovnomalardan olingan natijalar statistik tahlil qilindi va raqamli jamiyatdagi turli tendensiyalar aniqlandi.
Raqamli jamiyatda shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va axborot xavfsizligi masalalari koʻpchilikning eʼtiboridan chetda qolmoqda. Aksariyat foydalanuvchilar shaxsiy maʼlumotlari, parollar va bank maʼlumotlarini xavfsiz saqlash borasida yetarli bilimga ega emas. Bundan tashqari, kiberhujumlar, shaxsiy maʼlumotlarning yoyilishi va axborot xavfsizligi bilan bogʻliq boshqa muammolar shaxslar va tashkilotlar oʻrtasidagi ishonchsizlikni kuchaytiradi [2:76]. Raqamli platformalarda odamlar oʻrtasidagi muloqotlar koʻp hollarda agressiya, nafrat va haqoratlarga aylanadi. Bu, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kiberbulling holatlarining koʻpayishiga olib keladi. Buning sababi anonimlik, javobgarlikning yetishmasligi va foydalanuvchilarda axloqiy normalarni bilish va ularga rioya qilish darajasining pastligidir. Kiberbulling va onlayn agressiya raqamli jamiyatdagi eng jiddiy axloqiy muammolardan biri hisoblanadi. Raqamli platformalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlar oʻrtasidagi muloqotlar koʻp hollarda agressiv va salbiy xatti-harakatlarga aylanadi. Ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kiberbulling holatlarining koʻpayishiga sabab boʻladi. Buning oqibatlari juda jiddiy boʻlishi mumkin, chunki kiberbullingning qurbonlari koʻpincha psixologik jarohat oladi, oʻziga boʻlgan ishonchi pasayib, tushkunlikka tushadi. Hatto suitsidga olib keluvchi holatlar ham kuzatilishi mumkin. Raqamli muhitda anonimlikni saqlash imkoniyati katta boʻlgani bois foydalanuvchilar oʻz harakatlari uchun javobgarlikni his qilmaydi. Anonimlik yoki qalbaki akkauntlar orqali insonlar oʻz fikrlarini erkin ifoda qilishi mumkin, bu esa koʻpincha agressiyaga, haqoratlarga va zoʻravonlikka olib keladi.
Raqamli platformalarda ijtimoiy normalar va axloqiy kodekslar koʻpincha yetarli darajada shakllanmagan boʻladi. Turli mamlakatlar va madaniyatlar orasida axloqiy meʼyorlar farqli boʻlgani uchun raqamli muhitdagi xatti-harakatlar ham har xil koʻrinishda boʻlishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoq va raqamli platformalar tezkor muloqot imkoniyatini yaratadi, bu esa foydalanuvchilarning his-tuygʻularini tezda bildirishiga olib keladi. Juda tez qaytarilgan reaksiya va javoblar koʻpincha nazoratdan chiqib, agressiyaga aylanishi mumkin. Ayrim guruh va shaxslar ijtimoiy tarmoq va onlayn platformalarda foydalanuvchilarni muayyan gʻoyalar yoki aqidalar orqali agressiv xatti-harakatlarga undaydi. Natijada turli xil nazariy qarashlarga ega guruhlar oʻrtasida nizo va kiberbulling holatlari yuzaga keladi.
Raqamli platformalarda anonimlikni kamaytirish va foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini tasdiqlash jarayonlarini kuchaytirish orqali kiberbullingni kamaytirish mumkin. Buning natijasida foydalanuvchilar oʻz xatti-harakatlari uchun javobgar boʻladi va agressiv harakatlardan qochishga intiladi. Ijtimoiy tarmoq va raqamli platformalarda axloqiy kodekslar va xatti-harakat qoidalarini joriy etish kerak. Bu kodekslar foydalanuvchilarni odobli va madaniyatli muloqot qilishga undashi mumkin. Foydalanuvchilar bu qoidalarni buzgan taqdirda, platforma egalari tomonidan belgilangan jazo choralari koʻrilishi zarur.
Ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalarda avtomatlashtirilgan kontent filtrlari va tahlil vositalaridan foydalanish kerak. Bu vositalar kiberbulling, nafrat va agressiyani aniqlash va bunday kontentni toʻxtatishga qaratilgan boʻlishi lozim.
Maktab va oliy taʼlim muassasalarida axloqiy tarbiya va raqamli savodxonlikni oshirish boʻyicha maxsus kurslar va treninglar tashkil qilinishi, yoshlar kiberbulling va uning salbiy oqibatlari haqida toʻgʻri maʼlumotga ega boʻlishi kerak. Bu ularning onlayn muhitda muloqot qilish madaniyatini yaxshilashga yordam beradi.
Raqamli platformalarni nafaqat muloqot vositasi, balki maʼrifat va taʼlim platformasi sifatida ham rivojlantirish zarur. Pozitiv muloqot va ijobiy taʼsir etuvchi maʼlumotlarni tarqatish uchun tadbirlar va loyihalar, kiberbullingdan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish uchun psixologik va huquqiy yordam markazlari tashkil etilishi kerak. Bunday yordam foydalanuvchilarning psixologik holatini yaxshilashga va ularga oʻzini tiklashda yordam beradi. Kiberbulling va onlayn agressiya muammolari raqamli jamiyatdagi eng muhim axloqiy va ijtimoiy muammolardan biri boʻlib, ularning oldini olish uchun kompleks yondashuv talab qilinadi. Axloqiy tarbiya, javobgarlikni oshirish, axloqiy kodekslar joriy etish va yordam mexanizmlarini tashkil etish orqali raqamli muhitda tinch va madaniyatli muloqot muhitini yaratish mumkin.
Raqamli jamiyatda yolgʻon maʼlumotlar va feyk yangiliklarning tarqalishi ogʻriqli muammolardan biri hisoblanadi. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan notoʻgʻri maʼlumotlar jamiyatda xato tushunchalar, nafrat, ziddiyat va ijtimoiy beqarorlikka olib kelishi mumkin. Bunday maʼlumotlarning keng tarqalishi esa fuqarolarning ishonchini kamaytirib, axborot manbalarining ishonchliligini shubha ostiga qoʻyadi.
Koʻplab foydalanuvchilar axborot manbalarini tanlash va ularning ishonchliligini tekshirish borasida yetarli bilimga ega emas. Bu esa yolgʻon maʼlumotlarning keng tarqalishiga sabab boʻladi. Foydalanuvchilar axborotni tekshirishga vaqtini sarflamasdan, uni avtomatik tarzda qabul qiladi va boshqalar bilan boʻlishadi. Ayrim manfaatli guruh va shaxslar ijtimoiy tarmoq va onlayn platformalar orqali feyk maʼlumotlarni tarqatib, oʻz maqsadiga, yaʼni jamiyatdagi ziddiyat va qarama-qarshilikni kuchaytirish, maʼlum guruhlarni oqlash yoki qoralashga harakat qiladi.
Yolgʻon maʼlumotlar koʻpincha sensatsiyali yoki shov-shuvli boʻladi, bu esa ularning keng auditoriyaga tez tarqalishiga olib keladi.
Koʻplab ijtimoiy tarmoq va onlayn platforma egalari notoʻgʻri maʼlumotlarni tarqatishni nazorat qilish yoki ularni filtrlashda yetarli darajada samarali emas. Bunday nazoratsizlik yolgʻon maʼlumotlarning tarqalishiga va uning taʼsir doirasini kengaytirishga yordam beradi. Ayrim ommaviy axborot vositalari auditoriyani jalb qilish va koʻproq reyting olish maqsadida notoʻgʻri yoki tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatishi mumkin. Bu esa feyk yangiliklar va yolgʻon maʼlumotlarning tarqalishiga olib keladi [3:23].
Yolgʻon maʼlumotlar va feyk yangiliklar tarqalishining oldini olish uchun axborot savodxonligini oshirish zarur. Maktablar va oliy taʼlim muassasalarida axborot manbalarini tanlash, ularni tekshirish va tanqidiy tahlil qilish boʻyicha maxsus kurs va seminarlar oʻtkazish, foydalanuvchilarni tekshirilmagan maʼlumotlarni qabul qilmaslikka va uni boshqalarga tarqatmaslikka oʻrgatish zarur. Ommaviy axborot vositalari va onlayn platformalarning ishonchliligi va masʼuliyatini oshirish zarur. Buning uchun ular axborotni tekshirish va maʼlumotlarni validatsiya qilish boʻyicha qatʼiy qoidalar va standartlar joriy qilishi lozim. Xabar tarqatuvchi manbalarning ishonchliligini tasdiqlovchi mexanizmlar ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy qilinishi kerak.
Ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalarda yolgʻon maʼlumotlarni aniqlash va bloklash uchun maxsus algoritmlar va texnologiyalardan foydalanish lozim. Masalan, kontentni tahlil qilish vositalari va maʼlumotlarning haqiqiyligini tekshiruvchi dasturlar feyk maʼlumotlarni tarqalishidan oldin aniqlash va uni toʻxtatish imkonini beradi. Faktlarni tekshirishga ixtisoslashgan mustaqil platforma va tashkilotlar rivojlantirilsa, bunday platformalar foydalanuvchilarga tezkor va ishonchli axborot taqdim etish va yolgʻon maʼlumotlarning oldini olish imkonini beradi. Ular axborot manbalarini tekshirish va baholash borasida foydalanuvchilarga yordam beradi.
Ommaviy axborot vositalari va onlayn platformalar axborot tarqatishda oʻz masʼuliyatini sezishi kerak. Yolgʻon maʼlumot tarqatgan manbalarga nisbatan huquqiy va iqtisodiy choralar koʻrish lozim. Bu ommaviy axborot vositalari va platformalarning javobgarligini oshiradi va ularni ishonchli axborot tarqatishga undaydi.
Ommaviy axborot vositalari va jamoat tashkilotlari tomonidan feyk yangiliklar va yolgʻon maʼlumotlarning taʼsiri va ularning oldini olish boʻyicha ommaviy maʼrifat ishlarini olib borish muhim ahamiyatga ega. Axborot savodxonligi boʻyicha ommaviy tushuntirish ishlari fuqarolarni yolgʻon maʼlumotlarga nisbatan ehtiyot boʻlishga undaydi. Yolgʻon maʼlumotlar va feyk yangiliklarning tarqalishi raqamli jamiyatning asosiy muammolaridan biri boʻlib, uni hal etish uchun kompleks yondashuv talab qilinadi. Axborot savodxonligini oshirish, axborot manbalarining ishonchliligini taʼminlash, faktlarni tekshirish va javobgarlikni kuchaytirish orqali raqamli muhitda toʻgʻri va ishonchli axborot tarqatilishini taʼminlash mumkin [4:11].
Raqamli jamiyatda odamlarning axloqiy qarashlari va madaniyati yetarli darajada shakllanmagan boʻlishi mumkin. Turli mamlakat va madaniyatlar oʻrtasida axloqiy meʼyorlar va qoidalar farqlanadi, bu esa turli xil nizolar va tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Raqamli jamiyatda axloqiy meʼyorlarga rioya qilish uchun axloqiy tarbiyani kuchaytirish va raqamli savodxonlikni oshirish muhim ahamiyatga ega. Maktablar va oliy taʼlim muassasalarida axloqshunoslik va raqamli savodxonlik boʻyicha maxsus kurslar va treninglarni joriy etish lozim. Foydalanuvchilarga raqamli platformada muloqot qilish madaniyati, axloqiy tamoyillar va kiberxavfsizlik boʻyicha maʼlumot berish kerak. Har bir shaxs va tashkilot axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrishi zarur. Jumladan, kuchli parollar yaratish, ikki bosqichli autentifikatsiyani faollashtirish, shaxsiy maʼlumotlarni saqlashda ehtiyot boʻlish, kiberhujumlardan himoyalanish uchun maxsus dasturlardan foydalanishni oʻz ichiga oladi. Davlatlar va kompaniyalar axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qonunlar va bu boʻyicha siyosatini kuchaytirishi lozim.
Raqamli platformalarda axloqiy meʼyorlarga rioya qilishni taʼminlash uchun foydalanuvchilar xatti-harakati nazorat qilinishi kerak. Platforma egalari tomonidan kontentni filtrlash va agressiv yoki notoʻgʻri maʼlumotlarning tarqalishini oldini olish uchun avtomatlashtirilgan algoritmlardan foydalanish mumkin.
Raqamli platforma foydalanuvchilari oʻrtasida javobgarlikni oshirish uchun platformalarda anonimlikni kamaytirish va shaxsiy maʼlumotlarni tasdiqlash jarayonlarini kuchaytirish lozim. Bu nafaqat kiberbulling va agressiyaning oldini oladi, balki onlayn muloqotda ishonchlilikni ham oshiradi. Raqamli jamiyatda axloq va qadriyatlarning ahamiyatini mustahkamlash zarur. Axloqiy tarbiyani kuchaytirish va raqamli madaniyatni oshirish bilan raqamli jamiyatda xavf-xatarlarni kamaytirish mumkin. Shu bois davlat va jamiyatning raqamli savodxonlikni oshirishga yoʻnaltirilgan siyosat va dasturlari muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, raqamli jamiyatda axloq va qadriyatlar muhim ahamiyatga ega va ularni saqlash hamda rivojlantirish uchun ijtimoiy, taʼlimiy, texnologik va qonuniy choralarini birgalikda qoʻllash zarur. Axloqiy qadriyatlarning raqamli muhitdagi rivojlanishini taʼminlash, axloqiy tarbiyani kuchaytirish va axborot xavfsizligini taʼminlash bilan raqamli jamiyatda xavf-xatarlarni kamaytirish, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash mumkin.
-
Anderson J., Rainie, L. The Future of Digital Life and Well-Being. Pew Research Center. Retrieved from Pew Research. 2018.
-
Poetika. Axloqi kabir. Ritorika. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2012.
-
Kant I. Groundwork for the Metaphysics of Morals. – Cambridge: Cambridge University Press, 1998.
-
Mill J. S. Utilitarianism. – London: Parker Son and Bourn, 1863.
-
Rawls J. A Theory of Justice. – Massachusetts: Harvard University Press, 1971.